O‘ZIMNING ChOYCHAQAM

0
36
marta ko‘rilgan.

(Hajviya)

 

Avtobus bekatida xayol surib turgan edim, ro‘paramga «g‘iyq» etib yap-yangi «Moskvich» kelib to‘xtadi. U yoq-bu yoqqa qarasam, mendan boshqa hech kim yo‘q. Ruldagi iljayib turgan kishi ko‘zimga issiq ko‘rinsa ham, qayerda uchratganimni eslay olmadim. «Moskvich»ning orqa eshigini ohista ochib, assalomu-alaykum, dedim-da, o‘zimni ichkariga oldim. Eshikni yopmoqchi bo‘lgan edim, u kishi cho‘zilib qo‘limni ushladi.

— Ovora bo‘lmang, men o‘zim…

U «shilq» etkizib eshikni yopdi. Qalbimda hzmrohimga nisbatan cheksiz samimiyat paydo bo‘ldi: «Xayriyat, shunday sermulozimat, odamoxun kishilar bor dunyoda, bo‘lmasa yashashning qizig‘i qolmasdi…»

Uning norozi ohangda g‘o‘ldiragani xayolimni bo‘lib yubordi.

— Endi, ukam, hammani ham o‘zingizday bilib bo‘lmaydi. Tunov kuni bir tanishimning yuzidan o‘ta olmay to‘xtatgan edim, eshikni chunonam qarsillatib yopdiki,

«nervim qo‘zib, boshimdan tutun chiqib ketdi. Puli kuymaganda bachchag‘arni! Bir xayolim, mashinani shart to‘xtatib, «Ho‘, og‘ayni, bu senga katta xolangni temir darvozasi emas», deb tushirib yubormoqchi bo‘ldimu, shaytonga hay berdim. Bir tomondan yuz-xotir, ikkinchi tomondvn choychaqa deganday…

O‘zimni noqulay sezib, eshik tomonga g‘ujanak bo‘lib oldim. Uning hamon jag‘i tinmasdi.

— Moshin degani o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, ukam! Shu qarsillatib yopganida eshikning tutqichi «qirs» etib sindi deylik. Kimga jabr — menga jabr. U hafta «Servispga qirq so‘lkavoy tashlab chiqdim, bugun-erta balonlarini almashtiraman, bunga bir hovuch pul kerak. Axir, bu pullar qayerdan keladi-a, ukam, qayerdan keladi?! Ma, ol, deb osmondan birov tashlamasa…

Nafasim siqilib, ko‘nglim behuzur bo‘ldi. Tishni tishga qo‘yib zo‘rg‘a gaplarini eshityapmanu, qani endi uning diydiyosi tugeyqolsa.

— Benzinni aytmaysizmi, benzinni! Tilu zaboni bo‘lsa ekan bu jonivorni, ho‘, akasi, ko‘zingga qara, desa. Qizil chirog‘i likillaganda xabar topasan kishi. Yuz marotaba bunga sha’ma qilsam ham, ba’zi qurumsoqlar «rahmat»dan nariga o‘tishmaydi. Rahmatingni pishirib ye, deb qolaman ortidan. Shunaqa «rahmatichilarni ikkinchi marotaba uchratsam bormi, basharasiga qaramay o‘zimni ko‘rmaganga solib g‘izillatib o‘tib ketaman. Axir, o‘n marotaba, «rahmat, rahmat», degani bilan kissa qabarmaydi-da, jon ukam…

Uning chakagi qimirlaganini ko‘rib tursam ham, oxirgi gaplari qulog‘imga kirmadi. Mashinaga o‘tirganimda ko‘zimga farishtaday ko‘ringan bu kimsa, nazarimda ayanchli qiyofaga kirgan edi. Badanimni sovuq ter bosib, ko‘zim tindi. Bor kuchimni yig‘ib, «to‘xtating!» deya oldim xolos. U menga qarab, vajohatimdan qo‘rqdi chamasi, g‘iyqillatib tormoz bosdi. Odat tusiga kirib qolgan bir chaqqonlik bilan eshikni ochdi. Men arang tashqariga chiqdim. U bir oz toqatsizlanib turdi-da, yalinchoq bir ohangda, «Meni uzating, ukajon», dedi. Uning bu so‘zidan xushyor tortib, cho‘ntagimdan qo‘lga ilinganini oldim-da, basharasiga qaramay cho‘zdim. Mashina uzoqlashib, ovozi o‘chgandan so‘ng, o‘pkamni to‘ldirib yengil nafas oldim.

Idoraga kelib, boshliq oldiga kirsam, boyagi kishi ikkala qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha bukchayib turibdi. Gap men haqimda ketayotgan ekan chamasi, «Ana, o‘zlari ham keldilar», dedi boshliq men bilan ko‘rishishga peshvoz chiqarkan. U yalt etib qaradi-da, meni ko‘rib rangi quv o‘chdi.

— Tanishing, — gapida davom etdi boshliq, — akaxoningiz shu kundan e’tiboran o‘zimizga zavxoz bo‘lib keldilar.

— Akaxonimiz bilan tanishmiz, — dedim nochor iljayib. Lekin boshliq buni sezmadi chamasi, haligi kishiga murojaat qildi:

— Siz bo‘shsiz.

U xuddi shu ishorani kutib turganday, orqasi bilan yurib chiqib ketdi.

Bir ozdan keyin hovliga chiqsam, yangi zavxozimiz oyog‘i kuygan tovuqday betoqat bo‘lib, u yoqdan-bu yoqqa borib-kelib turgan ekan. Meni ko‘rib zipillab yonimga keldi-da, «kechirasiz», deya cho‘ntagimga bir nimani tiqdi.

— Bu nima qiliq, — dedim beixtiyor o‘shqirib.

U miq etmay nari ketdi. Olib qarasam, boya o‘zim bergan choychaqa ekan.        

 

Muhammad PIRRIYEV

 

“Yoshlik” 1982/11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.