Tahririyatimizga şeʼriy maşqlarini jönatadigan yoşlarimiz köp. Bir juft bölsa-da, şeʼrlari jurnal sahifalarida çop etilişini xohlaydilar. Ammo, nimayam derdik, hali “obi tobiga” yetmagan maşqlarni eʼlon qilib, yoş niholga ziyon, öquvçiga malol yetkazgimiz kelmaydi.
Farğona viloyatidan kelgan navbatdagi maktub esa birdan eʼtiborimizni tortdi. Avvalo, öta ixçamligi va noodatiyligi, qolaversa, şeʼrlardagi samimiyatu yangi ifodalari bilan. Maktubga ham, şeʼrlarga ham ortiqça izoh, şarh bermasdan, eʼtiboringizga havola qilişni maʼqul topdik.
Tahririyatdan
***
Bundan ön yil oldin
Suqilgan köçat
Yerda ildiz otib,
Hosil bergandir.
Bundan ön yil oldin
Tuğilgan gödak
Suyak-eti qotib,
Botir bölgandir.
Bundan ön yil oldin
Dorilfununda –
Kunlar uzunmidi,
Yilga nisbatan?!
Bundan ön yil oldin…
Yomğirli tunda
Behad suluv eding,
Agar… Eslasang…
Sönggi daraxt
Bir daqiqa olmasang nafas
Va öpkangga bormasa havo.
Közing irğib, kökarib, noxos
Tipirçilab qolarsan, ammo…
Dahşatlisi, soğ aql bilan
Tanazzuling anglagan holda.
Öy surarsan, ildizim silab
Bir qölingda zanglagan bolta.
Idil
Bunda…
Osmon pastlab ketganday…
Bulutlarga yetguday qöling.
Oğir toşlar tuşar yelkangdan,
Xayolingga kelmaydi ölim.
Göyo qadim zamondan beri
ovloq göşa yoqib qolgan–u
qaynoq qumga bağrini berib
uzun bölib yotib olgan suv.
Sen
Sen sira ham avtobusda yurmaysan.
Odam ziç joylarda yöqliging aniq.
Issiq nonga navbat kutib turmaysan,
Bozorga tuşmaysan savat kötarib.
Çetlanib ötasan xiyobonlardan,
Hayvoniy ehtiros sen uçun emas.
Va tağin baçkana riyokorlardan
Nafratni yaşiriş qölingdan kelmas.
Qoningda mağrurlik azaliy, tuğma.
Garçi yursang hamki yupun, oçiqqan,
Arzon kafelarda yutmaysan luqma
Ming bir kas oğziga tiqqan qoşiqdan.
Könglingni behuzur qiladi dayus,
Behayo közlarning taʼqibi zimdan.
Sevgingga munosib yigit yöq, afsus,
Senga noloyiqman hatto özim ham.
Oniy manzara
Köngilga qöşiq ham siğmaydi gohi,
Kamiga yöl tirband, vaqt esa tiğiz.
Bir oniy lahzada tortding nigohim,
Deraza oldida öyga tolgan qiz.
Saharlab şaharga oşiqqan qança,
Begona taqdirlar kelar yuzma-yuz.
Sen esa qölingni qovuştirgança,
Ötkinçi kaslarga boqarding maʼyus.
Nelarni öylading subhi sodiqda?
Öyçan közlaringda sinarkan ziyo.
Bu hissiz gavdalar qoğoz qolipday,
Noçor körindimi pulga öç dunyo?
Ehtimol, xonangga tölgan bemaza,
Noxuş xayollarni quvmoq istading?
Şundan parda yiğiq, oçiq deraza,
Yomğirda yuzingni yuvmoq istading?
Lekin nega sen-la xayolim bandi,
Bu ğussa qayerdan – özim bilmayman.
Şaharda adaşgan boladek gangib,
Yölning örtasida nega yiğlayman?!
Men ham bir ötkinçi. Senga yetti yot,
Lekin bu iztirob, bu yoş… ğalati.
Endi xotiramdan öçmas umrbod,
Deraza oldida turgan holating.
Seni kutdim
Eng yaxşi kunlarni yaşadim yolğiz,
Dalli tuğyonlarni jilovda tutdim.
Şotutlar qon böldi, uzumlar mayiz…
Seni kutdim.
Huşimdan ayirdi rayhon böylari,
Boşimdan gul elab bahorlar ötdi.
Keyinni öyladim, seni öyladim…
Seni kutdim.
Qizlarga qöl berib körişsam bormi,
Haqqingga xiyonat qilganday xuddi.
Vijdonim qiynaldi, oğridi jonim,
Seni kutdim.
Tirik jon bormikin holim tuşungan?
Körmagan insonni qizğondim, kuydim!
Seni izlab bormoq imkonsiz, şunga,
Seni kutdim.
Bilaman, bir kuni kelarsan yöqlab,
Kelmay ilojing yöq! Bu azal hukmi!
Öşanda eng sönggi kuçimni töplab,
Nihoyat aytarman,
Men seni kutdim.
* * *
Qanday tez ötdi bolalik!
Quyoş töğri közimga botar.
Yalpiz tergan qizlar bolali,
Şumtakalar bölibdi ota!
Bir mahallar bu mahallada,
Bolakaylar çopib yurardik.
Taşviş degan gap yöq kallada,
Köçalarda yotib yurardik.
Bu yöllardan ötganda har gal,
Dimoğimda rayhonlar isi.
Birga öynab katta bölganday,
Sen yodimga tuşganing qiziq.
Jamoliddin Badalov
1989-yili tuğilgan. Farğona davlat universitetining filologiya fakulteti talabasi.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida