(Doston)
Insonni söz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari şarifroq yöq ondin…
Alişer Navoiy
Bilmam, qanday tilsim, qanday sir, Söz yöqoldi – gungga aylandim. Tevarakka boqqança sassiz, sukut içgan mungga aylandim. Yoppasiga sözlar etdi tark, turnalarday bölişdi ğoyib. Tilsiz böşliq quçdi dilni talx, söz izladim öksiz, munğayib. Şu çoğ ilkis tilim çetidan sakrab tuşdi yoqutday bir Söz: “Men ketmadim ular ketidan – senga sodiq qolaman, ey, Döst! Dadil bölgin. Tur, örningdan qalq, bizni kutar uzoq yöl hali. Sözlasa bas köksingdagi qalb, uning sözi – riyodan xoli…”
Ikkilandim. Holimga boqsam, undan boşqa sirdoşim yöq heç. Şubha-gumon sari uloqsam, u ham ketar – keyin bölar keç.
“Mayli, berdim qismatimga tan, yöl boşlagin – sendadir izmim. Faqat… avval Söz Sohibidan birgalikda söraylik izn…”
Avvalgi söz: IZN
Avvalboşda Sözni yaratib,
Jilo berding bittalab Özing.
Koinotga yoğdu taratib,
Hayrat soçdi har bitta sözing.
Har sözingdan kengaydi olam,
Ortaverdi borliq zalvori.
Nedir – hali anglamasa ham,
Söz söradi hamma yolvorib.
Samovotni bosdi mast yiği…
“Sadafi bor Cözlarning!” – deding.
Söng Odamni yaratib, yiğib
Sözlaringni, birma-bir berding.
Novvot kabi solding tiliga,
Şimsin, deya, bilsin mazasin;
Naqş aylasin Sözni diliga –
Sözga hayot berib yaşasin…
Cözlaringni oliy tuğ qilib,
Ötdi mayoqköngil insonlar.
Yangi sözlar bir-bir tuğilib,
Ranginlaşdi gözal lisonlar.
Jamol oçdi özbekiy tilim –
Bu dunyoga aytar sözim bor!
Sözim bormi, demakki, dilim,
Jonim, ruhim, yaʼni Özim bor!
Garçi qurbim yetmas, yöq quvvat,
Arzigulik bir söz demakka.
Tirişaman baholiqudrat
Biror sözga hayot bermakka.
Toki haq kun huzuringda zor,
Bejon qotib, turarkanman gung,
Şu tirik Söz aytsin istiğfor,
Mening uçun yiğlasin yum-yum…
Hozir esa, izn ber, şu Söz
Söylamoqçi menga hikoya.
Ergaşaman ortidan sözsiz,
Ergaşaman misoli soya.
Zora, buloq kabi yumilgan,
Qumlar bosgan közim oçilsa:
Közyoş töksam – yana yuvilgan,
Gard qoplagan sözim oçilsa.
Özing qölla!
Yiqilsam – nomus…
Söz topolmay, tölğonar ohim.
Şukr, ziyo soçdi uç fonus:
Bismillahir rohmanir rohim!
Yölga çiqdik. Toğni körsatib, Söz söradi: “Nima bu, örtoq?” Ensam qotdi, dedim kesatib: “Igna emas, har holda, bu – toğ!” Söz jilmaydi: “Yöq, toğ emas bu… Bu – çözilgan, zalvorli oyat. Yöl tanobin gurung tortar-ku, tingla, aytay, senga hikoyat…”
Ikkinçi söz: OÇUN
Olam asli sözdan iborat,
Olti tomon va törtta unsur –
Sözdan bino bölgan imorat,
Izlab topa olmaysiz qusur.
Metin sözdan yaralgan toğlar,
Şarqiroq söz oqar daryoda.
Yaşil sözni yuksaltar boğlar,
Söz jivirlab yotar sahroda.
Kiyik emas qoçgan – hurkak söz,
Fil emas bu – vazmin söz, ayon.
Yölbars demang – yovqur söz, şaksiz,
Zaharli söz – qoraqurt, çayon.
Aqlli söz, şubhasiz, Odam,
Jonli-jonsiz sözlar sarvari.
Lek… aqlidan ayro tuşgan dam
Qulaydi u tuban söz sari.
Kökni bezab turgan yulduzlar –
Bu olamda mangu mayoq söz.
Har söz mudom özini izlar,
Har mavjudot – sirli, sayyoh söz.
Heç kim boqiy qolmaydi bunda,
Fursat yetsa, hamma qözğolar.
Tirik sözga taşna oçunda
Maʼnosini topgan Söz qolar…
“Demak, izlar har kim maʼnisin, pinhon erur özlik javhari. Kim özini içdan tanisa, çekinadi tösiqlar bari. Ğoyib bölar dağal pardalar, uziladi zanjirlar qat-qat. Öçar zulm, ğazab, zardalar – tuğiladi toza muhabbat…”
Uçinçi söz: MAVLUD
Balki sizga tuyular eriş,
Haqiqat şu:
Bu Söz – ikkiqat!
Garçi yöqdir boşida eri,
Maryam kabi pokiza xilqat.
Ixlos ahli tuşungay uni,
(Imonimiz saqla, Rabbano!)
Tuğilajak, tölgaç oy-kuni,
Masih kabi xaloskor Maʼno!
U dunyoga kelgani hamon
Malham bölgay yetim-muhtojga.
Faqat uni johil olomon
Mixlamasa ayovsiz xoçga…
Sudramasa hislar havoyi,
Munkir hirslar toşlar otmasa.
Etagini tutgan havoriy
Kalimalar pinhon sotmasa…
Kaʼba kabi yuksalar Maʼni,
Tasbeh misol aylanar sözlar.
Körmaysiz heç yot kalimani –
Zikr dilga dariça izlar.
Tösiq bölar na din va na til,
Yaxlitlaşar köngil olami.
