Yurak

0
16
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Uyg‘ondi. Shifti pastak (unga shunday tuyuldi), devorlari oppoq (aslida hozir xira sarg‘ish) xona ko‘zlariga kirdi. Qiziq, o‘yladi u, tong otdimi o‘zi? Nega tongni sezmayapti? Quyosh qani? Osmon qani? Ustidagi choyshabni surib tashladi. Havo ham g‘alati. Ostidagi bilqillama joy endi tanasiga xush yoqmayotgandek. Shu payt ko‘zi deraza tarafni qoplagan moviy pardaga tushdi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lganda yuragi qattiq sanchdi. Chap ko‘ksini changallab, najot ilinjida yana joyiga cho‘zildi. Ko‘zlarini yumib, lablarini qimtidi, chap qo‘li bilan yuragining ostini siladi. Og‘riq asta-sekin chekina boshlaganda miyasiga shu o‘y urildi: yaqinginada ham yuragi mana shunday – ikki kaft orasida mijg‘ilaganday burab og‘rigandi. Qachon edi-ya? Ko‘ksidagi og‘riq ancha pasayib, ko‘zlaridagi parda ko‘tarildi. Esladi, qishloqda – katta anhor bo‘yidagi tol tagida o‘tirishganida yuragi bir ushladi.

Uni yosh qalamkashlarning poytaxtda bo‘ladigan anjumaniga, yanaki xalqaro anjumaniga taklif etishdi. Rangli, naqshinkor taklifnoma keldi. (Shunday bo‘lishi ham mumkin-ku, axir). U esa na xursand va na xafa bo‘ldi: yoshi qirqni qoralab qoldi, yosh yozuvchi desa bo‘ladimi o‘zi uni? Shunday paytda hamisha o‘ttiz, qirq yoshga kirmay o‘lib ketgan, ammo buyuk shoir yoki yozuvchi sifatida tarixda qolgan ijodkorlar esga tushadi. Biroq U ularni o‘ylamadi. Ehtimol, odamzotning yoshligi cho‘zilib ketayotgandir yoxud xalqaro anjumanlarda qatnashchilar yoshi shunday o‘lchansa kerak-da, dedi-qo‘ydi. Keyin, nega endi meni taklif qilishdi, axir bunday bo‘lishi mumkin emas-ku, men kabilar poytaxtda tiqilib yotibdi-ku, deya o‘yladi. Ammo savollariga javob kutmadi, ularni tashiga ham chiqarmadi. Eng avval oshnasi Habiy (Habibillo)ni chaqirdi. Oradan hech qancha fursat o‘tmay, pachoq darvoza pinjida Habiyning kiyimi shalvirab turadigan ozg‘in jussasi, mijg‘ilangan lattaga o‘xshash yuzi namoyon bo‘ldi. U o‘qituvchi – ingliz tilidan dars beradi. Un­ga bunday shaklu shamoyilni ichkilik in’om etgandi. Sharobxo‘rligi rost, biroq darsga ichib kirganini birov eslolmaydi.

U qo‘lidagi taklifnomani Habiyga uzatdi.

– Ko‘rmaysanmi endi… – deb qo‘ydi ming‘irlab.

Habiy negadir taklifnomaning inglizcha qismini o‘qidi, inglizcha bilishini namoyish qilgisi keldimi.

– Zo‘r-ku, – dedi keyin tamshanib. – Buni yuvish ke­rak, oshna.

– Shunga arziydimi o‘zi? – yana ming‘irladi U. Kim­ningdir sigiri tuqqanida yoki Surma xolaning tul qizi erga tekkanida, qo‘yingki, yana ko‘plab ana shunday «tantanalar»da to‘yib-to‘yib ichganlari hozir esiga kelmasdi.

– Nima deyapsan-ey, axir bu mejdunarodniy an­juman-ku. Hozir Deyqonboydiyam (Dehqonboyni demoq­chi) chaqiramiz, – dedi Habiy taraddudlanib. So‘ng ich­kari tomonga ovoz berdi: – Xotin, hozir kelaman.

Xotini norozi ovozda nimadir dedi. Lekin u bunga parvo qilmay, do‘stining yelkasidan surdi.

 – Yur, ketdik.

Dehqonboy ham ikkoviga sinfdosh – g‘irt bekorchi, «xotinboy akasi»ning sodiq fuqarosi. Uning uyi uch-to‘rt eshik narida. Hali darvozasini qoqmay u chorpaxil gavdasini ikki oshnasiga hadya etdi.

 – Tol tagiga boramizmi? – dedi hali so‘rashib-so‘rashmayoq.

 – Avval qurollanish kerak, – deya «qurol»ga yara­sha pul chiqish-chiqmasligini hadiksirab chamaladi Habiy.

“Deyqon” cho‘ntagidan pul chiqarib, uzatdi.

 – Xotinimdan o‘g‘irladim.

 – Xayriyat-yey, sendayam pul bo‘larkan, – dedi Ha­biy yarmi hazil, yarmi chin ohangida.

 – Mashna desang ja xapa bo‘b ketaman-da, – qovoq uydi Dehqonboy.

 – Bo‘pti-bo‘pti…

Habiyning gapi og‘zida qoldi.

 – Bugun men eriyman, – dedi U cho‘ntagidan bir das­ta pul chiqarib. – Axir bu o‘tirish mening shara­fim­ga-ku. Ma, – pulni Habiyga berdi. – Ikkita «bomba» ol, kolbasayam…

Habiy bilan Dehqonboy yayrab ketdi.

 – Mana bu haqiqiy shoirning ishi bo‘ldi, – deyishdi tantanavor qilib. Negadir ular Uni yozuvchi bo‘lsa ham, shoir deb atashardi. Jarangdorroq tuyularmidi.

Bu orada qishloq guzariga yetib qolishgandi. Habiy peshonasida jimjimador yozuvi bor oynavand do‘konga kirib ketdi.

 – Biz Surma xoladan hol-ahvol so‘rab turamiz. – deya U Dehqonboyni o‘ng tarafdagi xalq «bo‘tka» deb ataydigan ixcham yog‘och do‘konga boshladi. – Zakiskasi shiyag‘da bo‘latta, a?

Surma xola beti qip-qizil (buni har kim har narsaga yo‘yadi), to‘lagina, yoshi oltmishdan oshgan kampir (shunday zamonda uni kampir deyish ham gunoh) edi. Qosh-ko‘zidan o‘sma-surmasi arimasdi. Kim biladi, o‘zini yaxshi ko‘rarmidi yoki yana kimlargadir yaxshi ko‘rinishni istarmidi. Bo‘tkasi esa hov o‘sha zamonlarda ham bo‘lguvchi edi. Unda bu yerda eri rahmatli o‘tirardi. O‘ziyam qosh-ko‘zi tutab (ya’ni yonib) turadigan chiroyligina odam edi. Mahalla-ko‘yning aytishicha, ularning bir o‘g‘il, bir qizi ko‘proq Surma xolaga tortgandi. O‘g‘lini uylashganidan so‘ng qosh-ko‘zi binoyidek er qirchinidan qayrildi. Birov u, birov bu, dedi. Er qaro yerga, o‘g‘il xotinga ketdi. Ko‘p o‘tmay, Surma xola tul boshi bilan qiyralib-chiyralib qizini chiqardi. Biroq kuyov bo‘lmish kelinni ko‘pam suyavermadi. Onasiga qo‘shilib o‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq deb yurib, bir yilga yetmay yumshoqqina haydab soldi…

Xullas, bu uchovi Surma xola qizini ikkinchi bor uzatganda rosa to‘yib ichishgandi. Dehqon uni yoq­tirib qolgandi-da. Qizini ikkinchi bor uzatishidan oldinroq nima bo‘lganini birov bilmaydi, lekin bir safar Dehqonboy do‘konga non so‘rab borganida Surma xola bermagan. Bermagangina emas, qalampir-tuz qilib haydagan. Endi esa Surma xola Dehqonboyga pinak ham qoqmaydi.

