MAXTUMQULI
Şoir ukam, öqi Maxtumqulini,
Hikmatga yöğrilgan pandu nasihat.
Ğanimat demiş u umr yölini,
Ha, umr ğanimat, çindan ğanimat.
Bepisand boqmagil köhna olamga,
Hali may içmabsan qismat qölidan.
Faqat bilganingni olgil qalamga,
Buni ham örgangil Maxtumqulidan.
2010-yil 14-yanvar.
ULUĞBEK FARYODI
Ming laʼnat sen nihol ötqazgan vaqtga,
Ossalar gar özing ekkan daraxtga.
Taqdirning yuzlari qoraysin battar,
Qazgan quduğingga çöktirsalar gar.
Falak gumbazini yorsin faryoding,
Agar öz farzanding bölsa jalloding.
Örlasin arşgaça bu qora tutun,
Beşiging tobutga aylansa bir kun.
KELDIM
Keldim…
Ketmoqdaman.
Sariq yaproqlarda
Ğarib, hazin kuy.
Seni uzoq yillar
Soğingan edim,
Keldim…
Ketmoqdaman.
Keçir, Ona uy.
Meni eslatguçi
Biror narsa yöq.
Otam yöq, Onam yöq.
Na şodlik, na ğam.
Faqat hammasini
Yodimga solib,
Körinding közimga –
Özing, Hanifam…
KAMTARLIK
Har kimga buyursin özining dardi,
Baʼzan kulsang kamdir, yiğlasang ham oz.
Bir kuni xilvatda suhbat qilardi,
Sodda şogird bilan mehribon ustoz.
Ustoz der ediki: – Topşiriq şuldir:
Yöqot falonçini, qurisin zoti.
Söng esa albatta özingni öldir,
Jannatga tuşasan öşa zahoti.
Şogirdi der edi ğoyatda kamtar:
– Ustoz, maqbul erur aytgan sözingiz.
Jannat şu qadarli naqd bölsa agar,
Işni boşlab bering avval özingiz.
HIDOYAT YÖLI
Islomning muqaddas arkonlari bor:
Haj, röza, namozu zakot va jihod.
Ular boğliq erur iymonga poydor,
Bajargan har mömin topgaydir najot.
Röza va namoz-ku hamrohdir doim,
Zakot ham topilgay ba qadri imkon.
Imoning to mahşar bölsin but, qoim,
Lekin jihod nedur? Nahot jang va qon?
Qay mömin hidoyat yölini bilsa,
Hirsu nafs hujumin etolsin barbod.
Rasululloh demiş: – Kimki haj qilsa,
Öşadir dunyoda eng yaxşi jihod.
YOŞLIGIM
Olis qişloğimning köçalarida
Tuproqni çangitib yurgan yoşligim.
Janubning yulduzli keçalarida
Uxlamay xayollar surgan yoşligim.
Orzular qaygadir çorladi bir çoq,
Ortda qolib ketdi u aziz tuproq.
Kimgadir şogirdu kimgadir örtoq,
Şeʼr bilan suhbatlar qurgan yoşligim.
Tanidim yurtimni, qadim elimni,
Alişer sözlagan suluv tilimni.
Va lekin yovlarim tösib yölimni,
Ne zabun kunlarni körgan yoşligim.
Dunyoda birovni kamsitmoq yomon,
Yomondir seniki bölmasa zamon.
Topolmay bir çora, topolmay imkon,
Yölni yolğizlikka burgan yoşligim.
Şukr, tözonlarda qolmadim sölib,
Keldi xuş davron ham şavqlarga tölib.
Endi röparamda nabiram bölib,
Mardona qad kerib turgan yoşligim.
MENGA XUŞ XABAR AYT…
Menga xuş xabar ayt, yolğon bölsa ham…
Dardu maşaqqatlar ötgaydir bari,
Öksima, oyoqqa turgaysan, deb ayt.
Umringning farahbaxş, totli onlari
Hali oldindadir, körgaysan, deb ayt.
Menga xuş xabar ayt, yolğon bölsa ham…
Döstlaring bordir-ku hali dunyoda.
Seni kulfatlarda qoldirmas, deb ayt.
Yovuzlik bölsa ham haddan ziyoda,
Seni çangaliga oldirmas, deb ayt.
Menga xuş xabar ayt, yolğon bölsa ham…
Olis muhabbating sönmagan hamon,
To hanuz unutmay yuribdi degil.
Sarğaygan daftarin varaqlab pinhon,
U seni tuşida köribdi degil.
Menga xuş xabar ayt, yolğon bölsa ham…
OZODLIK
Quyoş tutilganda qadim ajdodlar
Özlarin yöqotmiş qörquv, titroqda.
Samoga termilib qilmiş faryodlar:
– Quyoş bandi böldi! Quyoş sirtmoqda!
Balki bu qiyomat kunidan xabar,
Balki kufrimiz köp, gunohimiz zil.
Şundoq xitob etmiş hazrat Payğambar:
– Quyoş tutilganda qulni ozod qil!
Neçoğli tansiqsan, ozodlik sözi,
Seni falaklar ham kötargay boşga.
Koinot maşʼali bölsa ham özi,
Ozodlik kerakdir hatto quyoşga!
ŞOIRNING YARATILIŞI
Şoir kerak böldi Adabiyotga,
Dedik: «Uni tezda topmoğimiz şart».
Tayanib tajriba hamda sabotga,
Şoir yaratamiz talantli va mard!
Olimlar yumuşga kirişdi huşyor,
Bölsin yangi şoir bundoğ, dedilar.
Faollar yiğini çiqardi qaror,
Matbuot ham qöllab, şundoğ, dedilar.
Bittasin yaratdik, ikkinçisin ham…
Dizayni joyida, közni olardi.
