Oybek dahosi

0
40
marta ko‘rilgan.

Yozuvchi Odil Yoqubov — tanqidchi Umarali Normatov suhbati

 

TANQIDCHI. Oktyabr inqilobidan keyingi yillar o‘zbek madaniyati, adabiyoti va sanati uchun o‘ziga xos uyg‘onish davri bo‘ldi. Bu yillarda xuddi qadim Renessans vaqtida bo‘lgani kabi qomusiy bilim, universal istedod, ko‘p qirrali ijod soqiblari yetishib chiqdi. Shulardan biri — Oybek. Adibning o‘n to‘qqiz tomlik «Mukammal asarlar to‘plamiini ko‘zdan kechirganda uning iqtidoriga, iste’dod ko‘lamiga, ishchanligiga qoyil qolasan kishi. U ajoyib lirik shoir, qator epik poemalar, dramatik dostonlar muallifi; ayni paytda badiiy proza masteri, o‘tkir publitsist, hikoya, qissa, xususan, barkamol romanlar avtori; shu bilan barobar, bolalar adabiyotining yetuk namoyandasi, ulkan adabiyotshunos olim, tanqidchi, tarixchi, mohir tarjimon…

YOZUVCHI. Gap faqat Oybek iste’dodining serqirra ekanida, uning har xil adabiy tur, janrlarda qalam tebratganidagina emas. U har bir soha, adabiy tur va janrda aksari yuksak cho‘qqiga ko‘tarila olgan.

TANQIDCHI. Darhaqiqat, u she’riyatda ham, nasrda ham, adabiyot ilmida ham, tarjimada ham yetuk alloma! Oybek lirikasi hali adabiyotshunoslikda to‘la kashf etilgan emas. Bu soha — ulkan bir xazina. Bizda tom ma’nodagi realistik intellektual poeziya Oybekdan boshlangan. Uning lirikasi sirtdan tinch, bosiq-vazmin, ammo unda fikrlar, tuyg‘ular gupurib, qulf urib yotadi. Oybek lirikasini to‘la tushunish, uning bag‘ridagi fikr, his-hayajonni chuqur uqib yetish uchun muayyan ma’noda avtorning darajasiga ko‘tarilish kerak. Birgina «Na’matak» sherini eslaylik. Bu asar, adabiyotshunoslikda ta’kidlanganidek, so‘z sehri bilan qad ko‘targan go‘zallikning tengsiz obidasidir… Qiziq, keyingi yillarda Oybekning poetik tajribasiga qiziqish g‘oyat kuchaydi. Hozirgi yoshpar she’riyatida, yangicha poetik mushohadaga moyil qalamkashlarning izlanishlarida Oybek lirikasiga borib tutashadigan jihatlar ko‘p… Shoir dostonlari-chi! «Uch», «Davrim jarohati» badiiy barkamollik tomonidan bu janrning har qanday nodir namunalari bilan bellasha oladi. Men aminmanki, Oybek ijodiy merosi faqat lirika va poemalardan iborat bo‘lganida ham u adabiyotimizning klassigi bo‘lib qolaverar edi.

Oybek tarjimalari, xususan, «Yevgeniy Onegin» tarjimasi adabiyotimizda ulkan voqea bo‘lgan. Uning adabiyotshunoslik, tanqidchilik sohasidagi faoliyati, Navoiy hayoti va ijodiga oid tadqiqotlari bir yetuk tanqidchi, adabiyotshunos umr bo‘yi erishishi, ulgurishi qiyin, ko‘plar uchun orzu bo‘lgan cho‘qqidir. U o‘rta maktab va oliy o‘quv yurtlari uchun adabiyotdan bir qator darslik va xrestomatiyalar ham yaratgan… Ammo bular go‘yo yo‘l- yo‘lakay amalga oshirilgan ishlar. Oybek avvalo prozaik, romannavis sifatida o‘zbek adabiyotini bir qadam olg‘a siljitgan san’atkor. Qisqasi, Abdulla Qahhor aytganiday, Oybekning qirq yillik ijodiy faoliyati to‘rt yuz yilga teng keladigan faoliyatdir.

