13 daqiqada öqiladi

1 134 marta körilgan

Matnşunosligimiz yutuqlari

Bugungi kunda matnşunoslik, ayniqsa, Özbekiston uçun dolzarb ahamiyatga ega. Çunki ölkamiz tarixi va madaniyatiga oid yuzlab bebaho asarlar hali naşr etilmasdan qölyozma holida saqlanmoqda. Şularni hisobga olib, sönggi yillarda Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik institutida matnşunoslik yetakçi ilmiy yönalişlaridan biriga aylandi. Qölyozmalar xazinasida saqlanayotgan qimmatli asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlarini naşrga tayyorlaşga jiddiy eʼtibor qaratildi. Sir emas, bir neça nusxada yetib kelgan asar qölyozmalari orasida ança-munça tafovutlar bölişi tabiiydir. Asarning turli nusxalari muqoyasa qilinib yaratilgan ilmiy matnigina tarjima va tadqiqotlar uçun ança işonçli böladi. Qolaversa, turli mavzuda izlanişlar olib borayotgan mutaxassislar tarjima emas, balki asl matnga tayanişsa, ularning tadqiqotlari köproq toş bosadigan böladi. Asl matnda muhim atama va unvonlar asar yozilgan davrda qanday işlatilgan bölsa, şunday yoziladi. Tarjimada ular özgarişga uçraşi va boşqa baʼzi kamçiliklarga yöl qöyilişi mumkin.

Milliy fanimizning xalqaro obrösi bilan boğliq yana bir jihat borki, bizning tariximiz va madaniyatimizga oid asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlari Arab mamlakatlari (movarounnahrlik ulamolar kitoblari), Eron (fors tilidagi bir qança tarixiy va adabiy manbalar), Amerika (Munis va Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” asarining Yuriy Bregel tarafidan tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matni), Yaponiya (Muhammad Hakimxonning “Muntaxab ut-tavorix” asarining Yayoi Kavaxara, “Boburnoma”ning Eyji Mano tarafidan naşr etilgan ilmiy-tanqidiy matnlari) va boşqa mamlakatlar olimlari tomonidan naşr etilayotganida özbek manbaşunos-matnşunoslari bu işda nainki iştirok etiş, balki faol kirişib, bu sohada yetakçilikni öz qöllariga olişga burçlidirlar.

Turkiy tildagi asarlarni kirill yoki lotin alifbosiga tabdil qilişdan oldin ham ularning muallif tomonidan ilk bor yaratilgan yozuvdagi ilmiy-tanqidiy matnlarini hozirlaş katta ahamiyatga ega. Quyida biz Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik institutida ilmiy-tanqidiy matnlari tayyorlangaç, Özbekiston va boşqa mamlakatlarda çop etilib, Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati bilan şuğullanuvçi jahondagi köplab ilmiy markazlar mutaxassislari tomonidan iliq kutib olingan bir neça mötabar manbalar naşriga töxtalib ötamiz.

* * *

Maʼlumki, “Nasoyim ul-muhabbat min şamoyimil futuvvat” (“Uluğlik xuşböyliklarini taratuvçi sevikli şabadalar”) Alişer Navoiyning nasrdagi eng yirik asaridir. Undan 770 dan ortiq tasavvuf şayxlari haqida maʼlumotlar örin olgan bölib, muallifning diniy-falsafiy qaraşlari hamda Navoiygaça bunçalik keng kölamda tasvirlanmagan turk maşoyixlari faoliyatiga oid behad qimmatli manbadir. Şuningdek, Navoiyning otasiga oid baʼzi biografik qaydlar ham asarning qimmatini yanada oşiradi.

ÖzR FA Şarqşunoslik institutining katta ilmiy xodimi Hamidxon Islomiy “Nasoyim ul-muhabbat”ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlaş ustida uzoq yillar izlanişlar olib bordi. Domla “Nasoyim”ning Turkiya, Rossiya, Fransiya va Özbekistondagi eng qadimgi, baʼzilari Alişer Navoiy hayotligi davrida köçirilgan mötabar nusxalar asosidagi matnini tiklab, nusxalar orasidagi muhim tafovutlarni satrosti izohlarida qayd etdi. Matn uçun zarur körsatkiçlar ham tuzilganki, bu tadqiqotçi va öquvçilarga asardan özlari izlayotgan maʼlumotlarni tezda topib oliş imkonini yaratadi.

