O‘chmagan ovoz, so‘nmagan qon

0
26
marta ko‘rilgan.

Asl shoir, Belinskiy ta’biri bilan aytganda, “mangu yashovchi va harakat qiluvchi hodisalar turkumiga mansubdir. Bunday hodisalar hatto o‘limga duch kelgan nuqtada ham sira to‘xtamaydilar, balki jamiyat oldida rivojlanaveradilar”. Oybek shaxsiyati va faoliyati xuddi mana shu hodisalar turkumidandir. Oybek vafotidan keyin necha yillar o‘tmasin, uning ijodi, uning o‘lmas satrlari xalqimiz yuragida qon kabi gupillab yashab turibdi.

Oybekka munosabatimizga, Oybek dunyosini anglashimizga, unga bo‘lgan so‘nmas muhabbatimizga faqat bir fazilat sabab: “Oybekning bizga ta’sirida hamisha ijodiy — ruhimizni ozod va pok qiluvchi, ma’naviyatimizni tartibga soluvchi zo‘r qudrat bor. Oybek she’riyatida, Oybek shaxsiyatida, Oybek dahosining tabiatida hamisha haqiqiy san’atga xizmat qiluvchi mana shu buyuk ma’naviy qudratni ko‘ramiz.

Oybek she’riyati sirli, mo‘jizalarga boy, tasviri g‘oyat zalvor tug‘yonlar jo g‘alayondir, oy shu’lasiday yorug‘ hislar bekingan qo‘shiqdir. Shu bilan birga, otashin yurak kechinmalarining yodnomasidir. Men bu she’rlarni o‘qigan paytimda vujudimda shunday bir tasviri noayon hayrat va dard sezamankim, bu bunyoda yashashdan maqsadim — olayotgan huzurlarimning eng go‘zali va yoqimlisi bo‘lib tuyuladi. Tasavvurimda keyingi yillar she’riyatida Oybekday shoir yo‘qdirkim, bir-ikki satrini (uqtiraman: satrini) soatlab o‘qib maroqlanish mumkin bo‘lsa: “Qani, she’r, so‘yla abadiyatdan”; “O‘tdi vahshiy go‘zal kunlar”; “Shu kecham umrimda o‘lmasin”; “Yulduz kabi jimirlaydi jon”; “Ariqda oqar notinch, qora sas”; “Cho‘pon uyqusiga tomchilar tomdi”; “Bulutlarning alvoni — bo‘ronlarga bayroqdir!” Yana qanchadan qancha go‘zal, buyuk satrlar…

She’riyat — yurakning poklanish vositasi. U insonni idrok etish va his etishga undaydi, o‘rgatadi, inson ma’naviy dunyosi chegaralarini tobora kengaytiradi, insondagi estetik qarashlarni tarbiyalaydi. Oybek she’riyati xuddi shunday asl she’riyatdir.

Haqiqiy shoirning istagi va talablari hamisha xalqning istak va talablari bilan hamnafas. Shoir o‘z asarlarida bu istak va talablarni o‘zining yurak tuyg‘ulariga emakdosh qilib singdirmog‘i lozim. Haqiqiy shoir dunyoni o‘zgartirish jarayonining faol ishtirokchisidir. U butun umri davomida nohaqlikka, jaholatga, tengsizlikka qarshi kurashdi. “Asl shoir yolg‘iz kurashchi bo‘lib tuyulsa-da, aslida u ommaviy kurash ishtirokchisidir” (Yanis Ritsos). Agar shoir faoliyatining qadr-qiymati bo‘lsa, u shoirning inson qayg‘u-iztiroblarini to‘la anglashi, insoniyatni og‘riqlar changalidan olib chiqa olishi va zulmat qo‘ynida yonib turgan, tafakkur va muhabbat chirog‘ini shamolu bo‘ronlar hamlasidan asrab, uning zuhurli yog‘dusini odamlarga yetkaza bilishi bilan o‘lchanadi. Oybek xuddi ana shunday asl shoir edi.

She’riyatning ijtimoiy tomoni, albatta, uning bosh xususiyati emas. Lekin, u eng so‘nggi va belgilovchi kuchga ega. She’r shoirning shaxsiy kechinmalarini buzib chiqaolgandagina, ozodlik, haqiqat, baxt, o‘lim haqidagi umumbashariy o‘ylar darajasiga ko‘tariladi. Faqat shundagina ijtimoiylik estetik qarashlar bilan kesishadi. Haqiqiy san’atning, haqiqiy she’riyatning oxir-avvali ham shundadir. Buni Oybek o‘z ijodi bilan isbot etdi.

