Alamdan yaralgan asar

0
33
marta ko‘rilgan.

“Bo‘laman degich el bir-birini botirim deydi”. Elning jipsligi, bir-biriga qayishishi haqida bundan o‘tkazib aytish qiyin. Aksini esa shoirimiz Shavkat Rahmonning mashhur “Turkiylar” she’rida o‘qiymiz:

Qirqida qirqilgan – imdodga muhtoj,

Yovlarga ters qarab itlarday hurar,

Bir-biriga dushman,

Bir-biridan koj.

“Bir-biriga dushman”lik, “bir-biridan koj”likning sabablari haqida aytishga ojizman, ammo xalqimizning o‘tmishida bot-bot bunday ayanchli qusurlarning bo‘y ko‘rsatgani bor gap. Bobo Ravshanning “Shom va tong orasida” qissasida mazkur alam yangilanibdi…

Ta’kidlash kerakki, uzoqday tuyulsa-da, aslida hali bir asr ham o‘tmagan tariximizdan tanlangan mavzuda ko‘p yozilgan, ammo Bobo Ravshan qissasidagi taqdirlar yangi, uning nigohi, ifodasi o‘zgacha. Muallif o‘zbekona tutumlarni, xalqchil munosabat shakllarini yaxshi tasvirlagan. Misol uchun, Tangriqul boboni kutib olgan mezbon o‘g‘lini chaqirib shunday deydi: “Uyga mehmon keldi! So‘ng o‘zing berman qara”. Bu yerdagi birgina so‘z – “so‘ng” otaning aytganida bir necha yumush borligini – avval onani xabardor qilish (u esa o‘z navbatida mehmonni kutib olishga taraddud ko‘radi), so‘ng o‘zining kelishini anglatmoqda. Ya’ni so‘zlashda ko‘p chaynalmaydigan otalar haqida yozayotgan muallif ham hijjalab o‘tirmaydi. Tangriqul bobo tilidan aytilgan “Molimiz qolib, jonimiz bozorga tushgan”, “Gazandani kallasidan ushlash kerak”, yoki boshqa personajlar aytgan “Qarindoshning tovushi qorong‘ida tanish deb kelaberdik” singari ifodalar adibning xalqona tafakkurni nozik ilg‘ashidan dalolat beradi. Ayni paytda noo‘rin qo‘llangan so‘z va iboralar ham yo‘q emas. Masalan, Tangriqul bobo bir o‘rinda “Boybova, uzr endi, sizdi bemahal bezovta qildik”, deydi. Menimcha, “uzr endi”lar hozirgi davrga kelib ommalashdi, qissada zamoniga mos lutflar ishlatilishi kerak edi.

Mengziyoning tergovchiga bo‘y bermayotganidan jahli chiqqan tilmoch unga dakki beradi: “Alpomish jon jigaringmidi, buncha tarafini olasan?” Mana, sizga bir xalqning ikkiga ayrilgani: biri Alpomish timsolida botir va mard og‘asini ko‘radi, boshqasi undan osongina tonadi. Menimcha, asardagi bosh g‘oya mana shu – millatni millat qilib turuvchi qadriyatlarning boy berilishi va uning achchiq oqibatlari. Xalqning ma’naviy ustunlarini mahkam ushlaganlar taqdiri bilan undan voz kechganlar qismati yonma-yon ko‘rsatilganday.

Qissada tashvishga botgan, ilinjga muhtoj kishilar tasviri ham ishonarli chiqqan. Masalan, Tangriqul bobo ovchi bilan uchrashib, uning bir og‘izgina gapidan so‘ng ortiga qaytarkan, o‘g‘liga o‘xshash taqdir egalari haqida (o‘g‘li haqida emas!) eshitgan-bilgan odam topilganidan quvonib borardi. Uyda esa “Bobodan o‘g‘li haqidagi xushxabarni eshitgan Maryam momo ovchini alqab uzoq duo qildi”. Bedarak ketgan farzand dog‘ida kuyayotganlar uchun taxminiy gap ham quvontirarli edi.

“Oqshom cho‘kib, to‘lin oyning yog‘dusi darchadan butun xonaga oqib kirardi”, “Oy esa najot kutayotgan mahbusday panjaraga yuzini qattiq bosib turardi” va boshqa tasvirlarda manzara o‘quvchi ko‘z oldida yaqqol ko‘rinadi. Ammo tasvirlash emas, tafsilotga berilgani uchun ayrim o‘rinlarda asarning ta’sir kuchi susaygan. Deylik, Mengziyoni Toshqul sho‘ro oldiga solib olib ketar chog‘i muallif “Ayni paytda Oydin ichki bir sezgi ila oldinda katta kulfat kutib turganini his etardi” deya izoh beradi. Holbuki, sho‘roning tongdan kelishi, uning “tashrif”i deyarli xayrli bo‘lmasligi, qolaversa, Oydinning yig‘isi kelgusidagi nedir ko‘ngilsizliklardan darak bermoqda, binobarin, adibning bu izohi ortiqchadir. Yoki “Zarifa momo bilan o‘g‘li Qobil aka Mengziyoni olib ketgan kuni ham kelib, qarindoshlariga tasalli berib ketishgan edi. Bugun ham Mengziyoning ahvoli ne kechgani, undan biror darak bor-yo‘qligi haqida bilish uchun kelishgandi” kabi bayonlar ham keraksiz, chunki qarindoshlarning o‘zaro gap-so‘zidan ham keluvchilar maqsadi anglashilib turadi.

Toshqul sho‘ro portretiga oid ba’zi chizgilar ham ishonchsizroq chiqqan. Masalan, u “hukumatning kuch-qudrati yonida o‘zini kuchliroq shamolda uchib ketadigan tuyaqorinday his etardi”. Holbuki, buning aksi emasmi? Sho‘roning Mengziyo (va unga o‘xshaganlar) uyiga oyoq yechmay kirishi, dag‘dag‘a qilishi, o‘zidan yoshi ulug‘ odamlarni ham mensimasligi aslida uning “hukumat kuchi”dan kuch olayotganini ko‘rsatmaydimi? Nazarimda, bunday odam “hukumat kuch-qudrati”ni o‘ziga ham tegishli, hatto o‘zini bu “kuch-qudrat”ning egasi deb biladi.

Asarning oxiri, xususan, Oydinning o‘limi va undan keyingi voqealar bayoni tezlashtirilganday tuyuldi. Elmurodning Toshqul bilan duch kelish sahnalari sho‘roning qiyofasi yanada tiniqroq chiqishiga xizmat qilardi.

Bobo Ravshan o‘z qissasida ko‘rmagan zamon haqida yozdi, ammo bilmay yozmadi. U alamimizni yangiladi, biroq adibning istagi shuki, zora, bu yangirishdan so‘ng jarohatlar bitsa, o‘zbo‘larchilik, burnidan uzoqni ko‘rolmaslik, xudbinlik, zimdan choh qazishlar tabiatimizda ortiq qolmasa…

 

Otabek SAFAROV,

tadqiqotchi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.