Anglagaymiz hammamiz yakdil
Yakka-yolğiz Voiz kalomin…
“Töğri, dedim, xaloskordir Söz – hikmat bilan tölsa botini. Ming vovaylo, dunyoda, afsus, Maʼnoning ham köpdir qotili. Ölja izlab izğiydi besar, öz işidan zavq tuyar ğoyat. Agar ranjib qolmayman desang, söylayman bir ezgin hikoyat…”
Törtinçi söz: QOTIL
U sözlarni söyadi pinhon,
Jon beradi sözlar hirqirab.
Jilmayadi (ustu boşi qon)
Ölayotgan sözlarga qarab.
Öz qatlini kutadi qator
Qafaslarga solingan sözlar:
Qay biri jim – yotar bemador,
Qay biri-çi, yulqinib bözlar.
Qilt etmas u,
Bezrayar mamnun,
Qalbi – qotib qolgan qayroqtoş.
Piçoğini qayraydi kun-tun,
Kundasiga sözlar qöyar boş.
Murğak sözlar böladi nobud,
Keksa sözlar öladi bir-bir:
Kerak emas ularga tobut,
Kerak emas ularga qabr.
Aza oçib, tutilmas motam –
Heç kim kiymas na kök va na oq.
Dunyodagi birorta odam
Bel boylamas sözlar ölgan çoğ.
U biladi buni…
Dasti qon –
Böğizlaydi sözlarni qöyday.
Yozsa hamki elga dasturxon,
Qovurilgan sözlarni qöygay.
Oh, Xudoyim,
Panoh ber menga,
Asra özing ul ğayir közdan.
Umid bilan keldim zaminga,
Men odammas, men, axir, Sözman…
Söz mung tortdi. Asta tortinib, dedi: “Esga tuşdi eski ğam. Sen söylagan öşa qotilning çangaliga tuşgandim men ham. Bir amallab qutuldim, şukr, yöliqmadim unga qayta, bot. Lek uzlatga çekindim tuşkun – ranglarini yöqotdi hayot…”
Boş irğadim: “Menga ham ayon, sözlar borki – tözğigan soya: zamirida zaif tortgan jon… Kel, şu haqda qilay hikoya…”
Beşinçi söz: SUIQASD
Qayga qoçmay, qayga bekinmay,
Noxuş xabar kelar basma-bas:
Olis-yaqin yurtlarda tinmay
Sözlar qilar öz joniga qasd.
Qaysi sözda çarçagan asab,
Şovqin içra aqldan ozgan:
Mikrofondan baland dor yasab,
Tokli simga özini osgan.
Qay kalima alam komida
Tubanlarga tikib közini –
Qirq qavatli kitob tomidan
Pastga qarab otmiş özini.
Men ham keça yölda, rosti gap,
Bejon sözning yotganin kördim.
Guvoh dedi: “Moşin ostiga
Özin atay otganin kördim”.
Bu qandayin qayğuli maslak?
Bu qandayin dard jilvalari?
Nega sözlar bizlarni taşlab
Ketyapti sukunat sari?
Javob qildi menga şu zahot
Minoraga naqş bölgan kalom:
“Sözlay olmas boşqa heç jonzot,
Sizdan esa… toliqdik tamom!”
“Ha, zerikdik… – dedi Söz beruh, – ammo boşqa na çoramiz bor. Şukr, Maʼno quç-quvvat berur – yaşagimiz keladi takror…”
“Haq, rost, – dedim – laziz juda jon, insonlar ham bordir xöb, sara – sözlar bilan yaşar jonajon… Huv, bittasi kelyapti, qara…”
Oltinçi söz: PIYODA
Yaxşi taniş menga bu odam,
Yöl bosadi har kun piyoda.
Garçi bordir maşinasi ham,
Garçi obrö, şaʼni ziyoda.
Sukunat-la sassiz kengaşib,
Kezar yerga tikib közlarin.
Goho birdan töxtar… Engaşib,
Olar yölda yotgan sözlarni.
Manavi söz – sut tişidek pok,
Biror bola oğzidan tuşgan.
Manavi söz – çöğ kabi qaynoq,
Şaksiz, oşiq qalbidan uçgan.
Manavi söz – rangi köp zahil,
Xasta dilning ezgin nolişi.
Manavi söz – ança badjahl,
Tuflagandir puldorroq kişi.
Manavi söz – juda serajin,
Yöqotgandir çolmi yo kampir.
Manavi söz – çinlar içra çin,
Kimdir yölga kömib ketgan sir.
Manavi söz – ölguday badböy,
Ğiybatlarning sassiq qoldiği.
Manavi söz – kuygan… Hasadgöy
Yuragida yongan qobiği.
Manavi söz – billurday tiniq,
Xolis duo, zikrning qismi.
Manavi söz – turar qimtinib,
Qaysi mohiçehraning ismi…
Xullas, bir-bir terib olar u,
Uflab, artib, qöyniga solar.
Parda tortgaç zulmat-qoronğu,
Sözlar bilan yuzma-yuz qolar.
Şuʼla soçib turar har bir söz,
Taratadi şaʼn tuyğularni –
Oçilganday göyo basir köz…
Şeʼr qiladi odam ularni!
Nahot, deysiz, bu sirli saslar
Kimlardandir qolmiş tökilib!?
Öqib qolsa endi ul kaslar,
Panalarda yiğlar ökirib…
Taʼzim qildi Sözga piyoda, Piyodaga söz ham yukindi: baxti bölgan kabi ziyoda, xalos bölgan misol yukidan…
“Battol emas odamning bari, qotil emas kimki qilsa ov. Yur, boramiz Dildaryo sari…” – yetakladim, Söz köndi darrov…
Yettinçi söz: OV
Köngil degan daryo böyida
Solib turar har kuni qarmoq.
Baliq sözlar suzar öyida,
Fikri ezgu – faqat qutqarmoq.