– Hm-m, bollarim, kelish (kellaring), – dedi kampir nigohini allaqayerlarga olib qochib.

– Nevara katta bo‘lyaptimi, ishqilib? – Deh­qon­boyning unga yoqishga urinayotganligi sezilib qoldi.

Uni bir turtdi.

– Ikkita non, bir kilo pomidor, yarim kilo piyoz bering, xola, – dedi keyin cho‘ntagidan pul chiqarib.

Habiy ko‘ringanda bular ham savdolarini bitirishgandi.

– Bo‘pti, Surma xola, – deb qo‘ydi beixtiyor Deh­qonboy do‘kondan nari ketisharkan. – Qiziyzga salom ayting.

– Xo‘p, – dedi kampir hamon ko‘zlarini bir yoq­larga yashirib. – Ko‘p ichishmagin, ho‘y, bollar?

Anhorning eni salkam to‘rt metr keladi. O‘ziyam lim-lim oqadi, suvi tiniq. Ikki tomoni tuproq yo‘l. Yo‘l cheti ajriq. Bolalar cho‘miladigan yerdan nari­roqda yo‘lga yonboshlagan qari tol bor. Shu ularning pakkasi.

– Arag‘ing muzdekmi? – deb qoldi tolga yaqin kelganda Dehqonboy.

– Bilmadim, – bitta araqni xaltadan olib changalladi Habiy. – Araqdaqa araq.

– Suvga irg‘it. Ro‘paramizga kelguncha xiyla sovib qoladi. Sovumasa yana otamiz.

– Yo‘g‘-ye… – ishonqiramay unga qaradi Habiy. – Oqib ketsa, omma…

Nahotki araq oqsa, degan fikr urildi Uning shuuriga.

Habiy araqni qulochkashlab ancha nariga otdi. Shisha «cho‘lp» etdi-yu suvga cho‘kdi. Uchovlonning ko‘zi o‘sha yoqda – ana chiqadi, mana chiqadi. Yo‘q, nazdlarida araq suv betiga chiqishi lozim bo‘lgan muddatning ikki-uchtasi o‘tdi. Ammo mudom shisha ko‘rinmasdi.

– Araqni yeding, ho‘y! – deya Dehqonboyga qo‘lini bigiz qildi Habiy.

U miyig‘ida bir kulib, tol ostidagi ajriqqa o‘tir­di: demak, araq oqmaskan.

– Bor, obchiq! – o‘dag‘ayladi Habiy. – Uch kishiga bitta araq nima bo‘ladi?

Dehqonboy qo‘lidagilarni yerga qo‘yib, yechindi. An­hor yoqasiga kelib, avval qulog‘u burnini ho‘lladi: suv kirmasin dedimi yoxud tanasini suvga mosladimi, keyin o‘tirgan ko‘yi suvga kalla soldi va oqimga qarshi suza ketdi – araq tushgan joyni mo‘ljalladi.

Habiy ko‘ylagini yechib, tol shoxiga ilayotganda U ajriqqa o‘tirdi. Dehqonboy qo‘ygan narsalarni paypaslab, pomidor va piyozni oldi.

– Pichoq olmabmiz-u? – dedi shimini yechaymi-yechmaymi deb turgan Habiyga.

Habiy shimini yechmadi. Dehqonboyning ajriq us­tidagi shimini ko‘tarib, u yoq-bu yog‘ini changalladi.

– Unda pichoq bo‘ladi, – dedi shim cho‘ntagidan chalbuzar chiqarib. – Alkashda hamma narsa bo‘ladi.

U to‘rtta pomidorni yuvib, bo‘laklab qo‘yaqoldi. Piyozni parraklab to‘g‘radi, nonni sindirib xalta ustiga qo‘ydi.

Dehqonboy shishani uzoq qidirdi, sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib qidirdi. Bir payt «topdim» deya hayqirib yubordi. Azot ko‘tarilgan o‘ng qo‘lidagi shisha bo‘lakcha yaltirab ketdi.

– Topmasangam o‘larding-da, – dedi ta’na qilgan bo‘lib Habiy ajriqqa o‘tirarkan.

Shunda Uning yuragi qattiq bir sanchdi, ko‘ksida og‘riq turdi. U ko‘zlarini yumib, jim qoldi, og‘riqning o‘tib ketishini kutdi. Habiy ham, suvdan chiqib kelgan Dehqonboy ham uning holini sezishmadi.

 – Ma, arag‘iyni, – dedi Dehqonboy shishani Ha­biyga uzatib.

Uning yurak osti yana siqdi: bu do‘stlarining unga, bir-birlariga bo‘lgan beg‘ubor mehridanmidi?.. Kip­riklarining osti achishdi. Axir yuragi oldin ham shu­naqa og‘rigandi-ku…

Avval onasi o‘ldi – yuvoshgina, to‘porigina onasi oxiratga ketdi. O‘shanda U qiyomat, so‘roq-savolu jazoni o‘ylarkan, nahotki mana shu bir umr o‘zi suygan yemishini to‘yib yemagan, boshqalarda gunoh va ayniqsa, o‘ziga nisbatan yomonlik bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan, hozirgilarning tosh-tarozusida o‘lchaganda, na hayot va na o‘limning ne ekanligini bilmagan, balki bularning barini bolalarim, erim, deb tushungan onaginamda ham gunoh bo‘lsa, nahotki u ham jazoga tortilsa, deya o‘rtangandi. Onasini tuproqqa topshirgan kunning oqshomida ham yuragi qattiq-qattiq sanchgandi.

Ha, birgina onasi, yolg‘izgina onasi uning iste’dodiga ishonardi. Yo‘q, onasi rahmatli na oxirat va na dunyo ilmini bilardi. Ammo o‘g‘liga, uning hech kimga o‘xshamasligiga ishonardi.

Keyin U yetim bo‘ldi, kap-katta yoshida yetim qoldi. Aslida esa dunyo yetim qoldi, deb o‘yladi. Yaxshiki, do‘stlari – Habiy bilan Dehqonboy bor edi. Goho ichib, goho yozib, goho qishloqni kezib, goho do‘stlariga o‘xsholmaganligidan afsuslanib yashayverdi. Lekin Xudo farzand bermadi. Har gal xotinini rostmana quchoqlaganida «Nega?!», deya hayqirmoqni istardi. «Nega axir, tani-jonim sog‘-ku», derdi-yu yuragini changallardi.

Bir yil oldin xotini qazo qilganda esa yuragi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Na yig‘ladi, na kuldi, na so‘z dedi, to‘nni kiyib, belbog‘ni bog‘lab, do‘ppi ostida mung‘ayib, jim o‘tiraverdi.

U Habiyning qo‘lidan piyolani olarkan, go‘yo araq­ni ichgisi kelmayotganday o‘zidan nari surdi, ikkinchi qo‘lining ikki barmog‘ida bir bo‘lak pomidor.

Rahmatli xotini har yili kuzda paxtaga chiqardi. Kuz kunlari qisqarib boradi, yozning uzundan-uzoq kunlariga ko‘nikib qolgan kishining kuzga ko‘nikishi qiyinroq kechadi. Xotini ertalabdanoq paxtaga ketar, U esa choy-poyini apil-tapil ichib, ishiga shoshardi. Endi bilsa, ishda ham faqat va faqat paxta haqida gapirilgan, o‘ylangan ekan. Xotini shom mahali qaytardi. Sezgir nigoh horib-charchab, qorayib, chang-g‘uborga botib qaytganini oson payqardi. Yuz-ko‘zidan, qani endi erim menga hech narsa – na ovqat va na boshqa narsa, demasa, degan ma’no yog‘ilib turardi. Uning xotiniga rahmi kelardi – na ovqat va na boshqa demasdi. Mundoq o‘ylab qaralsa, degulik ham bo‘lmasdi. Xotinining zo‘rma-zo‘raki piyoz to‘g‘rashiga qarab turib, «xotin, damingni olaver, qornim to‘q», deb yuborardi. Yo rostdan ham goho qornini ko‘cha-ko‘yda to‘yg‘azib kelardi. Xotini o‘zining charchab, zo‘rg‘a turganligini xaspo‘shlashga urinarmidi, «ikkitagina tuxum qovurib beraqolay», deb qolardi. U ko‘nmasdi. Shunda xotini yengil nafas olardi-da (erim sezmayapti, deb o‘ylab), ikkita pomidor yoki bitta olma bilan non chaynab qo‘ya qolardi. O‘sha hayotmidi? Umuman, biz yashayotgan mana shu hayot hayotmi? Yana so‘roq-savol yodiga keladi va o‘shal javobgarlik nimaga nisbatan olinishini o‘ylaydi. Nahotki xotinida, ha-ha, ana o‘sha xokisorgina, kamsuqumgina xotinida ham gunoh bo‘lsa? Unda nimaga nisbatan gunoh deyiladi? O‘shanda ham yuragi qattiq sanchdi.

