Hovuch to‘la  duo va salom…

0
43
marta ko‘rilgan.

BOG‘

 

Qorong‘i bog‘ ichra oydin bir yo‘lak…

Xufton yulduziday titraydi yurak.

Sevgilar, sog‘inchlar, qayg‘ular bilan

Shu bog‘da shu kecha uchrashsam kerak…

 

Suvday totli sohir suxanlar bilan,

Gulga do‘ngan aziz xok-tanlar bilan,

Hazrati Xizr va chiltanlar bilan

Shu bog‘da shu kecha uchrashsam kerak.

 

Falakda bir gulzor, yerda bir gulzor,

Har tilda ming da’vo, har dilda ming zor,

Mening ham Xudoga aytar arzim bor,

Shu bog‘da shu kecha aytolsam kerak.

 

Boryapman o‘z izim, o‘z so‘zim bilan,

Ko‘ksimdagi otash yulduzim bilan,

O‘zini izlagan o‘z-o‘zim bilan

Shu bog‘da shu kecha uchrashsam kerak.

 

 

 

* * *

Aylanayin ovozingdan, Suv,

Iforingdan aylanay, Havo.

Ko‘nglim ichra aziz bir tuyg‘u,

To‘lqin-to‘lqin esadi navo.

 

Himmatingdan aylanayin, Yer,

Hayot, senga sharaf va sano!

To‘lib borar ko‘zlarimga nur,

Yuragimga to‘lmoqda Xudo.

 

Aylanayin ovozingdan, Suv,

Iforingdan aylanay, Havo.

 

 

 

 

VASF

 

Javzoning o‘n beshinchi kuni…

Oy to‘ldi.

Xushbo‘y shamol esdi tog‘lar tomondan.

Tun shunday go‘zal ediki,

U haqda she’r yozay desam

Yolg‘onchiga o‘xshab qolaman.

 

VOQIF SAMAD O‘G‘LI BILAN TANISHUV

 

Men Voqif Samad o‘g‘lining asarlarini

uning tirikligida ko‘p o‘qiganman, lekin shoir bilan haqiqiy ma’nodagi ruhiy tanishuvim uning

vafotidan so‘ng bo‘lgan. Shoirning o‘zi

aytganiday: “Bir go‘zal dunyoning ichidan ketardim, To‘xtamadim.”

 

Ellik besh yoshimda, elga yo‘limda,

Bir shoir Shamolning yonidan o‘tdim.

 

Dil berib hayotga, chap berib o‘limga,

Javobsiz Savolning yonidan o‘tdim.

 

Barq urib bahorlar kirdi dilimga,

Gullagan Iqbolning yonidan o‘tdim.

 

Shodlik o‘ngimda-yu, qayg‘u so‘limda,

Buyuk bir Zavolning yonidan o‘tdim.

 

Ko‘nglimda ne bor-u, ne bor qo‘limda,

Bir beva Xayolning yonidan o‘tdim.

 

Ko‘zyosh terib yurgan tunlar dilimda

Uvada Uvolning yonidan o‘tdim.

 

Qumrilar takallum qildi tilimda,

Boboyiy bir Holning yonidan o‘tdim.

 

Bordim, boraverdim, yetmish iqlimda

Havvoyiy Jamolning yonidan o‘tdim.

 

Hayot deb atalmish qaltis ilimda

Keksa bir Maqolning yonidan o‘tdim.

 

 

 

 

 

 

BUYUK CHILLA

 

Qirq kecha-kunduzda biyday sahroni

Yalangoyoq yurib o‘tdi bu darvesh.

 

Qirq ming tomiridan qirqta daryoni

Qumlar uzra bunyod etdi bu darvesh.

 

Qirq tomchi teridan qirqta shaharni

Xarobalar uzra qurdi bu darvesh.

 

Qirq kun sahro bo‘ylab qirqta bahorni

Shamolday yetaklab yurdi bu darvesh.

 

Tuproqday xokisor xoki tanidan

Bir tunda qirq buloq ochdi bu darvesh.

 

Hazrat Sulaymonning o‘tib yonidan

Bir kunda qirq yilni oshdi bu darvesh.

 

O‘tdan yalangoyoq, yalangbosh o‘tgan,

Qirq kunga qirq hikmat bitdi bu darvesh.

