Yozuvçi Murod Muhammad Döst bilan suhbat
– Murod aka, suhbatimizni adabiyotdan boşlasak. Yangi asarlaringiz körinmay qolganiga ham ança böldi…
– Odamzod köp narsani körib-bilib boravergani sayin yozişi ança qiyinlaşarkan. Avval yozganlarim ham, endi yozadiganim ham mayda, arzimas bölib körinaveradi – şunisi yomon. Balki bunga yoşlik ğayrati, avvalgi zavqu şavq yöqolgani sababçidir…
Umr böyi, zamona bilan barobar odimlayapman, deb öylar edim. Bugun, yoş bir joyga borib qolganda könglimda eski aqidalar ustunroq ekanini angladim. Albatta, yangi zamonga munosib emasligimdan uyalaman, lekin naçora… eski qaraşlardan butkul xalos bölişning iloji yöq. Qolaversa, yangi zamonni buyuk hayajon bilan kuylayotgan tengqurlar va yoş döstlarimizga yetib olişim juda qiyin. Şu sabab, oçiq tan olişim kerak, yangiça qahramonlarni, yangiça qaraşlarni qalamga olmaslikka harakat qilaman. Albatta, oğizga suv solib ötirganim yöq, köhna realistik yösinda, oz-ozdan bölsa-da, yozyapman. Xudo umrdan qismasa, oldinroq boşlab qöyilgan jiddiyroq narsalarimni oxiriga yetkizaman. Uç-tört hikoya yozib taşlab qöydim. Sal ötib, qaytadan öqib köraman. Balki bir-ikkitasini çop etişga jurʼatim yetar…
– Bir qaralsa, kitoblar yozilayotganday, ilgarigiday yuz minglab nusxada bölmasa-da, çop etilayotganday. Lekin baribir adabiyotning ilgarigi şaşti körinmaydi. Bu nima bilan boğliq: ijod ahlining mavjud maişiy qiyinçiliklar oqibatida tirikçilik bilan andarmon bölib qolgani bilanmi yoki vujudga kelgan voqelikni qayta baholaş qiyinçiliklari bilanmi? Barça zamonlarda ham adabiyotning hayotga munosabat mezonlari bir xil bölmaydimi?
– Ijod ahlining şaşti pastligining sababi bitta – moddiy qiyinçilik. Eski zamonda adabiyot yozuvçining tom maʼnoda tirikçiligi, yaşaş tarzi edi. Yozardi, çop etardi, evaziga qalam haqini olardi. Va ayni asnoda dilida tugib yurgan bir-ikki gapini ham aytişga ulgurardi. Bazisi, ustqurmasi, mafkurasi va boşqa – bugunda laʼnatdan özga narsaga munosib körilmaydigan – balo-qazolaridan qatʼi nazar, keçagi kunda yozuvçida özini adabiyotga butkul bağişlaş imkoniyati bor edi.
Endilikda adabiyotni kasb tutgan odamning kun keçirişi qiyin. Ayniqsa – yelkasida ortmoği bölsa. Xotin, bola-çaqa va hokazo… Bu ahvol ötkinçi deb öylayman. Jamiyat maʼrifati va örtaça turmuş darajasi önglangan paytda yana hammasi izga tuşadi.
Adabiyot, umuman, haqiqiy sanʼat – insoniyatning tuzalmas dardi. Va uning mezonlari heç qaçon özgarmaydi: oq – qora, yaxşi – yomon, adolat – qabohat, muhabbat – nafrat..
“Odisseya” bilan “Alpomiş”ning uyqaş taraflarini bir öylab köraylik. Ikkovining orasida neça-neça asr yotibdi. Deylik, Tomas Mann “Yusuf va birodarlari” romaniga qöl urmasdan avval Injil va boşqa nasroniy matnlarni juda köp titgani aniq, lekin “Alpomiş”ni dömbiraga solgan sahroyi baxşining Homerni öqişi tugul, eşitganini ham tasavvur etolmaysiz.
