Daraxtlar ko‘ksida hayot yorlig‘i

0
46
marta ko‘rilgan.

YOG‘MUR CHECHAKLARI

Uvvos solsa abrlarda

Samoning hur buvaklari,

Ochiladi halqoblarda

Qo‘ng‘ir yog‘mur chechaklari.

Ochiladi qo‘sha-qo‘sha,

Taram-taram ochiladi.

Yaproq-yaproq, parcha-parcha

To‘rt tomonga sochiladi.

Bul chechaklar umri qisqa

Kapalakning umri misol.

Kezmay turib yog‘murlarda,

Alarni ham ko‘rmoq mahol.

Qo‘ng‘ir yog‘mur chechaklari

Boqmayin nur tolalarga,

Kular halqob uzra sakrab

O‘ynoqlagan bolalarga.

Kunning kulrang qabog‘iga

Ol surmoqqa uringan shom,

Ko‘rishmoq-chun chechaklar-la

Yetti rangdan yo‘llar salom.

Qo‘ng‘ir yog‘mur chechaklarin

Ko‘rmoq uchun kerak toqat.

Inja yog‘mur chechaklarin

Hur lahzalar terar faqat.

 

SIR IMLOSI

Majnunning javharli xokidan

Sir imlosin ajratib oldim,

Qalbim oynasiga “kuh-kuh”lab

Yozib qo‘ydim uni.

(Shaffof oynalarni xushlamaydi sir)

Keyin qo‘llarimni silkidim,

Shamoldan samo‘ darsin olgan

Muqim darvishlar –

Og‘ochlar misoli.

Nogoh so‘z palaxmonidan

Otilgan bir tosh

Qalbim oynasiga urilib,

Duv to‘kildi imlo.

(Uzoq asrolmasdim uni baribir)

Keyin palaxmon egasi

Yeru Osmon aro

Yarqirab turgan harflarni

O‘kinch ila qildi talaffuz:

“Ayn, shin, qof…”

 

 

XIRGOYI

Yozug‘in ta’biri Ko‘kning yuzunda,

Ikki “sha’mnoma” bor ikki go‘zunda,

Darveshlar sujudi pinhon tizinda,

Yor odini eslab qolmasam bo‘lmas.

Tarbiyat etganmish Qaysni jununi,

Kitobsiz o‘qilmish ishqni fununi,

Odin so‘rsam, aytar: “Zamon Majnuni”,

Manam bir Layloya do‘nmasam bo‘lmas.

Subh domanidan tutmish chechaklar,

Ochilmak faslina yetmish chechaklar,

Dilga muhrin bosib ketmish chechaklar,

Alar talabiga ko‘nmasam bo‘lmas.

Netay, ko‘ngul otlig‘ beqaror manda,

Ketsam ham, qolsam ham – ixtiyor manda,

Kim bilar, gohi muz, goh sharor manda –

Otashdan, gulzordan kechmasam bo‘lmas.

Mayga to‘lmish bu kun qismat kosasi,

Falak imo qilar: “Ichgin, tozasi!”

Gulman, diydamga jo hasrat g‘ozasi –

Ko‘klam gulobidan ichmasam bo‘lmas.

 

 

SALOMNOMA

Shafaqdan rang simirgan

Gullara salom o‘lsun.

Baxt qadami qirqilgan

Yo‘llara salom o‘lsun.

Ruhi osmonni kiygan

Gillara salom o‘lsun.

O‘nglar, ham og‘dirmagan

So‘llara salom o‘lsun.

U na go‘zal iftixor –

Hurlara salom o‘lsun.

(Qulligidan baxtiyor

Qullara salom o‘lsun.)

Qaltiramay rost yozgan

Qo‘llara salom o‘lsun,

Qayg‘usi quvonchidan

Mo‘llara salom o‘lsun.

Salom o‘lsun otashdan

Ulush olgan dillara,

Erk so‘zida qayralgan

Tillara salom o‘lsun.

 

 

QISHLOQ TONGI

Soyalar o‘zini soylarga tashlar,

Daraxtlar ko‘ksida hayot yorlig‘i.

Ro‘yo pardasini tortqilay boshlar

Qushlarning sabuhiy baxtiyorligi.

Tunkezar ruhlarni elitar uyqu,

Barglarga munchoqday yog‘ar farog‘at.

Oftoba tubida qolib ketgan suv

Bomdod namozidan ichar halovat.

Uylar surur ila Quyoshga tutar

Qarlug‘och uy solgan peshayvonini.

Onam loysupada xushhol silkitar

Chumoli rizqi bor dasturxonini.

 

 

 

SO‘ZLAR SOG‘INCHI

Gunash, gunash!

Kuydir ko‘zimni!

O‘t ichinda ko‘ray o‘zimni.

Ko‘k, umrimga tarat moviylik,

Yor, dunyodan bir zum soviylik.

Ayo yog‘mur, shaffof zo‘ldirsan,

Biz kutgandan toza, mo‘ldirsan.

Ayo og‘och, ko‘karchin baytsan,

Tong, Buyuk Yor jilmaygan paytsan.

 

 

Gulnoz MO‘MINOVA

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.