 

Qirq ming yildan beri uyquda yotgan

Sahroni uyg‘otib ketdi bu darvesh.

 

 

 

ELLIK YILLIK HIKOYa

 

Olti yoshda edim… go‘daklik qilib

Bobomni ranjitib qo‘ydim bir kuni.

Boladay arazladi keksaygan bobom.

Yonida miq etmay uzoq o‘tirdim…

Sezdim ko‘zlariga yosh kelganini.

 

Keksa do‘stim mendan uch kun ranjidi…

Janozadan qaytib to‘rtinchi kuni

Meni ko‘rib qattiq bag‘riga bosdi.

Yelkasi titrardi, joni titrardi,

Ko‘zida yosh edi.. qari oshnamning…

 

Shundan beri mana, ellik yil o‘tdi,

Kechirim so‘ragim kelar bobomdan,

Uni tushlarimda izlab yuraman.

Endi mening ko‘zim to‘la yosh…

 

 

 

 

UNUTILGAN TIL

 

Teraklar shiviri, suv shildirashi,

Shamolning shovuri, tog‘ guldurashi,

Ma’sum go‘daklarning sho‘x chuldirashi

Qayg‘uli ko‘zlardan tosh gildirashi…

 

Bu tilni bilaman

So‘zi yo‘q tilni…

 

Kapalak kulgusi, gullar yallasi,

Xazonli bog‘larning yig‘i pallasi,

Tobut qoshidagi armon nolasi

Beshik boshidagi osmon allasi.

 

Bu tilni o‘rgandim

Lug‘atsiz tilni.

 

Unsizlar, unlilar, ajab tovushlar,

Suvlarda yonishlar, o‘tda sovushlar,

Chaqmoqni yurakka sanchib sevishlar,

Tuproqqa do‘nishlar, gulga ovushlar…

 

Men uzoq o‘rgandim

Bu so‘zsiz tilni.

 

 

 

YIG‘I VA KULGU ORALIG‘IDA

 

Biz bilmagan qanday yig‘ilar qoldi,

Qanday kulgu qoldi bizlar ko‘rmagan.

Yillar qalbimizning qo‘rini oldi,

Oylar otash berdi sizlar bilmagan.

 

Hayot porlab o‘tdi tabassumlarda,

G‘amgin nigohlarda o‘lim jamoli.

Yurak yurtidagi xush nasimlarda

Yengil-yengil yelar Xudo xayoli.

 

Aziz xotirlarni tumorday saqlab,

Tovonlarni charxlab yo‘llar tig‘ida

Boryapmiz… umrimiz chaqmoqday chaqnab

Yig‘i va kulgular oralig‘ida.

 

 

 

OLAM VA ODAM

 

Yozning bir kechasi… Ovloq adirda

Do‘ngsada yotardim osmonga qarab.

Ko‘zimga sig‘ardi butun koinot,

O‘zimga sig‘ardi yetmish ming taraf.

 

Cho‘g‘larday miltillar milliard yulduzlar,

Oq ko‘rpa ustida suzib borar oy.

Olamlar kesishgan buyuk nuqtada

Ona falak menga solib qo‘ygan joy.

 

Uzatsam yulduzga yetadi qo‘lim,

Ko‘zimga sig‘adi borliq va hayot.

Menda tugasa-da agarchi o‘lim,

Mendan boshlanadi butun koinot.

 

 

 

* * *

Oy qiblaga botganda,

Ko‘nglimda tong otganda,

Sening ko‘changni bo‘ylab,

Bir hur shamol o‘tganda.

 

Shu shamol menmasmidim,

U xayol senmasmiding?

 

Bargda shudring labolab,

Ko‘z yoshlarga yetganda.

Va yalpizlar havolab

Xush atirlar tutganda

 

U xushbo‘y senmasmiding,

Ko‘cha-ko‘y menmasmidim?

 

Miltiragan yulduzlar,

Xayr-xo‘sh aytganida

Va ming yillik ildizlar

Hayotga qaytganida,

 

Chin iqbol senmasmiding

Cho‘ng zavol menmasmidim?

 

* * *

Adirlar kiftida, qirlardan nari

Jilg‘aday shoshilib borardi bir yo‘l.