YOZUVCHI. Chamasi, ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyot, adabiyot va san’at rivojinnng keskin burilish, dadil ko‘tarilish pallalarida ko‘pincha ana shunday ko‘p qirrali iste’dod sohiblari yetishib chiqadi. Siz aytgan xususiyatlari bilan Oybek rus adabiyoti klassiklariga, xususan, yangi davr realistiq rus adabiyotining asoschisi A. S. Pushkinga o‘xshab ketadi. Axir, biz Pushkin deganda faqat dilbar lirik she’rlar, «Mis chavandoz», «Boqchasaroy fontani», «Ruslan va Lyudmila» kabi o‘lmas poemalar, tengsiz she’riy roman — «Yevgeniy Onegin» avtorinigina emas, «Boris Godunov»dek yetuk tragediya, «Dubrovskiy», «Kapitan qizi» singari ajoyib povestlar, Pugachyov qo‘zg‘oloni tarixiga bag‘ishlangan xuddi bugungi hujjatli proza namunalariga o‘xshab ketadigan asarlar va o‘zi asos solgan «Literaturnaya gazeta»da e’lon etilgan o‘z davri adabiyoti rivojining aktual masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab teran adabiy-tanqidiy maqolalar muallifini ham tushunamiz. Bilasiz, Oybekning Pushkinga ixlosi nihoyatda baland bo‘lgan, Pushkinning ijodiy jasorati, u yaratgan asarlarning realistik qudrati, mahorat, san’at sirlari hamisha uni o‘ziga maftun etgan. Oybek ham ustoz izidan borib, ham she’riyatda, ham nasrda, ham tarjima va adabiyotshunoslikda birdek mahorat bilan ajoyib asarlar yaratganki, bu hol bizni qoyil qoldiradi.

TANQIDCHI. Oybekning serqirra ijtimoiy faoliyati, inson, grajdan, tashkilotchi-rahbar, jamoat arbobi sifatidagi xislatlari ham g‘oyat ibratli. Yozuvchilar soyuzining rahbari, Fanlar akademiyasining akademigi, noshir sifatida qilgan ishlari, fan zahmatkashlari, ijodkorlarga ko‘rsatgan himmat-saxovatlarini aytmaysizmi…

YOZUVCHI. Adabiyot tarixidan ma’lumki, har bir ulkan iste’dod egasi ayni paytda ulkan shaxs ham bo‘lgan, uniig qalbida zamonasining jamiki quvonchu tashvishlari, orzu umidlari, dardu iztiroblari jo bo‘lgai. O‘z davrining, xalqining jonkuyar farzandi, chin ma’nodagi grajdani bo‘lmagan ijodkor hech qachon ulkan adib bo‘la olmaydi. Ulkan iste’dodlarning hammasi faqat o‘z ijodi, tor professional Mashg‘ulotlari doirasida o‘ralashib qolmay, hamisha katta ijtimoiy hayot qozonida qaynaganlar. Iste’dodning ko‘lami qanchalik katta bo‘lsa, uning ijtimoiy manfaat doirasi ham shunchalik keng bo‘ladi. Adabiyotimiz tarixida Navoiy, Boburga tenglasha oladigan iste’dodlar yo‘q, hisob. Zotan hech qaysi adib o‘tmishda ijtimoiy hayot qozonida ularchalik qaynagan emas. To‘g‘ri, ijodda talant birlamchi, ammo katta ijtimoiy manfaat va faoliyat ulkan talant uchun keng ufqlar ochadi. Meni, aynnqsa, Oybekning Ulug‘ Vatan urushi yillaridagi serqirra, g‘oyat mahsuldor faoliyati hayratga soladi. O‘z tajribamdan bilaman, bir yirik romanni yozib bitirish uchun to‘rt-besh yil vaqt ketadi. Qarang, Oybek salkam to‘rt yillik urush davrida, nihoyatda og‘ir bir sharoitda «Navoiy» romanini bitirdi. «Mahmud Torobiy» dramatik dostonini yaratdi, «Kuyosh qoraymas» romanini yoza boshladi, o‘nlab jangovar lirik she’rlar, publitsistik maqolalar yozdi, Vatan urushi frontlarida, jangchilar orasida bo‘lib otashin so‘zlari bilan ularni jasoratga chorladi, front xotiralarini qog‘ozga tushirdi, Fanlar akademiyasining akademigi sifatida qizgin ilmiy ishlar olib bordi… Oybekning so‘nggi o‘n yildan ortiqroq hayoti, faoliyati ham mislsiz jasorat namunasi! Bu tabarruk zot shu yillar davomida og‘ir xasta qolida «Quyosh qoraymas» romanini yozib tugatdi, «Ulug‘ yo‘l», «Bolalik» asarlarini yaratdi, yana o‘nlab lirik she’rlar, poemalar, adabiy-tanqidiy maqolalar bitdi, so‘nggi nafasigacha yangi ijodiy rejalar bilan yashadi, ishladi…