“Odisseya” ayriça, “Alpomiş” ayriça tuğilgan. Protosyujet deganlari şu. Ilm ahli aytişiça, syujetlar, mavzular soni, nari borsa, öndan oşiqroq bölarkan. Oğzakiyu yozma adabiyot, neça ming yillardan beri yaşab ötgan va bugun yaşayotgan şoir va yozuvçilarning hammasi sanoqli syujetni qaytadan hikoya qiliş bilan ovora. Quyuşqonni uzib taşqariga çiqib ketgani yöq. Baholaşda farq bölişi mumkin. Milliy muhit, milliy axloq taʼsirida berilgan baho asarning qadrini yöqotmaydi, lekin mafkura taʼsirida berilgan baho uni öldirişi mumkin. Isbotini uzoqdan izlaş şart emas, biz bilgan milliy “klassik”larning axlat qutisiga tiqib taşlangan tom-tom asarlari…
Bugungi yozuvçi va şoirlarda jurʼat yetişmaydi. Voqealarga, aniqroği, Siz aytmiş voqelikka beradigan baholarimiz rasmiy baho yoki talqinga zid kelib qolişidan çöçiymiz, şekilli. Bilmaymizki, voqelikka baho beriş uçun baqirib-çaqiriş, ayyuhannos soliş şart emas. Buning uçun alohida toifa – huquq himoyaçilari mavjud. Bizning vazifamiz – voqelikni badiiy idrok etiş, xolisona, bosiqlik bilan badiiy idrok etiş. Şörolar zamonida yozilgan va bugun yaşab kelayotgan köpçilik yaxşi asarlar şu yösinda bitilgan.
– Yaqinda yozuvçi Hamid Ismoil bir vebsaytga bergan intervyusida özbek adabiyotidagi 3-4 ta arxetip darajasiga kötarilgan obrazlar qatorida “Lolazor” romaningiz qahramoni Yaxşiboyevni ham sanab ötdi…
– Hamid Ismoilning Yaxşiboyevga bergan bahosiga mening ham közim tuşdi. Öylaşimça, Hamidjon oşnalik yuzasidan oşiqça lutf etganday. “Arxetip” yoki “arxitip” sözi örisçaga “pervoobraz” deya ögiriladi. “Avval misli bölmagan” degan maʼnosi bor. Balki Yaxşiboyev obrazi maʼlum darajada yangi bölişi mumkin, lekin bu sifatni taltaymasdan, jönroq qabul qilgan maʼqul. Dunyo adabiyotida arxetip bölmagan yuzlab gözal obrazlar borki, ularning mualliflarini taqlidçilikda ayblaş bugun heç kimning xayoliga kelmaydi. Masalan, Şarq poeziyasidagi Farhod obrazi…
– Bugungi özbek adabiyoti jahon adabiy jarayonlaridan uzilib qolmayaptimi? Oddiy bir misol. Keyingi 4-5 yilda Nobel mukofotiga sazovor bölgan Jan-Mari Gyustav Leklezio (Fransiya), Doris Lessing (Buyuk Britaniya), Örxon Pamuq (Turkiya), Garold Pinter (Buyuk Britaniya) singari yozuvçilarning asarlarini öqiş u yoqda tursin, nomini eşitgan özbek yozuvçi yoki şoiri ham kam. Albatta, men bu bilan ularning har biri klassik yozuvçi degan fikrdan yiroqman…
– Alam qilsa-da, tan olişimiz kerak: milliy adabiyotimiz jahon adabiy jarayoniga faol qatnaşçi bölib kirolgani yöq. Albatta, yaxşi asarlarimiz xorijiy tillarda çop etilgan, maqtov olgan, lekin birorta şoir yoki yozuvçimiz, deylik, Çingiz Aytmatovga öxşab dunyo badiiy tafakkuriga jiddiy taʼsir körsata olgani yöq. Eʼtiroz bildiruvçilar son mingta: Navoiy, Bobur… eposimiz… dunyoga dovruq taratgan yana qança va qança asarlarimiz bor-ku?! Töğri, dunyo adabiyotida ularning örni bor. Lekin Navoiy bilan Boburning ötib ketganiga qança böldi!