Suv qaʼrida nahanglar kezar,
Şönğib yurar oçköz yuholar,
Ölja isin olisdan sezar –
Yutilgan söz tamom yöqolar.
U sözlarni birma-bir tutib,
Solsam deydi akvariumga –
Yaʼni, şeʼrga… Bu şaffof quti
Najot bölib tuyular unga.
Sözlar esa Qaysdek qaysar,
Qarmoq insa, qoçadi gurra.
Hur ölimni köradi afzal –
Tor kulbada yaşaşdan köra.
Lek nasiba degan gap ham bor –
Uç-törtta söz ilinar har kun.
Yaşayverar yana umidvor
Hayotidan axtarib mazmun.
Tuşida ham ov qilar, hayhot,
To tonggaça qizir oğir jang:
Qarmoğiga ilinar bot-bot
Dunyodagi eng ulkan nahang!
Söz tik boqdi: “Yaşirma, sen ham goh-goh qarmoq solib turasan. Dildaryodan quruq qaytgan dam omadingdan nolib turasan…”
“Töğri, – dedim, – bu köp nozik jang, mağlub uçun yöqdir bahona… Hozir esa, qarşi bölmasang, bizni çorlar tomoşaxona…”
Sakkizinçi söz: HUQQABOZ
Gir aylana, tögarak davra,
Hayrat içra hamma hangu mang.
Nigohlarni sehrlab, avrab,
Közboyloğiç körsatar nayrang.
Çöntagidan çöğday söz olib,
Odamlarning qöliga tutar.
Söng şu sözni yengiga solib,
Bir silkisa – uçar kabutar.
Boşqa sözning ostiga ötin
Qalab, olov yoqar ustma-ust.
Söng “suf” deya söndirib ötni –
Kul ostidan olar parça muz.
Uzun sözni yotqizib töğri,
Qoq belidan tortadi arra.
Bölinadi u böğin-böğin,
Soçiladi zarra va zarra.
Va ustidan yopar-u belboğ,
Silkitadi sirli tayoğin.
Sakrab turar çaqqon söz – bebok,
Butun boşi, qöli, oyoği…
Davom etar tilsim-tomoşa,
Möjizaga töla sir sandiq.
Dillar hayron, aqllar şoşar,
Kovuşini yöqotar mantiq…
Hayrat ila tarqar olomon,
Huqqabozni Xizr çamalab.
Yolğiz qolar…
Bölganday talon,
Ötiradi boşin çangallab.
Ğijimlaydi tözğin soçini,
Söz topolmas – ovozsiz bözlar.
Tegrasida yotar soçilib
Kuygan, singan, yarador sözlar…
“Söz öyini – eng sirli sanʼat, söz ustasi – mohir huqqaboz. Faqat közni qilib şamğalat, mohiyatdan sirğalmasa – soz…”
“Mohiyatga közgu sözlar bor – sof göşada yetar voyaga. Afsus, ular eʼtiborga zor. Kel, quloq tut şu hikoyaga…”
Töqqizinçi söz: JINOYAT
U qişloqda yurgan Söz edi,
Yaşar edi elning oğzida.
Baxşi bilan yaqin döst edi,
Yaşnar edi uning sozida.
Bir kun qöqqis yuragi siqdi,
Göyo unga yetmasdi nafas:
“Bu yerlarda juda zerikdim,
Şahar sari yöl olaman, bas!”
Xeşlar bilan xayr-xöş qilib,
Yölga çiqdi erta saharda.
Mardikorlar bilan qöşilib,
Yetib keldi azim şaharga.
O, oçildi sodda oğzi lang,
(Unga hayron tikildi közlar)
Gangib qoldi – qildi hangu mang
Poson sözlar, olifta sözlar.
Va nihoyat, yiğib es-huşin,
Izlab ketdi biror qönim joy.
Maşhur hofiz esiga tuşdi:
“U bağriga olgay, hoynahoy”.
Katta kentda tentirab, ayni
Şom mahali manzilin topdi.
“Tanimayman seni, oğayni” –
Hofiz şartta eşigin yopdi.
Ranjimadi, qilmadi taʼna,
Taqillatdi olim eşigin:
“Bizga kerak ilmiy atama –
Sen-çi, fanga yotsan, keçirgin”.
Sönggi ilinj – şoir…
Tantifeʼl,
Hotam deya qozongan u nom:
“Mayli, faqat, erta-indin kel,
Hozir esa yöq sira ilhom…”
Söz izğidi, hasratda tözdi,
Taskini yöq – ovozsiz bözlar…
…Bexos uning yölini tösdi
Jinköçada ajnabiy sözlar.
Biri keskin sermadi piçoq,
Biqiniga biri muşt soldi.
Çöntaklarin qilişdi-ku qoq,
Söz yiqildi – çözilib qoldi.
Nobud böldi.
Odamlar loqayd,
Yotar biror daydi mast, deya.
Qişloqda-çi, kuylaydi şu payt
Baxşi juda ğamgin marsiya…
Men xörsindim: “Tanirdim uni, mol boqardik, öynardik birga. U şaharga yöl olgan kuni men ham taslim böldim taqdirga. Asrolmadim… Ha, zimmamda ayb, şu ekan-da odamning holi: turaverar tilsiz munğayib, kuçlidir goh undan çumoli…”
Öninçi söz: MASLAK
Çumolining işini qarang
(Uvoqça ham kelmaydi özi),
Yumalatib ketmoqda arang
Özidan ham kattaroq Sözni.
Yölda kimlar qilmaydi daxl,
Pistirmada yotvolib poylar –
Tekintomoq, qaroqçi, baxil,
Söz öğrisi bölgan gadoylar.
U heç kimga qilmaydi parvo,
Öylamaydi mağlubiyatni.
Önqir-çönqir, çalkaş yöl aro
Mayoq qilgan yoruğ niyatni.
Kuraşadi, manzili uzoq,
Javob bermas heç kim sasiga.
Dumalatar, ters sudraydi goh,
Sözni eltar öz uyasiga.
Yuksaltadi söz xirmonin, rost,
Kunda şunday bir juft söz töksa…
Hayron bölmang,
Bossangiz bexos,
Bir kun sizni odamday söksa!..
“Quvvat bordir söz tiynatida – qumursqa ham devga aylanar. Nafis sözning zeb-ziynatidan oddiy toş ham durday şaylanar”.
Boş silkidim: “Ha, sözda qurb bor, mağzidagi malhamday ğoya taʼsiridan tuzalar bemor… Bu haqdamas ammo hikoya…”
Ön birinçi söz: ESKI DARD
U yiqildi köksin çangallab,
Yomon sançdi yuragi bu kez.
Hamkasblaru döstlar amallab
“Tez yordam”ga olib bordi tez.
Turfa asbob-uskuna ila
Tekşirdilar avra-astarin:
Jilla gumon qolmasin dilda,
Ne usul bor – qöllaşdi barin.
Boş çayqadi oxiri jarroh:
“Tiğ tegmasa degandik zora,
Havas emas bizgayam yormoq,
Ne qilaylik, yöq özga çora…”
Çap köksini oçdilar kesib,
Pardalarni nozik tildilar.
Yurak degan olamni kezib,
Tomirlarni sayr qildilar.
“Yo xudoyim!..”
Notaniş hisdan
Jarroh sözsiz tilin tişladi.
Nafis qisqiç bilan ohista
Nimanidir olib taşladi.
Yengil tortdi.
Çiqdi taşqari,
Çekdi. Sözga majoli yöqdir.
Örab oldi döstu xeş bari:
“Nima böldi, bir söz deng, döxtir!?”
U jilmaydi:
“…Qutqarib qoldik,
Şafqat qildi Xudoning özi…
Yuragining tubidan oldik
Öttiz yillik zanglagan Sözni…”
“Ha, sözlar bor tiğ kabi keskir, yuraklarga behis qadalar. Toza qonni qilgaydir tez kir, tomirlarga tuşsa, maddalar. Şubhasiz, bu – Zulmatning işi, sörib olgay sözlarning nurin, tong ufurgan şuʼlani şimib, joylaydi söng qop-qora qurum…”
“Ombor kabi söz yiğar Yurak, farqi yöqdir ne bilan tölsa. Bir parça til – beminnat kurak, olib çiqar unda ne bölsa. Qadrli söz bir çetda turmas, yombi mangu qolib ketmas sir… Til qoraysa, demakki, durmas – yurakni ziç töldirgan kömir…”
Ön ikkinçi söz: QORA IŞ
Söz yiğadi u mijoz kutib,
Öz korini savobga yöyar:
Qorday oppoq sözlarni tutib,
Qora, quyqa ranglarga böyar.
Kabutarday beozor kalom
Aylanadi zumda boyquşga…
…Oq sözini izlar beorom –
Kimdir zordir u boyoqişga.
Bu yoqda-çi, qoradil kosib
Quşlarini qölma-qöl pullar.
Xaridorlar kelar munosib –
Qora sözga işqiboz ular.
Yuraklari yiğadi kuya,
Tomirlari tortar qora qon.
Ruhi – qora quşlarga uya,
Ongi – zoğlar çarx urgan makon.
Tunday qora, mubham quşlarni
Öqday otar közlarga joylab.
Yaralaydi oppoq tuşlarni,
Qoronğuda öqrayar poylab.
Tipirçilar oq tilak noçor,
Oydin orzu potirlar halak:
Boyöğlilar çöqilab qoçar,
Taşlanadi quzğunlar lak-lak.
Lek.. qöqqisdan tözğiydi zulmat,
Tökiladi kökdan oq kukun.
Yoziladi yerga oppoq xat –
Adolatli, çaroğon hukm.
Simurğ sözi –
Xolis, hur, odil:
Oq qanotli sözlar qutular.
Qora quşlar topmay murodin,
Qonga taşna bölib qutirar.
Qahri qözib qaytar iniga,
Qora qismat xatin öqiydi:
Sodiq qolib qora işiga,
Egasining közin çöqiydi!
“Kördim iğvo-böhton yuqidan yuzi qora bölgan sözlarni, şu sözlarning oğir yukidan qaddi bukik qoraközlarni…”
“Yaxşiyamki, oftobdillar bor, haqqa qalqon – mustahkam qoya. Yuraklarga obkirgay bahor… Şu haqida endi hikoya…”
Ön uçinçi söz: SAXIY
U saharlab çiqadi yölga,
Çöntagini sözga töldirib.
Söz tutar har uzangan qölga,
Uylarga ham ötadi kirib.
Sado berar: “Kimga söz kerak?
Tarqataman betölov, tekin.
Faqat uni qilmaysiz ermak,
Uni uvol qilmaysiz lekin”.
Har bir sözga loyiq odam bor,
Kalima bor har kimsaga teng:
Kimgadir bir söz tuyular tor,
Kimgadir bir söz keladi keng.
Kim uluşin himmatga yöyar,
Rozi bölmas kimdir oziga…
…Qandday şirin söz solib qöyar
Yiğlayotgan bola oğziga.
Qatqaloq qalb yöliqsa tuyqus,
Söz quyadi suvday singguvçi.
Sovuq qotsa qay dilda tuyğu,
Tomizadi söz – isitguvçi.
Köngli çökkan, siniqqan kimsa
Umidiga suyar tirgak söz.
Zimdan kimga xatar tikilsa,
Tuhfa qilar huşyor, sergak söz.
Yengil kaslar öpkasin bosib,
Zilday söz-la boylaydi poyin…
Söz uzatar, xullas, munosib –
Har bir sözning topadi joyin.