“Nasoyim ul-muhabbat”ning şu paytgaça Turkiya va Özbekistonda amalga oşirilgan naşrlari puxta ilmiy-tanqidiy matnga asoslanmagani uçun  köplab xatolarga yöl qöyilgan edi. Misol keltiradigan bölsak, 2001-yilda “Fan” naşriyotida Alişer Navoiy “Mukammal asarlar töplami”ning 17-jildi sifatida “Nasoyim ul-muhabbat” asari naşrdan çiqdi. Buyuk adibning eng yirik nasriy asari Özbekistonda ilk bor töliq holida naşr etilişi quvonçli hodisa, albatta. Biroq bu naşrdagi matniy xatolar oddiy öquvçi tugul, mutaxassislar uçun ham qator jumboqlar paydo qiladi. Boz ustiga, Navoiy matnidagi yuzlab söz va jumlalar yo atayin, yo eʼtiborsizlik natijasida tuşirib qoldirilgan. Baʼzi sözlarning töğrisini va naşrdagi xato şakllarini quyida keltiramiz: “barxabarlar” – “bexabarlar”, “ul kitobdaği” – “ul kitobda daği”, “siroti mustaqim” – “siyrati mustaqim”, “aning manʼin” – “ani mutaayyin”, “anga rom” – “orom”, “komlarim” – “ğamlarim”, “suvab” – “savob”, “muvofaqatingizdin” – “muvaffaqiyatingizdin”, “taxalluf” – “takalluf”, “mahşur” (qöşilgan maʼnosida) – “maşhur”, “iflos” – “ixlos”, “adab” – “abad”, “afzun” – “afsun” va hokazo. Ular kitobxonga matn maʼnosini qiyinlaştirib, baʼzan mutlaqo tuşunarsiz qilib qöyadi. Masalan: “Ul it boşin ul harfqa solib, ul sutdin içti” jumlasidan söng, “it boşini qanaqa harfga tiqdi ekan?” deb boş qotiriş mumkin. Holbuki, bu söz asliyatda “zarf”, yaʼni idişdir. Xatolar tufayli baʼzi hollarda Navoiy közda tutganiga zid maʼnolar çiqariş mumkin. Masalan, “tuşunarli, ayon” maʼnosidagi “mafhum” sözi barça hollarda teskari maʼnodagi “mavhum” şaklida yozilgan.

Afsuski, “Nasoyim ul-muhabbat”ning Alişer Navoiy asarlarining sönggi yillarda çop etilgan ön jildlik asarlar töplamidan örin olgan naşrlari ham xatolardan xoli emas. Institutimizda tayyorlanib çop etilgan ilmiy-tanqidiy matn, nihoyat, bu uluğ asarning kirill va lotin alifbolaridagi qoniqarli naşrini amalga oşirişga yordam bersa, ajab emas.

* * *

Quvonarli jihati şundaki, istiqlol bergan imkoniyat tufayli, ayrim tadqiqotlar va ilmiy tanqidiy matnlar çet el olimlari bilan hamkorlikda amalga oşirilmoqda. Tabiiyki, bu özaro tajriba almaşiş hamda özbek olimlarining ilmiy yutuqlari xorijiy mamlakatlarda ham kengroq tanilişi va eʼtirof etilişi uçun katta imkoniyatlar yaratadi.

Şunday hamkorlik işlari natijalaridan biri Sadriddin Ayniyning (1878-1954) özbek tilida yozilgan “Buxoro inqilobi tarixi” asari ilmiy-tanqidiy matnining Yaponiyada naşr etilişi bölib, u ÖzR Fanlar akademiyasi Şarqşunoslik instituti ilmiy xodimi Şarifa Toşeva va Tokio universiteti tadqiqotçisi Şizuo Şimada tarafidan amalga oşirilgan.