Umuman, milliy faxr borasida bizga yetadigan millat topilmasa kerak. Tariximizni maqtayverib, nazarimda, ajdodlarimiz ruhini ortiq darajada bezovta qilib yubordik. Buyuk ötmişga mehrimiz şu qadar kuçliki, baʼzida bugungi kun esimizdan çiqib ketadi. Bilmadim, Xudo karomat körsatib, uluğ ajdodlardan birortasi tilga kirsa, balki, bizdan boşqa taşvişlaring yöqmi, özlaringni öylasalaring bölmaydimi, bötaloqlarim, deb aytgan bölarmidi…
Menimça, mavzuni torroq qilib, özbek öquvçisining dunyo adabiy jarayonidan neçoğli xabardor ekanidan gapirganimiz tuzuk. Öylab körsam, Siz tilga olgan ijodkorlardan Leklezioning “Sahro” romanini ança oldin tasodifan öqigan ekanman. Voqealari, mavzusi bugun yodimda yöq. Lekin Örxon Pamuqni atay öqiganman. Özimizga yaqin bilib, alohida mehr bilan öqiganman. Menga uning “Qora kitob”i maʼqulroq. Bilim, katta mehnat va mahorat bilan, katta şavq bilan yozilgan roman. Afsuski, bu yaxşi yozuvçining Nobel mukofotiga qöyilganidan keyin qilgan bir-ikki siyosiy bayonoti yoqmadi. Gap Pamuqning siyosiy qaraşlarida yoki bergan bayonotlari töğri-notöğri ekanida emas, balki bu qaraşlar ayni Nobel mukofotini beriş arafasida va oxirgi röyxatga kiriş ilinjida oşkor qilinganida. Qolgan ikki “nobelçi” muallifning otlarini eşitganman, lekin öqiganim yöq.
Umuman, siz haqsiz – yozuvçining qadri Nobel mukofotini olgani bilan ölçanmaydi. Aksar yozuvçi mukofot oliş uçun emas, aqalli bitta yaxşi kitob yoziş uçun yaşaydi. Nomlari bizga juda taniş ikki kamtar yozuvçi Fozil Iskandar bilan Grant Matevosyanni oling. Ular qaysi nobeldor yozuvçidan kam? Töğrisi, bu maşhur mukofotni berişda ham ğirromlik borday. Asarga baho berişda biryoqlamalik – badiiy qimmatni ovröpoça anʼanalarga sadoqat mezoni bilan ölçaş aniq seziladi. Adabiyotni çetga surib, Begin yoki Arafatga berilgan tinçlik mukofotlarini eslab köring, bu holat soğ fikr nari tursin, jöngina mantiqqa ham zid emasmi? Ular boşida turgan uruş hali töxtagani yöq-ku?
Şu kunning kitobxoni kimlarni öqişini yaxşi bilmayman. Har holda, Paulo Koelyo yoki Xaruki Murakami kabi puflab şişirilgan “daho”larga mahliyo bölayotgan odamlar köp deb eşitaman.
Bugungi öquvçi tasarrufida bizning avlod tasavvur ham etolmagan katta imkoniyat – Internet bor. Xohlagan tilida xohlagan asarini öqişi mumkin.