Söz ulaşar kezib har yonni,
Qoldiradi yoniq sözli iz.
Şom mahali, böşab hamyoni,
Qaytib kelar uyiga sözsiz.
Rafiqasi sözdan çoy damlab,
Yonboşiga qöyar sözyostiq.
Farzandlarin davraga jamlar,
Sözbezakli dasturxon yozib.
Yaşar mehr, işqqa qongança,
Ahil, totuv, inoq yaşaydi.
Oilasi bilan tonggaça
Yana yangi sözlar yasaydi!
“Ha, tanidim. Meni ham, özi, senga öşa saxiy ulaşgan. Köpayadi kun sayin Sözi – zulmat yölin tösuvçi laşkar…”
“Rost, tonmayman, ulğaydim durkun şunday hotam insonlar bois. Söz yölida borarkan bu kun, ularga boş egmoğim joiz…”
“Balli. Bu – heç ado bölmas qarz, kamsuqumlik – oqil xislati. Hammamizga bölgay aççiq dars havolangan sözning qismati…”
Ön törtinçi söz: QISMAT
U kitobda tuğildi avval,
Juda sokin, vazmin söz edi.
Xilvat joyni körardi afzal,
Maʼno bilan yaqin döst edi.
Bir kun ilğab qoldi qay muxbir,
Gazetaga köçirdi sudrab.
Ğunçaladi mağzidagi sir,
Ayon böldi yaşirin qudrat.
Naşrlarda böldi qölma-qöl,
Maqoladan xabarga köçdi.
Qoğoz uzra bosib uzoq yöl,
Qanot qoqib çopdi-yu… uçdi!
Tölqinlarga ilaşib, qarang,
Çiqib oldi zangor ekranga.
Endi har kun soçadi jarang,
Tuslanişni qilmaydi kanda.
Usiz ötmas endi biror töy,
Biror aza, biror marosim.
Hali kelmay fikr, xayol, öy,
Körsatadi darrov qorasin.
Ulfatlari öziday sergap,
Gap otadi, qilar tamanno.
Uni heç kim qöymaydi tergab –
Allaqaçon tark etgan Maʼno.
Ohori yöq siyqa libosi
Zörğa yopib turar tanini.
Qözğalganda eski ibosi
Eslab qolar kim ekanini.
Ayriladi şunda tinçidan,
Alamidan soçini yular.
Tuşlarida… Kitob içida
Maʼno bilan egizak yurar…
Biz ham Söz-la egizak kabi yölimizda etardik davom. Ortda qoldi sahrolar – kabir, ortda qoldi neça bir dovon. Va… duç keldik nogoh majlisga, anglamasdan qöşilib qoldik. Berilgança otaşin hisga, çaynar edi bir sözni notiq. Ötirardi yuzlab qoraköz, qilt etmasdan na tuk, na eti. Evoh, notiq oğzidagi söz – özgalarning saqiçi edi…
Ön beşinçi söz: SIR
Har oqşom şu:
Öçganda çiroq,
Uxlayman deb kirsam öringa –
Nimalardir örmalar, biroq
Çiroq yoqsam, heç ne körinmas.
Yuguradi yuz, böynim böylab,
Goh qitiğim, goh ğaşim kelar.
“Nimadir bu?” – yotaman öylab,
Xayolimga kelmaydi nelar.
“Nahot meni bosgan bölsa bit?
Yo körpamda köpaygan burga?” –
Hammayoqni qilaman tit-pit,
Xotinim ham izlaydi birga.
Natija yöq.
Har tun şu ahvol,
Uxlayman deb kirsam öringa,
Nimalardir örmalar, alhol,
Çiroq yoqsam, heç ne körinmas.
Va nihoyat, bir kuni çaqqon
Hamla bilan tutvoldim birin…
Şundan buyon qiynoqdadir jon,
Şundan buyon çaqadi sirim.
Axir, kimga aytayin buni,
Aytsam, tağin köpaymasmi gap?
Mayda urçib yotgan qayğuni
Yolğiz özim qanday qilay daf?
Böldi,
Sabrim tugadi, döstlar,
Yengil tortay, sirimni aytib:
…Yuragimga yetmagan sözlar
Quloğimdan çiqarkan qaytib…
“Har bir odam asli Sözsandiq, umr böyi söz yiğar inson. Kimdir ölsa, bu – bitmas çandiq, odam bilan sözlar berar jon…”
“Sözdaryoga öxşar har elat – millat tözsa, tili ham ölik… Boşiga şum savdolar kelar… Şu töğrida tingla bir ötuk…[1]”
Ön oltinçi söz: KÖMÇU
Şahar çeti. Tuş. Terlab-pişib,
Qadimşunos qiladi emgak[2].
Öra kovlar… Uning bu işi
Kimlargadir tuyular ermak.
Kimdir kular: “Bu dalli odam
Yer tubidan izlaydi kömçu…”[3]
Parvo qilmas piçingga heç ham,
Avut-avut[4] tuproq elar u.
Avom gapi bölmaydi evşuk[5],
Alinidan[6] oqar reza ter.
Moziy sari axtarar eşik,
Bağrin oçar unga Ona Yer.
Goh ivriqqa[7] duç kelar hayron,
Goh çiqadi sirli siriçğa[8].
Tasavvuri bilmaydi poyon –
Yetsam deydi olam siriga…
Tark etmas heç qalbini tamkin…
…O, izrikka[9] tegdi çökiçi.
Ulkan ukak![10] Egildi tarkin[11],
Oçdi: sözga töladir içi!
Tovlanardi ukil[12] kalima,
Tovlanardi besado tilsim.
Qadimşunos lol edi…
“Nima,
Yöqotdingmi, ey odam, tiling?!”
Sado berdi uzuğ[13] Söz nogoh:
“Rahmat senga, ey sodiq sağdiç[14].