Na G‘arbga, na Sharqqa uning safari

Mening yuragimga kelardi bu yo‘l.

 

Maysalar ergashar atak-chechaklab,

Jilg‘aday shoshilib borardi bu yo‘l.

Salkam oltmish yillik umrim yetaklab

Mening yuragimga kelardi bu yo‘l.

 

 

IT

 

Go‘yo ko‘cha tinchin saqlayapman deb,

Bu it xalal berar ko‘cha tinchiga.

Kecha-yu kunduz u o‘z jag‘ini yeb,

Tinimsiz huradi har o‘tkinchiga.

 

Undan xafa bo‘lmang, ne qilsin, sho‘rlik,

O‘zicha boshida katta bir yumush,

Martaba tuyular unga bu xo‘rlik:

Har kuni hammaga tinimsiz hurish.

 

 

 

* * *

Ezgu bir ish qilsang joningdan kechib,

Kunduz terlar to‘kib, tun yutib qonlar.

Qaysidir kovakda tishlari qichib,

G‘imirlab qolarkan qora ilonlar.

 

Cho‘lda buloqtopsang yillar axtarib,

Achchiq qum ustiga to‘kilsa jonlar,

Shunda bosh o‘rniga dumin ko‘tarib

G‘imirlab qolarkan mudhish chayonlar.

 

Asli o‘zi shunday bo‘lgan qadimdan,

To izg‘ib yurarkan iblis dumlari.

Tinmay choh qazirlar hammaga zimdan

Shudir kasbu kori, shu udumlari.

 

Qodiriyni qasddan otganlar shular,

Shular qatlgohga eltgan Cho‘lponni.

Shayton tupugidan tarqagan ular

Bulg‘ashga hozirlar butun jahonni.

 

Mayli, bu kimsalar g‘imirlayversin,

Tezak dumalatib yurgan nodonlar.

Tinmasdan har qancha irillayversin,

To‘xtamay o‘tajak bizning karvonlar.

 

Oqibat har kimning niyatiga mos,

Kimdir go‘ng titadi, kim gulga ravo.

Ular qilmishidan qolmasligi rost,

Men ham o‘z ishimdan qolmasman aslo!

 

Zangor vohalardan jilg‘aday o‘tib,

Yam-yashil bog‘larga aylanajakman.

Elga xayr tilab uyquga ketib,

“Salom, Ezgulik” deb uyg‘onajakman.

IDROK

 

Loydan bosh ko‘targan maysaga qarab,

Hayotning sharhini anglasa bo‘lar.

Bir kichik yulduzdan sarguzasht so‘rab

Osmon tarixini anglasa bo‘lar.

 

Tog‘ning boshidagi sovuq qoridan

Ichida vulqonni anglasa bo‘lar.

Bir ayol ohidan, bir er zoridan

Suyakda armonni anglasa bo‘lar.

 

Suvning kulgusidan, yomg‘ir yoshidan

Davron g‘animatin anglasa bo‘lar.

Lahza hayqirig‘i – yurak tovshidan

Qur’on alomatin anglasa bo‘lar.

 

O‘zingdan bir qadam nariga ketmay

Jamiyki odamni anglasa bo‘lar.

Ko‘ngil kulbasidan tashqari chiqmay,

Jimgina olamni anglasa bo‘lar.

 

 

 

AZOB TABASSUMI

 

Z…ga

 

Qarigan nigohlar ortida

Bor edi bir sevgi… buyuk bir sevgi.

Horigan dardlarning qatida

Bor edi bir mehr… suyuk bir sezgi.

 

Ko‘zyoshlarning unsiz faryodlarida

Bor edi bir vido… aziz bir kalom.

Qartaygan qo‘llarning hovuchida

To‘lib turar edi duo va salom.

 

So‘ng g‘amgin ko‘zlarda kular iztirob,

Bu chehra oy kabi boqadi masum.

Va so‘lg‘in lablarda g‘unchalar azob

Gulday ochiladi so‘nggi tabassum.

 

 

 

OLDINGA CHEKINISH

 

Ichkariga yo‘l bor. Ichkariga!

Ichkarida

Xudoning siri berkitilgan bir joy bor.

Bu dunyoda eng yaxshi boshpana ichkarida.

 

Eshqobil Shukur

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.