Yana bir muhim masala. Zamona zayli bilan özbek kitobxoni jahon adabiyoti bilan asosan rus tili vositasida oşno böldi. Istibdod zamoni ortda qoldi, lekin rus tili oçib bergan eşik oçiqligiça turibdi. Bizda til biladigan katta tarjimonlar barmoq bilan sanarli, lekin ruslarda uç-tört asr davomida şakllangan va ğoyat rivojlangan tarjima maktabi bor. Mahdudlikka berilib, bu imkoniyatdan voz keçmasligimiz kerak. Afsuski, rus tilini biladigan yoşlar tobora kamayib ketyapti – ularning inglizçasi, nemisçasi yoki yaponçasi xiyla mukammal. Ilgari rusifikatsiyani, yaʼni ruslaştiriş siyosatini yomon körardik. Lekin bugun rus tilining özbek tiliga siyosiy raqobati yöq. Endi u bir vosita, kerakli vosita. Bizda milliy tarjima maktabi yuzaga kelişi uçun köp vaqt va mablağ zarur. Hozirça, milliy adabiyotning özi tuzukroq yordamga muhtoj. “Şarq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Yoşlik” kabi adabiy jurnallarimizning taqdiri omonatroq bölib turganidan bilaverasiz. Balki Prezidentimiz rahnamoligida taşkil etilgan “Ijod” fondining faoliyati kuçayib, adabiyotimizga moddiy jihatdan tirgak bölar, deb umid qilaman.
– Siz mansub avlod vakillari atrofga faqat ayrim yozuvçilarning közoynagi bilan qaraşga örganib qolgan adabiyotga dunyo adabiyoti eşiklarini oçib berdi. Keyin şeʼriyatu nasrda turli eksperimentlar davri boşlanib ketdi. Haligaça öşa taʼsirdan qutulolmay tili özbekça bölsa-da, fikrlaş tarzi, uslubi taqliddan iborat bölib qolayotgan ijodkorlar bor. Dunyo adabiyotini puxta bilişingizga qaramasdan Sizda öşa taʼsir umuman sezilmaydi. Öqigan-bilganlaringizni asarlaringizga qanday singdirasiz?
– Eʼtibor berganmisiz, Abdulla Qahhor domlaning “men dunyoga Çexov közoynagi bilan qaradim” degan sözlarida rosmana ğurur seziladi. Bugun men alam bilan öylaymanki, közga surtgan töğrisöz yozuvçimiz şu gaplarni zamonasozlik yuzasidan aytganida qançalar yaxşi bölardi! (“Az tahi dil çöqindingmi yoki mazmuni zamonasozliqmi?” – Abdulla Qodiriy, “Kalvak Mahzum”.)
Taqlid deganlari dunyo turgunça turadi. Aslida taqlid ham – ilmning bir turi, ibtidoiy bosqiçi. Gap bu bosqiçdan eson-omon ötib olişda. Yozuvçining kitob öqib kitob yozgani darrov bilinadi. Lekin mumtoz asarni öqib, keyin uni butkul esdan çiqarib, ana undan keyin özining kitobini yozsa edi, muallif bir zamonlar taqib körgan közoynak kimniki ekanini seziş qiyin bölardi.
Ovoz yoziş jarayonida yaxşi atamalar bor. Original – master-nusxa, qolgan hammasi – birinçimi yoki minginçimi – jön nusxa. Haqiqiy talant heç qaçon arosatda qolib ketmaydi, baribir öz yölini topadi – irkit ördakça körkam oqquşga aylangani kabi!
Tabiiyki, taqlid va örganiş davrini çözib yuborgan noşud kişi oddiy epigonga aylanadi. Buni aniqroq tasavvur etiş uçun zamona hofizlari ahvoliga bir qarang. Biri Maʼmurjon Uzoqov bölib, ikkinçisi Faxriddin Umarov bölib xirgoyi qiladi, muxlis orttiradi, hatto unvon oladi. Fojia şundaki, ular özlarining original emas, ikkinçi darajali nusxa ekanliklaridan uyaliş u yoqda tursin, maromiga yetkazib taqlid qilişlaridan faxrlanadi.
Şerali Jörayev yölini tutgan bir ukamiz bor. Baʼzida “bu ukamiz Şeralining qöşiğini Şeralining özidan zörroq aytadi”, deb hazil qilamiz. Lekin u kinoyani sezmaydi, piçingni yuksak maqtov deya qabul qiladi.
