Tillaburamashox

0
99
marta ko‘rilgan.

(Nasriy manzuma)

 I

Bu tillaburamashox alqor qo‘chqorini Nur tog‘larida toqqa aloqador kimsalar bilardi. Xu­susan, birinchi galda tog‘ begilari, keyin ovchilar, cho‘pon-u cho‘liqlar, yilqichilar, ba’zi o‘tinchilar u haqda turli afsonalar-u ertaksimon gaplarni to‘qib yurishardi. Tillaburamashox bu makondagi eng katta suruvning yetakchisi edi. U juda aqlli, shuurli, ziyrak, tezfahm, idrokli sardor edi. Suruvini har qanday balo-qazolardan yiroq tutar, xavf-xatarlardan omon saqlardi. Burni-qanshari begona, yot hidlarni tez tuyar, shamolmi yoki oddiy yelmi, tashuvchi sizimlarni barhaq sezardi. Uning ko‘zlari ham tun qushlarinikidek o‘tkir edi. Aytaylik, biror ovchi suruvni olislardan durbin bilan kuzatayotgan bo‘lsa, uni ham bir nigoh ila ilg‘ardi. U ilondan qo‘rqmasdi, uning iniga tumshug‘ini tiqardi va ilashib chiqqan ilonni yerdi. Ko‘zlarining o‘tkirligi shundan, deyishadi tog‘ning qo‘lbola tabiblari.

O, quloqlar… quloqlari-chi, ilon sudralib yurganida chiqaradigan silliq to‘lqinsimon tovushlarni ham eshitardi. Albatta, bular Tillaburamashoxni ogohlantirguvchi, hayot tarzini ta’min etguvchi tabiiy zaruriyat. Bulardan ham muhimi, tag‘in uning chopqir oyoqlari, qattiq tuyoqlari edi. Ana shu oyoqlari har qanday yovdan qutqarib ketardi: to‘rt oyoqli yovidan ham, ikki oyoqli yovidan ham. Biroq bu tillaburama shoxi… U – barcha yovlarini chorlaguvchi, o‘ziga ohanrabodek tortguvchi, hatto qushlarni ham qiyo boqtirguvchi bir mo‘jizaviy matoh. Gap shundaki, buramashoxining gugurt qutisi joy bo‘lgudek ichki burama belgi joyi tilla suvi yuritilgandek yaraqlab turardi. U kunduzi-ku kunduzi, hatto tunda ham shu’lalanardi.

Sardorning bu shoxini Nur tog‘lari qo‘riqxonasining tog‘ begilari kech payqadi. To‘g‘rirog‘i, qo‘chqorcha, rostakamiga bu makondagi barcha suruv qo‘chqorlarini olishuvlarda yengib, yetakchilikni olgandan keyin ko‘zga tashlanib qoldi. Unga ilohiy tus ham berildi: shoxida “Alloh” degan yozuv bor ekan. Bu rost edi. Shundan so‘ng u Tillaburamashox nomini oldi. Qo‘riqxona ma’murlari-yu tog‘ begilari unga alohida diqqat-e’tibor qaratib, hushyorlik bilan qo‘riqlay boshladilar.

 

 

II

Mana, Tillaburamashox bir oydan oshdiki, mamlakat bosh qarorgohining noyob qushlar, ba’zi jonivorlar boqiladigan daryo bo‘yidagi qo‘riqxonasida. U juda xomush. Yuragi qop-qorong‘u. Hech narsa tatimaydi. Qo‘riqxonaning ichki qo‘raxonasidan o‘z ixtiyori bilan tashga chiqmaydi. Uni ko‘pincha maxsus yashil kiyim kiyib olgan, o‘ttiz yoshlar chamasidagi bo‘rtiq xolli mutaxassis yigit – mol do‘xtiri qo‘radan haydab chiqadi. U Tillaburamashoxning qo‘riqxonani aylanib yurishini istaydi. Yam-yashil bo‘lib o‘sib yotgan o‘t-o‘lanlardan yeyishini xohlaydi. El boshining xursand bo‘lishini, uni ko‘rgani kelgan mehmonlari­ning xursand bo‘lishini istaydi. Qayda, Tillaburamashox o‘tlarni chimdigandek bo‘ladi-yu, ammo astoydil yemaydi.

