Orzuga to‘la qishloq

0
56
marta ko‘rilgan.

Kunsuluvning sirli xatlari

 

O‘sha voqeani Jamshid unutgani yo‘q…

Taniga yara toshgach, onasi kasalxonada olib yotgan. O‘shanda u chiroyli bir qiz bilan tanishgan, qizning ismi Gulchehra edi. Onasi, bu qiz otangning jiyani bo‘ladi degan. Qizning yuzlari oppoq, o‘ziyam oydekkina edi. Ovozi biram shirin, o‘zi biram mehribon ediki, Jamshid bilan tezda el bo‘lib ketishdi. Otamning jiyani bo‘lsa, amma deyishim kerak, deb o‘yladi bola va uni shunday deb chaqirdi. Shunda qiz: «Voy, Jamshidbek-yey, darrov bizni amma qilib oldingizmi?», deya opichlab oldi.

U ammasining bo‘yinidagi shoda-shoda munchoqlarni o‘ynashni yaxshi ko‘rar, hadeb shularni tortqilayverardi. Gulchehra xonish qilsa, Halima Nosirovanikiga ovozi juda o‘xshab ketardi. Shunda Jamshidning onasi: «Qurmag‘ur-yey», deya kulib qo‘yardi. O‘sha qiz bir kuni dabdurustdan Jamshidning onasiga: «Yanga, meni katta o‘g‘lingizga olib bermaysizmi?» dedi. So‘ng uning boshini silab: «Meni yanga qilasanmi, a?» deya erkaladi. Esida, u oq ko‘ylakli «opoqiplardan qo‘rqardi, shundanmi, onasidan ajralgisi kelmasdi. Keyin o‘sha qizga o‘rganib qoldi, nazarida, u ko‘tarib yursa o‘zini qushdek yengil sezardi. Bora-bora unga shu qadar bog‘lanib qoldiki, ko‘rmasa turolmasdi.

Sog‘ayib chiqishiga besh kun qolganida ammasini opqochib ketishdi; qandaydir beyarashiq, tovushlari ham yoqimsiz qizlar… «Oydan ham go‘zalsan, kundan ham… Guli» dedi ulardan biri. Gulchehra suzilib jilmaydi, keyin ikki o‘rim sochini orqasiga tashlab: «Iching kuyayaptimi?» dedi. Yonidagi qizlardan biri uni chimchiladi, bari birvarakayiga qiqirlab kulishdi va bir-birini turtkilashib kasalxona hovlisiga chiqishdi. Va… Gulchehrani dast ko‘tarib opqocha boshlashdi. Boyoqishning do‘ppisi uchib tushdi, u: «Qo‘yinglar», deya yolvordi. Shunda Jamshid yig‘lab yuboray dedi…

Bu voqeani u unutgani yo‘q. Bir kun kelib o‘sha qizni yana uchratganday bo‘ldi. Biroq buning nomi bo‘lakcha — Kunsuluv. Tag‘in uni «amma» deb emas, «yanga» deb chaqiradi. Eng chatog‘i — yangasi uning ismini aytib chaqirolmaydi. Nima emish — «Hushtakchi» emish. Yangasi shunday deb chaqirsa o‘zini u ulg‘ayib qolgandek his qiladi va qo‘llarini musht qilib ikki barmog‘ini og‘ziga tiqadi-da, bulbulcha bo‘lib bir sayraydiki, asti qo‘yavering! Yangasining qoyil qolgani ko‘zlaridan bilinib turadi. Keyin: «Yana bitta chalib bering», deb qistaydi.

Ular bu hovliga erta ko‘klamda ko‘chib kelishgan, yer oftobda toblanib, undan par ko‘tarilib turgan paytlar edi. Hovli xarobaga aylanib qolgan ekan. Uy katta amakisidan qolgan (ular ikki yil burun cho‘lga ko‘chib ketishgandi) va qishloq bolalari uchun ermak bo‘lgan, derazalar sindirilgan, hamma yoqqa qushlar uya qurib tashlagan edi.

Xolnazar amakisi molxonaga dovur tozalab, suvadi. Keyin…

Xolnazar amakisi — podachi. Qachon u mollarni oldiga solib qir oshib ketishini Jamshid bilmaydi, ko‘rmagan. Qachon u uyqusidan tursa yangasi non yopayotgan yoki kir yuvayotgan bo‘ladi. Shunda Jamshid paqirni oladiyu suv tashiy boshlaydi.

— Yaxshi bolasiz-da, Hushtakchi, — deydi yangasi.

— Yanga, meni Jamshid deyavering! — deydi u erkalanib.

