Bundan uç oy muqaddam etikdöz Alyaxinga şogirdlikka berib yuborilgan töqqiz yaşar bolakay Vanka Jukovning bayramdan oldingi keçada uyqusi kelmadi. U xöjayin va boşqa ustalar ketişini poylab turdi, söng ustozining javonidan köpikli siyohdon, zang bosgan peroli ruçka va qoğoz oldi. Yozişdan oldin eşik va derazalarga hadik bilan qarab qöydi, dastali tokçalar oraliğidagi qoronğilik qariga köz qirini taşladi. Entikib-entikib nafas oldi. Qoğoz örindiqda turar, bolaning özi esa örindiq qarşisiga tizzalagandi.
“Aziz bobojonim Konstantin Makariç! – yoza boşladi u. Sizga maktub bityapman. Kelayotgan bayram bilan qutlayman va jamiki ezgu tilaklarni bildirib qolaman. Mening otam ham, onam ham yöq, faqat siz borsiz, xolos”.
Vanka közlarini qoronği derazaga tikdi, unda şam yoğdusi miltillardi. Bolakayning xayolida Jivarevlarnikida tungi qorovul bölib işlaydigan bobosi Konstantin Makariç gavdalandi. Bu mitti jussali, ozğin, ammo epçil va harakatçan çolning yoşi oltmiş beşda bölib, doim yuzlari kulib turar, közlari esa sarxuş boqardi. Kunduzlari çol jamoa oşxonasi yoki gazxonada uxlar, tunlari esa keng pöstiniga öralgança yoğoç şaqildoğini döqillatib qörğon atrofida aylanardi. Çolning ortidan esa boşini eggança keksa it Kaştanka va kuçukça Vyun ergaşdi. Vanka unga qora yungi va suvsarnikiga öxşaş uzun gavdasi tufayli şunday laqab qöygandi. Bu Vyun deganlari ehtirom bilan tizzalab turgança özinikilarga va begonalarga ham erkalanar, uning bu köngilçanligi ortiga aççiqlik ham yaşiringandi. Heç kim unday tezkorlik bilan sakrab, muzlikdan oşib ötib, tovuq öğirlaşga qodir emasdi. Şuning uçun ham Vyunning orqa oyoqlariga urişdi, ikki marta oyoği bilan osib ham qöyişdi, har hafta ölgudek kaltaklaşdi, biroq u har safar omon qolardi.
Hozir ham bobosi darvoza yonida turib közlarini uzoq-uzoqlardagi qişloq çerkovining yorqin qizil derazalariga tikkança qöşnilar bilan çaqçaqlaşib ötirgandir. Yoğoç şaqildoğini belboğiga boylab olgan. U sovuqdan qöllarini işqab, keksalarga xos hingirlab kuladi, tamakini çimdilab bosadi.
– Tamakidan iskarmiz, balki? – deydi çol sigara sotuvçisiga.
Ular tamaki hidlab aksirişadi. Bobo taʼriflab bölmas zavq bilan kulgança qiçqiradi:
– Tortsang-çi, yaramas!
U şunday deb tamakini kuçuklarga iskatdi. Kaştanka ham aksirdi va tumşuğini saraklatib xafa bölgança nari ketdi. Vyun esa deyarli aksirmadi va dumini likillatib turaverdi. Ob-havo ham ajoyib: musaffo, sokin va tiniq. Hamma yoq zim-ziyo esa-da, qişloq körinib turadi: oppoq tomlar, mörilarda möralayotgan tutunlar, qirov bosgan daraxtlar, qor uyumlari. Osmon esa yaltiroq yulduzlarga töla, Somon yöli ham yaqqol közga taşlanadi – göyo bayramdan oldin uni yaxşilab yuvib, qor bilan artib qöyişgan.
Vanka çuqur nafas oldi, peroni sozlab, yana yozişda davom etdi:
“Men esa keça jazolaşdi. Xöjayin soçimdan tortib hovliga olib çiqdi va uzangi bilan savaladi, çunki belançak tebratib ötirib, bilmay mizğib qolibman. Hafta boşida beka menga selyodka tozalaşni buyurgandi, baliqni dumidan tozalaşga kirişgandim, u buni körib baliqni oldi-da, tumşuği bilan yuzimga tuşirdi. Xalfalar doim ustimdan kulişadi, mayxonadan şarob olib kelişga yoki xöjayinlarnikidan bodring öğirlaşga jönatişadi, xöjayin bölsa qöliga ilingan narsa bilan uradi. Ovqatning mazasi yöq. Ertalab non berişadi, tuşlikda bötqa, keçki payt yana non. Çoy bilan şörvani özlari tuşirişadi. Dahlizda uxlayman. Bolalar yiğlab qolguday bölsa – tamom, umuman uxlamayman, belançakni tebratib çiqaman. Bobojon, jon bobojon, menga rahmingiz kelsin, bu yerdan qişloqqa, uyimizga olib keting, özim ketolmayman… Tiz çökib ötinim sörayman, bir umr duo qilaman… Iltimos, meni olib keting, yöqsa ölib qolaman…”
Vanka oğzini mahkam yopib, qoraygan qöllari bilan közlarini işqaladi va höngrab yubordi.