Yutgan edi bizni tubsiz çoh,
Yotgan edik bezovta, notinç…
Aslida-çi,
На тас[15], на армон,
Bilmas edik – şonimiz uluğ.
Eltar edi bizni zör karvon,
Har tevada – bebaho ağruq[16].
Yöl bosardik aqrin[17] va tekis,
Yöl bosardik xotirjam, bedard.
Bilar edik – yölimiz çeksiz,
Ortimizda qolib sonsiz art.[18]
“Töxtang!” – dedi bir kun qulavuz[19],
Köp yöl yurdik, tiklang alaçu[20].
Bunda bir pas öynab-kulamiz,
Bitganmi heç yölning çalasi?!”
Oyoq ildik. Oçildi xumlar,
Bir lahzada böldi el esruk[21].
Göyo ozod bölgan mahkumlar
Yelkasidan tuşgan kabi yuk.
Navolandi quvnoq ikama[22],
Köngillarda mastona örkuç[23].
Maslagini unutdi hamma,
Asir etdi makkor kundi[24] kuç.
Va örtada qöpdi zil irtaş[25],
Guvazlikdan[26] buzildi kudan[27]…
Quyun qöpib, quturdi-ku daşt,
Göyo devlar qalqdi uyqudan.
Ostin-ustin böldi arçilar[28],
Hammamizni yamladi tublu[29].
Holimizga kim ham açinar –
Öğan Ezi[30] jazosidir bu.
Kökka uçib ketdi tinimiz[31],
Tözğib ketdi bebaho ökma[32].
Uyukti[33] suyukli tilimiz,
Sumlimlarga[34] töldi bu ölka.
Şukr, yana yorişdi özlak[35],
Yana çiqdik jumla – jahonga.
Ujuk-ujuk[36] tirildi sözlar –
Vujudimiz qovuşdi jonga…”
Qadimşunos lol edi hanuz,
Abaqiday[37] turardi qotib.
Quyoş – eski tilla tanga tus –
Alvon kölga borardi botib…
Bir sandiq söz – köhna örunçaq[38],
O, kimlarga, oling, deb tutdi.
Qiziqmadi heç kimsa unça,
Söng… ularni bittalab yutdi.
Şundan buyon bu mölak[39] odam
Munğan[40] bölib, sayraydi biyron.
Garçi uni tinglasalar ham,
Tuşunmaydi birorta inson…
“Qança sözlar bor edi çapdast, tildan tilga uçar edilar. Savlat tökib turarkan gapda, safdoşini quçar edilar…”
“Bugun-çi, yöq, bermaslar sado, umrlari topmiş nihoya. Tannoz sözlar qildilar ado… Şu haqdadir ğamgin hikoya…”
Ön yettinçi söz: ĞAMGIN HIKOYA
Birga ösdi ikki jondoş söz –
Yaralgandi bitta özakdan.
Tutindilar qiyomatli döst,
Yaşolmasdi ayri, uzoqda.
Boğlab turar edi bitta son,
Bitta turkum, bitta kelişik.
Arazlaşib qolsalar, oson
Ketardilar darrov kelişib.
Bir jumlada çopib izma-iz,
Ziçlar edi maʼno taʼsirin –
Ayiruvçi sözlar kelsa, tiz
Çökmay, birga berib taʼzirin.
Sirlaşardi sahifa böylab,
Kezar edi mudom juft soya.
Yaşardi bir maslakni öylab,
Sof döstlikni qilib himoya.
Ammo bir kun özga lisondan
Kirib keldi bir satang kalom.
Biri körib qoldi… Şu ondan
Oromini yöqotdi tamom.
Endi tez-tez hamrohini u
Çalğitgança etar edi tark.
Tanho özi simirib qayğu,
Bölar edi anduh içra ğarq.
Tuşunmasdi şerigi sira,
Söz sörasa – siniqardi jim.
Ahvolini öylab, xavfsirab,
Pinhon yerdi u ham iç-etin…
Bir kun tamom yöqoldi dösti,
Izladi zor: qayda, kim bilar?
Maşʼum miş-miş yölini tösdi:
Qoçib ketmiş satang Söz bilan!
Tört tomonga yoyildi ğiybat,
Şum kulgilar bağrini ezdi.
Çidolmadi, qiynalib behad,
Söroq (?) bilan tomirin kesdi.
U yoqda-çi, makkora tannoz
Sörib oldi oşiq jonini.
Söng tap tortmay, keçib ketdi voz,
Gapga kömib ustixonini.
Şundan buyon könikdi barça,
Ikki sirdoş beiz yöqoldi…
…Bizning esa, şarmandalarça,
Kunimiz şu satangga qoldi…
Kuldim: “Oğir muhabbat dardi – u sözning ham olarkan esin…”
“Muhabbat şu bölsa agarda, uni qaşqir, börilar yesin!”
Qalqib tuşdi yöl yoqasida qöl uşlaşib turgan yigit-qiz. Visol-hijron çorrahasida sözlaşardi yuzma-yuz, unsiz…
Ön sakkizinçi söz: OMONAT
– Söz ber menga,
Bergil menga söz! –
Javdiraydi bir öksik nigoh,
Javdiraydi ötinç töla köz,
Ne deyişni bilmayman men, oh.
Nima qilay?
Qanday çora bor?
Qay puçmoqqa bekitay özni?
Axir, qayta topmoğim duşvor –
Yöqotganman u bergan Sözni…
Dilni ezdi uşbu tillaşuv, ön soniya zörğa kuzatdik. Yölimizdan çiqqan sözni şu yigit bilan qizga uzatdik.
“Köp yöl yurdik, qolmadi mador – tuz totmadik, zaiflaşdi jon…”
“Zap pazanda bir tanişim bor, bizni siylab, qilgay u mehmon…”
Ön töqqizinçi söz: PAZANDA
U bozorga borar ertalab,
Yangi, barra söz sotib olar.