— Uyat bo‘ladi-da, Hushtakchi.

— Men hech kimga aytmayman.

— Aytmasangiz ham uyat. O‘zi, jiyanimning ismiyam siznikiga o‘xshash-u…

— Jamshidmi?

— Ha, Jam…

— Va-a! Ana, otimni aytdingiz! Endi oyimga aytaman sizni…

Yangasi rostdan ham cho‘chiydi. Taomil shunaqa, qaynukaning ham nomini tutmaslik kerak. U bo‘lsa…

— Sizning emas, akamning o‘g‘lini aytdim-da, Hushtakchi.

U yangasi bilan hazillashishni yoqtiradi.

— Jamshid dedingiz-ku, axir. Oyimga shuni aytamanda.

Yangasi «sho‘rlik» toza tavbasiga tayangach, u: «Bo‘pti, aytmayman», deydi va o‘zi piq-piq kuladi. Baribir aytmaydiyu, yangasi buncha qo‘rqmasa?!

Goho u cho‘ntagini pistaga to‘ldirib, yangasining oldiga boradi va gerdaygancha «chirs-chirs» chaqadi. Bu — maqtangani. Yangasi ham yalinib o‘tiradiganlardan emas, payt poylab bir uzaladiyu bor pistasini tortib oladi. Keyin ikkalasi yayrashib kulishadi.

Amakisi hozir yam-yashil maysaga burkangan anavi qirlar ortida mol boqib yuribdi. Jamshid uning oldiga — yaylovga borganida rosa zerikkan. «Ketaman» deb qistalang qilgan, o‘shanda amakisidan dakki eshitib tinchigan. So‘ng bir ko‘za ayronni ko‘tarib Xolmurod jo‘rasi ikkovi yana borishgan. Shundagina amakisining yonida darrov zerikishini payqagan. Amakisi uncha- munchaga churq etmaydi, kamgap. Lekin yangasi… To‘g‘ri, goho u ham hech kim bilan gaplashmaydi, kun misday qizib ketganiga qaramay ro‘molini iyagidan o‘ragancha pichan o‘radi, g‘aramlaydi, poda qaytar mahali peshonasidagi reza-reza terlarni sidiradiyu shosha-pisha kelib qozon-tovoqqa unnaydi. Mehri iysa Jamshidga albomini berib qo‘yadi — tomosha qilish uchun yoki unga bitilgan she’rlarni ovoz chiqarib o‘qib beradi. Jamshid harflarni tanimaydi, unga rasm tomosha qilish bo‘lsa… Yangasining qizaloqlik chog‘idagi, so‘ng oktyabryatlik nishonini taqib tushgan suratlari qiziqda. U yangasining ham o‘ziga o‘xshagan bola bo‘lganligini sira aqliga sig‘dira olmaydi.

Yangasi goho bir nimalarni daftarga yozadi, Jamshid: «Bu — nima?» deb so‘rasa, «xat» deydi. Hech oxiri ko‘rinmaydigan bu «xat»ga Jamshid juda qiziqadi, g‘alati-da, u konvertga solib jo‘natilmaydi, bari daftarda qolib ketadi. Yangasi navbatdagi xatni bitib bo‘lgach:

— Hushtakchi bola, — deydi, — bitta qo‘shiq ayting!

Jamshid yo‘q degan ma’noda tanglayini takillatadi.

— Siz faqat hushtak chalishni bilasiz.

— Hm.

— Hech bo‘lmasa, bir hushtak chalib bering.

U ko‘ksini havoga to‘ldirib shunday bir kuyni chaldiki, hatto yangasi ham sel bo‘lib ketdi.

 