Oybekning hayoti she’rlarida mujassam: “Yotma, o‘g‘lon, uyg‘on, ko‘z och, uxlama”; “Abadiy yashamoq, kulmoq istayman”; “Kurashadi ikki to‘lqin, qarab turaymi?”; “Assalom, Navoiy!”; “Gulxanga otdilar do‘stlar kitobim”; “To‘yib yozajakman bir kun sog‘aysam”; “Ko‘nglimda haqiqat bir oz so‘nmadi…”; “Koinot ertaga bitmaydi…” Ushbu satrlarida uning tarjimai holi singib ketgan.

Oybek tunni sevadi. Ismi butun ijodiga yarashig‘lig‘ shoir xuddi oyday to‘lib, tun ustida turib uni sergak kuzatadi. Tun haqidagi she’rlarining ajib fazilati: shoir tunni sukut va uyqu bilan emas, bedorlik va harakat bilan bog‘laydi. Shoir bedor va harakatli tunda quyosh yuzini ko‘radi. Shoir bizga tirik tabiat bilan suhbat qurishga, uni sevishga, uni anglashga o‘rgatadi. Yuksak chinorlar uchi quyosh sochlari bilan sekin o‘ynash ham, yaproqlar betida mudragan oy nurlari ham, uchgan yaproq sasidagi bahorning yodi ham yuragimizdan o‘tarkan, beiz ketmaydi. Oybek she’rlaridagi tabiat, kecha, kunduz, maysa xuddi inson yanglig‘ nafas oladi, nafasimizga nafas qo‘shadi, dilimizga yulduz bo‘lib kiradi.

 

Jukovskiy she’riyatni bekorga tasviriy san’at bilan muqoyasa qilmagan edi. Oybek she’rlari tasviriy san’atning tengsiz namunalariga yaqin, ulardagi rangin tashbehlar go‘zal suratlar chizadi:

 

Tog‘larda ilindi quyosh etagi,

Og‘ochlar uzoqda bir to‘plam ko‘lka.

Dengizda porlagan g‘urub chechagi —

Suvlarning qo‘ynida qizil mash’ala.

 

   Men Oybek she’rlarini o‘qir ekanman, uning satrlarida jahonning zabardast shoirlari she’rlari bilan uyg‘unlik, ohangdoshlikni ko‘rib hayratga tushaman.

 

Oltin quyosh nuridan,

Yaproqlar sururidan

To‘qilgan xotiralar

Ketmas mangu men bilan…

 

  Bu satrlar mening yodimga buyuk ispan shoiri Federiko Garsia Lorkaning ushbu satrlarini tushiradi:

 

Teraklar ham o‘tar ketar,

Ammo izi ko‘ldek zilol.

Teraklar ham o‘tar ketar,

Bizga esa qolar shamol…

 

   Men bu yerda tuyg‘uning yaqinligini nazarda tutyapman. Garchi fikrlar go‘yo bir-biridan juda uzoqda bo‘lib ko‘rinsada, ularda yashiringan og‘riq-tuyg‘u hamohang.

 

Yoki “Kech kuzda” she’ri:

 

Havo bulut… shamollar yana yig‘laydi sekin,

Bo‘sh dalalar ko‘ksida alam mudrab yotadi.

Eshagiga yuk ortib, bir bola oldin-ketin

Ufqlar-da o‘pishgan yo‘lda ketib boradi.

Bu she’r asrimiz boshida fransuz she’riyatining yangi oqimiga asos solgan ulug‘ shoir Giyom Apollinerning “Kuz” she’ri bilan ohangdosh:

Tuman oralab borar, balchiqqa botib borar

Oyog‘i qiyshiq dehqon ho‘kizini yetaklab.

Qishloqlar xarobasi tumanlarga ko‘milgan.

Dehqon g‘amgin qo‘shiqni sekingina ming‘irlar—

Sodiq sevgi haqida g‘amgin qo‘shiqni kuylar,

Kuylar hijron, ma’yus qalb va xiyonat haqida…

Oybek she’riyatidagi ulug‘ fazilat: soddalik, dunyo-dunyo his, hayajon, fikr oddiy so‘zlarga singdirilganki, o‘qib yoqa ushlaysan. “Qoraxat” she’ridan:

 

Bexosdan uzilgan shoda dur kabi

To‘kildi umidning rangli barglari.

Osildi bir onda qo‘llar madorsiz,

Yer qochdi, qoraydi quyosh zarlari.

 

   Adib bir suhbatida aytgan edi: “Muhim va murakkab masalalar haqida soddagina qilib so‘z aytish mumkin ekan. Qalbni zabt etgan his-tuyg‘ularni,chuqur lirizmni ifoda etmoq uchun dabdabali shakl shart emas ekan… Kundalik hayot predmetlari, odatiy nutq poetik olamning butun dabdabasini va jozibasini yo‘qqa chiqarib qo‘yadiganday ko‘rinardi… amalda esa chinakam jozibadorlik ana shu soddalikda”. Oybek yuragining, she’riyatining qudrati xususan quyidagi eng sodda satrlarda (ularning ortida nimalar borligini o‘ylasang, qo‘rqib ketasan) namoyon bo‘ladi:

 

Kechasi osmonga sekin boqaman,

Kiprigim ustida cheksizlik o‘ynar.