Tillaburamashox o‘y-xayolida faqat tug‘i­lib o‘sgan ota makoni, ona yurti – Vatani. Ha, faqat o‘sha – Nur tog‘lari. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan bahaybat, tik baliqsimon besh cho‘qqi. Ilono‘tdi darasidan boshlanib, Qizilqum cho‘llarigacha cho‘zilib ketgan yuksak tizmalar, bu tizmalar dara-kamarlar oralaridagi qora daraxtzor-u butazorlar, bel bo‘yi maysalar, buloqlar boshlaridagi qovg‘alar, pastga qarab yo‘nalgan irmoqlar­ning ikki qirg‘og‘i bo‘ylab o‘sib yotgan mayda qizil gulli sovuno‘tlar, qirqbo‘g‘inlar… To‘g‘ri, qaror­gohning qo‘riqxonasida ham hamma narsa bor. Bo‘z ham, maysa ham. Har kuni beda-yo‘ng‘ichqa bog‘lamlari tashlashadi, xas-xashak, qandaydir begona is keladigan yem-yemak. Daryo suvining bir arnasi qo‘riq­xona oralab oqib o‘tadi. Ularda shirmoyi baliqlar suzishadi. Ariq bo‘ylari sero‘t. Ammo tug‘ilgan vatani ozodlik, erkinlik… ularni faqat tutqunlikda ang­lar ekansan. O‘ho‘.. o‘h… u yuksak tog‘lar… u tog‘larning yellari, nasimlari, shabadalari, shamollari, hatto bo‘ron-to‘fon, qoru quyunlari…

O‘hh… Katta gaza epkinlari… gaza yotoqlari… Gazadan olis-olislar ham ko‘rinib turardi. Bu yerdan kavshangan ko‘yi ko‘z nurlari yetgunchalik joylarni kuzatib yotish – oromijon. Tillaburamashox uzoqlarda chayqalib yotgan marvaridrang ko‘lni tomosha qilishni yoqtirardi. Oh, u tunlar… seryulduz tunlar… sumbula suvidek yarqiroq kechalar… osmonni to‘ldirgan oy yorug‘lari… ko‘z oldingdagi jilva-shu’lalar… nur chizimlari… sim-sim o‘yin-nozlar…

Vatanida faqat uning qavmlarigina yashamasdi. Tevarak to‘la jonzot… Ko‘rinib, ko‘rinmaydigan xilqat, hayrat. Ko‘kda, deyarli doimiy bir juft burgut bir maromda qanot qoqadi. Go‘yo erinibgina parvoz qiladi. Ammo biror o‘ljani ko‘rganda, shiddat bilan pastga sho‘ng‘iydi. Qanotlari tebratgan havodan alqorlar ilkis hurkib ketadi. To‘da-to‘da tirsillagan to‘ng‘izlar hurqullashib-purqillashib, kamarlardagi buloqlarning bo‘y-botqoq irmoq yerlarini tumshuqlari bilan ilma-teshik qilishadi. Jayralar sixlarini tikraytirib, giyohlar­ning, o‘t-alaflarning tomir-ildizlarini timirskilab, kovlash bilan ovora. Qo‘shoyoq, tog‘ sichqon-kalamushlari u butaning tagidan bu butaning tagiga, bu butaning tagidan u butaning tagiga yugurgilab yurishadi.

Gazadan bir juft tulkining makoni yaqqol ko‘zga tashlanib turadi, ota-onasi qaylargadir ketishi bilan, bolalari inlari oldiga chiqib oli­shib, o‘ynagani-o‘ynagan. Bir-birini yulqishgani-yulqishgan.

O‘h-h… o‘h… o‘h… erkin hayot, maroqli hayot, jozibali, ishqboz hayot… osoyishta hayot… To‘g‘ri, hamma vaqt ham shunday emas, ammo hamisha erkinlik, hamisha ozodlik, hamisha g‘ir-g‘ir shabboda, gaza epkinlari hamishalik…

Tillaburamashox bo‘g‘riqib ketdi, yotgan joyidan turib kerishdi, silkindi. Yotoq-qo‘radan chiqib, arna tomon yurdi. Suv ichgandek bo‘ldi. Arnaga tikilib qoldi. Ko‘z oldiga Oqbuloq keldi.

Oqbuloq Ota Archaning soyasi yetgudek yoyilmasidan qaynab chiqadi. Uning suvi ko‘z yoshidek tip-tiniq. Tillaburamashox suruvni ko‘pincha oq buloqqa boshlab keladi. Ular cho‘qqilardan, qoyalardan yonbag‘irlarga asta-asta tushishadi, toshloq qiyaliklarni oralab, bir so‘qmoqdan turnaday tizilishib, buloq tomon sardorning ortidan ergashishadi. Buloqqa yaqinlashavergach, qorovullikni ham unutishmaydi. Sardor qatordagi biror a’zosiga ishora beradi. U shu kez safdan chiqib, Ota Archaning tepa tarafidagi o‘mrovli qoyaning ustiga chiqib olib, atrofni olazarak kuzata boshlaydi. Suruv miriqib suv ichib olgach, o‘zlariga soya-salqindan joy tanlaydi. Soya bir bet bo‘lguncha huzurlanib orom olishadi. O‘h-o‘h-o‘h… ular qayoqda qoldi. Suruvi qani? Shahloko‘z malikalari qayerda? Dirkillagan qo‘zichoqlari-chi? Qani oq bulog‘i? O‘zi nima bo‘ldi?

