Sanobar daraxtlar, salim daraxtlar

0
120
marta ko‘rilgan.

* * *

 Men izlagan ranglarni topdim,

 Men izlagan so‘zlar o‘lmadi.

 Bor dardingni borliqqa sochib

 Daraxtlarday yig‘lab bo‘lmadi.

 

 Men tushundim: shoirlik – qismat,

 Nuri ko‘chmish sochim oqiga.

 Goho chaqin urdi umrimning

 Gullayotgan hamma yog‘iga.

 

 Sizib, sizib ichimga oqdim,

 Yaratgandan tilab to‘zimni.

 Bu qorong‘u dunyo bag‘riga

 Qoldiraman yorug‘ so‘zimni.

 

* * * 

Ortda qoldi endi ko‘hna Shosh,

Tavoningdan chechak otibsan.

Namangan, sen dovondan o‘tsam,

Yuragimda gullab yotibsan.

 

Diydorimni tilading tonglar,

Qoshingga men bormadim nechun?!

Maysang o‘pib yig‘ladim olis,

Sog‘inch ezgan kunlarim uchun.

 

Sen onamning ko‘ziday munis,

Otam aytgan muloyim sassan.

Ayvondagi qaldirg‘ochlarning

Tumshug‘idan to‘kilgan xassan.

 

Guzardagi ulkan chinorlar,

Mashrab ohin aytayotganday.

Sevinyapsan shunchalar qattiq

Boburiylar qaytayotganday.

 

Behilarda osilgan suzma,

Chelaklarda chayqalgan sutsan.

Sog‘inch bo‘lib, ming sog‘inch bo‘lib,

Bag‘rim yorib ochilgan yurtsan!

 

* * *                                                                                                     

Yoshim tomdi chumolining so‘qmog‘iga,

Silab qo‘ydim musichaning patlaridan.

Vatan degan bir tabarruk giyoh undi,

Yuragimning qaqrab yotgan qatlaridan.

 

Bu Yassaviy, bu Kubroning dodimasmi?..

Ketaverdim Xoja Ahror xoki qadar.

Qarang, Tangrim vatan so‘zin tikib qo‘ymish,

Yuragimning eng omonat choki qadar.

 

Ne zamonlar, ne urushlar, ne g‘avg‘olar,

Ne nafaslar yutilmasdan tashda qoldi.

Beshigida go‘daklari ingrab, ingrab,

Ayvonida tikilmagan kashta qoldi.

 

Undan ayro tutolmasman hech o‘zimni,

Aziz menga ilonlarning  qolgan po‘sti.

Ko‘kragimni yerga berib yotgan edim,

Mana bugun ko‘kragimda Vatan o‘sdi.

 

 

* * *

Uchish kerak – bu eski mavzu

Va azaldan qolgan tushuncha.               

Yuragingni o‘rtaydi qayg‘u,

Qanotlaring to‘la chiqquncha.

 

Havolanib ketmaslik kerak,

Havolarga sochib g‘amingni.

Unutmasang bo‘ldi, azizim,

Senga qanot bergan zaminni.

 

 

* * *

Ey mo‘min daraxtlar, muslim daraxtlar,

Sanobar daraxtlar, salim daraxtlar.

Har bitta yaprog‘i Haqni eslatgan

Halima daraxtlar, Halim daraxtlar.

 

Men daydi yo‘lovchi, men bir musofir,

Bu qaro umrimga bir oqlik kerak.

Odamlar poyini o‘pmoqlik kufr,

Daraxtlar poyiga cho‘kmoqlik kerak. 

 

 

* * *

Bugun to‘yib yig‘lagansan rost,

Yomg‘ir yog‘di ko‘klam faslida.

Ovutishni bilmadim, ammo

Baxtsizlik ham baxt-ku aslida.

 

Inkor etib ketishing mumkin,

Yuragingni sitamlar siqdi.

Tong otguncha kitob ichida

Suratimiz sirlashib chiqdi.

 

 

Muslimbek MUSALLAM

1986 yili tug‘ilgan. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

She’rlari matbuotda e’lon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.