Ijodiy eksperimentlar juda kerak. Ularning eng sara namunalari milliy adabiyotning tarkibiy qismiga aylanişi ham mumkin. Barmoq vazni özbek nazmiga yot – begona, degan gaplarni bugun kim eslaydi? Kim bugun ğazal şaklida şeʼr yozyapti? Mayli, yozayotgan ham bölsin, lekin şaklga qaytadan jon bergan, yangiça mazmun bağişlagan namunalar bormi özi?
Bizning avlod vakillari köp öqigani rost. Şu sabab, birimiz Xeminguey, birimiz Selinjer, yana birimiz Garsia Markes bölib yozgan çoğlarimiz köp bölgan. Apolliner, Bodler, Nozim Hikmat, Garsia Lorka, Uitmen, Eliot va boşqa önlab-yuzlab gözal yozuvçi va şoirlar aqlimizni olgan paytlar edi. Ajnabiy yozuvçilar çetda tursin, özimizning Şukur Xolmirzayev yoki Ötkir Hoşimovga öxşab yozadigan “xaşakiroq” (biz şunday deb öylardik) oşnalarimiz qança edi. Yanglişmasam, Şukur akaning özi ham bir fasl Ernest Xemingueyning “telegraf” uslubini özbekça isloh qilişga urinib körgan edi. Yöq, ustozimiz keyin yana özining surxon ulusiga, çoriboy va panjiboylar davrasiga qaytdi va juda töğri qildi. Va bugun bizlar Şukur akadan juda köp narsalarni örgandik, deb aytmasak gunohi azim bölur edi. Umuman, Şukur aka rahmatlining eng katta xizmati özbek nasrini osmondan yerga olib tuşganida.
Mening taqliddan qutulişim oson keçgan. Moskvada öqib yurardim. Şavkat Rahmon yoki Sobit Madalidan boşqa suhbatlaşadigan odam yöq. Isfandiyor esa faqat örisça gapiradi. Naçora, yolğizlikdan zerikib, yozgan narsalarimni ovoz çiqarib öqişni örgandim. Jiddiyroq quloq tutsam, baʼzi jumlalar örisçadan tarjima qilinganday… yana bir jumlaning ohangi ğalatiroq… xullas, qahramonlarimning odamga öxşab gapiradigani kam ekan. Bor-yöği şu. Öşal zamondan boşlab, qahramonlarimni odamga öxşab gapirişga örgata boşladim.
Rahmatli Maşrab Boboyevning bitta zör gapi bor edi. Jumlada ğalizlik topsa bas, “Endi, oğayni, özbek bunday gapirmaydi-da”, deb kuyunar edi. Şu sabab, yangi narsani avval Maşrab akaga öqitib olardik. Rahmatli Vahob Rözimatov domla beöxşov jumlani öqisa bas, avzoyi özgarib, ortidan bir “sasirdi”ki, uning ğazabidan qörqmagan yozuvçi zoti yöq edi. Aytgan gapi yoqmasdi, lekin saboq örniga ötardi. Sözni juda teran his etadigan zukko va şinavanda muharrir Nizomxon aka Komilov ham yoşligimizda bizga köp marhamat körsatgan. Vahob Rözimatovning sadoqatli şogirdi, qadrdon döstim va “qattol” muharririm, yozuvçi Erkin Aʼzamov bilan alohida “hisob-kitobi”miz bor. U men faqirga turfa azoblar berib, opkelgan qölyozmalarimdan butun-butun boblarni olib taşlaganki, bugun endi minnatdor bölib eslayman.
– Asarlaringizda kinoya ustuvor. Bu, ayniqsa, zikr etilgan qahramoningiz Yaxşiboyev obrazida börtib körinadi. Lekin qöğirçoqboz Yaxşiboyev bilan Oliyaning “bir-birini közyoşiga belanib suyişi” romanning gözal, şu bilan birga Yaxşiboyev xarakteriga unçalik mos bölmagan boblaridan biridir…
– Töğrisini aytsam, “Lolazor” romani, bor-yöği, ikki jumlaga joy topiş uçun yozilgan. Birinçisi – “osmon mezonlardan yiltirab yotardi”, ikkinçisi – Siz iqtibos etib keltirgan gap: “alar bir-birini közyoşiga belanib suydilar”. Har ikki jumla ham romandan oldin tuğilgan. Ularni yurakka mahkam bosib, asrab-avaylab yurganman. Vaqti kelib, biriga roman muqaddimasida, unisini özim eng yaxşi körgan bobga tuşirib, ortidan dunyo topgan tentakday quvonganman.