Sadriddin Ayniy köplab tarixiy, badiiy va ilmiy asarlar yaratgan. Ayniyning tarixiy asarlarida Buxoro tarixining eng murakkab davri – mamlakatda islohotçilik ğoyalari va jadidçilik harakatlarining keng yoyilişi, köp asrlar davomida amalda bölgan davlat tuzumining tubdan özgarişi voqealari uning öz körgan keçirganlari asosida qalamga olinganki, bu asarlarni çetlab ötib, öşa davr tarixini yoritiş muşkul.

Ayniy tomonidan yaratilgan ilk yirik tarixiy asar – “Tarixi inqilobi fikri dar Buxoro” (“Buxoroda fikriy inqilob tarixi”) 1918-yilda tojik tilida yozilgan. Keyinçalik Ayniy bu asarning özbek tilidagi qayta işlangan variantini yaratib, yangi boblar qöşib, unga “Buxoro inqilobining tarixi” degan nom berdi. Asarning nomidan u 1920-yil kuzida amirlikning ağdarib taşlanişiga bağişlangan, deb tuşunmaslik kerak. Ayniy inqilob deganda asosan Buxoroning ilğor kişilari ongidagi özgarişlar, ularning islohotlar vositasida öz yurtlarini taraqqiy qildirişga intilganliklarini közda tutadi.

Maktab va madrasalarni isloh qiliş masalasi Buxoro inqilobiga sabab bölganiga işonçi komil bölgan Ayniy, 3-4 asr oldingi va öziga zamondoş bölgan Buxoro madrasalari, mudarrislarning bilim darajasini hamda ularning hukumat bilan munosabatlarini tekşiriş muhimligi haqida gapiradi. Birinçi bölimning “Ulamoning buzulişi va bulardan xonlarning istifoda qilişi” deb nomlangan birinçi va undan keyingi boblarida Ayniy sözboşi va muqaddimada bildirgan fikrlarini kengaytiradi hamda dalillar va tarixiy maʼlumotlar bilan töldiradi. Şu bölimda Ayniy Yoş buxoroliklar va jadidlar harakatining vujudga kelişiga zamin tayyorlagan içki va taşqi omillar xususida ham fikr yuritadi. U Buxorodagi inqilobni dastlab maʼlum bir guruh kişilarining ongida paydo bölgan inqilob, deb hisoblaydi. Jumladan, muallif birinçi bölimning “Ilmiy va ijtimoiy inqilobga hozirlaniş” bobida Amir Abdulahad (1885-1910) davrining boşlarida amirlik tuzumiga tanqidiy köz bilan qaragan kişilardan biri – buxorolik maʼrifatparvar Ahmad Doniş va uning izdoşlari haqida keng maʼlumot beradi.

 Asarning salmoqli qismini taşkil etuvçi ikkinçi bölimda 1908-1917-yillarda Buxoro jamiyati hayotida röy bergan maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy voqealar qalamga olingan. Jumladan, Buxoroda oçilgan yangi usuldagi maktablar va bu maktablar atrofida mutaassib ulamo bilan taraqqiyparvarlar orasida yuzaga kelgan bahs-munozaralar, 1910-yil yanvardagi sunniy, şia nizolari, 1910-yilda taşkil etilgan Yoş buxoroliklarning yaşirin jamiyati, bu jamiyatning maʼrifat va islohot yölida amalga oşirgan işlari töğrisida mufassal maʼlumot beriladi.

Uçinçi va törtinçi bölimlarda asosan siyosiy voqealar – 1917-yil Rossiyadagi fevral inqilobidan söng Buxoro yoşlarining islohot uçun kuraşlari, amir tomonidan 1917-yil 7 aprelda eʼlon qilingan islohot farmoni, 8 aprelda taraqqiyparvar kuçlar taşkil etgan tinç namoyişning hukumat tomonidan bostirilişi, 1918-yilgi Kolesov voqealari va Buxoroda jadidlarga nisbatan körilgan jazo çoralari tafsilotlari bayon qilingan.

Maʼlumki, Özbekiston tarixining eng murakkab davrlaridan biri bölmiş 20-asr birinçi çoragiga oid noyob manba bölgan “Buxoro inqilobi tarixi” ilgari ham özbek tilida va boşqa tillarga tarjima qilinib, bir neça marta naşr qilingan. Biroq bu naşrlarning asosiy nuqsoni şundaki, ularning birontasi ham muallif matnini töliq holida aks ettirmagan.