TANQIDCHI. Oybekni yaqindan bilganlar uni odamlarga, hamkasb do‘stlariga niqoyatda mehribon, o‘ta ko‘ngilchan, saxiy qalb egasi sifatida ta’riflaydilar. Bu xislat uning ijodiy faoliyatida, asarlarida ham ko‘rinadi. Uning she’r, doston, roman va maqolalarida buyuk qalb saxovati shundoqqina sezilib turadi. Ayni paytda bu mehribon zotda sher hamlasi ham bor, unda qabohatlarga nafrat, qahr-g‘azab tuyg‘usi ham juda kuchli, u adolatsizliklarga qarshi mardona jangga kirgan olim. Bu jihatdan uning birgina «Tanqid sohasida ur-yiqitchilikka qarshi o‘t ochaylik» degan maqolasini eslash kifoya. Maqolada qalamkash do‘sti H.Olimjonni asossiz tanqidlardan qattiq turib himoya qiladi, vulgar sotsiologizm konsepsiyasiga qaqshatqich zarba beradi.

YOZUVCHI. Haqiqiy grajdan adib tevarak-atrofda, jumladan, o‘z sohasi — adabiyot olamida yuz bergan adolatsizlikni ko‘rganda jim turolmaydi, vijdoni bunga yo‘l qo‘ymaydi. Oybek uchun ham bu xislat begona emas.

TANQIDCHI. Oybek prozasining, barkamol shoh asarlari — «Qutlug‘ qon» bilan «Navoiy»ning adabiyotimizda tutgan o‘rni qanday! Bu asarlar o‘zbek adabiyotiga qanaqa yangiliklar olib kirdi!

YOZUVCHI. «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlarining adabiyotimizda tutgan o‘rnini belgilash borasida muayyan ishlar qilingan. Yaxshisi, men bu yerda har ikki asarning o‘zimga ko‘rsatgan ta’siri haqida gapira qolay. Men «Qutlug‘ qon»ni o‘n olti yoshimda, shu yoshdagi hozirgi o‘spirinlar mendan kulmasinlar, o‘zimni yo‘qotar holga tushib, goh quvonchdan tanamga sig‘may, goh alam-iztiroblar nchida o‘zimni qo‘yarga joy topolmay, goh yig‘idan o‘zimni tutolmay qattiq his-hayajon ichida o‘qib chiqqanman. Asar mening murg‘ak qalbimni shunchalar larzaga solganki, uning ta’sirini hanuz unutolmayman. Romandagi jamiki katta-kichik personajlar xuddi tirik odamlardek shundoqqina yonimda turardi, men ularning, aniqrog‘i, asardagi yaxshi odamlarning dardu tashvishlariii xuddi o‘zimga yaqin kishilarning tashvishlari kabi qabul qilgan edim. Asar bilan ilk tanishuvda xotirda qolgan chehralar hamon xayolimda, ko‘nglimda…

«Kutlug‘ qon» romani allaqachon darslik va xrestomatiyalardan joy olgan, bir necha o‘n yillar davomida xalqimizning bir necha avlodi shu romanni o‘qib tarbiya oldi. Eqtimol, ularning ko‘pi roman bilan tanishganda mening qolimga tushgandirlar… Demak, asar butun xalqning hayotiga, ongiga singib ketgan. Tabiiyki, bunday asar adabiyot rivojidagina emas, xalqning ma’naviy hayotida butun bir davrni tashkil etadi. «Navoiy» romani bilan tanishuvim boshqacharoq, bu haqda keyinroq gapirarman.