Lekin şeʼr yozdirsak, nimasidir kam,
Oddiy bir taqlidçi bölib qolardi.
Harakatga tuşmas puflamasang gar,
Muqom qila boşlar körsa ustasin.
Bir juft askiyaga kelmas barobar,
Yasab qöygan bilan buning yuztasin.
Bilingiz, haqiqiy isteʼdod nasli,
Bir oz samovotga tegişli xilqat.
Davron tuproğiga şoirni asli,
Yaratganning özi ekkaydir faqat.
AMNISTIYA
Kimningdir boşiga iş tuşdi nogoh,
Şayton avradimi – topmadi tözim.
Bolalarin yiğib çekdi ohu voh,
Keçirmayman, dedi, özimni özim.
Jazo ham muhaqqaq böldi, albatta,
Qismat eşigiga boş egib bordi.
Seni keçirdilar, deyilgan paytda,
Qayta tuğildim, deb dodlab yubordi!
SOHIBDIL
Bir kimsa yölidan adaşib giryon,
Çökib bormoqdaydi qora botqoqqa.
Nogoh uçradiyu sohibdil inson,
Kimsani qutqazdi, öradi oqqa.
Mahşarning ğurbatli pallasi edi,
Sahroda ikkovlon uçraşdi bexos.
Kimsa: – Tanimayman men seni, – dedi.
Sohibdil: – Ming afsus, – deyoldi xolos.
Şunda sado keldi: – Oyo, jim turgil,
Bu-ku oddiy maxluq, yuzsiz, şarmanda.
Malomat tiğini özingga urgil,
Yaxşilikni özing qilding-ku, banda.
KAMILLA
Muhabbat heç qaçon topmagay zavol,
Mehr ham tutaşdir vujudga, qonga.
Kamilla ismli italyan ayol,
Talpinib yaşaydi Özbekistonga.
Garçi turmuşida zarra kami yöq,
Dengiz sohilida qasri bor körkam.
Lekin yuragida öçmas bitta çöğ –
U özbek tuproğin qumsaydi har dam.
Der: – Yetimxonada ösdim bir zamon,
Ötdi öşa yerda maʼsum çoğlarim.
Meni onasiday çorlaydi hamon
Karavotda qolgan qöğirçoqlarim.
BOMDOD
Derazam ortida ulkan koinot,
Mubham xotiralar qalbni tiladi.
Öğlim, degan ovoz keladi bot-bot,
Bolam, degan şivir eşitiladi.
Xonamni çulğaydi sovuq hayajon,
Boşim oğirlaşar, junjikar etim.
Axir men öğlingiz edim, otajon,
Onajon, axir men bolangiz edim.
Sahar oça boşlar ohista közin,
Tong uyqusi sassiz kela boşlaydi.
Taralar azonning tovuşi uzun,
Rafiqam ibodat qila boşlaydi.
YOVOŞ-YOVOŞ
Ozar döstim nağma çalar, közida yoş,
Holing neçuk desam deydi: yovoş-yovoş.
Sevikliging noz qilsa ham çimirib qoş,
Moyil bölar asta-asta, yovoş-yovoş.
Goh u yonga, goh bu yonga urmagil boş,
Omad kelar birin-sirin, yovoş-yovoş.
Jayronga ayt, tuyoğini yormasin toş,
Sayron etsin sekin-sekin, yovoş-yovoş.
GULZOR
Sening qöling guldir,
Şul sababdan ham
Hovliyu xonangda östirasan gul.
Sendaylar bisyorroq bölsaydi, olam
Gulzorga aylanib ketardi butkul.
Östirgan gullaring ajib, muattar,
Rangorang, xilma-xil, çiroyli bari.
Nomlarin bilmayman, aytsam muxtasar,
Bor bunda yer yuzin turfa gullari.
Gullaring anjuman tuzibdi göyo,
Inja gözallikning maşğuloti bu.
Şu kiçik gulzorda jam bölmiş dunyo,
Birlaşgan Gullarning Taşkiloti bu.
BARKAMOL AVLOD
Komillik yölida çekib ranj, alam,
Bir umr tinmadi qölimda qalam.
Senga ham «Komil böl!» dedi Yurtboşim,
Axir komillikka ne yetsin, bolam.
TASAVVUR
Bu köhna qöşiqdir, bu eski nola,
Unuta olmasman men uni butkul.
Bozor eşigida yoşgina bola,
Keksa tilançiga uzatardi pul.
Har kim öz bahosin bergay bu işga,
Har kim öz hukmini özi bilajak.
Horib munkillagan qari ötmişga
Muruvvat qilardi göyo kelajak.
Köp uzoq yillarga eltadi xayol,
Tasavvurni ezar tağin şu nola:
Bozor eşigida turar keksa çol,
Bu öşa bola-ku, bu – öşa bola.
XABAR
Turfa xabarlarni tinglaymiz har kun,
Qaydadir toşqinu, qaydadir böron.
Xabarlarga töla bu olam butun,
Xabarlarga töla har lahza, har on.
Daydi şamolning ham mujdasi bordir,
Kabutarlar berar poklikdan xabar.
Telefonlar esa doim bedordir,
Xabar tarqatadi to tongga qadar.
Olis qitʼalardan xabarlar kelar,
Kelar soğinç sasi, ğazab yo alam.
Uçqur raketalar fazoda yelar,
Keladi ularning xabarlari ham.
Xabar kutib ötar kunlarim sekin,
Xabarlar töxtamas, bundan könglim töq.
Biz bitta şaharda yaşaymiz, lekin,
Sendan xabar yöqdir, sendan xabar yöq…
Abdulla ORIPOV,
Özbekiston Qahramoni,
Xalq şoiri
“Yoşlik”2010/1
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