“Buxoro inqilobi tarixi” 1926-yili Moskvada arab imlosida naşr qilindi. Maʼlum mafkuraviy sabablarga köra, asar katta qisqartirişlar bilan bosilgan. Qisqartirilgan joylar asarning barça qismlariga tegişli bölib, taxminiy hisob-kitoblarga köra, jami 140 varaqqa yaqin. Boşqaça aytganda, qölyozmada hammasi 584 varaqni taşkil etuvçi asarning 25 foizidan köproği qisqartirilgan. Baʼzi boblarning katta qismi qisqartirilib, ayrim boblar esa tölaligiça tuşirib qoldirilgan.

1960-yillarda Ayniyning sakkiz jildlik tanlangan asarlari özbek tilida, kirill yozuvida naşr etilib, uning birinçi jildiga “Buxoro inqilobining tarixi” ham kiritildi. Uşbu naşr asarning qölyozmasi emas, balki 1926-yilgi Moskva naşri asosida amalga oşirilgan bölib, unda mafkuraviy yondaşuv oqibati ölaroq, matn navbatdagi qisqartirişlarga duçor qilingan. Unda Moskva naşriga kiritilgan  baʼzi boblar tölaligiça tuşirib qoldirilgan. Ayniqsa, jadidlarga salbiy munosabat orqasida Abdurauf Fitrat, Usmonxöja Pölatxöjayev kabi bu oqim namoyandalarining ismlari taşlab ketilgan. Şuningdek, Fitratning asarlariga oid katta parça tuşirib qoldirilgan.

Bevosita asarning Toşkentda saqlanadigan qölyozmalaridan foydalaniş imkoniyati biroz çeklanganligi bois, tadqiqotçilar köpinça uning nuqsonli Moskva va Toşkent naşrlariga murojaat qilişga majbur edilar. Masalan, amerikalik tadqiqotçi Edvard Olvors asarning Toşkent naşrida tuşirib qoldirilgan «Jadid yoki Yoş buxorolilar firqasining tuzilişi va yozilmagan programma» bobini Moskva naşri asosida inglizçaga ağdargan. Aslida Moskva naşrida bu bobdan ham bir neça satr qisqartirilgan.

“Buxoro inqilobi tarixi” qölyozmalari bizgaça ikki nusxada yetib kelgan bölib, ularning har ikkalasi ham Şarqşunoslik institutining Asosiy fondida saqlanadi.

Naşrga tayyorlovçilar matnni kompyuterga kiritişdan taşqari sahifa osti izohlarida ikkala qölyozma orasidagi muhim tafovutlarni körsatib ötişgan. Naşrga mufassal sözboşi yozilib, u bir yöla uçta – özbek, yapon va rus tillarida berilgan. Kitob oxiriga şaxsiy va juğrofiy nomlar, xalqlar va qabilalar, kitob, davriy naşr va jamiyatlar körsatkiçlari ilova qilingani, şubhasiz, naşrning ilmiy qimmatini oşiradi.

* * *

Muhammadrizo Ogahiy (1809-1874) qalamiga mansub “Jome ul voqeoti sultoniy” asari 1856-yili yozib tugallangan bölib, unda uç nafar Xiva xoni – Muhammadaminxon (1846-1855), Sayid Abdullaxon (1855) va Qutluqmurodxon (1855 1856) davri tarixi hikoya qilinadi. Mavjud tarixnavislik anʼanasiga muvofiq, asarda xonlarning harbiy yurişlariga keng örin ajratilgan. Ayni paytda, biz bu yerda qöşni davlatlar bilan elçilik almaşiş, turli şaxslarning mansablarga tayinlanişi, tavallud va vafot sanalari, xonlikda amalda oşirilgan bunyodkorlik işlari (madrasalar qurilişi, kanallar çiqariş va hokazo) va boşqa qator mavzularga doir maʼlumotlarni topişimiz mumkin.