Söng qozonga sözdan öt qalab,
Eng mazali sözlarni solar.
Söz qaynaydi uzoq biqirlab,
Har bitta söz göyo sayraydi.
Pişgaç, unga tekkizsangiz lab,
Söz taʼmidan köngil yayraydi.
Söngra sarxil sözlarni solib,
Banka yopar – yeydi qiş ğamin:
Qahratonda söz-sassiz qolib,
Gung misoli ğönğillar zamin.
Tayyorlaydi sözlardan qoqi,
Muzxonaga ğamlaydi möl-köl.
U biladi, bir kun yutoqib,
Hamma unga uzatadi qöl.
Şaksiz, siz ham oçiqib rosa,
Taşnalikdan taningiz idrab –
Uzatasiz unga böş kosa,
Umid bilan, qölingiz titrab.
Şunday ekan, toki fursat bor,
Kömaklaşing beğaraz, tekin:
Sözni asrang… Yana hosildor,
Toza navli sözlarni eking.
Heç bölmasa, uning boşida
Zulmat bölib qilmang qoronğu.
Şam yoqay deb ketsa, oşiga
Yeng uçida qotmangiz oğu…
“Öylab körsam, yoşlik çoğimdan Hayot meni siylabdi tamom. Lekin özim dil öçoğida pişirdimmi bir şirin taom? Heç bölmasa, zör pazandaga obkeldimmi biror masalliq? Menday lavang bir arzandaga kim beradi endi tasalli?”
Öylarimni ilğaganday jim, yetgan kabi tilsim-asrorga – göyo oşkor bölganday könglim, Söz boşladi meni bozorga…
Yigirmançi söz: SÖZBOZOR
Qizib yotar köhna sözbozor
Yaxşi-yomon sözlar çöğidan.
Oluvçidan sotuvçi bisyor –
Bir-birini tinmay çöqigan.
Kimdir olib çiqqan öz sözin,
Bir burçakda sotadi halol.
Ayyorona qisgança közin,
Paydo bölar yonida dallol.
Olibsotar kaslar bor yana,
Darrov ilğar, yetar qaydan naf.
Jaği bilan – sotar çakana –
Yirik sözni mayda-maydalab.
Kun köradi sözböyamaçi
Safsataga yorliqlar taqib.
Garçi bilar, holi ayançli,
Sözsinçilar qiladi taʼqib.
Öğrilar-çi, kezar çekkalab,
Kuppa-kunduz çiqişgan ovga.
Özgalarning sözini talab,
Pullab qoçar arzon-garovga.
Sara, asil sözlar bor… Jilo
Soçar oltin, olmos misoli.
Kimdir xarid qilar yuz kilo,
Kimdir zörğa olar misqolni.
Söz bozori qiziydi, toki
Ohanrabo sözlar bunda jam.
Xaridorin topar hattoki
Çirib-aynib ketgan sözlar ham.
Sözfuruşmiz hammamiz, ha, rost,
(Yöq, deb elda kulgi uyğotmang)
Faqat, sizdan bitta iltimos:
“Vatan” sözin heç qaçon sotmang!
“Mol sotadi savdogar dunyo, narx qöyadi kaftin işqalab. Qarğar kimki boqmasa qiyo, mozoriga pişiq ğişt qalab. Lekin dunyo rastalaridan yuksakroqda oliy sözlar bor. Ozod – egri dasttalaridan, körgay uni kim bölsa Bedor…”
“Ha, bu – bor gap, – dedim men xuşhol, – elu ulus guvoh böldi, döst: yuraklarni qildi-ku işğol şiddat bilan köçgan Bedor Söz…”
Yigirma birinçi söz: BEDORLIK
Jarangladi birdan Bedor Söz,
Turğun sözlar tinçini buzib:
“Keng dunyoga oçajakmiz yuz,
Berk luğatni oşkora tuzib.
Sözdan qörqsa sözlar, bu – dahşat,
Sözlar yesa bir-birin mağzin;
Söz oldida qaltirab-qaqşab,
Ğoyib bölsa sözdagi mazmun…”
Sözlar qalqdi:
Hurlik, Adolat,
Yangilaniş, Taşabbus, Bardoş,
Fidoyilik, Ğayrat, Sadoqat,
Döstlik, Şafqat, Oqibat, Qardoş…
Ğijinsa-da xoin, kir sözlar:
Hasad, Qullik, Loqaydlik yangliğ –
Tilin yoğlab, dilin xaspöşlar,
Sezar – xufya rejasi yangliş.
Hukmfarmo loflar bor çetda,
Tözğitsam der inoq jumlani:
Öz ğoyasi bölsa har betda,
Sarlavhani u qöysa yaʼni…
Ming şukurki, Azal Kotibi
Har biz sözni qöyar joyiga.
Kimki riyo mayin totdimi –
Tiz çökadi Mantiq poyiga.
Tinim bilmas bir zum Bedor Söz,
Azon aytar, çalar qönğiroq.
U biladi: yumildimi köz,
Manzil qoçar tobora yiroq.
Ildamlaylik!
Söz dovonida
Kökka yondoş xitob bölaylik.
Kitoblarning hur javonida
Qadri baland Kitob bölaylik!
“Bunday oliy Kitobda bitik bölmoq uçun arziş şart, beşak”.
“Buning uçun ne lozim?”
“Biqiq qoliplardan qutulmoqlik şart! Hur sözlardan tizilsin jumla, fikr bölsin riyodan xoli – ozod sözlar tuzsin anjuman, hukm bölsin samimiy, xolis…”
Yigirma ikkinçi söz: OZOD SÖZ
U tutilar şunday, tuzoqsiz,
Içdan çorlang – kelar har kuni.
Na izohli va na izohsiz
Luğatlardan topgaysiz uni.
Ozod söz u – biror kimsa yo
Narsalarga bandi bölmagan.