Quyosh charaqlab turgan bo‘lsa-da, tog‘larga tiralib turgan bulutlar chaqmoq chaqdi — momaqaldiroq gumbirladi. Bir yonda yomg‘ir, momaqaldiroq, bir yonda charog‘on quyosh va osmonning tiniq bir parchasi… Bu hol ko‘pga cho‘zilmadi. Qora bulut hammayoqni to‘sib qo‘ydi. Jala quydi, o‘ziyam biror soat rosa zabtiga oldi. Kunsuluv eridan xavotirlanib bir eshikka chiqdi, bir ichkariga kirdi, plashch ilib qo‘yilgan qoziqqa ming bora qaradi-yov. Agar podani tashlab kelsa mollar tarqab ketadi. Kelolmaydi. O‘zi olib borsamikan? Ayol boshi bilan-a. Harholda, eriga ham yoqmas. Kim bilsin — u yaylovning qayerida. Shu xayollar bilan u tumbochka ustidagi radiopriyomnikni oldi-da, murvatini buradi. Shovqindan bo‘lak sado eshitilmadi. G‘ash kelib, radioning unini o‘chirdi-da, yana eshikka chiqdi Osmon o‘yilib, bir daryo suv quyilayotganday edi Ziqlandi. O‘zi shunday: osmonda bulut kezinsa yurag» qisiladi. Xuddi bir kulfat yopirilib kelayotganday U yomg‘ir tinishini uzoq kutdi. Deraza oldida turganch momaqaldiroq sadolarini betoqat eshitdi. Nihoyat, yomg‘ir shovuri tindi va to‘da-to‘da bulutlar bir-birini itarib janub sari siljiy boshladi. Ular nimtalanganida ora-sira oq yog‘dular taralardi. Quyosh ko‘rinii berdi. Zaminning ikki qutbini tutashtirib kamala» yoyi namoyon bo‘ldi. Kunsuluv anchadan beri bunda (manzarani ko‘rmagan edi. Nazarida, kamalaknnng bir uchi eri mol boqib yurgan yaylovga tushgandek. Kamalakni u jonli narsa kabi tasavvur qilar, qizaloqlik kezlari uning bir uchiga tirmashib osmonga chiqish mumkinday tuyulardi. Ehtimol, hozir Hushtakchi ham shunday o‘ylar.

U og‘ilxonaga tutash bostirmaga bordi. Dag‘allashib qolgan qo‘lqopni kiydi-da, tappi qilishga unnadi. Keyin molxonani obdan tozaladi. Oldiga qo‘yilgan somonga ertalabdan buyon tumshug‘ini tekkizmagan buzoqning arqonini yechib, qo‘yib yubordi. Yayragisi kelib turgan shekilli, buzoq tuyoqlaridan loy sachratgancha shataloq otib ketdi. Kunsuluv unga picha mehr bilan qarab turdi-da, kelib o‘choqdagi qozonning qopqog‘ini oldi va unga ikki chelak suv quydi. O‘choqqa o‘tin qalab gugurt chaqdi. Nam tortib qolgan o‘tin tutab yona boshladi. U ichkaridan kirlarni olib chiqdi-da, ayvonning bir burchagiga qo‘ydi, o‘zi quduqdan yana ikki chelak suv tortdi. Hushtakchi boladan haliyam darak yo‘qligi ko‘nglini alag‘da qildi…

Jamshid maktabdan kelgach, yangasi uni erkaladi. Shunda bola o‘sha — sirli maktublar haqida so‘radi. Kunsuluv unga g‘alati qarab turdi-da, keyin daftarini uzatdi. U hijjalab o‘qigani uchun ham hech vaqoni tushunmadi. Axiyri, maktublarni yangasining o‘zi o‘qib berdi. Negadir…

Daftarning muqovasi qalin va qattiq, har bir sahifadagi yozuvdan so‘ng hashamdor harflar bitilgan. Bir xil joylariga hatto rasmlar ham qo‘yilgan edi.

«Qoshlari qop-qora ekan… Nahot, umr bo‘yi izlaganim shu bo‘lsa…»

Bola hayron bo‘ldi. Yangasi ilgari hech bunaqa qilmagan. Juda yorilgisi kelsa she’r o‘qigan yoki suratlarini ko‘rsatgan, dugonalari bilan sirtdan tanishtirgan. Bugun negadir…

«Ming qatla shukr, Xolnazarim, menikisan, men ham senikiman! O‘lsak o‘ligimiz ortiq ulardan…»

Bola piqillab kulib yubordi. Yangasi birdan jiddiy tortdi va unga chimirilib qaradi, bari bir, u kulgisini tiya olmadi.

— Nima, debman? Sizni aldadim, Hushtakchi bola. Yana aytib yurmang birovga.

Toshib kelayotgan kulgining zo‘rligidan u qizarib ketdi. G‘alati-ya, bu — yangasi, unaqa deyishi uyat-ku, axir!

— Amakimga, yangam sizni sevaymish, deyman, va-ha- ha!..

— Sizning oyingiz ham otangizni sevadi. Har narsani gapiravermang-da.

Bola nihoyat o‘zini qo‘lga oldi, bir oz jim o‘tirgach, yangasining xijolatli boqib turgan ko‘zlariga qarab:

— Amakim sizni qo‘ymoqchimi? — deb so‘radi.

— Voy, kim aytdi sizga bunday deb?

— Katta otam kelib shunday dedi. Otam ham, oyim ham eshitdi. Keyin u yaylovga — amakimning oldiga ketdi.

— Bekor gap — dedi yangasi. — Bekor!..