U araqni sipqorib, pomidorni gazak qildi.

Ertasi Habiy bilan Dehqonboy uni poytaxtga kuzatib qolishdi.

Anchagacha moviy pardaga tikilib (go‘yo tikilib) yotdi. Sanchiq chekinib, yurak urishi me’yorlashdi.

Baribir turishim kerak, pardani surishim, osmonni qidirishim kerak. Parda surilgach, osmonni qidirish na darkor, ey, Habiy aytmoqchi shoir, dedi ichida. Axir men shoir emasman-ku, degan nido keldi yana ichidan. Axir men shoir emasman-ku! Baribir pardani ikki tomonga surib, osmonni ko‘rdi. Quyosh charaqlab yotardi. To‘qqizinchi qavatda emasmi, osmon shundoqqina bo‘g‘ziga tiqilganday bo‘ldi. Bet-qo‘limni yuvay, keyin choy ichaman, degan o‘y kechdi xayolidan. Yuvinib chiqib, narsalari turgan xonaga o‘tdi. Sumkasini poldan olib, dumaloq stol ustiga qo‘ydi. Quruq choyni topish ilinjida kovlana ketdi. Sochig‘ini, sovunu tish yuvgichlarini beixtiyor bir-bir paypasladi, ularni stol ustiga oldi. Quruq choy o‘z idishida edi, sovunning hidi urmagandir. Choyni qo‘liga olgani hamono sumkasining uzun oqish bog‘ichi uzra o‘rmalayotgan qu­mursqaga ko‘zi tushdi. U uzumning yoxud shaftolining shoxida, nari borsa, odamning tanida o‘rmalayotgandek sekingina va balki ohistagina, bir maromda borardi. Ie, bu yerga qumursqa qayerdan keldi, o‘yladi U. Nahotki shundayin joylarda ham qumursqa bo‘lsa? Diqqat bilan qumursqani kuzata boshladi – ehtimol biron mud­daosi bordir, o‘yladi so‘ng. To‘xta-to‘xta, u sho‘rlik uyda – qishloqda sumkaga kirib qolgan bo‘lsa-chi? Diydasi yumshadi, yig‘lagisi keldi-da, yana yuragi sanchdi, biroq bu sanchish xush yoqqanday bo‘ldi. Salom, vatandosh, pichirladi lablari, yolg‘iz qolmasin debsanda-a? Qo‘lidagi choy ko‘ziga ilindi-yu, darvoqe, Xeminguey qahvani yaxshi ko‘rardi shekilli, degan o‘y urildi miyasiga. Choyni stolda qoldirib, oshxona tomon o‘tdi. Ing­lizchasiga «Qahva» deb yozilgan apparatning murvatini bosdi. Jo‘mrak ostidagi finjonga qo‘ng‘ir qahva quyildi. Ho‘pladi. Namuncha taxir bo‘lmasa? Yonboshda oqqand turardi. Ammo u qahvani qaytib ho‘plamadi-da, finjonni joyiga qo‘yib, yuvinish xonasi sari yurdi: bir cho‘milay.

Yuvinib bo‘lgach, hafsala bilan soqolini oldi. Keyin chala dazmollangan ikkita ko‘ylagining birini tanlash uchun rosa urindi. (Shimni tanlashga esa hojat yo‘q, chunki u bittagina edi). Qay birini kiysam ham manovi hashamatli mehmonxonaga-yu bu ulkan shaharga baribir mos kelmayman, deb o‘yladi beixtiyor. Anjuman ertaga boshlanarkan. Qatnashchilarning har taraflardan kelishlarini hisobga olishgandir-da. Demak, bugun shahar aylansa bo‘ladi. Qiziq, nega endi aynan mana shu aylanish so‘zidan shunchalar keng ma’noli qiziq so‘z yasalganikin-a? Shahar aylansa bo‘larmish. Balki yon-veridagi xonalarga ham shoiru yozuvchilar joylashishgandir? Birortasini tanirmikin? Qayoqdanam tanisin, naryoqlarni-ku qo‘ying, qo‘shni davlatlarning hozirgi yozuvchilaridan birontasini tanimaydi-ku. Tag‘in dunyo adabiyoti, deb lof-qof urishlariga balo bormi? Boshqa viloyatlardan ham kelishganmikin? Xalqaro anjumanga viloyatdagilarni kim ham aytardi? Uni balki o‘sha hikoyasi uchun… O‘tgan yili bitta hikoyasini – «Odam»ni kimdir o‘ris tiliga tarjima qilib, Rusiyaning qaysidir jurnalida chop ettiribdi. Keyin uni inglizchaga o‘girib, chiqarishibdi. O‘zi bulardan bexabar edi. Yaqinda o‘zimizning al­laqaysi gazetada bu haqda yozishganini eshitib qoldi. Ha-ha, eshitib qoldi. Chunki o‘zi yaqin-o‘rtada gazeta yoki jurnal o‘qiganini eslolmaydi. Yozuvchining ah­volini qarang… Xullas, ana o‘sha «Odam» uchun uni buyoqqa taklif qilishgan. Endi uni chet ellarda ham bilishadi. U miyig‘ida kuldi: qishlog‘ingdagi yarim odam tanimaydi-yu, chet elda kim ham tanirdi seni. O‘zing Tolstoy, Dostoyevskiy, Bulgakovdan boshqasini bilmaysanu… Demak, shahar aylanadi. Eshikni qulf­lab, yo‘lakda birpas turib qoldi: eshiklardan biri ochilib, tanish shoirmi, yozuvchimi chiqishini kutdi. Ammo hadeganda eshiklar ochilmadi, yo‘lak jim-jit­ligicha turaverdi. Nima balo, hech kim yo‘qmi? Shu payt qishlog‘ida Habiy, Dehqonboyni chaqirgandek hayqirgisi keldi. Yuragi yana g‘alati bo‘lib ketdi. Og‘ir yutinib, chap ko‘ksini silagancha lift sari yurdi. Lift o‘ylaganidan keng edi. Lekin hech kim chiqmadi. «1»ni bossam bo‘ldi, pastga olib tushadi – o‘yladi. Ishqilib sharmanda bo‘lmay-da. Bir narsa bo‘lsa-yu, biron kishi «nega buni bosding», deb qolsa nima deyman. Kecha notanish hamrohlar bilan chiqib olgan edi. Endi esa… «1»ni bosdi. Lift jilganini sezdi-yu, biroq qariyb ovozi eshitilmadi. Qishlog‘imda oson yurardim, oyog‘im ostida yer bor edi. Bu yerda esa mavhumlik, muallaqlik. Agar istasam qishlog‘imda ucha olaman (bu endi qahramonning o‘ylari, kulmang), xuddi oppoq (faqat oppoq) kapalakka o‘xshab. Lekin bu yerda ucholmayman. Yo‘q, manovi mening quvvai hofizamga sig‘mas hashamat yoki mendan hadsiz darajada mashhur, balki zo‘rroq odamlar (boringki, yozuvchilar) borligi uchun emas. Yo‘q, aslo. Bunda yer yo‘qligi uchun ham ucholmayman. Osmon bor, lekin yer yo‘q. Men qishlog‘imda kapalak bo‘lib ucha olardim. Lift to‘xtadi. Yoki sen rostdan ham zo‘r yozuvchisan, yo bor-yo‘g‘i xayolparastsan, degan fikr urildi miyasiga.