 

  Oybekning ijodiy sabog‘i xususan yosh avlod asarlarida mukammal ko‘rinishlar berayotganiniaytib o‘tish burchim.

 

Oybek saboqlari har kun, har lahzada davom etmoqda. U bizni bedorlikka, harakatga, izlanishlarga chaqirib shunday yozadi: “Ilk kitob har kim uchun ham quvonarli hodisadir. Shunday bo‘lsayam men endi butunlay boshqacha yozish kerakligini tushunardim…”

 

Oybekning yuragi giyohday sodda, tog‘day zalvorli his-tuyg‘ularga — she’rga to‘la edi. Ammo uning jismoniy qudrati ko‘proq qora kuchlar, xastalik bilan olishdi. Oybekning ushbu satrlarida farzandi o‘lib, ko‘kragi sutga to‘lgan, og‘riqdan-hasratdan yuragi zardobga chulg‘angan yosh onaning iztirobiga uyqash dardni tuyaman, ko‘zimga yosh keladi:

 

Xastaman… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib—

Oy menga hamqadam — sokin yuraman.

Sog‘aysam bir kuni yozaman to‘yib,

Hislarga qalbimni qo‘shib yozaman.

 

Kechalar yurarman telbaday horib,

Boshimda oy borur, menga hamqadam.

Xayollar uchadi mash’alday yonib,

To‘yib yozajakman bir kun sog‘aysam.

 

023   “Ijod dardini tug‘ruq dardi bilan qiyos etadilar, ijod dardi — qalbning qa’rida uyg‘onib, butun vujudni larzaga solgan og‘riq…” Bu og‘riq “eng shirin lazzat, ona allasi kabi yupantiruvchi, quyosh kabi hayot va quvonch bag‘ishlovchi bir kuch”. Mana shu kuch, mana shu og‘riq xasta Oybekda to‘lg‘in edi. Bu kuchni, bu og‘riqni idora qilish uchun katta ma’naviy qudrat zarur edi. Tildan qolgan, qo‘llaridan kuch ketgan shoir bu qudratni xalqidan, muhabbatdan oldi. Muhabbatdan yaralgan bu qudratli ilhom har qanday o‘jar fikrni, ruhning eng ingichka, eng tutqich bermas — “oltin quyosh nuridan, yaproqlar sururidan” tug‘ilgan jilvalarini, “ariq yoqalarida yashil ko‘zli boychechakday mo‘ralagan”, “uyqusi yo‘q barglarning chuchuk lapari yoqqan” hislarni so‘z orqali yolqinlantirar, qatrada daryolarni mavjlantirar, uchqunda quyoshlarni aylantirar, ishqdan hayot yasar, oddiy hayotdan esa ulug‘, tiyran afsonalar to‘qir edi.

 

21 yoshida ilk she’riy to‘plami nashr etilga, 32 yoshida “Qutlug‘ qon”ni, 37 yoshida “Alisher Navoiy”ni yozgan o‘zbek prozasining ilk yo‘lchilaridan bo‘lgan Oybek yo‘li tekis kechmadi. Uning umr yo‘li shon-shuhrat gullari oralab emas, toshlar ustidan, jarlar yoqasidan o‘tdi. Uning yo‘li (garchi yuqorida aytgan edik) she’rida qoldi! Mana she’rning ulug‘ligi, mana she’rning jasorati! She’r — yurak hayotining larzalari ekanligiga bundan keyin ishonmasdan bo‘ladimi. Oybekning ushbu dahshatli satrlari shu og‘ir yo‘lni o‘tishda namoyon bo‘lgan buyuk jasorat so‘zlari emasmi:

 

Gulxanga otdilar do‘stlar kitobim,

Yig‘lab qalblaridan to‘kdilar ko‘z yosh.

Qog‘ozlar-ku yondi — yonmadi she’rim,

Qalb so‘zi — oltin so‘z, unda zo‘r bardosh.

 

Gulxanga otdilar dasta kitobim,

Qalbim poralari kuydi naq kabob.

Kuydi, kul bo‘lmadi, chiqmadi jonim,

O‘chmadi ovozim, so‘nmadi qonim.

 

   Bu so‘zlar insoning jaholat ustidan qozongan g‘alabasining, o‘ziga bo‘lgan ishonchning, ko‘ngil haqiqatining daragi emasmi:

 

Tosh ekan boshim,

Hech yorilmadi —

Yog‘ildi ming tosh,

 

Qalam hamdardim,

Bir sirqimadi

Ko‘zdan qatra yosh.