Matn asarning Sankt Peterburg va Toşkentda saqlanayotgan ikkita mavjud qölyozmasi asosida tuzilgan. Şuni taʼkidlaş joizki, barça qölyozmalarni sinçiklab tadqiq qilgan N.Toşev Özbekiston Fanlar akademiyasi Şarqşunoslik institutida saqlanayotgan Toşkent nusxasi Ogahiyning dastxati ekanligini isbot qildi. Bu hol esa matnning işonçliligini oşirişi barobarida Ogahiy ijodini yanada çuqurroq tadqiq etiş uçun ham juda muhimdir.

Mazkur naşr adabiyotşunoslarga Ogahiyning nazmiy merosini ham yanada töliqroq tadqiq qiliş uçun imkoniyatlar yaratib berdi. “Jome ul voqeoti sultoniy”da jami 160 ta özbek va fors tillaridagi şeʼriy parçalar keltirilgan bölib, bularning aksariyati muallifning öz qalamiga mansubdir.

Matnga olti turdagi körsatkiçlar (şaxs ismlari, joy nomlari, toifalar, mansablar, Qurʼon oyatlari, hadislar körsatkiçlari) tuzilgan bölib, ular kitobdan foydalanişni ança qulaylaştiradi.

* * *

“Matlab ut-tolibin” asari 1673-yilda fors tilida yozib tugatilgan. Asar muallifi Abulabbos Muhammad Tolib ibn Tojiddin Hasanxoja al-Husayniy as-Siddiqiy Buxorodagi maşhur Jöybor şayxlari xonadonida 1609-yilda tuğilgan. Jöybor şayxlari xonadonida farzandlar taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor berilgan. Muhammad Tolib mustaqil ravişda ham kitoblar mutolaasi bilan köp şuğullangan. Uning otasi Tojiddin Hasanxojaning kutubxonasida turli sohalarga oid ming jilddan ortiq kitoblar saqlangan.

Muhammad Tolib yoşligida otasining boşqa viloyatlarga qilgan ayrim safarlarida hamroh bölgan. Masalan, uning ön yetti yoşida otasi bilan birga Balx viloyatiga safar qilgani maʼlum. Muallifning bu safarlarda öz közi bilan körganlari keyinçalik “Matlab ut-tolibin” asarini yoziş jarayonida qimmatli material sifatida asqotgan. 

“Matlab ut-tolibin” qisqaça muqaddima va sakkiz bobdan iborat. Muqaddimada muallif asarning manbalari va yozilişi haqida umumiy maʼlumot beradi. Uning xabar qilişiça, otasi Jöybor xojalari nasabnomalarini zamon podşohlari va amirlariga körsatiş uçun yiğdirgan. Şuningdek, bobosi va otasining baʼzi yoronlari uşbu xonadon ahli maqomotlariga bağişlab kitob va risolalar bitişgan. Muhammad Tolib ham mavjud kitoblar va öz körganlari asosida ayni mavzuda yangi bir kitob tartib berişga qaror qiladi.

Manoqib janridagi boşqa asarlar kabi “Matlab ut-tolibin”dagi şayxlar hayoti, ayniqsa, ularning karomatlari haqidagi naqllarning muayyan qismi rivoyatlarga asoslangan bölib, afsonaviy tusdadir. Biroq bir qator naqllar haqiqatda bölib ötgan voqelikni aks ettiradi va qisman boşqa manbalar maʼlumotlari orqali tasdiqlanadi. “Matlab ut-tolibin” asari Jöybor xojalar xonadoni qaçon kuçayib, mamlakatda yuksak diniy, siyosiy va iqtisodiy mavqeni egallaganini kuzatiş imkonini beradi.     

Aytiş mumkinki, “Matlab ut-tolibin” garçand aftobiografik janrdagi asar bölsa-da, unda tasavvufga oid maʼlumotlar bilan birga, xöjalik hayoti, iqtisodiyot, elçilik aloqalariga oid xabarlar ham bisyordir. Asarda Jöybor şayxlarining Movarounnahr va xorijiy ölkalardagi şuhrat va obrölari yuksakligini körsatişga katta ahamiyat berilgan. Xoja Saʼd haqidagi bobda unga turli ölkalar podşoh va hokimlaridan mingga yaqin maktub kelganligi taʼkidlanadi.

Şuningdek, asarda bir neça buxorolik şayxlarning Hindistonga sayohatlari hamda ularning Boburiy hukmdorlar saroyida tantana bilan kutib olinişlari batafsil tasvirlangan.

“Matlab ut-tolibin”da öşa davrdagi taʼlim-tarbiya işlari, maktab va madrasalarda qaysi kitoblar öqitilgani haqida ham maʼlumotlar mavjud. Maktabdor, mudarris, xattot va hokazolar qatorida baʼzi şoirlar nomlari ham zikr qilinadi. Töqson beşta şoir Xoja Saʼdni madh etib, unga bağişlab şeʼr, qasida va masnaviylar yozişgani taʼkidlanadi. Ulardan ayrim parçalar namuna sifatida asarda keltirilgan.   

Yuqoridagilardan körinadiki, “Matlab ut-tolibin” asari nafaqat tasavvufiy, balki qimmatli tarixiy manba hamdir.

“Matlab ut-tolibin” tasavvuf tarixi hamda XVI–XVII asrlarda Markaziy Osiyodagi ijtimoiy hayot, iqtisodiyot, yirik şayxlar va hukmdorlarning özaro munosabatlari, xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, Hindiston bilan diplomatik, savdo va madaniy aloqalarda Jöybor şayxlarining faol iştiroklari haqida muhim maʼlumotlar beruvçi noyob manba bölgani tufayli XX asrdan boşlab turli mamlakatlar olimlarining ilmiy tadqiqotlariga jalb etila boşladi.

“Matlab ut-tolibin”ning muallif qöli bilan köçirilgan dastxat nusxasi saqlanib qolmagan. Asarning önta qölyozmasi maʼlum bölib, şulardan yettitasi Şarqşunoslik instituti xazinasida, bittasi Rossiyada, bittasi Germaniyada va yana bittasi Tojikistonda saqlanadi.

Jahondagi bir qator ilmiy markazlar olimlarining qiziqişlariga qaramasdan, “Matlab ut-tolibin” asari matni naşri mavjud emasligi ilmiy tadqiqotlar uçun maʼlum qiyinçiliklar tuğdirar edi. Asarning mavjud nusxalarini qiyosiy örganiş natijasida Şarqşunoslik institutida saqlanayotgan 1721-yilda köçirilgan qölyozma tayanç nusxa sifatida tanlandi va boşqa qölyozmalar, jumladan, Sankt-Peterburg şahrida saqlanayotgan qölyozmasining fotonusxasi işga jalb etildi. “Matlab ut-tolibin”ning mazkur ilmiy-tanqidiy matni asosida Şarqşunoslik institutida uning özbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini amalga oşirişga kirişilgan.

Yuqoridagi asarlardan taşqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik institutida “Markaziy Osiyo tarixi, fani va madaniyatiga oid manbalar tadqiqi” nomli Davlat granti doirasida turkiy tildagi Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix”, Abdulloh Nasrullohiyning “Zubdat ul-osor”, fors tilidagi Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Jumaquli Urgutiyning “Tarixi Xumuliy”, Abdurahmon Tolening “Abulfayznoma”, Mir Husaynning “Maxozin at-taqvo”, Said Zinda Ali Qosimiyning “Samarot ul-maşoyix”, arab tilidagi Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning “Katoyib aʼlom”, Abu Hafs Nasafiyning “Matla un-nujum” asarlari ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlaşga kirişilgan va ularning ham bir neçasi naşr uçun hozirdir. Xulosa şuki, hozirgaça asosan qölyozma holida saqlanib kelayotgan noyob asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlari hozirlanib çop qilinişi Özbekiston tarixi va madaniyati yanada çuqurroq tadqiq qilinişiga yöl oçib, mavjud tadqiqotlardagi oq doğlarning tobora kamaytirilişiga imkon yaratadi.

Surayyo Karimova Toşkentda şahrida tuğilgan. Tarix fanlari doktori, Özbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Şarqşunoslik institutining masʼul xodimi. Qator ilmiy asarlar muallifi.

 

“Yoşlik”2013/7

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (375)