“Men siz uçun tamaki ezib beraman, – davom etdi u. – “Iso haqqi-hurmati, etiklaringizni tozalab beraman, Fedkaning örniga çöponlik ham qilaman. Bobojonim, ölimdan boşqa çoram yöq. Qişloqqa piyoda qoçib ketişni ham öyladim, ammo etiklarim yöq-da, sovuqdan qörqaman. Katta bölganimda özim sizni boqaman, heç kimga xafa qildirmayman, vafot etsangiz, haqingizga duo qilaman.
Moskva katta şahar. Uylar haşamatli, tulporlar köp, qöy-qözilar yöq, itlar qopağon emas. Bu yerda bolalar yulduz taqib yurmaydi, çerkovda qöşiq kuylaşga esa heç kimni qöyişmaydi. Bir marta bir dökon rastasida tayyor ipi bilan qarmoq sotilayotganini kördim. Judayam ajoyib, hatto bitta qarmoği bor ekan, u bilan bir pudli laqqani ham tutsa böladi. Yana şunaqa dökonlarni kördimki, boylar uçun qurol-yaroğ sotilarkan, har birining narxi yuz rubldan balandda bölsa kerag-ov… Göşt dökonlarida esa otib kelingan qarqur, bulduruq, quyon göştlari bor. Ammo u yerda ötirganlar bularni qayerdan ovlaşganini aytişmaydi.
Bobojon, agar xöjayinlarga arça sovğa qilişsa, tilla yonğoqni olib, yaşil sandiqçaga yaşirib qöying. Olga Ignatyevnadan iltimos qiling, Vanka uçun, deb ayting”.
Vanka seskangança nafas oldi va yana deraza taşqarisiga tikildi. U mehmonlar uçun bobosi bilan örmonga borib arça kesişlarini esladi. Baxtiyor damlar edi! Bobosi izillar, ayoz ğuvillar, ularga qarab Vanka ham dağillardi. Arçani kesişdan avval bobosi trubkasini olib, tamakini uzoq hidlar, sovuqda muzlab turgan Vankaning ustidan kulardi… Qirov bosgan yoş arçalar kimdir kelib kesib ketişini kutayotgandek körinardi. Şu paytda qorli döngda quyon çopayotganini körib qolişadi. Bobo özini hayriqişdan töxtatib qololmaydi:
– Uşla, uşla uni!.. Eh, yaramas!
Arralangan arçani bobo xöjayinnikiga olib borar, söngra öşa yerda uni tozalaşardi. Hammadan köp Vankaning sevimli opasi – xöjayinning qizi Olga Ignatyevna kuyib-işlardi. Vankaning onasi Pelageya hayotligida xöjayinlarnikida mehmonxona xizmatkori bölib işlardi. Olga Ignatyevna öşanda Vankaning qornini töyğizar, iş yöqligidan unga öqiş, yoziş, yuzgaça sanaş, hatto raqs tuşişni ham örgatardi. Pelageya vafot etgaç, yetim qolgan Vankani bobosi turadigan oşxonaga, u yerdan esa Moskvaga etikdöz Alyaxinnikiga jönatişdi…
“Tezroq kela qoling, bobojonim, – yana yozdi Vanka, – ötinib sörayman, meni bu yerdan olib keting. Mendek yetimga rahmingiz kelsin, bu yerda hamma meni turtadi, bir burda nonga zorman, qançalik zerikkanimni aytişga til ojiz, doim yiğlayman. Yaqinda xöjayin dasta bilan boşimga urdi, özimdan ketib, yerga yiqildim, zörğa özimga keldim. Mening kunim itlarning ham boşiga tuşmasin. Aytganday, Alyonaga, birköz Yegorkaga va aravakaşga mendan salom ayting. Garmonimni heç kimga bermang. Nabirangiz Ivan Jukov bu yerda yolğiz qolgan, sizni intizorlik bilan kutaman, bobojon”.
Vanka qoğozni tört bukladi va tunov kuni bir tangaga xarid qilgan konvertiga soldi… Ozroq öylab turib, peroni qöliga oldida, manzilni yozdi:
“Qişloqdagi bobomga”.
Söngra gardanini qaşlab xayolga çömdi va qöşib qöydi: “Konstantin Makariçga”. Heç kim unga xalal bermaganidan köngli tölib, boşiga qalpoğini qöndirdi-da, nimçasini ham kiymay köylakçan holda köçaga yugurdi…
Göşt dökoni yonida ötirganlar bolakayga xatlarni poçta qutisiga taşlaş kerakligini aytişdi. Maktublarni sarxuş aravakaşlar olib, yer yuzi böylab qönğiroqçalarini çalgança tarqatar ekan. Vanka poçta qutisiga yugurib yetdi va qimmatli maktubini u yerga taşladi…
Bolakay bir soatdan söng şirin orzular oğuşida qattiq uyquga çömdi… Tuşiga peçka kirdi. Peçka ustida yalang oyoqlarini osiltirib bobosi ötirarmiş va maktubni oşpaz ayollar öqib berarmiş… Peçka atrofida Vyun dumini likillatib yurarmiş…
Rusçadan Nodirabegim IBROHIMOVA tarjimasi.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