Shahar nima uchun shahar? Osmono‘par baland binolari, tekis yo‘llari, beadad odamlari borligi, yana-tag‘in qariyb daraxtlari, tuprog‘i yo‘qligi uchun shahar. U bularni o‘ylamadi va hatto shaharni ju­da-juda ko‘r­gisi keldi. Axir yana qachon buyoqlarga ke­ladi-yu? Shaharni yo yaxshi, yo yomon ko‘rgani uchun ko‘rishni istamadi, shunchaki, ko‘rgisi keldi. Ovozyutgich eshik os­tonasidan hatlashi hamono uncha ko‘nikmagan, lekin televizor yoki kinolarda ko‘ribmi, xotirasining allaqayerida mana shu shahar ovozi, deya saqlangan shovqin ichra qoldi. Go‘yo qalin daraxtlar kabi o‘sgan binolar, rang-barang yozuvlar, turgan va yurgan son-sanoqsiz avtolar, tekis yo‘l (yo‘llar), turli tarafga shoshayotgan behisob odamlar, nihoyat, ovozlar, qorishiq ovozlar qulog‘ini batangga keltirdi. Baribir shahar yaxshi, o‘yladi beixtiyor. Ammo shuurining bir burjida, «shu sening gapingmi?», degan o‘y ham balqib qo‘ydi. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Hamma qayoqqadir boradi va hatto shoshadi. Mana, masalan, yo‘lning narigi betida turgan hov anovi qizni olaylik: oppoq tor shimu maykasi (bu matohni yana qanday atash mumkin, bilmaydi), poshnasi uzun tuflisi o‘ziga bag‘oyat yarashgan. Qosh-ko‘zi qora, lekin sochi mallarang. Agar shu qiz, ularning qishlog‘ida, boring, ana, mayli, odam ko‘proq to‘planadigan Surma xolaning «bo‘tka»si oldida mana shunday ahvolda tursa nima bo‘ladi? Birovning ishi bo‘lmasligi mumkinmi? Eng avvalo Surma xolaning qip-qizil beti yanayam ollanib, qizg‘ish to‘rlaydi. Shippagu futbolkada yurgan yosh-yalangning ko‘zi chaqnab, «voau-u» deb yuboradi. Habiy bilan Dehqonboy esa… Yo‘q, ular birrov qarab-netadi va balki u yer-bu yerlari sal-pal jimirlab ham qo‘yadi-yu, ammo e’tibor bermaslikka urinadi. Qari-qartanglar esa uning millati-yu, kimning qizi yoki qarindoshi ekanligini surishtirishadi. Bu qoloqlikmi-yo‘qmi?.. Shahar – shahar, u yerda bunaqa gaplarning qizig‘i yo‘q. Shuning uchun ham ehtimol ko‘plar erkinlik istab – bilganini qilsa birovning ishi bo‘lmasligi uchun ham shaharga talpinar.

U so‘lga burilib, yo‘lak bo‘ylab ohista yura ketdi. Ro‘parasidan, ortidan kelayotgan odamlarga qorishib yurdi. Ikki yonidan o‘tayotgan odamlarga beixtiyor e’tibor berarkan, aslida ulardan farq qilmasligini, bir vaqtning o‘zida, ularga mutlaqo o‘xshamasligini angladi. Atrofidagilar bag‘oyat po‘rim edilar. Ular buni sezarmidilar va yoki uning o‘zlaridan bundayroq, umuman olganda, farq qilishini payqarmidilarki, U bilgan haddan o‘tgulik viqorli edilar. U bo‘lsa, o‘zi­ning tashqi qiyofasiga, boringki, ust-boshiga e’tibor bermasa-da, ayni paytda, hamma, ha-ha, hamma o‘zidan yuqorida ekanligini fahmlay, nari borsa, shunday o‘ylay boshlagandi. Men kimman, degan fikr shuuriga tobora chuqurroq o‘rnab borardi. Hech kim emasman-ku axir. Bor, ana, Xemingueyga o‘xshagan bir yozuvchidirman-da. Kamtarinlikni qarang – Xemingueyga o‘xshaganmish. U miyig‘ida kuldi – sen nafaqat Xeminguey, balki o‘zbek tanqidchilari tomonidan umuman tilga olinmagan yozuvchichalik ham emassan, mulla! Shuning uchun o‘zimga o‘xshagan odamlarni topganim ma’qul – bu uning ayni paytdagi hukmi edi, har holda, hech qursa, hozirimni yengishim oson bo‘ladi. Shu o‘y xayolidan o‘tishi hamono o‘zbekning kichikroq mil­liy sandig‘iday keladigan bir juftdan sumkalarini ko‘targan (aniqrog‘i, sudrayotgan) ikki ayolga ko‘zi tushdi. Ular o‘zi tengi edi, chamasi, biroq, katta xotinlarga o‘xshashardi. Tijoratchilikka chalingan bu ayollar qishloqning U bilgan sodda (aslida ustomon), biryog‘ini aytsang, turmushning mushtlari tanini momataloq qilgan, bola-chaqasi uchun jontalosh bozorchilar edilar. Qishloqqa mol olib ketardilar chog‘i, og‘ir sumkalarini yo‘lning narigi betiga o‘tkazishga uri­nardilar. U shaxd borib sumkalarning birini tutdi:

– Men olib o‘tishib qo‘yaman.

Ikki ayol tuyqus bir-birlariga ma’noli qara­dilar: «Shunaqasi ham bo‘lishi mumkinmi?» – degan savol zohir edi nigohlarida.

 – Hushyor bo‘l, kiyimidan shaharlikka o‘xshamaydi, – deya shipshidi ayollarning biri ikkinchisiga. – Sumkani urib ketmasin.

Bu gapni U ham eshitdi. Tutgan sumkasini yerga qo‘ydi. Avval kaftlariga, so‘ng salkam g‘ijim ko‘ylagiga boqdi. Biroq shuuri ayollarning gapi-yu ko‘ylagining holatidan uyg‘unlik topib, ma’no chiqarolmadi. Yo‘lak tomon chekindi.

 – Ana, aytmadimmi, – deya pishilladi yana haligi ayol. – Sezganimizni sezib qoldi.

Qiziq gap, o‘yladi U, «sezganimizni sezib qoldi», deyish uchun odam kamida shoir bo‘lishi kerak. Uni hatto o‘zining «qishloqilari» ham qabul qilishmadi.

U u yoqdan-bu yoqqa o‘tayotgan turfa odamlar aro yo‘lak o‘rtasida tek qotdi. Ana endi qaysi tomongadir albatta yurishi kerak. Qayoqqa yursin – o‘nggami, so‘lgami, tepagami, pastgami? Ammo nima bo‘lganda ham yurishi shart. U ro‘parasiga yurdi – har qalay nimadir bo‘lar. Odamlar buncha ko‘p-a? Aslida ko‘pligi yaxshi. Lekin… Xuddiki o‘rikzor, olmazor, bodomzor degandek bu dunyo odamzorga o‘xshaydi. Dunyo – odamzor. Shunday ekan, nega endi odamzorning zavoli bunchalar mo‘l? Bas qil, falsafangni, o‘ziga tanbeh berdi U, sen odamzor ichra emas, yo‘lakda u yoqdan bu yoqqa o‘tayotgan odamlar orasida bir odam, ya’ni ularning bir bo‘lagi sifatida borayapsan. Bor gap shu – ularning har biri seni ham shunchaki yo‘lakdan o‘tayotgan odam, deb biladi, vassalom. Lekin nima bo‘lganda ham «sezganimizni sezib qoldi», degan jumla zo‘r chiqdi-da – tap-tayyor hikoya, ehtimol she’rdir.

U so‘lga burilib, yana ohista, o‘ychan odimladi. O‘ylari qovushmadi. Shahar shunchalar shovqin bo‘­li­shini avvallari sezmagan ekan. Balki manovi odamlar, ko‘zlari o‘ngu so‘ldan va umuman hammayoqdan har qayoqqa o‘tayotgan, aksariyat shoshayotgan odamlarni bir qur «cho‘qilab» o‘tdi, shovqinni mutlaqo eshitishmas, undagi sezish quloqlarining, vujudining sokinlikka ko‘nikkanligi tufaylidir. Tavba, nahotki meni na shahar, na hammani, har narsani qabul qilish tugul yutib yuboradigan manovi odamlar va hatto, bir jihati, o‘sha onda o‘zimniki, deya o‘ylagan haligi xotinlar ham hazm qilolmasalar-a? Qiziq so‘z – hazm qilolmasalar, hazm qilish uchun yeyish kerak-ku axir. Uning lablari qayrildi – jilmaydi. Ha, endi buyam bir xalq iborasida, Habiy aytmoqchi, ey, shoir.

Bu yerda osmon ikki chiziq orasida bo‘larkan. Chor tarafingda, ayniqsa, ikki yoningda balanddan-baland binolar. Nigohing bilan to osmonga yetguncha bir yutinib olasan – osmon qani, deging keladi. Biroq va nihoyat yetasan, yetasanu shu turishingda, ya’ni pastda turganing holingda osmonni chamalaysan, oqu qora bulutlarini izlaysan, osmon esa bilganingdek, tushunganingdek keng emasligini payqab qolasan. Osmon shu xolosmi, deysan, nigohingni quyi olib, ko‘rasanki, u binoning ilk chetidayoq tugaydi…

U o‘zini tushkun, mijg‘ov, boringki, qo‘shtirnoq ichida rutubatli odam, deb bilmaydi. Onasi o‘ldi, chidadi, hatto ko‘z yoshini ham birov ko‘rdi-ko‘rmadi. Xotini o‘ldi, chidadi, hatto farzandsizligi ham uni iztirobu qiynoqdan o‘zgasiga ro‘baro‘ etolmadi. Keyin esa yolg‘izlik… yolg‘izlik. Hatto, ha, yana hatto adabiyot ham (bu endi uning o‘yi, aziz o‘quvchi) dardiga malham bo‘lolmadi. U oyog‘i ostidagi qumursqadan to koinot qadar bo‘ychan va ularning hamma-hammasiga mas’ul ekanligini anglab qoldi. Yo‘q, aslida anglaganini o‘zi anglamadi. Shu holiga uni tushkun, deyish mumkinmi? U tushkun emas. Ammo insoniyatning yozma, noyozma xotiralaridan ayonki, boshidanoq aksariyat jamiyatlar shoirlarni (boshqacha tushunmangu, Habiy aytmoqchi, U ham shoir-ku) unchalik xushlamagan, xushlamagangina emas, ulardan saqlanishga uringan. Chunki ular har bir narsaning yoki voqelikning o‘zga ma’nolarini topishga yoki tushunishga uringanlar. Shunday ekan, shoirlar emas, bu dunyo, balki butun koinot tushkun… Axir sen shoir emassan-ku…

Baribir bu yerda osmon ikki chiziq orasida.

Ro‘parada kuchuk yetaklab kelayotgan mallasoch kampir ko‘rindi. Kuchugi ham malla, buning ustiga pahmoq edi. Sezgir nazar bilan kampirning serajin yuzidan, ajinlar aro miltiragan ko‘zidan, uning butun jonu jahoni, soddaroq aytganda, ovunchog‘i yolg‘iz mana shu kuchuk ekanligini payqash mumkin edi. Kuchuk zavq qo‘zg‘ar darajada yoqimtoy bo‘lib, timirskilanib, o‘zini u yoq – bu yoqqa urar, tinmay pitirlardi.

Uni nima jin urdi, bilmaydi: kampirga yaqin­lasharkan, yer tepinib, qo‘llarining kuchukka hamla qi­layotganday harakati ortidan irillaganday ovoz chiqarib, u bilan tegishmoqchi bo‘ldi. (Odatda qishloqda bolalar, yoshlar ko‘ringan itu mushukka tegajog‘lik qilib o‘tadi-da, shu yodiga tushib, yoshligi qo‘zidimi). Kuchuk cho‘chib, akillagancha o‘zini nari urdi. Kampir siltanib, yiqilib tushayozdi. Tezda o‘zini o‘ngladi-da, shoshib kuchukni quchog‘iga olib, boshini siladi:

– Uspakoysya, milaya, – dedi ovutib, so‘ng Unga qa­rab o‘qraydi. – Dikar!.. Churban!..

Bu payt o‘tgan-ketganlar ularga qarab turishardi. U nima qilishini bilmay serrayib qoldi. Yoshroq bo‘lganida tiraqaylab qocharmidi. Qizardi, bo‘zardi. Kampir g‘udrana-g‘udrana nari ketgachgina, lablari pichirladi:

 – Izvinite…

Agar hozir Uning xalqaro anjumanga kelgan yozuvchi ekanligini bilishsa, nima qilishardiykin-a? Aslida xunuk ish qildi: axir bu yer shahar, poytaxt bo‘lsa. Bu makonda xalqlar, millatlar qovushadi, qorishadi. Sening hozirgi qilig‘ingni biron qishloqdan kelgan odam yoki ildizlarini sog‘inib, iztirobga to‘lgan qandaydir shoiri devona tushunmasa agar, boshqa birov hech qachon anglolmaydi. Ha, hamma qovushgan, qorishgan joyda ham yana yolg‘iz qolishing tayin, aks holda seni hech yo‘q kuchuk tushunardi. Yuragi qattiq g‘ijimlab, yuzi tirishdi. Qaysidir ma’voda manzil toparman, axir, – dedi ko‘ksini silab. Tushgacha sanqidi. Har kungi mahalda qorni ochganini sezsa-da, yana ancha yurdi. Axir taomildagi tushlik vaqti bor-ku, hech yo‘q shaharda shunga amal qilay, deb o‘yladi. Shu istagi yetovida hatto mehmonxonadagi tekin ovqatdan ham voz kechdi. Nihoyat xorijiy rusumdagi, peshonasiga «Kafe Tarzan» deb yozilgan yemakxona qoshida to‘xtadi. Tarzanning kimligini bilisharmikin o‘zi bular? Bilishgani uchun qo‘yishgan-da, buning ustiga, jarangdor ham. Nima, Alpomish yo Go‘ro‘g‘li, deb qo‘ysinmi? Balki Namozbotir qo‘yishlarini istarsan? Unda bu yerning xodimlari yemakxonaning nomini aytolmay ishdan haydalib ketishar. Hay, mayli, avval «tarzanchilar»ning xizmatini bir ko‘raylik-chi?.. Bunaqa joyda hamma narsa qimmat bo‘lishini o‘ylab, cho‘ntagini kovladi, pulini chamaladi. Topgan puling bitta joninggga yetib ortadi-yu, yana nimani chamalaysan?! Bir yozilsang yozilibsan-da, Habiy aytmoqchi, shoir, u yog‘iga Xudo poshsho. Oynavand eshikdan ichkari kirdi. Ichkarida yana bitta eshik bor ekan, undan ham o‘tdi. Xona unchalik keng bo‘lmasa-da, salqin, jim-jit edi. Mayin musiqa yo eshitiladi – yo eshitilmaydi – shunaqa ishlarda juda me’yorni bilishadi-da bular. Odam siyrak. Uni novcha, go‘zal bir qiz qarshi oldi. Qarshi olishi asnosida sinovchan nazar soldi. Yoqimli talaffuzda gapirishidan angladiki, Uning millatini, aniqrog‘i, unga qaysi tilda gapirgan ma’qulligini bilishga urinardi.

– Qayerga o‘tirasiz? – so‘radi qiz nim tabassum va xiyol ta’zim ila.