Bola uning holatidan o‘ng‘aysizlanib qoldi. Xafa qilib qo‘yganiga izza bo‘ldi.

— Yanga, siz bor-ku, siz… Hasan-Husanni quchoqlang.

— Qaysi Hasan-Husanni?

— Osmondagi-da.

— Kamalaknimi? Nega unday deysiz?

— Shunda egiz tug‘asiz. Sharofat xolayam bir marta uni quchoqlab egiz tuqqan. Siz ham bir ko‘ring-da.

Bir mahal bola o‘zini yangasining quchog‘ida ko‘rdi.

— Aylanib ketay sizdan. Shunga yetgan aqliigizdan o‘rgilay!

— Qo‘ying, nima, men chaqaloqmidim? — dedi bola o‘zini katta olib.

— Beo‘ysiz-da, Xushtakchi bola. Qaniydi hammayam sizday pokko‘ngil bo‘lsa…

U yangasining shirin gapidan iyib, o‘zicha g‘ururlandi. Go‘yo qimmatli narsasini sovg‘a qilganday avvalgidan ham yaxshi ko‘ra boshladi. Bu juda g‘alati tuyg‘u edi.

Yangasining o‘zigina emas, daftar va albomi, ulardagi yozuvlargacha sirli va aziz tuyular edi. Ularni jonidan ortiq ko‘rardi. Shodi qassobning to‘yida yangasini u bir barzangi yigitdan hatto himoya qildi. Notanish bu yigit mast edi, hadeb Kunsuluvga tegishaverdi. O‘yinga tortdi. Kunsuluv uni jerkib tashlab, o‘zini xotin-qizlarning orasiga urdi. Biroq yigit yana tirg‘aldi, go‘yo Kunsuluvning uyalayotganini sezmaganday.

— Checha, endi odamni uyaltirmang-da, — dedi u yalingannamo.

— O‘yinni bilmayman! — dedi Kunsuluv.

— Checha!

Shunda Jamshidning jahli chiqdi, yangasini qizg‘anib borib uning pinjiga suquldi-da, o‘ynamaysiz, dedi.

— Anavini qarang, Hushtakchi bola, — dedi yangasi. — o‘zingiz bir urishmasangiz!..

— Yangam o‘ynamaydi! — dedi Jamshid uning yonini olib, keyin yigitga mushtini do‘laytirdi.

— E-e, buning himoyachisi bor ekan-ku! — deya kuldi yigit. — Bilmapmiz. Qo‘rqdik, qo‘rqdik! Lekin yanga degan bizga o‘xshagan qaynilarini siylashi ham mumkin…

Jamshid nima deyarini bilmadi. Tushunmadi. Yigit bu gapni «Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit» qabilida aytgan edi. Yangasining achchig‘i chiqib: «Ha, tilingga kuydirgi chiqsin!» dedi. Yigit qarg‘ishni eshitmagan kabi burilib ketdi. Faqat to‘ydan qaytishayotganlarida o‘sha yigit yana ularning yo‘lini to‘sdi.

— Kunsuluv, meni yer bilan bitta qilmoqchi bo‘lding-a? — dedi u. — Biz ham qarab turadiganlardan emas. Ko‘rding: sendan suluvroqlar bilan o‘ynadim! Yangasi indamadi.

Gapir, hoy, — dedi yigit — nima, mum tishlaganmisan? Shunchasiga chidadim…

— Qoch yo‘limdan! — dedi yangasi.

— Haliyam bo‘lsa uylanaman! Boshimda ko‘tarib yuraman, Kunsuluv!

— Qoch!

— O‘sha podachi tillo qasr qurib berdimi senga?

— Yaxshilikcha ket.

— Tappi hidiga to‘yi-ib yuribsan…

— Ishing bo‘lmasin, yo‘lingdan qolma!

— Baxtiqaro! Qarg‘aganman, senga qarg‘ish tekkan!

— Yo‘qol deyapman!

— Haliyam ketaman, pishirib yeydigan odatim yo‘q.

Lekin seni o‘sha podachiga teng bo‘lganing alam qiladi menga.

— Sen uning tirnog‘iga ham arzimaysan!

— N-nima?!

— Daf bo‘l!

 

Yigit titrab ketdi. Yangasini urguday vajohatda. Jamshid uni chapanichasiga so‘ka boshladi, uray desa kuchi yetmaydi, alamidan yig‘ladi. Yigit bunga e’tibor ham bermadi.

