Qadriyatlarni e’zozlashga chorlov

0
11
marta ko‘rilgan.

Xalq an’ana, qadriyatlari bilan buyuk sanaladi. Uni mahv etish millatni tanazzulga buradi. Inson o‘z sobit e’tiqodi ila  yovuzlikka barham beradi. O‘zbek xalqi mustamlaka zulmidan aziyat chekkan davrni qog‘ozga tushirish murakkab. Yosh nosir Bobo Ravshan  chigal ijtimoiy munosabatni yoritishga jazm etibdi. Qissada ziyoli oila boshiga tushgan fojia orqali jamiyat holatiga baho beriladi. Muallif  ikki obraz – Mengziyo va Alpomish qismatidagi tutash nuqtani asos qilib o‘tmish, bugun, kelajak manzarasini shakllantirishga intiladi. Qissada Tangriqul ota oilasi boshiga kelayotgan fojiaga doston ijrosining oxiriga yetmasligi, ko‘ngilning allatovur bo‘lishi tasviri orqali ishora beriladi. Sofdil baxshi Mengziyo eskilik sarqiti bo‘lgan eposni kuylab, aksilsho‘roviy g‘oyalarni targ‘ib etganlikda ayblanib surgun qilinadi. Baxshi misolida yurt o‘g‘lonining erki sindiriladi. Qadriyatni oyoqosti qilgan xoin Toshqul johillikda Ultontozga mengzaladi. “Tarozi”, “sho‘ro” laqabi bilan tanilib, hukumat yugurdagiga aylangan kimsa o‘zining o‘zagini qirqishdan rohatlanadi.  Tangriqul oilasiga mushkul damda yurtdoshlari Qobil, Omon, Toshboyning muruvvat ko‘rsatishi orqali odamiylik ulug‘lanadi. Toshqul yigitlikda erishilmagan muhabbat qasdida Oydinni nafaqat turmush o‘rtog‘idan, balki yurtidan ayiradi.  Ayolning musofirlikda azoblanib jon berishi, go‘dak Elmurodning sag‘ir qolishi dramatizmni kuchaytiradi. Mengziyo va  Oydin juftligi fojiaga yuz bursa-da, el-yurt nazdida e’zozlanadi. Muallif asosiy fikrni xalq termasi vositasida lo‘nda ifodalaydi:

O‘ylab tursam sotibsan

Ham elingni, yurtingni…

Nafsi buzuq Toshqul o‘z millatini xo‘rlagani, an’analarni oyoqosti qilgani bois elining la’natiga uchrab telba bo‘ladi. Asarda zamon va makon o‘zgarsa-da, inson  tubanligi, johilligi  yo‘qolmasligi asoslanadi.

Voqealar Surxon vohasida bo‘lib o‘tadi. Voqealar rivoji davomida Boysun, Bobotog‘ tabiatining betakror manzarasini chiziladi. Qissada vaqt nomida ramziylik mavjud. Shomda  Tangriqul (ota), Mengziyo (o‘g‘il) halokatiga ishora beriladi. Elmurod (nabira)ning tongga erishishi oson kechmagani tasvirlanadi. Elmurod ismida  elning istiqlolga yetishishi, umidning ruyobga chiqishi talqin etiladi. Asar yoshlarni o‘zlikni unutmaslik, qadriyatni e’zozlashga chorlaydi.

Umida RASULOVA,

filologiya fanlari nomzodi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.