O‘sha kuni, ya’ni bundan bir oylar chamasi oldin suruv Beshqoya yonida yoyilib yurardi. Yurti gullab-yashnagan payt, yam-yashillik saltanati. Beqiyos qiyoqlar, giyohlar, g‘unchalar, ko‘plari ochilgan, yaproqlari taranglashgan, qishdan omon-eson chiqib olgan suruv yutoqqan… Peshinga yaqin gazada uch otliq paydo bo‘ldi. Tillaburamashox ikkitasini tanidi, ular kiyimidan ma’lum, doimo mehribon ko‘zlar bilan qarovchi o‘zlarining qadrdon qorovullari edi. Biroq uchinchisi begona, o‘ng qoshining bir yonida bo‘rtib turgan qop-qora xoli bor nota­nish yigit…

Tillaburamashox yuragi allatasin bo‘lib ketdi. Uning shuuridan nimadir sizib o‘tdi. Nimadir yuz beradigandek… Suruvni boshlab Beshqoyaning ters tomoniga yo‘naldi. Ammo ko‘p o‘tmay bir tog‘ begining yolg‘iz o‘zi uning qarshisida paydo bo‘ldi. Nimadir “shirt” etdi. Tillaburamashoxning etiga chippa yopishdi. U qadrdon qorovuldan buni aslo kutmagandi. Keyin… ko‘zini ochganda bo‘rtiq xolli yigit va yana ikki-uch fason bo‘ydor kishilar uning ustida turardi. Tillaburamashoxni o‘sha kuni-tundayoq panjarali mashinada ushbu dargohga keltirishdi.

 

III

Elboshi Tillaburamashoxni yoqtirib qoldi. Uni qo‘riqxonaga sayr etishga taklif qilishganda, Tillaburamashox shoxidan shu’la taratib, qo‘riqxona devori bo‘ylab, asta-asta yurib turardi. Ataylab qilgandek, ko‘rgazma namo­yishiga chiqqandek tam-tam yurardi. Yo rab! Uning qomati… ko‘rki… tarang, suluv oyoqlari… tik boquvchi qora, shahlo ko‘zlari… qoramtir malla rang ichida qordek oq o‘mrovi, tekis, silliq badani… ayniqsa, Tillaburamashoxi… shu’lador “Alloh” chizgilari…

– O, krasaves! – u butun hayratini bir so‘zda jamlab, xitob qildi va ish boshqarmasi boshlig‘iga yuzlanib shunday dedi: – Bilasanmi, unga bu yerda nima yetishmaydi, cho‘qqi… tog‘ cho‘qqisi… skala… Quringlar, kelgan mehmonlarim uni qoya ustida ko‘krak kerib, quyoshga qarab turganligini ko‘rsin. Nur taralayotgan tillashoxini ko‘rib, maftun bo‘lsin! “Alloh” so‘zini nurda o‘qisin. Biz Allohning suygan farzandlari ekanligimizni, ular bu dunyodagi eng baxtli fuqaro ekanliklarini bilsinlar!

Ko‘p o‘tmay, qo‘riqxona bo‘ylab, tog‘ tomonga qaragan ma’lum bir masofada cho‘qqi-qoya qurish ishlari boshlanib ketdi.

Tillaburamashoxning ichi esa yorishmasdi. Kun-tun vatanini o‘ylardi, unda shamolday erkin-emin kezib yurganliklarini bir zum bo‘lmasin esidan chiqarolmasdi. U ozod xilqat edi. Oilasi – suruvi ham ozod va erkin edi. Ular jam bo‘lib, Alloh bergan erkinlik nash’alarini suri­shardi. Bu ularning oddiy hayot tarziga aylangandi. Bu dunyoda vataningdan, ozodligingdan, erkinligingdan qimmat narsa yo‘q ekan. Tog‘ begilari ahyon-ahyonda katta daraga barcha katta-kichik suruvni yig‘ishib, sanoq o‘tkazishar edi. O‘ho‘… bu to‘plandilar, to‘s-to‘polonlar, olishuvlar, bir-biriga shox tashlashuvlar… Ularni hatto Burgutli qoyaning olmos ko‘z burgutlari, Shovulloq sharsharasining ko‘k kaptarlari ham tomosha qilishardi. Kakliklar “qaqi-baq… qaqi-baq…”larini to‘xtatishardi. Toshto‘rg‘aylar dumparlarini likillatishib, alqorlar ustida u yonga, bu yonga uchishib tomosha qilishardi. Bu makondagi to‘ng‘izlar bu paytlarda oyoq ost­larida qolib ketmasliklari uchun o‘zlarini xoli joylarga olishardi.

O‘h-o‘h… Mutlaq g‘olib bo‘lgan kuni. Bu lahzalarni esidan chiqarish mumkinmi? Yo‘q! Yo‘q! Aslo! Ayniqsa, suruv sardorligi uchun shiddatli kurash paytlarini… Bu vaqtlarda bir-birini ayash yo‘q! G‘oliblik, yetakchilik, sardorlik yo‘li – shafqatsizlik yo‘liga aylanadi. Zo‘ravon – yetakchi! Kuch-quvvat – yetakchilik! Bu kurashda hatto halokat yuz beradi. Fojia oddiy holatga aylanadi. Tabiatning beshafqat, izchil hukmi azaliy, abadiy!

Tillaburamashox o‘sha kuni bir ko‘z bo‘lib qolgan sardor bilan jangga tushdi. Uning bir ko‘zi ko‘rmasa-da, juda baquvvat edi. Jangari edi. U sardorlikni Tillaburamashoxga topshirishni xayoliga keltirmasdi. Olishuv uzoq davom etdi. Eng dahshatlisi, shoxlar shoxga oralab, kirib qoldi. Buramashoxlarni bir-biridan ajratib olish juda og‘ir edi. Bir-birini itarishar, ortga-oldga tislantirishardi. Bu jangda g‘olib aniqlanmasligi ham mumkin. Chunki har ikki­sining ham yiqilishi, yo jangni tashlab qochishga imkoni yo‘q. Holdan toyishsa, shoxlar shoxga tiralishib, tin olib turishaverardi.

Tillaburamashox bu holdan qanday chiqib ketish yo‘lini topa olmadi. Ammo tajribali bir ko‘z sardor ilojini topdi. U tumshug‘ini yerga tirab oldi, bo‘lajak sardorning kuch-quvvatiga tan bergandek, tek turdi. Tillaburamashox “Alloh” yozuvi muhrlangan shoxini yonlatib, raqibi shoxidan chiqarib oldi. Chiqarib oldi-yu ortiga bir tislanib, sardorning biqiniga shox urdi!

Tillaburamashox g‘olib edi! Mag‘rur kerildi. Vatani saltanatining endi yagona hukmdoriga aylandi. Endi barcha alqorlar, ular suruvlari unga tobe-tobun edi axir!

Mana, endi ozodlikdan, erkinlikdan mahrum. Vatandan mahrum. Bo‘rtiq xolli yigit unga ko‘z-quloq. Ikki marta ko‘pchilik bo‘lib, yiqiti­shib, badaniga nashtar ham urib ketdi. Xolli yigitni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Uni vatanidan judo qilgan shu. Qani, endi tuyoqlari ostiga olsa, ezg‘ilab tashlasa… O‘h-o‘h… o‘h…

Nihoyat, qoya-cho‘qqi ham bitdi.

Qoya-cho‘qqi juda hashamatli. Albatta, vatanidagi cho‘qqilarga, qoyalarga o‘xshamaydi. Ammo.. birdan Tillaburamashoxning xayoli tob­ga keldi, shuuridan olis bir kechinma yalt etib o‘tdi. O‘shanda iliq, yumshoq yoz tongla­ridan biri edi. Tillaburamashox har bir tong qu­yoshini tik yuksak qoya zirvada o‘zi kutib olardi. So‘ng asta-sekin suruvning qo‘rqmaslaridan bitta-ikkitasi ortidan ergashadi.

O‘shanda u qoyada yakka turardi. Uning badani nurlardan rohatijonlanib, kumushlanadi. “Alloh” yozuvi cho‘g‘lanardi. Tillaburamashox pastga – kamarning quyuq soyalariga sinchkovlik bilan tikildi. Qandaydir o‘ta jim-jitlik. Jim-jitlik… sukunat… Qoyadan azot ko‘rinib turadigan, enlab o‘sgan sershox qora do‘lana tagida nimadir g‘imirlaganday… Sirli vahm… Ortiga burilmoqchi edi… “qars-s!” Zarb! O‘q yarim odim adashdi. Sardorni zarb uchirib yubordi. U havoda muallaq pastga sho‘ng‘idi. Uchib borayotib , toshdek tushadigan yerini nigohladi. “Yo Alloh!..” Tillaburamashox bir o‘mbaloq oshib, zil shoxlari to‘basini tikka pastka qaratdi. Ulgurdi. To‘ba-shox yerga urildi!

Uzun butli ovchi “hay-hay”lab, yugurib kelguncha joni omon qolgan Tillaburamashox o‘zini o‘nglab oldi-yu kamar etagi bo‘ylab odam bo‘yi o‘sib yotgan quyuq pidanalarni oralab yo‘qoldi.

Ha, shunday bo‘lgan edi.

O‘sha Vatanidagi cho‘qqi-zirvalardan past­roq qurilgan qoya. Uni bitirib, ishlovchilar qorasini ko‘rsatmay ketishdi. Tillaburamashox qizg‘ish-qirrador qoya tosh­lari yoniga borib, yonlab ishqalandi. U yer, bu yerlarini shoxi bilan turtib ko‘rdi.

Asta-sekin qoya-cho‘qqi sari qadam tashlay boshladi. Har qalay qo‘riqxonaning sim to‘siq, devorlaridan yaxshi-da. Uzoqlarga qaraysan, uzoqlarni ko‘rasan, Ehtimol, uning ustidan vatani ham ko‘rinib qolar, hech bo‘lmasa Beshqoya cho‘qqilari… Tillaburamashoxning cho‘qqilari har qanday joydan ham ko‘rinadi. Axir, u dunyo­dagi eng baland, havodor, shamoldor, tik cho‘qqilar. O‘h-o‘h… vatani cho‘qqilari. Ular ustida qoya yoriqlaridan unguvchi yo‘sin-mohlar, ular toti… o‘h… o‘h… Ayniqsa, qalp-qaltis qoyatoshlar orasidan sizilib chiqib, qotib qolgan mo‘miyolar… qop-qora yaltiroq, silliq dorivorlar… o‘qlardan yaralanganda jon ato etguvchi malhamlar… tiriklik malhamlari… o‘h-o‘h… o‘h…

Vatan sog‘inchi, erkinlik sog‘inchi. Tillaburamashoxni hushdan ketkazayozdi.

 

IV

U qochib borardi. Ko‘zlariga ishonmasdi. Biroq qochqinga aylanganligi haqrost edi. Taralib oqayotgan daryodan o‘tib oldi. Uzoq­dan yaqqol ko‘rinib turgan qorli tog‘ni qoralab, u tomonga yugurib ketardi. Oyoqlariga isho­nardi. Garchi qo‘riqxonada ular tolg‘inroqqa aylangan bo‘lsa-da, mustahkam edi. Bora-bora tolg‘inliklardan asar ham qolmadi. Chigillar butkul yozilib ketdi. U olazarak bo‘lib yugurardi. Noxushlik keltiradigan hech bir narsa nazaridan chetda qolmasdi. U avval qir-adir qishloqlarini yonda qoldirib o‘tdi. Ba’zi qishloq itlari uni ko‘rib qoldi. Orqasidan quvgandek bo‘ldi, yetib bo‘pti. Akillab-akillab qolib ketishdi. U qarshisida turgan oppoq tog‘ tomon yugurgilab ketardi. Shunga yetib olsa bo‘ldi. Keyin o‘zi biladi… Vatanini topadi. Ozodlikning orti – Vatan. Vatanini topsa, erkinlik hayoti o‘sha yerda. Erkinlik hamma joyda ham tatiyvermaydi. U vatanda tatiydi. O‘h-o‘h… Erkinlik – Vatanda tatiydi faqat! Ana shu erkinlik deb, ozodlik deb, Vatan deb, oila-suruvini deb, qo‘riqxona devorlariga yaqinroq qilib qurilib qo‘yilgan tik qoya-cho‘qqidan “Yo, Alloh!” – deya tashga sakrab uchdi! “Alloh!” deb, erkin hayotga uchdi, Vatani tomon uchdi! Mana, murodiga yetdi. Tillaburamashox ozod. U, mana, qorli qoyalarga tirmashib chiqmoqda. Gurtiklarni o‘mganlab yorib bormoqda. Ko‘chki surilishlarini chetlab o‘tmoqda. U bir qoyaga chiqib oldi. Toliqdi, ammo charchagani yo‘q! Tin oldi! Olis-olislarga boqdi. Poyonsiz tog‘… tizmalar… tizmalar… o‘rkach-o‘rkach qoyalar… archalar… archazorlar, Tillaburamashox ko‘rmagan qandaydir daraxtlar, butalar, qirrador-qirrador toshlar, o‘ydim-chuqurlik­lar, jarlar, o‘pqonsimon ungurlar, jonalar… Vatani qayoqda? Uning vatani qaysi tomonda? Shunday ochiq havoda ham nega Beshqoyasi ko‘rinmaydi? U hamma joydan ko‘rinishi kerak edi-ku… Qani u? Uning jon-jahoni Makoni qayerda? Alloh!.. madad ber!..

Tillaburamashox tin olib turgan qoyaning ortidan quyosh nurlari osmon yuzini yorita boshladi. O‘h-o‘h… o‘h… Uning shuuri birdan yorishib ketdi. Axir, vatanida ham quyosh osmonga shu tarafdan ko‘tarilar edi-ku. Demak, uning vatani bu tog‘larning ortida emas, etaklab ketgan tomonda, quyosh botishi tomonda, Kunbotarda.

Tillaburamashox shitob bilan qoyadan tushdi. Yugurgilab ketdi. Tizmalarni qiyalab yugurgilardi. Quyosh bir oqterak bo‘yi ko‘tarilganda, morollar suruviga duch keldi. Ular quloqlarini dik qilgancha, bu begona shoxdorga hayrat bilan tikilishdi. Tillaburamashox ularni yonlab o‘tib ketdi. Shu ketishda qancha yurganini bilmaydi, ammo kun peshindan o‘tib qolganda uzoqdan bir juft qizil bo‘rini ko‘rib qoldi. Ha-ha, qizil bo‘ri. Xayriyat, ularni Tillaburamashox birinchi bo‘lib ko‘rdi.

