Shoir Nodir Jonuzoq so‘z ekologiyasi haqida doston yozishga jazm etibdi. So‘z qurisa, olam quriydi, odam quriydi, qalb quriydi, ong quriydi debdi. So‘z ekologiyasi deganda, avvalo, so‘z ma’nosining qurishi – ma’noning o‘limini nazarda tutibdi. Rostdan ham, tabiatda har bir holda o‘lim bu – eng og‘ir va eng oxirgi fojia. Hayotning tugashi va yakuni. Ammo dunyoda hech kim so‘zning o‘limidan qayg‘urayotgani, g‘am-alamga botayotgani yo‘q. Ko‘pchilik hatto buni mutlaqo sezayotgani ham yo‘q. Holbuki, necha yuzlab, necha minglab so‘zlar odamlarga hayot, farog‘at, lazzat baxsh etuvchi fikr, o‘y, xayolning – tiriklik baxsh aylaguvchi go‘zal tafakkur tizmalaridan mahrum bo‘lib, yo‘qlik, adam sahrolari qa’riga kirib ketayotir.
Shoir hozirgi zamonda odamlarning loqaydligi, befarqligi va tobora avj olib borayotgan farosatsizlik tufayli so‘zlar o‘z azal ma’nolaridan mahrum bo‘layotgani haqida kuyunib, dard-alamga to‘lib yozadi.
Men ham kecha yo‘lda, rost gap
Bejon so‘zning yotganin ko‘rdim.
Guvoh dedi: “Moshin ostiga
O‘zin atay otganin ko‘rdim”.
Bu qandayin qayg‘uli maslak?
Bu qandayin dard jilvalari?
Nega so‘zlar bizlarni tashlab
Ketayapti sukunat sari?
Haqiqatan, so‘zlar bizni tashlab ketayotgani, tark etayotgani bugun bor gap-ku! Ko‘z o‘ngimizda beruh, bejon bo‘lib borayotgani ayni haqiqat-ku! Shoir talqinida so‘z (nondek aziz so‘z!) insondan “toliqqan”, “zerikkan”. Bu so‘zga insonning endi loqaydligidan, mensimasligidan tug‘ilgan. Shuning uchun so‘zlar o‘z-o‘ziga suiqasd qiladi. Najot bormi? Nimada? Najot bor! U faqat so‘zlarni e’zozlashda. Muqaddaslik mohiyatini saqlashda! Shoir so‘zlar mohiyati, inson, jamiyat, tarix qoshidagi o‘rni, vazifasini huqqaboz, ovchi, jinoyatkor, shoir, maslak, eski dard, saxovat, qismat, sir, omonatlik, pazanda, so‘zbozor, bedorlik, ozod so‘z, libos, uy va shukr singari timsoliy tushuncha va hodisalar orqali (ularni vosita qilib va go‘yo ular nuqtai nazaridan) ochib boradi va shoirona falsafiy qarashlari, xulosalarini sub’yektiv bir tarzda bayon qiladi. Insonning til, so‘z, tafakkuridagi mas’uliyatiga jiddiy urg‘u beradi. Juda qadimlardan kelayotgan mavzuning o‘ziga xos qirralarini ochadi va bunda o‘ziga xos yondashuvga erishadi. O‘quvchini birgalikda fikrlashga, bahsga chaqiradi.
Ibrohim G‘AFUROV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi