Bir ChIMDIM

0
77
marta ko‘rilgan.

Farrux JABBOROV,

O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch doktoranti:

– “Yoshlik” juda jumboqli topshiriq berdi: hikoya muallifi ko‘rsatilmagan, tezda tanishib chiqib, tanimagan ijodkorimga ikki og‘iz munosabat bildirishim kerak. So‘z holig‘a emas, so‘zchi holig‘a boqib o‘qishga, garchi bunday mutolaa oldindan qandaydir tasavvur, yo‘l-yo‘riq, ruhiy bosim bersa-da, shunga ko‘nikib qolganmiz. Ko‘z o‘ngingda soqolli-soqolsiz, shlyapali-shlyapasiz, chol yoki yigit va yo juvon adib(a) tursa, yozganlarini muallifiga moslab qabul qilishing oson kecharkan. Mashhurlardan hikmat izlaysan, hali nomi chiqmaganlardan illat qidirasan, sal mensimayroq ko‘z yugurtirasan…

Hikoyadan olgan birinchi taassurotim – noma’lum qalamkash gazetda uncha-muncha yil ishlab, qalamini rosa qayraganini sezdim. Tergab, tergilab yozarkan. Qat’iy qoliplari bor. Gaplari kalta-kulta, ortiqcha cho‘zilib ketmagan. Chandon axborot tiqishtirib, o‘quvchining boshini qotirmaydi. Kim, nima, qayerda, qachon, qanday, nega – jurnalistikaning shu olti boqiy savoliga javob bersa, bas. Biroq siyrak tasvirlari ham yagona ustqurmaga kelib ulanmagandek tuyuladi.

Noma’lum muallif, ehtimol, kunda-kunora maqola-saqolani boplab tashlar, lekin hikoya-mikoyani onda-sonda yozadi. Buni matni aytib turibdi: qalam egasi badiiy ijodda bir qarashda tajribalidek, chuqurroq nazar tashlaganda esa tajribasizdek taassurot qoldiradi. Muntazamlikka erishsanglar, masala o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi-qoladi, deya bizga ustozlar ko‘p uqtirgan.

Mutolaa asnosida “hafta tugal yotdim”, “ochuvi chiqadi”, “gallaydi” kabi so‘z va iboralarga duch kelib, bolalikdagi qadrdoningni ko‘rganday quvonasan. Lekin barmoq bilan sanarli do‘sti-yoringning yoni-yog‘i “…deb atashardi”, “mana, ko‘rib turganingizdek” singari siyqa, shilqim, kunda-shunda og‘aynichalishlarga to‘lib-toshgani xomush torttiradi odamni.

Asarda tasvirlangan makonu manzillardan tusmollash mumkinki, bo‘ysira yozuvchimiz Denov tegarasida unib-o‘sgan. Shukur Xolmirzayev adabiyotga olib kirgan muhitdan yangi hikoyalar aytmoqqa chog‘langan. Uzoq yo‘lda o‘tarchilarning qo‘nog‘i to‘g‘risida yozganda bu, ayniqsa, seziladi.

“Shitir-shitir ovoz keldi, gugurt chaqildi va tosh­dan terilgan boshpana yoridi, devorda cholning ulkan gavdasi akslandi”. Hikoyaning boshqa joylari haqida bir nima deyishim qiyin. Lekin aynan shu voqelikni qalamkash bolaligida o‘z ko‘zi bilan ko‘rganiga ishonaman.

Muallif tabiatan kuzatuvchilikka moyil, voqeaning bevosita ishtirokchisi emas, balki chetdagi odam – tomoshago‘y, muhokamachi bo‘lishni yoqtiradigan yigit chiqar. Yozuvchi fe’l-atvorining nuqsi asarlariga ham urishi bor gap. Ijodkor o‘zining ichimdantop, odamovi xarakteri tufayli hikoyadagi tirik odamlar dardi dunyosidan o‘quvchiga bir chimdim dard yuqtirolmaydi.

Gapimiz oxirida bir chimdib aytadigan bo‘lsak, adabiyot ostonasida ancha taraddudlanib, boshlovchilik pillapoyasida ko‘p depsinib qolgan – o‘ttizning ustidagi kechikayotgan avlodning bu “noma’lum” vakiliga ham, boshqa “namoyanda”lariga ham bir chimdim nimadir yetishmaydi. Xo‘sh, o‘sha nimadir nima?! Bilganimda, o‘zimni isloh qilishdan boshlardim…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.