So‘z qudrati

0
105
marta ko‘rilgan.

Har qanday adabiyotning kamoli avvalo, u mansub bo‘lgan millatning madaniy, ma’naviy, ma’rifiy an’analariga tayanib rivoj topishi orqali namoyon bo‘ladi. Bizda madaniy merosning cheksiz va tuganmas xazinasi, o‘ziga xos an’analari mavjud. Bebaho xalq og‘zaki ijodi, boy yozma yodgorliklar, axloqiy qadriyatlar va urf-odatlar mustahkam ildiz, ishonchli poydevor hisoblanadi. Bugungi o‘zbek nasridagi izlanishlar, yangilanishlarni kuzatsak, ana shu asl qadriyatlar zamirida bo‘y ko‘rsatib, o‘z yo‘lini topayotgan ijodkorlar safi ko‘pligidan quvonamiz.

Yaqinda “O‘zbekiston” nashriyoti Bahodir Qobulning “Enashamol” nomli to‘plamini chop etdi. Kitobda yozuvchining keyingi davrda yozgan qissalari va asosan respublika matbuotida e’lon qilingan hikoyalari jamlangan. Bahodir Qobul asarlarini o‘qir ekanmiz, milliy qadriyatlar, or-nomus, faxru g‘urur, Vatanga sadoqat, yurt va onaga muhabbat singari oliyjanob tuyg‘u-kechinmalarni adib o‘zigagina xos uslubda badiiy ifoda etganligining guvohi bo‘lamiz. Yozuvchining “Oq kamar” hikoyasi shamolning rubobiy tasviri bilan boshlanadi. Xuddi shamol moddiylashib, shabada ko‘z oldingizda jonlanganday taassurot uyg‘otadi. “Shamol ketganlarning ohi, kelarlarning nafasi emish. Enam shunday degan”.

Yozuvchi qo‘llagan uslub hosilasida shamolning yo‘nalishiga mos ohang kitobxonning estetik didi va dunyoqarashini kengashtirishga xizmat qiladi. To‘plamdagi “Oqdala”, “O‘spirinlik” qissalari ham xalqona ohangi bilan o‘quvchini ohanrabodek o‘ziga tortadi. Birinchi qissada bola so‘zlovchi, keyingi qissada esa u tinglovchi. Farqli jihati, keyingi asarlarda asosiy sahnaga Mergan va Ovchi obrazlari ko‘tariladi. Bu qissalar mazmunan bir-birini to‘ldirib, tadrijan bolaning yoshiga moslab tuzilgan. Qissalar go‘yo romanning sochmalari yo‘sinida tartiblangan. Umuman to‘plamdagi har bir asarni o‘qishingiz bilan qadrdon tuyg‘ularingiz uyg‘onadi, bolaligingiz bilan qayta uchrashganday, yo‘qotganingizni topganday bo‘lasiz. Ayniqsa, uning “Enashamol” qissasi o‘zining betakror tili, uslubi bilan ajralib turadi. Asar boshidanoq muallif iqrori – ahd bo‘lib jaranglaydi. “Yolg‘on gapirgandan yolg‘on yozmoq yomon. Gapirganni-ku to‘g‘irlasa bo‘lar-u, yozig‘ bilan kuygan terini tekislab bo‘lmasmish. Joni bor elning jonli tilida yozaman”. Bu oddiygina iqror emas, balki bu ahd orqali yozuvchi adabiyotga, millatga, qolaversa, o‘z-o‘ziga so‘z beradi. “U yolg‘on yoza olmaydi. Bu uning ko‘kayida yo‘q”. Yozuvchi tanlovining o‘zidayoq uning yo‘li va maqsadini aniq belgilab beradi. Asar boshida jaranglagan ahdning naqd yoki nasiyaligi yozuvchi yaratgan qissa, hikoyalar tahlili davomida ochilib boradi.