Birinchi bo‘lib ko‘rishda gap ko‘p. Qochish yo‘lini bir daqiqada shuuring bilan belgilab olasan, shunga qarab, qismatingni ham hal qi­lishing mumkin. Bo‘rilar ham uni ko‘rdi. Xatarli quva-quv boshlandi. Hayot-mamot lahzalari… Tillaburamashox bo‘rilarni ko‘p ko‘rgan. Bo‘rilar o‘z vatanida ham kam emas. Faqat bu bo‘rilar­ning ranglari qizg‘ish ekan. Jussalari ham vatani bo‘rilaridan kichikroq. Tillaburamashox hatto birining, ya’ni ona bo‘rining qorni qappayganligini – bo‘g‘oz ekanligini ham ilg‘adi. Biroq ular chaqqongina, shuvillab orqasidan qolmaydiganlardan, shekilli. Tillaburamashox jon-jahd bilan qochishga tushdi. Bo‘rilar ikki yondan kelardi. Uni o‘rtaga olmoqni mo‘ljallar edi. Bu usulda sardor ikki-uch marta vatani bo‘rilari bilan tirashib ko‘rgan. Shu bois u to‘lg‘ama usuli­da, ya’ni goh o‘nga, goh chapga o‘zni tashlab, qochish usulini tanladi. Bu yo‘sinda anchagacha qochdi.

Ammo bo‘rilar ortidan qolmasdi. Tillaburamashox keskin burildi, yo‘lni tikka pastlik – shag‘allik enishga yo‘naltirdi. U bamisoli bir burama loyqa shiddatli sel oqimiday oqib ketdi. Bo‘rilar bunday holatni kutmagandi. Ona bo‘ri bir qoyacha ustida itolg‘iqushday holsizlanib turib qoldi. Ammo arloni quvishda davom etdi. Odatda bo‘ri zoti tik enimga tik yugurolmaydi. O‘mbaloq oshib ketishi hech gap emas. Tillaburamashox bundan ustalik bilan foydalangan edi.

Yo‘q, arloni bo‘ri, endi yolg‘iz bo‘lsa-da, o‘ljani osonlikcha qo‘yib yubormoqni istamasdi. U quvib borardi. Pala-partish toshlarni oralab, sakrab-sakrab quvardi. Tillaburamashoxning chaqmoq shuurida arloni bo‘ri bo‘rtiq xolli yigitga aylandi. Xolli yigit quvardi. Ikki oyoqlab quvardi. Qorachiqday bo‘rtiq xoli qop-qorayib ketgan edi. Qosh-ko‘zi orasidan battar bo‘rtib chiqib ketgan edi u. U quvardi, izidan qolay demasdi.

Tillaburamashox yo‘lni endi qiyalatib yugurib, yuqorilay boshladi. U oldinda ko‘ringan cho‘qqi yonidagi gazani mo‘ljalga oldi. Gazani oshib olsa bo‘ldi, naryog‘i yana enish bo‘lishi kerak…

Gaza… mana, gaza… Gazaga chiqdi! O‘h-h…-h… Oldi qoya edi! Shu asno arloni ham yetib keldi! Tillaburamashox uning ancha toliqib qolganligini sezdi. Fursat g‘animat! Boshqa iloj yo‘q! Tillaburamashox zabt bilan orqaga burildi, “Yo, Alloh!” – u bo‘riga tashlandi! Baquvvat shoxlar chaqmoqday qarsilladi, Shoxlardan o‘t chiqib ketdi. U bo‘rini qoyatoshga tirab, siqdi! Siqdi! Bo‘rining ko‘zlari oqib ketganday bo‘ldi! Tillaburamashox shoxlarini lahzada ajratdi-yu, to‘g‘ridagi qo­yaning eng pastqam kemtigi – tangisini ko‘zlab chiqdi va… chaqmoqday o‘zini qarshisidagi enish tarafga tashladi…

Tillaburamashox qorni bo‘yi keladigan daryo qarshisidan chiqib qolganda tun edi. Qandaydir kengayib ketgan osmon… to‘la yulduz… yulduz… Daryo to‘la yulduz… sharaqlab-sharaqlab tebranib yotgan yulduz… U endi o‘ziga kelgan, yovlaridan qutulib ketganini bilar, allaqanday ko‘ngli xotirjam tortgandi. Chanqagani esiga tushdi. Tamshandi. Olazarak bo‘lib suv ichdi. Daryoning ikkinchi qirg‘og‘i taraflarda – olis-­olislarda tizma tog‘lar nigohlarini chulg‘adi. Suvga tushib, o‘mganlab-o‘mganlab qirg‘oqqa chiqdi. Silkindi. Tanasiga qandaydir kuch yig‘ilganday bo‘ldi. Yugurgilab ketdi. Qancha yugurgiladi… Nogahon sahrodan chiqib qoldi. Ha, tog‘ tizmalari bo‘ylab qarshisida poyonsiz sahro yotardi. Qayerdadir adashgandi. Hali tog‘larda ko‘kish tumanlar elas-elas ko‘zga tashlanardi. Biroq vatani cho‘qqilariga o‘xshash cho‘qqilar, tumanlar orasida qalqib turgandek tuyuldi unga. Demak, sahroni kesib o‘tib, tog‘larni qoralab bormoq kerak bo‘ladi. Sahro o‘t-­alaflaridan chirt-chirt uzib yedi. Allaqanday, chog‘roq toshday jonzotga duch keldi. U to‘ntarilib yotar, to‘rt oyog‘ini tinimsiz qimirlatar, ammo ular havoda muallaq tebranardi, xolos. Birdan unga tikilib qoldi. Ilkis, bir sharpa orqasida turganday, vahimada jonivor ustidan sakrab o‘tib ketdi. Beixtiyor uning bir orqa tuyog‘i haligi jonzotga tegib ketdi. U o‘nglanib oldi… Bu sahro o‘rtasida to‘ntarilib yotgan Ona toshbaqa edi.

V

Erta turgan bosh tog‘ begi Rajabboy soya-salqinda alqorlardan xabar olib kelmoqchi bo‘lib, tog‘lar to‘riga – Burgutli qoyalari tomon yo‘l oldi. Otining jilovini salqi qo‘yib, tevarakni qo‘sh ko‘zlab durbini bilan kuzatib bordi. U soy bo‘ylab, ota-bobolari ekib ketgan, bugun-da yuz yildan yoshi oshib ketgan yong‘oqlar oralab ketar ekan, g‘oyat mamnun edi. Bunaqa xush havo tog‘ yer yuzida bitta bo‘lsa kerak, deya o‘z-o‘ziga jilmayib qo‘ydi. Alqorlar ham qay joyni vatan qilishni bilar ekan-da, sahro-cho‘llarda yashay olmaydi. Juda baland, masalan, uch ming metrdan oshgan tog‘larda ham yashay olmaydi. Ular uchun dengiz sathidan ikki, ikki yarim ming metr baland yerlar asl joylar hi­soblanadi. Bekorga yovvoyi qo‘y, deyilmas ekanda. Qo‘ylarga ham bu tog‘lar eng qulay joy, axir.

Shunday xayollar bilan ketar ekan, ora-chora soyning ikki betida maza qilib o‘tlab yurgan alqorlarni ko‘rdi. Qozoqmozor deb atalmish joyga yetganda otidan tushib, uni bir uchqatga bog‘lab, “bulk-bulk” qilib, qaynab chiqayotgan chashma bo‘yiga kelib hovuchlab suv ichdi. So‘ng yon tomondagi bir qoya ustiga chiqib bordi va bu qulay joydan alqorlar suruvini kuzata boshladi.

Yo, falak! Qichqirib yubordi Rajabboy, durbin oynaklari yonida Tillaburamashox turardi! Yo‘q, durbin adashtirayapti, ko‘zlari aldayapti, bo‘lishi mumkin emas… Tillaburamashox!

Cho‘ntagini paypaslab, qo‘lro‘molini topdi. U bilan durbin oynaklarini artdi, keyin ko‘zlarini artdi. Qaradi. Tillaburamashox! Tag‘in qaradi, Tillaburamashox!..

Otiga chopdi. Yeta solib, unga sakrab mindi. Suruv tomon ot qo‘ydi. Bir kamarchani jadallab kesib o‘tib, alqorlarni betladi. Katta suruv bu yerdan azot ko‘rinib turar edi. Xuddi o‘zi – Buramashox! O‘zi! Uni qanday tanimaslik mumkin… Lekin bu yerda qanday paydo bo‘ldi? Poytaxtga olib ketishgan edi-ku?..

Rajabboy hamon hayrat, hayajonda edi. Qanday o‘y-xayollar qilishni ham bilmay qoldi. Savollari ko‘p, javoblari yo‘q. Mobil… Uyda qolibdi. Qo‘l telefonidan ko‘p foydalanmaydi. Bu tog‘larda kim bilan ham gaplashadi. Shahar-pasharga tushsa boshqa gap. U otning jilovini uyi tomon burdi.

O‘sha kuni shomdayoq poytaxtdan bo‘rtiq xolli yigit yordamchisi bilan yetib keldi. Uning ranglari o‘chib ketgan. Qoshi orasidan xoli yana-da bo‘rtib chiqqanday. Uning aytib berishicha, o‘lgan o‘lgan, qolgan qolgan.

Tillaburamashox la’nati me’morning aybi bilan qo‘riqxona devoriga yaqin qurib qo‘yilgan qoya-cho‘qqidan chegara osha sakrab oshib qochib ketganidan buyon uyqu-puyqini bilmaydi. Tillaburamashoxni izlamagan joyi, daraklatmagan qulog‘i qolmabdi. Axir uni Katta juda yaxshi ko‘rib qolgandi. Agar bilib qolsa, otadi, ha, naq otadi! Lekin Tillaburamashoxning o‘z makoni – bu tog‘larga yo‘nalganini hech kimsa xayoliga ham keltirmagan edi. Axir, bu hayvon-ku… shuncha uzoq yo‘ldan – Mag‘ri­biy Tyonshondan Turkiston tizmalari orqali Nur tog‘lariga… Yo‘q, yo‘q, bu hayvon emas, bekorga shohida “Alloh” so‘zi tamg‘alanmagan. Rajabboy, Vaqtida telefon qilib, xabar berganing uchun ming-ming tashakkur. Meni ko‘p yomon narsalardan asrab qolding. U bir tog‘dan olib, bir bog‘dan olib, Rajabboy hovlisidagi supaga qalin to‘shak soldirib, uyquga ketdi.