Umuman, men muhabbat borasida yozmaslikka harakat qilaman. Muhabbat deganlari şu qadar buyuk va nozik tuyğuki, unga munosib qahramonlar va ular aytadigan sözlarni topiş özi qiyin. Kamtarlikdan bölmasa ham iqror bölişim kerak: Siz aytmiş bobdagi Yaxşiboyev aslida men özimman.
Men Yaxşiboyevni foş etiş uçun yozgan emasman. Töğri, undan kulgan paytlarim bölgan, lekin heç qaçon mazax qilmaganman. Umuman, matnda ham oşkor aytilganki, “Lolazor” – önglanmagan taqdirlar romani. Yaxşiboyev ham, Oşno ham boşqaça odamlar bölişi mumkin edi. Ularda tanlov huquqi bor edi va ular bugungi taqdirini tanladilar. Yaxşiboyevni oqlaydigan yagona narsa – Oliyaga muhabbati. Bu muhabbatda ğirrom yöq. U Oliyani qutqariş uçun özini sotdi – Oşno va boşqalar (Muhsina xonim, Muyassar xonim va hokazo bugungaça yaşnab-yaşab kelayotgan davlat xonimlari) tanlab bergan yöldan çiqib ketolmadi. Köngilda katta alam qoldi. Balki şuning uçun ham keyinçalik Yaxşiboyev qöğirçoqbozga aylanib, hattoki Oşnoning özini ham qöğirçoq qilib öynatgandir?..
Bir narsada Siz haqsiz. Oliya bilan Yaxşiboyev muhabbati bobida kinoya kamroq. Bunga men aybdorman, muhabbat tavsifiga berilib ketib, romanning asosiy ohangini unutib qöyganman. Balki şunisi töğri bölgandir – kinoya aralaşgan joyda muhabbat öladi. Ölmaydi, deydigan mard, ana, mahbubasiga işqini piçing aralaş izhor etib körsin.
– Bugungi ijodkorga mutolaa madaniyati kerakmi? Umuman, özingiz qanday mutolaa qilasiz?
– Bu savolga jöyaliroq javob berolmayman. Mening kitob öqişimda heç qanday tartib yöq. Agar yonimda badiiy kitoblar bölmasa, tunukaçi yoki qadoqçi kasbi haqidagi kitobni ham öqiyveraman. Elektr yoki plastik payvand, santexnika, böyoqçilik, misgarlik, temirçilik böyiça qöllanmalar… Bularning hammasi birday qiziq va maroqli. Keyin jarrohlar yozgan kitoblarni (ular bizga öxşab, dramatik holatlarni öylab topmaydi), otlar bilan itlar haqidagi kitoblarni yaxşi köraman.
– Sizningça, bugun sözning, sanʼatning bozorga solinişi, töğriroği, ulardan faqat boylik orttiriş vositasi sifatida foydalaniş qançalik zarar keltiryapti? Yoki bizda ham Ğarbdagiga öxşaş, bunisi haqiqiy sanʼat, bunisi esa köça madaniyati deb ajratib qöya qoliş kerakmikin?
– Tabiiyki, bozor munosabatlari öziga mos narsalarni yuzaga çiqardi: bozor adabiyoti, bozor sanʼati… kinosi, kuy-aşulasi, raqsi… Bu surrogat şakllar katta daromad keltiradi. Albatta, ularning öz muxlislari bor. Borgina emas, juda köp – minglab, millyonlab. Bir söz bilan aytadigan bölsak – masskult, yaʼnikim ommaviy madaniyat.
