Iforlar ichindan yor hidi kelar…

0
70
marta ko‘rilgan.

Yorug‘ kunlar

 Osmon yog‘dularning ravshan ko‘yida

Chechaklar kiprigi sevinchga to‘lib,

Hakkalab chopadi ariq bo‘yida

Qo‘l cho‘zar zilol suv qiqirlab kulib.

 

Rangin ziyolarga to‘lmoqda olam,

Munavvar kunlarning boshi yorug‘dir.

Oltin qo‘shiqlarga to‘ldi dalalar,

Tomlarning boshida qizg‘aldoq – tug‘dir.

 

Chumoli karvoni o‘raydi tog‘ni,

Qamal qilmoqlari cho‘qqini hechmas.

Bulbullar ijara olurlar bog‘ni,

Ro‘molli uyatchan gullardan kechmas.

 

Kelar

 Bahor yomg‘iridan qor hidi kelar,

Iforlar ichindan yor hidi kelar.

Ko‘nglimga qarasam, jur’ati yo‘qdir,

Nogoh rostin desam, dor hidi kelar.

 

Dilimni yorurg‘a so‘zlarim qani,

Ko‘ngulning cho‘lponi – ko‘zlarim qani,

Men qayon borurman, bo‘zlarim qani,

Jomimga boqurman, zor hidi kelar.

 

Men surat chizurman, dilimga surat,

Siyratim suvrati topmadi sur’at,

Tilagim qiynaydi: qon bilan sur xat,

Yo‘qsa, a’molingdan xor hidi kelar.

 

Men tunlar titrabon unsiz kuylayman,

U bilan tuproqni tinsiz o‘ylayman.

Tasallo tinglayman, ko‘kka bo‘ylayman:

Oshiq bo‘ylaringdan nor hidi kelar!

 

Men esa yo‘qman

 Bir baxt yashar, ko‘zing qamashar,

Moviy o‘lka, bir nufuz ichra.

Bir taxt yashar, ko‘rmagan bashar,

Bir kuy ichra, bir shoh so‘z ichra

Men esa yo‘qman…

 

Bir ulkan qishloq bor, oqqushlar qo‘nar –

Ulkan ko‘llari tor, nilufar unar,

Sovuqlar gullaydi, issiqlar ko‘nar,

Men esa yo‘qman…

 

Bir jajji shahar bor – bu ulkan olam,

Alamdan qochganning bari shunda jam,

Bulbullar yelkangga qo‘nib olar dam,

Men esa yo‘qman…

 

Bir kuychi kuylaydi, yuragi billur,

Yurtdoshlari uni sulton deb bilur,

Sultonlari qulday qulog‘in ilur,

Men esa yo‘qman…

 

Sen bunday qarama, do‘sti vafodor,

Men senga hech qachon bermasman ozor,

Sen bo‘lmagan joylar menga xoru tor,

Men esa yo‘qman…

 

Kim kimning ko‘ksini nishon ataydi,

G‘iybat bozorida pichoq qadaydi,

Bir to‘p tovlamachi meni aldaydi,

Men esa yo‘qman…

 

Bir o‘choq boshida qaynaydi choydish,

Bir qo‘lni, bir dilni kuydirar emish,

Necha yil yo‘l qarar Mushtipar, Xomush,

Men esa yo‘qman…

 

Bir yo‘l bor – pokiza, ozoddan ozod,

Chorlagan hayot bor, hayotdan hayot,

O‘h, qachon ixtiyor qilurman, hayhot,

Men esa yo‘qman…

 

Qaydadir kuylaydi moviy bedazor,

Qushlar tovlanadi, shamollar zangor,

Bu buyuk tomosho, so‘lmas bemador,

Men esa yo‘qman…

 

Barchasi o‘tadi, foniydir bari,

Jamuljam bo‘larmiz, biz yoshu qari,

Demaylik, Shafoat Kuni do‘stlarim:

“Men esa yo‘qman!”

 

Bu tun

 Bu tun qaro kukundir,

Kunduzning parchalari.

Zarralari o‘tindir,

Qora gulxan – tun qa’ri.

 

E voh, butun sirga mo‘l,

Yondi yostiqday kitob.

Qop-qora bo‘lar ovul,

Kuydi nur, kuydi oftob.

 

Qora it qora hurar,

Oq it ham hurar qora.

Bilinmaydi, yugurar,

Buqalar tortar na’ra.

 

Butun bo‘larmi butun,

Zilzilaga o‘xshash hol.

It ko‘zi – qora uchqun,

Tun tusida zo‘r shamol.

 

Daraxtlar yugurganday,

Ko‘p oldinga engashib.

Yulduzlarni turtganday,

Oy bulutga ergashib.

 

Qora bulut, qora oy,

Ko‘rinmaydi hoynahoy.

Tilsimlangan tun bu tun,

Hayvon… nobodod… shovqin.

 

Bo‘rilar tinmay uvlar,

Itlar mushukni quvlar.

Tilsimni boshga tortib,

Odamzod uxlar qotib.

 

Har kun

qancha non ketar

qancha pul

shuncha odamga

shukr

ba’zan pul bo‘lmasa-da

non bor

pul bo‘lib non bo‘lmasa yomon

bir odam bor

puli ko‘p

puli ko‘p

non yemas

faqat asal yer

faqat asalni

kasal yer

balki yer ham nenidir yer

tejab yesa bo‘lardi faqat.

 

Ixtiro

 Qo‘zichoq boqib yurardim

buzoq boqib yurardim

uzoq boqib turardim

osmonga…

ba’zan ketib qolardim

tog‘lar tomonga

qo‘zilarni, buzoqlarni haydab

xavotir olardilar

bobom, katta otam, amakim,

sakkizdami to‘qqizda edim

qo‘l telefon bo‘lsa derdilar

orzulardilar

umid qilardilar balki mendan

kista telefon bo‘lsa

takrorlar edilar nuqul

balki ukamdan kutardilar

balki o‘lkamdan kutardilar

orzular ushaldi

umidlar bosh ko‘tardilar

xayol ketar

bosh qolar

bizlar faqat orzu qilamiz

ixtiro qiladi

boshqalar.

 

Aylanar

 Teran boq, tegrangda zamon aylanar,

Bu zamon bag‘rida imkon aylanar.

 

Aylanar shamollar, quyunlar ba’zan,

Goh vatan qo‘ynida vijdon aylanar.

 

Aylanib o‘rgilar millat deb do‘sting,

Ko‘zingni katta och, shamdon aylanar.

 

O‘zingdan gina qil, yorishmasa yo‘l,

Gar oyoq tortmasa, chandon aylanar.

 

Boshni tutaverma mudom zarbaga,

Bosqon tushaversa, sandon aylanar.

 

Yo‘ldosh, top, Haq izla, aylanmaydi Haq,

Uning amri bilan jahon aylanar.

 

Ozodlik

kimga nafassizlik

kimga nafasdir

birovga qafassizlik

birovga qafasdir.

 

Quyosh

naq shaharning ustida

charchar

shahardan qarasang.

 

Buloq

bilan bulbulning

qarindoshligi bor

ikkovi ham gul poyin

ho‘l qilar.

 

Yo‘ldosh Eshbek

1950 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. «Sog‘inib yashayman», «Yuksak daraxtlar», «Moviy turnalar», «Yaxshilikka qarayman», «Daraxtlar ertagi», «Hayot chechagi», «Mangu masofa», “Qizg‘aldoqlar oralab” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.