Ertalab Rajabboyning tog‘ begilari Tillaburamashox suruvining Alqorqamoq sayhonida ekanligi xabarini yetkazishdi. Alqorqamoq sayhonligini tabiiy toshqo‘rg‘on, desa bo‘ladi. Toshqo‘rg‘on tevaragining uch tarafi baland qirrador qoyalar bilan qurshalgan, bir tarafi esa tagi ko‘rinmas zov, toshjarlik. Zovga tutashib ketgan birgina toshdarvozasi bor. Alqorlar shu darvozadan kiradi-da, o‘zlarini naq qamoqxonaga tiqishadi. Alqorlarning bu joyga tez-tez kirib, yoyilish sababi, sayhonlik ichi o‘t-o‘langa to‘la. Shuvoq deysizmi, bug‘doyiqmi, tuyatovonmi, kiyiko‘tmi, kakrami, zirami, o‘lmaso‘tmi, sigirquyruqmi, andizmi… hammasi topiladi. Bundan tashqari, uchqat, qorabodom, so‘o‘z, irg‘ay, itburun, qizilcha singari daraxtlar, butalar ham qalingina. Bularning yaproqlarini alqorlar ikki old oyog‘ini daraxt tanalariga tirab olib, “chirt-chirt” uzib, rosa maza qilishadi.

Bugun ham suruv maza qilib yoyilmoq­da. Kun choshgohga yaqinlab qolgan. Tillaburamashox o‘z Vatanida, erkin, ozod, uning yetib kelganiga ham hafta bo‘lib qoldi. U tag‘in shahloko‘z suluvlari qurshovida, bir qancha qo‘zichoqlari sakrab-sakrab o‘ynaydi, dirkillaydi, dikonglashadi. Qo‘chqorchalari bir-biriga kalla tashlashadi.

Rajabboy bo‘rtiq xolli yigit, yordamchisi va ikki qoravuli bilan toshdarvoza oldida paydo bo‘lishganda, Tillaburamashox bir uchqat shoxlariga osilib, kovshanmoqda edi. Uning ko‘zlari “yalt” etib, bo‘rtiq xolli yigitga tushdi. Yuragi jizillab ketdi. O‘sha kimsa… yonida shotiri… qorovullar… Sardor uchqatdan oyoqlarini zudlik bilan pastga tushirdi. Jon holatda suruviga qarab, ma’radi. Suruv zum o‘tmasdan uni o‘rab oldi. Tillaburamashox ularni zov tarafga surib ketdi. Suruv zovni yonlab to‘xtatdi. Tek qotdi. Hammasining ko‘zlari toshdarvoza oldiga qadaldi. Quloq­lari tarang-ding. Birortasi qilt etmaydi, havoda pashsha uchsa bilinadi.

Rajabboy sheriklariga nimadir dedi-da, o‘zi o‘ljani uxlatadigan o‘q-dorili ostin-ustinli qo‘shog‘iz miltig‘ini orqasiga yashirib suruv tomon yurdi. Asta… ohista… asta… ohista… Tillaburamashoxning… ko‘zlari sehrlangandek… xollida… ikki oyoqli bo‘rida… Tog‘ begida emas, o‘shanda… Rajabboy… asta… ohista… asta… “Ship-p!..” Tamom! Tillaburamashoxning oldingi ikki oyog‘i bukilib ketdi, tentirab-tentirab, bo‘ksasi bilan bir toshga tiralib, yiqildi. Suruv tum-taraqay bo‘lib, har yonga sochilib qochdi. Bo‘rtiq xolli yi­git qandaydir chaqqonlik bilan bir zumda, Rajabboyga ham qaramay Buramashox yoniga yetib keldi. Keldi-yu uning shoxlaridan mahkam ushlab oldi. Ushlaganda ham “Alloh” tamg‘asining ustidan berkitib ushlab oldi. Ushlagan qo‘li bir “jiz” etganday bo‘ldi-yu… Bu yetmaganday bo‘yniga o‘tirdi. O‘h-h… Bu yog‘i lahzada sodir bo‘ldi. Tillaburamashox zarb bilan sakrab turdi. Turdi-yu… zov tomon otildi. Xolli yigit nima bo‘layotganini ham anglamay, Tillaburamashoxning shoxlaridan qo‘llarini ham ololmay, u bilan tubsiz zov-toshjarga uchdi.

 

* * *

Burgutli qoyada yuz bergan bu voqealarni kuzatib turgan juft burgut havoga ko‘tarildi. So‘ng vahmkor zov tepasida keng doira yasab, ucha boshlashdi…

Tog‘ begilari jon holatda dara-kamarlarni bu yerga aylanib kelganlarida, xolli yigit qonga belanib yotardi. Ammo Tillaburamashox yo‘q edi…

Rajabboy mo‘miyoli cho‘qqiga bir nigoh tashlab qo‘ydi…

 

2017-yil oktabr

Azim SUYUN OLIM o‘g‘li

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.