 

Gar qoldim nonsiz

Va bosh panohsix —

Darz ketmadi qalb:

 

Ko‘nglimda haqiqat

Bir on so‘nmadi,

Go‘yo zo‘r quyosh.

 

   Oybek haqida so‘z yuritganda uni romanist sifatida ko‘rsatishni ko‘proq sevamiz. Lekin, Oybek, birinchi navbatda, buyuk shoir edi. Oybek she’riyatini yuzaki talqin qiluvchilar ham uchraydi. Ko‘pchilik Oybekning bo‘sh she’rlari juda ko‘p-ku deydi. Ha, ko‘p. Lekin, buning juda jiddiy sabablari bor. Aslida uning o‘zbek she’riyati daftariga har birini oltin harflar bilan yozib qoldirsa bo‘ladigan she’rlari sanoqli bo‘lgandayam, bu uning buyukligidan dalolat berib turadi. Adabiyot tarixida shunday ijodkorlar borki, ular yolg‘iz bir she’ri bilan, yolg‘iz uch-to‘rt satri bilan abadiy barhayotlar safiga qo‘shilganlar. Yuqorida ta’kidlangan noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishda Oybekdan ko‘ra boshqalar aybdor: biz aybdor! Biz Oybekni yaxshi bilmaymiz. Lekin, shu narsa aniqki, G‘arbdan o‘rganyapti deb nomi ta’naga uchragan yoshlar Oybekdan o‘rganyaptilar.

 

U bizga bu hayotni, bu dunyoni sevishni, uning pokligi, tinchligi uchun kurashish zarurligini anglatdi. Biz undan tarixga, ona xalqimizga bo‘lgan muhabbatni o‘rgandik. Vatanni sevishni o‘rgandik:

 

Vatanni sev, tuprog‘ini o‘p,

Har qarichi muqaddas bizga.

Cho‘lidagi hatto quruq cho‘p

Jondan yaqin yuragimizga.

 

   Biz undan qo‘limizni, dilimizni pok tutishni o‘rgandik va o‘rganamiz…

 

“Yozuvchi umri yil bilan o‘lchanmaydi — ijodiy faoliyatning samarasi bilan o‘lchanadi. Oybek 400 yilga teng keladigan 40 yillik faoliyatining bir lahzasini ham samarasiz o‘tkazgani yo‘q. Oybek bu jihatdan ham hozirgi va kelajak adabiy avlod qarshisida ustod bo‘lib gavdalanadi”. Abdulla Qahhorning haqqoniyat to‘la bu so‘zlarida Oybek hayoti va ijodining samarasi to‘la namoyondir. Oybek hamisha biz va kelgusi avlod uchun ustod bo‘lib qolaveradi, bugungi va kelgusi avlodlar uni qayta-qayta, hatto biz borib yetmagan qirralarini kashf etaveradilar. Ushbu o‘ylar so‘nggida Oybek haqida yozgan she’rimni keltirishga ehtiyoj sezdim:

 

Oybekning she’rini dalaga chiqib

Maysaga yonboshlab o‘qimoq kerak

Va sokin shivirni — ohangni o‘qib,

Oybekmi? Maysami? — deb tolsin yurak.

 

Oybekning she’rini tun quchgan daryo—

Shovqini aralash tinglamoq zarur.

Bilmay qolsin yurak: suv uzrami, yo

Oybekning she’rida o‘ynaydi bu nur!

 

Oybekning she’rlari bamisli nigoh,

Bu nigoh asrorin yo‘qdir poyoni.

Xuddi bo‘lmagandek maysaga izoh,

Yo‘q Oybek she’rining to‘la bayoni.

 

Oybek — bu maysaga cho‘kkan tosh,

Hayratdan yorilib-yoirilib ketgan.

Oybek — bu daraxtlar ustida quyosh,

Nuri to chumoli ko‘ziga yetgan.

 

Oybek — bu ulkan bir chorbog‘ ortida

Yovvoyi uzumzor oralab, titroq —

Quyosh tangalari o‘ynab sirtida

Birdan yorug‘likka chiqqan sho‘x irmoq.

 

Oybek — bu og‘riqni qari tol kabi

Yurakning tubida asragan so‘zlar,

Barcha hasratini jim turib labi

Eng yaqin do‘stiga so‘zlagan ko‘zlar.

 

Oybek tirik hamon, u ko‘kda hilol,

U — shamol, bog‘larda hamon yeladir.

U meni chorlagan oydin bir xayol,

Ko‘kdagi Qahkashon uning yo‘lidir.

 

Xurshid Davron
O‘zbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik” 1/1985

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.