Adaşmasam, “Mustafo” degan qissada qadim faylasufi Zunnun Misriyning sözlaridan iqtibos keltirgan edim. Maʼnosi şuki, ilm odamlardan tortib olinmaydi, ammo bilguvçilar yöqoladi. Bilguvçilar yöqolgaç, nodonlar tepaga çiqib oladilar. Ular özlari adaşgani yetmaganday, ortlaridan boşqalarni ham yetaklab ketadi…
Özbek ommaviy madaniyati kimlarning yetovida ekanini aniq bilmayman. Albatta, yetakda ketayotgan odamlarga havas qilib bölmaydi. Lekin bu jarayonni töxtatiş mumkin emas – örtaga pul, katta sarmoya tikilgan. Estrada saviyasini kötariş borasida qança qaror qabul qilindi, lekin saviya sabil hali-hanuz toş asri darajasida sobit turibdi. Faqat bir narsa – Rossiyada ham, Turkiyada ham, Qozoğistonu Tojikistonu Qirğizistonda ham ahvol şu ekani taskinga zor könglimizni ozgina yupatadi. Boşqa tillarni tuşunmayman, lekin özimça tusmol qilamanki, biz havas bilan qaraydigan Mağrib mamlakatlarida ham ahvol bundan ortiq emas. Yaʼniki, köpga tekkan kasal. Nedir yangi va köproq daromadli öyin yoki tomoşa turlari öylab topilsa, bugungi nağma va muqomlar tez orada ötib ketişi ham mumkin.
– Bir suhbatingizda özingizni nafosatni, gözallikni qadrlovçi amaldor, deb atagan edingiz. Bugun keçagi tuşunçayu mezonlarning yaşin tezligida özgarayotgani nafosatu gözallikka bölgan munosabatga taʼsir etmayaptimi?
– “Nafosatni, gözallikni qadrlovçi amaldor” iborasida öşa zamondagi ahvolimga nisbatan – yozişga imkon yöqligidan afsus aralaşgan ozgina piçing bor edi.
Inson könglidagi gözallik tuyğusi muqim qoladi, albatta. Mezonlar har kun özgarişi mumkin. Ayniqsa, ayol çiroyi borasida. Aslida, Rubens çizgan semiz xonimlar bilan bugun sahnalarda muqom qilib yuradigan qiltiriq modellar ham birday gözal. Umuman, xunuk ayolning özi bölmaydi. Mening bir ajoyib sinfdoşim mahbubasiga şunday baho bergani yodimda: “Rosa çiroyli, oğzi töla tilla tiş, har barmoğida ikkitadan tilla uzugi bor!” Men öşa payt içimda kulgan edim. Lekin bugun öylab körsam, u ham öziça haq ekan. Yaʼnikim, har kimniki öziga, oy körinar köziga…
– Zarduştiylik dinida hozir ham dolzarbligini yöqotmagan “ezgu fikr, ezgu söz, ezgu amal” triadasi bölgan. Köpçilik mavjud qiyinçiliklardan noliydi-yu, lekin ularni yengiş uçun, avvalo, fikr va söz tuzalişi şart ekanini öylab körmaydi. Buning uçun nima qiliş kerak deb öylaysiz?
– Dunyoda tökis odamning özi yöq. Birovda ezgu fikr, ezgu söz bölişi mumkin, lekin amalga kelganda oqsab qoladi. Bugungi otaşin islohotçilarning hammasi şunday. Fikr va sözni tuzatiş mumkindir (balki sözni tuzatiş şart ham emasdir, negaki hamma – öğri ham, töğri ham – juda ezgu sözlarni gapiradi), lekin moddiy ğarazni yengiş juda qiyin. Ezgu amalning asosiy kuşandasi – nafs. Jamiyat mukammal bölişini, halol mehnat kunlik ezgu amalga aylanişini kutamiz endi.
Suhbatdoş: Faxriddin NIZOMOV
“Yoşilk”2012/4
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