U «qayerga buyurasiz», deganday qaradi. Qiz chet­roqdagi xoli joyga yetakladi. O‘tirishi hamono qo‘liga taomnomani tutib, daftarchasini ochdi. Shoir taomnomadagi tanish-notanish ovqatlarning nomiga bir-bir ko‘z yugurtirarkan, o‘zini qizni uzoq kuttirib qo‘ygandek sezib, biroz o‘ng‘aysizlandi va tavakkaliga bitta taomu salat buyurdi.

 – Ichishga-chi? – so‘radi qiz.

Darvoqe, nimadir ichishi ham kerak-ku.

 – Choy, – dedi-yu birdan dadillashib, o‘mganini ko‘tardi. – Va yuz ellik gramm araq.

Qizning yuzi yorishib ketganday bo‘ldi. Uzun oyoq­lari shitob odimladi. Etagi tizzasidan anchagina yuqo­rida to‘xtagan tor yubkasi oppoq sonlariga juda yarashgan edi. Patnis bilan qaytib, buyurtmalarni stolga qo‘yayotganda Uning ko‘zi yana qizning sonlariga tushib, ko‘ngli g‘ilqib ketdi: dasturxon ustida bunaqa a’zolarning yopiq turgani ma’qul ekan. Endi manavi savil idishdagi araqni ikki bo‘lishi kerak, yana tag‘in istikon… ryumkada. Ryumkada ichish juda qiyin-da, ichib bo‘lguningcha hamma qarab turganga o‘xshaydi, chunki unda ichish, yanaki simirib ichish uchun boshni ancha orqaga tashlash kerak. Ungacha… Choy buyurgandi, piyola bilan olib kelsa kerak. Biroq hadeganda choy ham, piyola ham ko‘rinmadi. Araqni ko‘rgach, tomog‘i taqillab ketgandi. Ichdi. Buyurgan taomi tovuq oyog‘i shaklidagi qorishiq go‘sht aralash bir balo ekan. Undan, salatdan yedi. Yana ichdi. Yuz ellik gramm ham rosa ko‘p bo‘larkan-da, o‘yladi o‘zicha. Ovqat shirin ekan, jag‘lari tobora avjlandi. Shu payt xizmatchi qiz keldi-da:

– Kamchiliklar yo‘qmi? – dedi.

U choy obkeling, demoqchi bo‘ldi, lekin tili aylanmadi, nosinashta joy bo‘lganligi uchun o‘zini mastday his qildi. Lablarini qimtib, burni va og‘zi orqali qandaydir ovoz chiqardi-da, boshini silkidi. Qiz ortiga qayrilganda ovqatga engashgan ko‘yi uning sonlariga suqlandi: chiroyli ekan! Shuniyam biron baxtli odam quchoqlarmikin? Quchoqlarmikinmish! Nafaqat quchoqlaydi… Shuning uchun ham islomda avrat, araq ichma, degan gaplar bo‘lsa kerak-da. Qori bo‘p ket-e, Habiy aytmoqchi, ey shoir! Bilmasang (agar bilmasang-da), endi bilasan: barcha zo‘r shoiru yozuvchilar qishloqda tug‘ilganlar. Hech bo‘lmasa, qishloqqa o‘xshagan shaharda. Keyin esa shaharga kelib, manavinaqa ko‘rgiliklar (sharoitlar) ichra avvaliga mast-alast bo‘lib, o‘rnashib olgach, bolalik va yoshlik xotiralariga tayanib, bir nimalarni yozaveradilar-yozaveradilar. Kimlarningdir, balki o‘zlarining naz­dida ham tuzukkina narsalarni ejod (ijod) etadilar. Qarabsanki, hammalari «klassik». Ammo ular na manavinaqa yemakxonada ovqat yeydilar va na mana bunday sonlar haqida o‘ylaydilar. Ular o‘z uylarida o‘tirib olib, bolaligu yoshliklarini o‘ylaydilar va o‘zlarini hamon o‘shanday tutishga urinadilar, balki shundayman, deb biladilar. Aslida esa ular… Qaysidir yozuvchi qishloqni donor deb atagandi, ya’ni shaharni, boringki, poytaxtni turfa iste’dodlar bi­lan ta’minlovchi donor. Ehtimol, taqdir deganla­ri shudir. Taqdir aslida nima va u qayergacha? Inson o‘lgach, taqdiri tugaydi-ku, shunday ekan, o‘lgan va mudom buyuk, deya e’tirof etilayotgan shoiru yozuvchilarning taqdiri mudom davom etayaptimi? Bu savolga javob yo‘q, bilaman, biroq Navoiyni yoki Mashrabni nega buyuk, deymiz? Nega? Keyingi yuz yillikda yozilgan darsliklarda turfa g‘oyalar pinjida maqtalgani uchunmi? Cho‘lpon yoki Qodiriy o‘tgan asrning boshida yomon edi, endi yaxshimi? Kim aytdi? Balki hozirgi yaxshilar yuz yildan keyin yomon bo‘lar? Kim ayta oladi? Demak, biz e’tirofda tormiz, biryoqlamamiz. Adabiyot shu bugun bilan yashasa – bu xavfli, bugun yulduzlarni kashf etadi-da, ertaga ularni chaynab, tuflab tashlaydi. Necha Navoiy, necha Mashrab bor edi? Ular sizu bizning darsliklarimizda yo‘q xolos… Endi dun­yo­ga kengroq boqish lozim…

Xizmatchi qiz choy olib keldi. Piyola ham ke­lar­kan-ku, o‘yladi U. Yo‘q, millatim hali aynimagan – mana bunday joylarda ham choynakda choy va piyola bor ekan, demak… Buning ustiga, qiz uning g‘ijim ko‘ylagiga parvo qilmadi, hatto nigohida ham sezdirmadi. Eh­timol, hisob-kitobda hammasini chiqarib olar. Choy ho‘plarkan, hov narida o‘ziga termulib turgan qizning soniga yana suqlandi: ayol ko‘rmaganiga qancha bo‘ldi-yu. Mabodo qo‘qqisdan yur, deb qolsa ham hozir o‘ziga ishonmaydi. Axir qancha bo‘ldi-yu… Po‘lat o‘tda toblanadi axir…

Qizni chorlab, hisob-kitob so‘radi. O‘n besh ming. Yaxshi-ku – mana bunday joyda, mana bunday suluv xizmat qilib turganda, mana bunday mazali taomlar va araq – arzon-da. O‘z tumani markazidagi oshxonalarning xizmatchilari ham agar ichganini sezib qolishsa, uch ming so‘mlik yemak-ichmak uchun o‘n ming olishadi. Unga qaraganda bu arzon. Ammo u ayni paytda poytaxtga ketayapman, deya anchagina pul olib kelganligini va hozirgi xayoli shunga nisbatan ekanligini o‘ylamasdi.

Mehmonxonaga yetib kelgunicha, ovqat yoki ichimlik ta’sir qilib, tani qizidimi, terlab ketdi. Salqin xonaga kirdi-yu, ust-boshini yechib tashlab, momiqdek xobjoyga yastandi. Ko‘p o‘tmay, dong qotib, beozor pishillay boshladi.

Rosa uxlabdi. Tush ko‘ribdi. Tushida yong‘oqlar yer bilan bitta bo‘lib yotganmish. Yong‘oq bo‘lib hamki, po‘sti yupqa, barmog‘ing bilan shunday bossang, chaqilib ketarmish. Mallasoch kampir hovuch-hovuchlab yong‘oq te­rarmish, «kuchugimga terayapman», dermish. U bo‘lsa, bir-ikkita yong‘oqni chaqibdi-yu, mag‘zini yo topibdi, yo topolmabdi. Birdan pahmoq yunglariga qorishgan dumini likillatib kuchukcha ham paydo bo‘libdi.

Bunchalar hikmatlisan, hayot, dedi ichida o‘rnidan turarkan. Vannada maza qilib cho‘mildi. Yalang‘och holida sochiqqa artina-artina xonada kezindi. Nimadir qilishi kerak-ku, axir. Shuuri bag‘oyat tiniq edi, faqat qaysi tomonga yoxud nimaga yo‘nalishini bilib olsa bas. Oromkursiga o‘tirib, kattakon televizorning murvatini biroz qidirgach, bosdi. Televizorning tiniqligi, ranglarining nihoyatda tabiiy ekanligi e’tiborini tortdi. Dunyo o‘zgarib bormoqda – aql-zakovatga, tafakkurga ming-ming tasanno. Aql deganlari olamni tasvirga ko‘chiribdi. Ertagalik anjumanni ham televizorda ko‘rsatishsa kerak: o‘zimizning alloma yozuvchilar ikki yonlariga xorijiy mehmonlarni olishib, to‘rda o‘tirishadi. Eng yomoni, balki eng dah­shatlisi, na biznikilar va na mehmonlar bir-bir­larini tanishmaydi. Hoynahoy arbob yozuvchilarimiz­dan biri (eplaganida) rus tilida nutq irod qilsa ham ajabmas. Turgan gapki, barcha mehmonlarning en­sasi qotib, o‘zimizning nisbatan yoshroq yozuvchilar esa mehmonlarning nigohidan o‘zlaribop ma’nolar qi­dirib o‘tirishadi. Keyin birin-sirin mehmonlar gapirishadi. Alloma mezbonlarning «palagini bosib qo‘ymasmikinmiz», deya hushyorlik ila, lekin etakda o‘tirgan yoshlarga umidvor boqib, so‘z tizishadi. U hoynahoy davraning quyisida, ehtimolki, davradan tashqaridagi o‘rinlarning ikkinchi yoki uchinchi qatorida o‘tirsa kerak. Shu o‘tirishda davradagilarning baridan, millati, yoshi, iste’dodidan qat’i nazar, samimiyat qidiradi. Ana, to‘rdagi alloma us­tozlar mehmonlardan kam bo‘lmaslik uchun viqor-la (go‘yo kamtarona) boqishadi, xuddiki bir-birlarini allaqachon o‘qib qo‘yishgandek. Uni allomalarning birovi taniydi, birovi tanimaydi, lekin hammalari o‘zlarini tanimaydigandek tutishadiki, shu bilan me’­yorni, aniqrog‘i, o‘z maqomlarini saqlashga urinishadi. Quyidagi poytaxtlik teng-to‘shlarining aksariyati esa uni tanishni istamayotgandek tuyulishadi. Tanishdimi, go‘yo obro‘lari tushib qoladigandek. Hademay, unga ham so‘z berib qolishsa ajabmas. Berisharmikin? Olib boruvchi o‘zbek bo‘lgach, uni albatta andijonlik (yoki qashqadaryolikmi, buxorolikmi) yozuvchi, deya tanishtiradi. Xalqaro anjuman ekan, «o‘z­bekistonlik yozuvchi falonchi», de-qo‘y. Rostdan ham so‘z berib qolishsa nima deydi? Habiy ichganda goho «Ey, shoir, sen odamlarni yiqitib emas, yiqilganni tiklab zo‘r bo‘l», deguvchi edi. Shu gapni o‘rischalab aytsinmi? Yoki orqa qatordan turib «rus tilida roman yozdim», deydimi? Bunga kim ishonadi? Yaxshisi, bironta tuzuk-quruq kitob chiqarolmadim, degani durust emasmi? Shunda to‘rdagi xorijlik oqsoqol yozuvchilardan bir-ikkitasi «kim u?», deya so‘rab qolishar. «Andijonlik (yo qashqadaryolik, yo buxorolik) falonchi», deyishadi o‘zimizning oqsoqollar biroz o‘ychan holda xijil tortishib. Hamma uning rus tilida roman yozganligini unutishga urinayotgandek tuyuladi. Shunda kimdir o‘rischalab, «Odam»ning muallifi shu kishimi?», deb qoladi. Yuragi qattiq g‘ijimladi. Chap kafti bilan ko‘ksini bosib, ko‘zlarini yumdi, og‘riq o‘tib ketishini kutdi. Derazadan tashqariga qaradi: allaqachon qorong‘i tushibdi. O‘rnidan turib, yana sumkasini kovladi: doimiy hamrohi «Chol va dengiz»ni oldi. Salom, hazrat, dedi yozuvchining suvratiga tikilib. So‘ng suvratni kafti bilan siladi, ko‘zlari o‘ksik yiltiradi. Kursiga o‘tirib, kitobni varaqladi. Anchagacha qariyb yod bo‘lib ketgan, o‘ziga yoqadigan, ammo har qancha o‘qisa ham zerikmaydigan sahifalarni hijjalab o‘qib o‘tirdi. Bir yoqda televizor g‘o‘ng‘irashini qo‘ymadi.

Tuyqus eshik taqilladi. Avvaliga kim bo‘lishi mumkin, deya og‘rindi ham, keyin ko‘ngil mayli evrilib, biron yangilik ilinjida eshik tomon oshiqdi. Ro‘parasida yigirma besh yoshlardagi pakanaga moyil, chuvak yigit turardi. Yigitning angoridan dadillik ufurar, egnidagi qimmatbaho xonaki kiyim, qo‘lidagi tilla uzuk va bo‘ynidagi oltin zanjir dadilligiga kuch berayotgandek edi. Uni tanidi – televizorda tez-tez chiqib turadigan klipparast, zamona tilida aytganda, yulduz qo‘shiqchi.

– 907-xonami? Sizzi yozuvchi, deyishdi, oka. Man o‘n ikkinchi etajdanman, – deya bidillay ketdi xebbimchalish ovozda. Bu orada nozik qo‘llarini uzatib, so‘rashdi. – Ertaga syomkam boriydi, dam olishim kerak. Hech uyqum kelmayapti, shunga… Bironta skushniyroq kitobiyz yo‘qmi, o‘qisam uxlab qolarmidim…

«Chol va dengiz» hamon Uning qo‘lida edi, ko‘rsatkich barmog‘i o‘qiyotgan sahifasida.

– Mana, – deya kitobni shartta qo‘shiqchiga uzatdi. – Rosayam skushniy kitob.

Yigit kitobning betiga qaramadi ham.

– Rahmat, oka, ertalab qaytaraman, – dedi-yu lift sari chopdi.