“Enashamol” qissasi an’anaviy syujet asosiga qurilgan. Tasvirlanayotgan voqelik sizni yozuvchining bolaligi o‘tgan tog‘li qishloqqa yetaklaydi. Voqealar bosh qahramoni – bola tilidan hikoya qilinadi. Bahodir Qobul insonni borliqning bo‘lagi sifatida ko‘radi. Yagona universum – odam va olam yaxlitligini ko‘rsatishga intilish, alal-oqibat insonda tabiat bilan hamdardlik, hamnafaslik hissini yuksaltirish umidi yozuvchining bosh maqsadi bo‘lganligi oydinlashadi. Yozuvchi qahramonlar xarakterini yoritar ekan, tog‘liklarga xos yuksaklik, ulug‘vorlik, bag‘rikenglik, tantilik, samimiylik singari fazilatlarga alohida urg‘u beradi.

Asr so‘ngidagi iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklar, o‘zgarishlar, millat ruhiyatidagi qarama-qarshiliklar, hayotiy ziddiyatlar oldida ikkilanishlar insoniy munosabatlarning darz ketishiga, mehr-oqibatning unutilishiga olib keldi. Ammo millat fitratidagi pok asliyatni, insoniy mehr-muhabbatni mag‘lub qilish oson ish emas. Muallif mazkur jarayonlarda ham insof, vijdon, imon mezonlaridan kelib chiqib fikrni badiiy obrazlar vositasida ifodalab berishning uddasidan chiqqan.

Adabiyot olamida ko‘plab ijodkorlar bola obrazidan samarali foydalanganlar. Ch.Aytmatovning “Jamila”, “Oq kema”, Oybekning “Bolalik” asarlari buning yorqin namunasidir. Keyingi davrda yaratilayotgan ba’zi bir asarlarda mana shu usul o‘ziga xos ravishda takrorlanmoqda. 2010 yilda “Sharq yulduzi” jurnalining 2-sonida e’lon qilingan Sobir O‘narning “Bibisora” qissasida ham xuddi shu yo‘sindagi voqelik tanlangan. Bu qissada ham bola hikoyachi-roviy sifatida ko‘rsatilgan. “Bibisora”da tanlangan bola “Enashamol”dagi boladan o‘zining mustaqilligi, erkin fikrlashi, ba’zi epizodlarda o‘zicha hukm chiqara olishi, xalqparvarligi bilan farqlanadi. Bahodir Qobul asarida esa bolaga asosan Katta enaning ta’siri kuchliroq. Zero, har ikki mualliflarning qahramonlarga so‘z tanlashdagi mahorati maqtovga sazovor. Adiblarning xalq udumlarini a’lo darajada bilishi va anglangan voqelikni anglatishda xalqona ifoda usulini o‘rinli qo‘llay olganliklarini ta’kidlab o‘tish lozim. So‘z balog‘atini his qilish uchun ijodkor so‘zga evrilishi shart. So‘zning tubiga, ma’nisiga yetish uchun xalq aqlining ko‘zi, ya’nikim, elning bolasi bo‘lish talab etiladi. Ruhan, qalban el bilan birlashishga erishish kerak. Yozuvchilarning mahalliy kaloritni ko‘rsatishda bir-biriga yaqin usullaridan unumli foydalana olganligi har ikki qissalarning muvaffaqiyatini ta’minlagan.

“Enashamol”dagi bola obrazi soflik, poklik, halollik, haqiqatning ramzi. Adabiyot olamida Bola – poklikning umrboqiy timsolidir. Qissada bola – muallif. Muallif voqealarni bola tilidan hikoya qiladi. Nima uchun aynan roviy – bola obrazining tanlab olinishi ham qiziq topilma. Bizning nazarimizda, yozuvchi o‘zi sog‘ingan bolalikni so‘zga solgan. Yozuvchi ong oqimidagi voqelikni bola nigohi orqali, uning qalb prizmasidan “tahlil” qiladi. Bola yozuvchining hayot falsafasidan, xalqdan yiqqanlarining umumlashma birligidir. Qissadagi har bir personaj o‘zida yozuvchining estetik idealini u yoki bu darajada tajassum etadi. Diqqat qilinsa, asarda bir qancha yordamchi obrazlar tizimi shakllantirilgan. Ularning barchasi yozuvchining adabiy niyatida o‘zaro uyushib, qissaning badiiy yaxlitligini ta’minlashga xizmat qilgan. Qissada bosh qahramon o‘zi yashayotgan muhitning ichiga singib, asar badiiy maydonida yuz berayotgan ijtimoiy ziddiyatlarda voqelikning ichidan sizib chiqadi, sirtdan kiritilmaydi.

Asarda tasvirlangan voqelikka sizu biz hayotda har kuni to‘qnash kelamiz, ammo e’tibor bermaymiz. Qissada sizu bizda fikr uyg‘otadigan, hayot mazmuni haqida o‘ylashga, inson qalbini, qadrini tushunishga, mushohada etishga undaydigan o‘rinlar ko‘p. Bunday teran mushohadaga chorlovchi kuzatishlar asarning qadrini, ahamiyatini oshiradi. Chunki san’at asarlarining qimmati, avvalo, o‘quvchida fikr uyg‘otishi, muhokamaga chorlashi, o‘zini o‘zi taftish etishga undashi bilan ham belgilanadi. Muallif bola vositasida Enaning so‘zlarini qahramon xotirasida qayta tiklab, uning ong osti anglamalari orqali bola-roviy tilida bayon qiladi, shu yo‘sinda adabiy niyatini bizga yetkaza oladi. Niyatning anglatilishida sun’iylik sezilmaydi. Shuning uchun hech qanday shubhalarsiz voqelikni qabul qilasiz. Bir o‘rinda “Hammayam, hammayam emas… faqat sog‘inch va rahmda ta’ma bo‘lmas ekan”. Yoki “Non uchun chizilgan rasmda istara, yozilgan yozig‘da nafas bo‘lmasmish. Yozig‘-chizig‘ni ichida ichi borga chiqargan”, “tig‘ bilan o‘ynashsang-da, til bilan o‘ynashma” singari hikmatli so‘zlar hayot haqiqatlarining bola timsolidagi ovozidir.

Asarda yerdan ko‘tarilgan, koinotga bo‘ysira odamlar obrazlari ham bor. Ular boshqalardan farqli o‘laroq g‘ayb ilmidan, ertangi kun voqealaridan xabardor bo‘lishadi.

Katta ena – Samarqandning, Vatanning, Imonning timsoli. U mushuklar, kaptarlar va musichalar bilan dugona. Qissani o‘qigan kitobxonda bunga hech bir shubha uyg‘onmaydi. Katta enaning har bir gapi cheksiz armonlarning, umidsiz orzularning, ulkan hayot saboqlarining – Buyuk haqiqatidir. Sharqning xalqona falsafasi, donishmandligi, Katta ena obrazida umumlashtirilgan. Katta enaning har bir so‘zlari hayot hikmatlariga to‘yingan. Bola tilidan ENA so‘zlarni o‘qigan kitobxon endi gumonga bora boshlaganda, bolakay bu “mening emas, katta enamning gaplari” deb vaziyatni o‘zgartiradi.

Qissadagi o‘ziga xos obrazlardan yana biri Mardon. Mardon – halol, haqparvar, Egasining aytganini, “buyurilganini” qiladigan odam”. Yaxshi til tishning qamog‘ida bo‘ladi. Qamoqdagi til – yaxshi til. Shuning uchun o‘ttiz ikki olmos qilich bilan o‘rab qo‘yilgan emish. Qilichni tig‘i bor, tilniki qirq bo‘larmish. So‘zlagan tilning siri qochar emish”, bu Mardon tentakning gaplari. Mardon haqparvarligi uchun xalqdan Tentak laqabini olgan. “Tentak”lik laqab ham emas, balki unvon. Sababi, shu unvon bois Mardon hech kim ayta olmaydigan gaplarni ayta oladi. Bola xayolan suv betiga, qorga, osmonning qoq o‘rtasiga rasm chiza oladi. Uning xayolan chizgan rasmlarini (hech kimga aytmasa-da) ko‘rilmaganni Mardon tentak ko‘ra oladi, ranglarigacha ajrata biladi. Bu ham unga “egasidan berilgan” xislat. Bu obraz zamirida katta hayot maktabi o‘gitlari jamlangan. Mardon tentak boshqalar kabi tirikchilik ko‘yida turfa sharoitlarga moslashmaydi va bunga intilmaydi. Qissada tirikchilik ba’zi o‘rinlarda uning uchun moslashganday tuyuladi.

“Enashamol”dagi Ovchi esa dunyo amaliga tirikligidayoq hisob berayotgan, qilmishlariga to‘lov to‘layotgan obraz. Fojia shundaki, uning umri xiyonatga badal hisobida kechadi. Bu qismatdan solingan soliq nechog‘li qimmatga tushayotganiga uning armonlari dalil. “Seryamoq hayot quroqlariga xarj bo‘lgan tiriklikning aslida har kuni bir umrdir. Dunyoga nimaga kelganingni jon chiqarda anglashning hojati yo‘q. Avomga ermak, xosga ibrat, tentakka hikmat bo‘lgan dunyoni tiriklik deydilar. Kun egasiniki. Odam bolasi qo‘lidan bir cho‘pni tikka qilish kelmaydi. Kun chiqishdan va botishni fahmlashdan ortiqcha aql odam bolasiga ortiqligi, ziyodligini anglash ko‘ngilga bunchalik halovat berishini bilmagandim”. Hayotning sinovlari tufayli donishmandga aylangan Ovchi kech bo‘lsa-da, xatosini anglab yetadi. Berilgan qisqa umrda kishining o‘z-o‘zini anglab yetishi holatini ko‘rsatish yozuvchining obraz yaratishdagi muvaffaqiyatlaridan biridir. Ovchi obrazi orqali Yaratganning omonatiga xiyonatdan ogohlik, tiriklikning qadri, yashashning maqsadini yana bir bora o‘quvchiga anglatib qo‘yish yozuvchi maqsadlaridan biri, desak, yanglishmaymiz. Sanalgan barcha obrazlarning syujet liniyasi bola obrazi orqali kesishadi. Bu obrazlar hayot elagida elanib, orqaga qarab oldini ko‘ra bilganlarning nafasidir. Muallif Katta enaning, Mardonning, Merganning umr daftarlaridan parchalar berayotganda bola tilidan “bu gaplarniyam yozib qo‘yishim kerak, hozir tushunmasam, keyin anglab yetarman” deb qistirib o‘tadi. Bu kabi qistirmalar, qo‘shimchalar yozuvchi maslagi yo‘lida uyushib badiiy niyatning yuzaga chiqishida muhim o‘rin tutgan. Bola har bir obraz zamiridagi mohiyatga kalit vazifasini bajaradi. Bola xayolot olamida o‘zini erkin, ozod sezadi. U qissa badiiy maydonida muallifning ichki meni – estetik ideali sifatida harakatlanadi. Katta ena millatning kechasi bo‘lsa, bolakay buguni, ertasi, umidi. Hech kimni do‘st bilmagan Mardon tentak, ovchi u bilan sirdosh, dildosh. Ularning ko‘rgan, kechirgan hayot yo‘llari, taqdirning ayovsiz so‘qmoqlari bolaning umr sinovlaridan omon o‘tishiga eslatma, qo‘llanma, bir oyna. Bola yolg‘iz emas, uning jo‘rasi bor, u “ichidagi odam”. U jo‘rasining ovozini eshitadi, u bilan dardlashadi, maslahatlashadi. Ichkaridagi odamning imoni baquvvat, ruhiyati pok, niyati ulug‘. U imonning buyurganlarini bolaga yetkazishda vosita. Shunday epizodlar ham borki, bola katta enasining “ovozi tikib bergan choponchalarining o‘ngiriga osilib” qolganini biladi, o‘ngirda osilgan momosining ovozini xayolan eshitish xislatiga ega. U shamolning qo‘shig‘ini tinglab, birga kuylay oladi. Asar qahramoni hatto sukunat bilan tillasha oladi. “Sukunatni jonsiz demaydi. Sukunatni jonsiz deganni o‘zi jonsizdir”. Sokinlik uning uchun go‘yo meditatsiya bo‘lib, ichidagi jo‘rasi bilan sirli muloqot qilayotganiga guvoh. Yozuvchi ba’zi o‘rinlarda voqelikni jumboq tarzida tasvirlab, bilsa bilar deb, keyingi voqeaga o‘tib ketaveradi. Vaziyatdan xulosa chiqarish kitobxonning fahmiga, tafakkuriga qoldiriladi. Bu ham usulning bir ko‘rinishi-da…

Bola Katta enaning – elning bolasi. Uning asli toza. Ertasi ulug‘. Ichidagi odam unga faqat yaxshi niyatlarni amalga oshuviga yo‘llovchi do‘st. Voqelikni so‘zga aylantirishda yozuvchi “sopini o‘zidan chiqargan”, ya’ni xalqning tilidan soz usulda foydalangan. Bola tasavvurida Samarqanddagi xaroba minoralar “osmonga qo‘llarini cho‘zib qolgan”ga o‘xshatiladi. Chol shamolning o‘ng kelishiga oz qolganligini, bu ishlarni “egasi buyurgan odam” qilishini bashorat qiladi. Minoralar eskirishi mumkin, lekin hech qachon yiqilmasligini ishonch bilan ta’kidlaydiki, bu bejiz emas. Ishonchning zamiri millat ildizlarining poydevori mustahkamligidadir.

Hozirgi kunda yaratilayotgan nasriy asarlarimizdagi “tilsizlik” juda achinarli hol. Bir qancha romanlar, qissalar mualliflari bo‘lgan ba’zi bir yozuvchilarimizning o‘z uslubiga ega emasligi, asarlari tilining sun’iyligi o‘quvchini o‘zidan bezdiradi. Xalqning urf-odatlarini, millatning sheva-lahjalarini yaxshi bilmaslik, zo‘rma-zo‘raki o‘zi ishonmagan narsalarga boshqalarni ishontirishga urinishlar o‘zbek nasrining o‘sishiga to‘siq, uning bir joyda depsinib qolishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbek adabiyotida betakror xarakterlar va ovozlar yarata olgan yozuvchilarimiz Sh.Xolmirzayev, M.M.Do‘st, T.Murod, E.A’zam, N.Eshonqul asarlari tilining o‘ziga xosligini e’tirof etish joiz. Bahodir Qobulning asarlaridagi eng quvonarli hol tilining xalqchilligida, shiraliligida. Muallif so‘zning mag‘zini, yukini yaxshi his qiladi. U qahramonlar tilidan bejizga “tog‘ ko‘targandan so‘z ko‘targan og‘ir emish. Dunyoning avvaliyam So‘z, oxiriyam So‘z emish”, deya ta’kidlamaydi. So‘zning zalvori ulkan tog‘dan ham og‘irligini o‘quvchiga anglatish barobarida, so‘zga nisbatan ehtiyotkorlikka, zukkolikka undaydi. Bu qissalarni o‘qish jarayonida asar boshida jaranglagan yozuvchi ahdining o‘z isbotini topganligiga amin bo‘lamiz.

“Enashamol” qissasidagi personajlar ansambli, har bir obrazning o‘ziga xos betakror tilga ega ekanligini kuzatamiz. Qahramonlar so‘zlagan nasriy uslub bevosita nazmga aylanadi. Asardagi qizlar kiyimi tasvirida “Ko‘ylakning kuyi lak-lak bo‘ladi. Birovga aytguli yo‘q. Bilmaganlar “uh”, bilmaganlar “Hu” deydi”. Ammo shuni ham aytib o‘tish o‘rinliki, Bahodir Qobulning keyingi qissalarida “Enashamol”dagi epizodlar takror kelgan o‘rinlar ham yo‘q emas. Ba’zi obrazlar yozuvchining xohishiga bo‘ysunib harakat qilayotganday tuyuladi. Qissadagi ayrim epizodlar mustaqil tarzda hikoya deb alohida e’lon qilingan. Masalan, “O‘spirinlik” qissasidagi “Kunga mahtal kampirlar” parchasi yana shu kitob so‘ngida shu nom ostida alohida hikoya deb berilgan. Bu xil holatlar yozuvchining asar kompozitsiyasini hali to‘liq pishitib olmaganligidan dalolat. Ammo umidli yozuvchilarimizdan Bahodir Qobulning “Ena shamol” kitobi uning o‘ziga xos uslubi shakllanayotgan va betakror tilga ega adib sifatida ertangi kun o‘zbek nasriga umid bilan qarashimizga asos bo‘ladi. Izlangan topadi, yutuqlar kamchiliklarsiz kelmaydi. Shunday ekan, yozuvchimizga izlaning, tolmang deymiz.

Sanobar TO‘LAGANOVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

 

“Yoshlik” jurnali, 11/12-son, 2011 (252)

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.