— Xo‘p, xo‘p. Bir og‘iz so‘zing. Lekin shuni bilib qo‘y: hali bu podachi ham seni qon qaqshatadi. Tug‘masak deb itday haydaydi. Shunda… Shunda bosh urib o‘zing borasan, lekin…

Yangasi yig‘ladi, qon bo‘lib yig‘ladi, ancha yo‘l yurishgach:

— Yanga, kim o‘zi u? — deb so‘radi Jamshid.

— Temir chiltangning o‘g‘li.

— Sizni yomon ko‘radimi?

— Yo‘q. Yaxshi ko‘radi.

Bola tushunmadi.

— Siz-chi?

— Undan o‘ch olishim kerak, — dedi yangasi hiqillab.

— Kattarsam, o‘zim boplayman uni, yanga! — dedi Jamshid yuragi to‘lib.

Emishki, otasi borib Xolnazarga: «Baxting bog‘lanib yuraverasanmi, boshqa sochi uzun yo‘qmi?» deganmish. Xolnazar esa unsizgina yig‘lagan emish. yig‘layverib o‘zini, butun olamni unutib qo‘ygan emish.

O‘sha kuni yaylovdan ham kech qaytgan emish… Jamshid buni kechqurun oyisining og‘zidan eshitdi. «Umrlari xazon bo‘layotir, — deya qo‘shimcha qildi oyisi ham. — Akamning kuyib-pishganicha bor-da, axir. Bo‘lak turmush qurishsa o‘nglanib ketisharmidi. Kunsuluv ham cho‘p bo‘lib yurmasdi…»

«Tirnoqqa zor odam mehrga ham zor bo‘lishi kerak ekan-da, Xolnazar!..»

«Kimni ayblay, Kunsuluv?»

«Oqko‘ngilsiz. Yana ayriliq vaqti yetganida ko‘ngli bo‘shlik qilyapsiz. Otangiz ham ketdi. Urishib ajrashsak, bunday og‘ir bo‘lmasdi».

«Kunsuluv, men aybdorman-ku…»

«Unday demang! Doim shunday deysiz… Ishga kechikmang yana. Yomg‘ir yog‘armish, radiol aytdi… Men sizga ko‘rinmay ketaman».

«Ketar chog‘ingda buncha mehribon bo‘lma, Kunsuluv».

«…Siz ketavering, ana quyosh chiqyapti. Men akamning o‘g‘lini kutaman. Keyin… Ha, aytgancha, qalinroq kiyining. Yomg‘irda ivib, voy, buyragim, deb qolmang yana. Buyragim deb…»

«Xayr, mening borlig‘im, Xolnazarim! Xayr, Hushtakchi bola! Hali siz maktabdan qaytib kelasiz, mana shu xatni o‘qiysiz. Ha-ya, endi ismingizni aytsam ham bo‘laveradi. Xayr, Jamshidjon!.. Mening borim — Xolnazar edi, sevgan yorim Xolnazar edi. Usiz ko‘rgan kunim — kunmi?

Siz menga Hasan-Husanni quching degan edingiz. Hasan-Husanni qayerdan topay, Jamshidjon?!»

Kunsuluv yomg‘irni pisand qilmay qir oshib borar edi. Ro‘molining tagidan chiqib turgan sochlariga shabnam qo‘nganday. Yomg‘ir ho‘l yonoqlaridan sirg‘alib iyagiga tushadi. Oyoqlari loyda toyib-toyib ketadi. Bir payt bulutlar ortidan alangalanib quyosh chiqdi. Yemg‘ir yog‘yapti, ham quyosh! U tuyqusdan qarshisidagi kamalakni ko‘rib to‘xtab qoldi. Xuddi oldida to‘siq paydo bo‘lganday. Balandligi quyoshgacha cho‘zilib ketgan. Bir uchi yaylovga tushgan, ikkinchisi orqada qolgan, ehtimol, Jamshid o‘qiyotgan maktabning oppoq binosiga tutashgandir. Bepoyon dasht o‘z ko‘rkini namoyish etar, Kunsuluv bu o‘ngimi yo tushimi, bilmas edi. Biroq kamalakning narigi uchida Jamshidning borligiga ishonar, bu uchiga qarasa… go‘yo endi ko‘z ochgan chaqaloq ingalayotganday tuyulardi. Yo‘q, ular bitta emas, ikkita edi — Hasan-Husan edi…

— Plashchni opkeldingmi, Suluv? Qara, seni ko‘rib, havoyam ochilib ketdi — mening ko‘nglimday…

Kunsuluvning yosh to‘la ko‘zlari chaqnar, nazarida Xolnazar Xolnazar emas, go‘yo bir rangga aylanib kamalak bag‘riga singib borayotganday edi…

“Yoshlik”1986/8

Sobir O‘nar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.