U bo‘lsa eshikning ochilmagan tabaqasiga bo‘ynini cho‘zib qaradi: rostdanam to‘qqiz yuz yetti ekan, esidan chiqibdi. Eshikni yopib, ortiga qaytarkan, «ishqilib kitob o‘qiydikanu, deb qo‘ydi ichida, uxlash uchun bo‘l­sayam-da». Beixtiyor miyig‘ida kuldi. Qiziq, men mana shu mushtday ashulachini taniyman. Lekin u meni – qirq yashar yozuvchini tanimaydi. Zamonangdan aylanay, oting­ni sot, molingni sot, ashulachi bo‘l, degan zamon keldi-da. Menmish, mendan kattasiniyam tanimas u. Hoynahoy qo‘shiqlarining she’riniyam (agar shunday atash joiz bo‘lsa) o‘zi yozsa kerak. Nima qilishini bilmay xona o‘rtasida serrayib turib qoldi. Chap qo‘li bilan labu jag‘ini ushlagancha nigohini tentiratib, goh televizorga, goh kursiga, goh uning oldidagi oynavand stolga, goh sumkasi qolgan xonaning ochiq eshigiga tikildi. Nimadir qilishim kerak, deya o‘yladi va shuning ortidan bag‘rida qizish asnosidagi huvillashni sezdi. Aa-xx, dedi boshini orqaga tashlab, nenidir istayman, lekin qilolmayman. O‘-o‘, Xudoyim, ne balo – men balo?! Nigohi balkon eshigida to‘xtadi: o‘sha yoqqa chiqaman. Chiqdi. Ikki qo‘llab panjarani tutib, atrofga tikildi – hammayoqda chiroqlar charaqlaydi – maftunkor chiroqzor. To‘qqizinchi qavat emasmi, tevarakdagi binolar quyiroqda ko‘rinadi. Ayniqsa, mashinalar shovqinining pastda qolgani yaxshi bo‘larkan. Lekin yuragi shig‘illab ketdi – o‘zini pastga otgisi keldi. Yer tortadi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Xuddi balkon o‘pirilib tushayotganday tuyulib, shoshib o‘zini orqaga oldi. Devor yonidagi to‘qima kursiga o‘tirdi. Boshini ham yastab, yana ko‘ksini ushladi. Balandlik qon bosimiga ta’sir qiladi, deyishardi, yurakka ham bilinarkan. Nafasi qisayotganday bir-ikki chuqur-chuqur nafas oldi. Chala yumuq ko‘zlariga balkon panjarasi aro ro‘paradagi nisbatan pastroq bino peshtoqidagi xiyol hilpirayotgan, turfa chiroqlar yog‘dusida ajib jilvalanayotgan bayroq ilindi. Bayrog‘imiz chiroyli, ayniqsa, ranglari bag‘oyat go‘zal, olam bilan uyg‘un… Joning og‘rib turganda bunaqa chiroyli o‘ylarga balo bormi? Chap kafti bilan ko‘ksini siypalarkan, bo‘ynining orqa tomonida nimadir o‘rmalayotganligini his qildi. O‘ng qo‘lining to‘rt barmog‘ini juftlab, ohista bo‘yniga bosdi. O‘rmalaguvchi o‘rta barmog‘ining bir yoniga ilindi, U esa qo‘lini asta bo‘ynining yon tomoniga tortdi. Haligi narsani o‘ldirishni istamay, barmog‘ining uchiga oldi: qumursqa. Bu yerga qumursqa qayoqdan keldi? E, darvoqe… Nimqorong‘uda ilg‘adiki, bu o‘sha qumursqa va u barmoqlarining beozor ozoridan o‘nglanishga urinib, tipirchilardi. O‘lmabdi, chinakamiga xursand bo‘ldi U. Qumursqa tiklangach, puflab tashladi. Jonivor qayergadir g‘oyib bo‘ldi. O‘lmaslikka-ku o‘lmabsan, ammo bu yerlarda yashab keta olarmikinsan, yurtdosh. Ilohi, yashab ket! Men ham o‘lib qolsam-a, degan xayol tuyqus miyasiga urildi. Urildi-yu, qo‘lini ko‘ksidan oldi. Keyin xayolini yumshatishga urindi: o‘zi yurak nega og‘riydi? Quvonchdanmi, g‘amdanmi? Bilmaydi. Yuragi og‘riganki odam o‘laversa, dunyoda odam qo­ladimi? Aslida quvonch bilan g‘am hamisha yo‘ldosh, xuddiki, jannat va do‘zax kabi. Do‘zax!.. Tavba, cheksiz kuch-qudrat, imkoniyatlar sohibi bo‘lgan Tangri nahotki o‘z bandalarini olovlar bilan «siylasa»? Qaysi tafsir, qaysi talqinlarni o‘qimang, inson faqat va faqat olov bilan qo‘rqitiladi: do‘zaxda olovda undoq kuyasan, bundoq qovurilasan. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! Axir bu o‘ta ibtidoiy fikr: olov kuydirguvchi – buni go‘dak va hatto hayvon ham biladi. Nahotki Tangriday zot?.. Menimcha, Tangri do‘zaxda o‘z bandalarini sog‘inchlar girdobiga soladi: eng sevikli insonlarini, mashg‘ulotlarini sog‘intiradi. Bu dunyoda qilolmagan savob ishlarini va hokazo, boringki, eng sevimli taomlarini sog‘intiradi. Tangri minba’d mehribon – mangu mehribon. Shuningdek, u bemisl aql sohibidir, ya’ni o‘z bandalarini oddiygina olovga solmaydi, sog‘inch oloviga giriftor etadi – bu dah­shatliroq. Shuning uchun ham shoirlar, boringki, jumla ijodkorlar bu dunyodan sog‘inch va iztirob ila o‘tadilar – mana shu oxiratga ishora. Jannatda esa bularning bariga musharraflik bo‘ladi. Hademay dinning yangi davri boshlanadi va u aqlu qalb uyg‘unligiga erishadi. Odamzot Tangriga munosabatini ham isloh qiladi. Zero, endi u olovdan, ilonu chayonlardan qo‘rqmaydi: ulg‘aydi. Endi gunohu savoblar nisbati ham o‘zgaradi. Aksi bo‘lsa, mehnatdan boshqani bilmay, daladan beri kelmagan, bir umr erim, bolam, dalam, uyim, deb o‘tgan onasida yoki xotinida gunoh bormi? Ularga vaqtida toza yuvinmaganlik va sifatli hamda xushxo‘r taomlarni yemaganlik «gunohi» qo‘yilishi mumkin, xolos… Agar ularda gunoh bo‘lsa, do‘zax deganlari mavjud emas. Mabodo do‘zax deganlari bor bo‘lsa-yu, unda jismoniy azoblar birlamchi jazo esa, unda ular jannatidirlar. Nima balo, dunyoga vasiyat qila boshladingmi? Rostdan ham o‘lasanmi? Yuragini chirmagan og‘riq bo‘g‘zi tomon surilaverdi va nafasi qisaverdi. Ishlar chatoq, dedi xayolan, kunim bitgan ko‘rinadi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lgandi, oyoqlari madorsizlanib, tiz cho‘kib qoldi. «Tez yordam» chaqirish kerak. Balkondan chiqaverishdagi burchakda telefon bor, U o‘sha tomon sudraldi. Odamning ko‘kragidan kelguvchi telefonga o‘ng qo‘lini cho‘zib, arang yetdi, qulog‘iga tutdi.

– Dejurnaya vas slushayet, – ayol kishining yoqimli ovozi eshitildi.

U indamadi.

– Risepshn… – dedi inglizchalab boyagi ovoz.

U yana jim.

– Gapiring! – deya salkam do‘q urdi nihoyat ayol o‘risona o‘zbekchalab. – 907-xonami? Gapiring!..

– Xayriyat, tanidi, – dedi U pichirlab, xayriyat! – Qo‘li asta quyilab, polga tushdi. Telefon ochiq kaftida qoldi, undan boyagi ovoz qayta-qayta eshitilaverdi:

– To‘qqiz yuz yetti, gapiring, to‘qqiz yuz yetti…

Keyin ko‘z o‘ngida bir paytlar xunukkina bo‘lgan ayoli qiyossiz go‘zal qiyofada ko‘rindi. Senmisan, dedi U xayolan, seni juda sog‘indim, jonim. Yuragining tomirlari shu qadar qattiq tortishdiki, jonu jahoni yuragiga jo bo‘ldi: hozir uziladi. So‘ng oppoq libosdagi ko‘zlari yoshli, biroq jilmayayotgan onasi ko‘rindi. «Ona-a!» dedi Uning tarang tortilgan yuragi. Ana, Habiy va Dehqonboy – ular ham shu qadar chiroyli, yoqimtoy, faqat jilmayishadi. Ashulachi yigit kitobni olib tushib bermasa ham mayli, o‘qisa bas, degan fikr urildi tuyqus miyasiga. Malla kampiru kuchuk esa o‘sha-o‘sha, faqat yong‘oq chaqayotgan kuchuk ham nuqul unga qarab jilmayadi: xayriyat, xafa bo‘lmabdi, xayriyat. Anovi nur ichidagi nima? Kitobmi?!.. Shu on chap ko‘ksida nimadir qattiq qasirladi, bo‘g‘zida olov yondi-da, tashqariga chiqib ketdi. Dunyo qorong‘ulasha boshladi. Tavba, yuragim og‘rimay qoldimi? Umr degani shumikin?!..

 – Habiy!.. Dehqonboy!..

 

Nabi JALOLIDDIN

1962 yilda Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi Jonobod qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan.O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. «Yalpizli kecha», «Hur nido», «O‘limning rangi», «Sen bilan qolmayman», «Erkagi bor uy», «Xayyom», «Endi kuz» kabi she’riy va nas­riy asarlari nashr etilgan.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.