Ko‘nglim bilan o‘ynaysan xo‘p…

0
101
marta ko‘rilgan.

O‘rtamizda tog‘lar bordir…

 Ko‘chamdan bir o‘tsang ekan, tutib olsam, yor bo‘l, desam,

Yo sandiqda oqsang ekan – tutib qolsam, yor bo‘l, desam,

Baxtni topmoq qiyin bo‘lsa,

Taqdir shunday o‘yin bo‘lsa –

“Gartkam” deya oshiq otsam, yutib olsam, yor bo‘l, desam…

 

Majnuntolning novdasidan suvga boqib, o‘tar umrim,

Tepabog‘ning olmasiday suvda oqib o‘tar umrim.

Majnuntolday, ko‘zyoshlarim daryolarga sim-sim to‘ldi,

Tushlarimga kirgin, debon, sog‘inch-la tun ko‘zni yumdim…

 

Yuragimda yaram bordir – qo‘llaringda tuzlar bordir,

Umrimning fasli bahordir, ko‘zlaringda kuzlar bordir.

O‘rtamizda biron nima yo‘q, deysan-u, ko‘raman men –

O‘rtamizda tog‘lar bordir…

yo‘llar bordir…

qizlar bordir…

 

Qirqin qizga labin burgan osmonbegi shahzodasan,

Goh hurga so‘z otasan, goh osmonga yulduz otasan.

Ko‘nglim bilan o‘ynaysan xo‘p, rashking bilan qiynaysan ko‘p,

Uvolimga qopketmasang… hech yo‘q gunohga botasan…

 

Makr-hiyla ko‘chasini bir kunda ming bor kezaman,

Senga qo‘l cho‘zgan umidlardan ko‘kka yulduz chizaman.

Yana bir oz olov bo‘lsa, hislarimga qalov bo‘lsa,

Seni tutmoq uchun bir kun ko‘chamdan bir o‘tkizaman!..

 

* * *

Maylimi?..

 

Maylimi

Yashasam uzo-oqda,

Qadaming yetmasa men tomon?

Va sira qilmasang bezovta,

Qaytmasang hech, toki bor jahon…

 

Maylimi,

O‘chirsam xotirni,

Boqmasam sen ketgan makonga?

Baxt tilab yog‘ilgan yomg‘irni

Qaytarib yuborsam osmonga?

Maylimi,

Ko‘nglimga yutkazgan

 

Kunlarim umrimga joylansa?

Sen bilan baxtiyor o‘tkazgan

Soatlar ortiga aylansa?

 

Maylimi,

Hech kimsa tushunmas

Orzuim armonga qistasam?

Yo‘q, seni…

Unutish uchunmas,

Tanimay o‘tmoqni istasam?..

Maylimi?..

 

Uzoqda yashasam…

 

Shahnoza

Eshmirzayeva

1990-yili tug‘ilgan.

“Oq qushlar qo‘shig‘i” , “Osmon bir dunyo”, “Qalbimdagi samo” va

“Maktub” nomli kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.