TANQIDCHI. Darhaqiqat, «Qutlug‘ qon», shuningdek, «Navoiy» romanlari «O‘tgan kunlar» va «Sarob»dan keyin o‘zbek prozasi rivojida yangi bosqichni tashkil etadi. Nazarimda, «O‘tgan kunlar», «Sarob», «Qutlug‘ qon», «Navoiy» yaxlit holda o‘zbek romanchiligiga zamin bo‘lgan, keyingi taraqqiyotini, yetakchi tendensiyalarini belgilab bergan asarlardir. So‘nggi qirq-ellik yil davomida o‘zbek romanchiligi asosan shu to‘rt asar g‘oyaviy-poetik arsenali doirasida rivojlanib keldi. Bu haqda ham keyinroq to‘xtalamiz. Bu yerda meni hammadan ko‘proq Oybekning shoh asarlari «Qutlug‘ qon» bilan «Navoiynning tug‘ilishidagi adib ko‘nglida kechgan ma’naviy-ruhiy, ijodiy, psixologik holat qiziqtiradi. Bu ikki asar ketma-ket va juda qisqa muddat ichida yozilgan bo‘lsa-da, adib har ikki romanga yondosh holda uzoq vaqt ma’naviy jiqatdan tayyorgarlik ko‘rgan. Chunonchi, Oktyabr inqilobi arafasidagi hayot, zulmga qarshi isyon, oddiy xalq ongidagi o‘zgarish, uyg‘onish, inqilobiy ruh haqida bitilgan talay she’rlar, dostonlar, 1928 yildan Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishga kirishish, 30-yillar o‘rtalarida yozila boshlagan ilmiy tadqiqotlar, Navoiy siymosini gavdalantiruvchi doston va she’rlar… Ulkan realistlar poetik tajribasini o‘rganish, «Yevgeniy Onegin» tarjimasi, Abdulla Qodiriy haqidagi tadqiqot, bularniig ustiga, siyosiy iqtisod fani bilan bevosita shug‘ullanish, markscha-leiincha adabiy tanqidiy tafakkur bilan qurollanish — barchasi bo‘lg‘uvsi ulkan adabiy kashfiyot uchun ma’naviy tayyorgarlik, muayyan repetitsiyadan dalolat beradi.

Ana shu tayyorgarlik jarayonidagi bir moment ayniqsa diqqatga sazovor. Shubha yo‘qki, «Qutlug‘ qon», «Navoiy» romanlari bo‘sh joyda emas, birinchi galda, milliy adabiy an’analarimiz, o‘zbek realistik nasrining ilk tajribalari, avvalo, Abdulla Qodiriy romanlari, ulkan adib realizmi saboqlari zaminida maydonga keldi. Adabiyotshunoslikda ko‘pincha adabiy vorislik, an’analar biryoqlama, silliq, oson ko‘chadigan hodisa tarzida talqin etiladi. Aslida ulkan san’atkorlarda ustozlardan ijodyy o‘rganish g‘oyat murakkab, ba’zan esa keskin bahs-munozara tarzida kechadi. Navoiyning buyuk salaflariga munosabatini eslang. U «Xamsa»ga qo‘l urar ekan, o‘zidan oldingi xamsanavis ustozlarga chuqur hurmat-ehtiromini saqlagani holda, ular bilan qizg‘in bahsga kirishadi. Bahs paytida o‘z «Xamsa»si, uniig yetakchi qahrmonlari haqidagi konsepsiyalarini bayon etadi… Shunday dialektik ijodiy-ruqiy jarayonni Oybekning Qodiriyga munosabatida ham ko‘rish mumkin. Oybekning «Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li» tadqiqoti 1936 yili — ayni «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» asariga hozirlik ko‘rish paytida maydonga kelgan. Tadqiqotda Abdulla Qodiriy ijodining, romanlarining bir talay fazilatlari, adib realizmining o‘ziga xos xususiyatlari katta bilimdonlik, nozik did bilan inkishof etilgan. Ayii paytda adib ko‘p o‘rinlarda Qodiriy bilan jiddiy bahs olib boradi. Tadqiqotchining tanqidiy mulohazalariga sinchiklab qarasangiz, ulardan kuzatilgan asosiy maqsad Qodiriy romanlarining kamchiliklarini «ochib tashlash» emas, ko‘proq adibning o‘z ijodiy prinsiplari, konsepsiyalarini belgilashga intilishdan iborat ekanligini sezib turasiz; go‘yo yozuvchi Qodiriy romanlariga, realizmiga xos bir qator xususiyatlarni tanqid qilish bilai o‘zining bo‘lg‘uvsi romanlariga xos ijodiy prinsiplarini bayon etadi; tadqiqotdagi tarixiy roman, romanda tarixiy shaxslar va tarixiy hodisalar munosabati, sotsial tiplar, sotsial tiplarning sharoit bilan aloqasi, ijtimoiy-sinfiy konfliktlar ifodasi, oddiy mehnatkash xalq vakillarining asardagi o‘rni, badiiy talqini bilan bog‘liq qator mulohazalar keyinchalik «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» romanlarida avtorning o‘zi amal qilgan prinsiplar bo‘lib qoldi.

YOZUVCHI. Kuzatish va mulohazalaringiz to‘g‘ri. Umuman, ulkan san’atkorlar o‘zlaridan oldin ijod etgan yoki o‘zlariga zamondosh adiblarning shakl, uslub, til bobidagi tajribalarini, izlanishlarini hech qachon to‘liq qabul qilgan emaslar. Adabiyotdan uzoqroq ba’zi kimsalar uchun Tolstoyning Shekspirga salbiy munosabati, Turgenev asarlarini yoqtirmagani yoxud. Dostoyevskiyni to‘liq qabul etmagani erish, g‘alati tuyulishi mumkin. Aslida bunda hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q. Ulkan adiblar orasidagi bahs-munozaralarga duch kelganda, buni qandaydir bir-birini ko‘rolmaslik yoxud hasadgo‘ylik deb bilmaslik lozim. Bu xildagi bahslar, ziddiyatli qarashlar ulkan san’atkorlardagi ijodiy prinsiplarning o‘ziga xosligi tufayli kelib chiqadigan holdir.

TANQIDCHI. Shunisi ham borki, Oybek amaliy faoliyatda, xususan, «Navoiy» asarida Qodiriy romanlari munosabati bilan aytgan ba’zi tanqidiy qarashlaridan xiyol chekinadi. Masalan, adib «O‘tgan kunlar»da Otabek, Yusufbek hoji singari savdogar tabaqa namoyandalari o‘zlarida sotsial kuchning xususiyatlarini atroflicha to‘la yoritib bermaganini aytadi, ular asarda savdogarlar tabaqasi mohiyatini tashuvchi shaxslar emas, balki o‘z davri uchun nisbatan progressiv qarashlarni aks ettiruvchi kishilar ekanligini yetarli hisobga olmaydi. Yozuvchi «Qutlug‘ qon» romanida ayni shu o‘zi ilgari surgan konsepsiyaga to‘la rioya qiladi, undagi har bir qahramon, personaj muayyan tabaqa, sotsial kuchning mohiyatini tashuvchi xususiyatlarga ega, ularning har biri bevosita sotsial tip, yo ezuvchi — ekspluatator yoki eziluvchi — meqnatkash ishchi-deqqon sinfi vakili… «Navoiy» romanida esa o‘zgacharoq manzaraga duch kelamiz. Hayotiy haqiqat, mavzu- material, asarning g‘oyaviy-badiiy problematikasi, badiiy niyat xarakteridan kelib chiqqan holda adib qahramonlar tanlash va ularning talqinnda endi muayyan darajada Qodiriy tajribasiga tayanadi, qahramonlarning ijtimoiy kelib chiqishi, mavqei bilan ularning iroda yo‘nalishi, asarda tutgan o‘rni, kurash-intilishlari ifodasida, V. Belinskiy aytgan anoxronizm, badiiy niyatga ko‘ra tarixiy hodisalarni «o‘zgartirib ko‘rsatish» prinsipidan ham foydalanadi. Chunonchi, Navoiy ijtimoiy mavqei jihatidan katta mulk egasi, saroyda ulkan mansablarni egallagan, bosh vazir, bek lavozimlariga ko‘tarilgan odam. Oybek Navoiy haqidagi tadqiqotlarida bu holatni alohida ta’kidlab o‘tadi, ammo yozuvchi romanda Navoiy hayoti bilan bog‘liq bu jihatlarni atayin chetlab o‘tadi. Navoiy obrazida katta mulkdorga, mansabdorga xos sotsial xususiyatlarni ochishga aslo urinmaydi, uni asosan xalqparvar, erkparvar, adolatparvar gumanist alloma sifatida talqin etadi; saroydagi yana ayrim ilg‘or tarixiy shaxslar ham shu tarzda berilgan. Shu jihatdan qaraganda shaxsan menga «O‘tgan kunlar»dagi Yusufbek hoji Navoiy obrazining poetik modeli bo‘lib tuyuladi. Yusufbek hojini qiynagan ko‘p hayotiy jumboqlar, o‘zaro urushlarga, behuda qon to‘kishlarga qarshi turish, mansabdorlarni adolatga, insofga undash, xalqning birligi, osoyishi, farovonligi uchun kurash, aql-idrok tantanasiga ishonch — bular keyinchalik Navoiy obrazida hayotiy faktlar asosida yangi kuch bilan keng masshtabda namoyon bo‘ldi.

Shu tariqa «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon»ning ta’siri, har ikki roman tajribalaridan ijodiy o‘rganish, ularni ijodiy rivojlantirish samarasi bo‘lgan o‘rinlar «Navoiy» asarida bir talay. Do‘stga sadoqatli, fidoyi Sultonmurod «Mehrobdan chayon»dagi Sultonalini eslatadi, Dildor bilan Arslonqulning sevgi sarguzashtlari, Dildorni haramdan qutqarish, saroydagi muhit, xilma-xil intrigalar ifodasida ham Qodiriyga borib tutashadigan o‘rinlar yo‘q emas.

YOZUVCHI. Adabiyot rivojida g‘alati qonuniyatlar bor. Garchi ulkan san’atkorlar orasida qizg‘in bahslar ketsa-da, har bir ijodkor o‘z prinsiplariga amal qilib o‘z yo‘lidan borishga harakat qilsa-da, u o‘zgalar tajribasini ba’zan ongli ravishda, ba’zan esa beixtiyor tarzda qandaydir darajada o‘zlashtiradi. Siz «Navoiy» bilan Qodiriy romanlari orasida parallellar mavjudligini aytyapsiz. Darqaqiqat, bu romanlar orasida mavzu, material, hayotiy problematika, qahramon va konflikt jihatidan mushtarakliklar ko‘p. Agar sinchiklab o‘rganilsa, Siz Qodiriy prinsiplaridan keskin farq qiladigan asar sanagan «Qutlug‘ qon»da ham, xususan, uning poetikasi, ayrim syujet liniyalarida «O‘tgan kunlar»ni eslatadigan o‘rinlarni topish mumkin. Masalan, Yo‘lchining o‘g‘irlangan Gulnorni qutqarish voqeasi «O‘tgan kunlar»dagi Otabekning Kumushbibi sha’nini himoya qilish uchun Homid bilan olib borgan jang-to‘qnashuvini esga solmaydimi!! Demak, Oybek ulkan san’atkor sifatida Qodiriy bilan tortishgan-bahslashgan, o‘z priitsiplarini tayin etib ijodda o‘z yo‘lidan borgan bo‘lsa-da, ustoz romanlaridan, shubhasiz, ta’sirlangan, njodiy o‘rgangan.

TANQIDCHI. Adabiyotdagi chinakam novatorona kashfiyotlar shu tariqa traditsiyalar bilan murakkab dialektik aloqada maydonga keladi. «Qutlug‘ qon» va «Navoiy» adabiyotimizda chinakam original badiiy kashfiyot, ulkan novatorona hodisa bo‘ldi. Oybekning eng buyuk adabiy xizmati, novatorligi shundan iboratki, u butun bir xalqning timsoli bo‘la oladigan, xalq tarixining eng muhim pallasi haqida tasavvur beradigan, xalqning taqdiri, saviya-darajasi, orzu intilishlarini o‘zida aks ettiradigan o‘lmas obrazlar yaratdi; adib dahosi mahsuli bo‘lgan Yo‘lchi va Navoiy obrazlari, Siz aytganday, allaqachon xalqning qalbi to‘ridan joy olgan, mangu o‘lmas siymolar sifatida uning ongiga, ma’naviy hayotiga singib ketgan.

Oybek san’atining sehri shundaki, u oddiy mehnatkash dehqon yigiti Yo‘lchini ham, tarixda o‘tgan buyuk zot Navoiyni ham birdek davr qahramoni, xalq ruhiyati ifodachilari, xalqning faxri darajasiga ko‘tara oldi.

Davomi bor

 

“Yoshlik” 1985/1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.