Taşviqotdan taşqari dunyo,
Qizil rangga bangi bölmagan.
Navoiyga yukingan, beşak,
Koşğariyning öpgan izini.
U – Boburning tojida bezak:
Hur ruhlarga berar tizginin.
Siz ham erkin olsangiz nafas,
Tilingizdan yeçilsa tuşov,
Qölingizda bölmasa qafas,
Poyingizda tözğib ketsa ğov –
Öz-özidan böladi paydo,
Tegrangizda aylanar gir-gir.
Göyo sizga bölgan-u şaydo,
Qönsam deydi qoşingizga bir.
Yöq, haydamang,
Dam olsin bir pas,
Hali ezgu safari uzoq.
Ozod bölsa qayda bitta şaxs,
Huzuriga uçgaydir şu çoğ.
Hozirça siz zavq oling undan,
Hurligini qiling tomoşa.
Boşqalarni ham şunga undang,
Közingizdan hayratlar toşa.
Boşingizga qöngan Humo – şu,
Baxtingizdan bermiş u nişon.
Demak, sizni yamlamabdi şum
Qora rözğor…
Ey, ozod Inson!
Men his etdim, nima uçun Söz olib çiqmiş meni safarga – u istaydi: mendagi kam-köst yitsin, kiray masrur saflarga…
“Ha, yetibsan niyatim anglab, borliq maqsad bilan tirikdir. Endi pişiq sözlarni tanlab, özing uçun bir libos tiktir…”
Yigirma uçinçi söz: LIBOS
Sözdan tikmiş öziga libos,
Söz kiyadi doim… Qiyini,
Özgarsa-da bahor, qiş, kuz, yoz –
Özgarmaydi uning kiyimi.
Bir libosda tözğitib borar
Xuruj qilgan vaqtning laşkarin:
Oçiladi tusi tobora,
His qiladi körkamlaşganin.
Tegrasida odamlar tez-tez
Yangi çiqqan sözlarni qiyib
(Tuslanişni qömsab qolgan kez),
Özlariga biçarlar kiyim.
U biladi barini zimdan:
Ötar ekan xaloyiq aro,
Kulib qolar ortidan kimlar,
Egnin qoqar – qilmaydi parvo.
Taʼsir qilmas omma bosimi,
Öz yölidan boradi tikka –
Egnidagi yolğiz libosin
Xudo bergan sözlardan tikkan.
Şu boisdan avaylar juda,
Şu sababli qilar ehtiyot:
Tanişlari sörar – behuda…
Orzu qilmas, hatto, yetti yot.
Çunki jondan söralganda boj,
Çorlaganda Tangri imosi,
Hamma qolgay noçor, yalanğoç –
Yaşnab turar uning libosi!
“Qoyil! – dedim. – Yuz bora qoyil!”
Yana tilim biyron söyladi!!
“Ulkan baxtga bölding sen noil, sözdan endi hatto köylaging!”
“Sen-la safar böldi maroqli. Rahmat…”
“Sen ham baxtga bölgin yor. Yaqinlaşdi manzil-marohil, yöl söngida ne tilaging bor?”
Yigirma törtinçi söz: UY
Menga şinam uy qurib bering,
Metin sözdan qöyingiz tamal.
Pişiq sözni ğişt kabi tering,
Şoh bayt kabi bölsin mukammal.
Nafis taşbeh bölsin gulqoğoz,
Timsollardan yasalsin ustun.
Qofiyali ayvon bölsa – soz,
Maʼno bilan yopingiz ustin.
Uyim bitsa,
Közlarim porlab,
Tomirimda sözday oqur qon.
Döstu yorni mehmonga çorlab,
Şirin söz-la qilgayman mehmon.
Balki bu söz kimgadir yoqmas,
Balki ğalat tuyular feʼlim:
“Uy kördi”ga buyum-matohmas,
Biror yangi Söz olib keling!
Adaşsangiz,
Bölmang betoqat,
Yöl körsatgay uyim bilganlar.
Manzilimni topgaydir faqat
Sözga xolis xizmat qilganlar!
Xayrlaşdik Söz bilan uzoq, har kim aytdi dildagi rozin. U jilmaydi: “Sörasang, şu çoğ yuragimda bor bitta orzum. Yolvoraman Söz Meʼmoriga – xayolimda yöq boşqa xohiş – sen tilagan Uy devorida bölib qolay men ham bitta ğişt!”
Hayajondan dil qalqdi yakbor – hayratlandim Söz tilagiga. U menga qöl silkib sönggi bor, tuşib ketdi könglim tagiga. Koşki yana u bilan qolsam – u özimni qaytarib berdi: oh, qay sözni tilimga olsam, “Şukr” bölib jaranglar endi!
Oxirgi söz: ŞUKR
Söz Sohibi,
Azal Kotibi,
Dil tubiga tuşdi qatim nur.
Bir söz ila qilgum xotima:
Şukr, şukr va yana şukr!
Yayrab sezdim sözning taʼmini,
Sözdan libos kiydim-ku bir qur:
Raso qilding egri taʼbimni –
Şukr, şukr, ön bora şukr!
Anglab yetdim:
Har bir söz – tirik,
Çiğanoqda bekinganday dur,
Maʼnosini avaylar tiniq…
Şukr, şukr, yuz bora şukr!
Kengaymoqda közim gavhari,
Söz tubiday qaroğim çuqur –
Işqing bilan tölmoqda qaʼri…
Şukr, şukr, ming bora şukr!
Ozod sözga hamroz aylading,
Raqsu samo qildim söz-la hur.
“Şukr” degan sözga aylandim –
Şukr, şukr, toabad şukr!!!
2018-yil, oktyabr
Nodir Jonuzoq
1976-yili tuğilgan.
Samarqand davlat universitetining
özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Tomçilar”, “Sizni sevar edim”, “Mehribonim” nomli şeʼriy töplamlari çop etilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida