Sanobar Tölaganova (filologiya fanlari nomzodi): Ustoz, bugungi suhbatni adabiyot va adabiy şaxsiyat mavzusiga bağişlasak. Buyuk adabiyotni ulkan şaxslar yaratadi. Şaxsiyat va adabiyot bir-biriga boğliqmi yoki ayro tuşunçalarmi? Sizningça, adabiy şaxsiyat tuşunçasining mohiyati nimadan iborat?
Ibrohim Haqqul (filologiya fanlari doktori, professor): Bu masalaga ham keng, ham konkretroq qaraş lozim. Zohidning şaxsiyati zuhdga, obidniki toat-ibodatga, oşiqniki işq-muhabbatga yoki orifniki maʼrifatga tayangani bois ulardan har birining içki hayoti va dunyoqaraşi öziga xos tarzda şakllanadi. Va şaxsiyatning tamali bölmiş Iroda kuç-quvvati ham bir-birinikidan farqlanadi. Zero, zuhd holi kamolga yetmagunça zohid, işq zavqi bilan tölib-toşmagunça oşiq, borliqni maʼrifat nuri ila muşohada etmagunça orif asl qiyofasini namoyon aylay olmaydi. Xuddi şunga öxşab adabiyotning tub mohiyati va oliy xususiyatlarini tamsil etolmagan qalamkaş heç qaçon çin maʼnodagi şoir yoki adiblar safiga kirolmaydi. Özini adabiyotda, adabiyotni öz şaxsida körsatişga qodir isteʼdodlar esa juda-juda siyrak uçraydi.
Adabiy şaxsiyat, eng avvalo, Alloh inʼom qiladigan isteʼdod, şu isteʼdodning yaratuvçanlik ilhomi. Mukammal adabiy şaxsiyatgina ijodkorni kosiblikdan, taqlid va turli özlaştirmaçilikdan saqlaydi. Adabiyotdagi şaxsiyatsizlik hayotdagi, yaʼni inson qavmiga xos şaxsiyatsizlikdan ming karra yomon va zararlidir. Şuning uçun şaxsiyat va adabiyotni bir-biridan aslo ayri tasavvur qiliş mumkin emas.
S.T.: Adabiyotda ijodiy qiyofa bilan insoniy qiyofaning özaro uyğun kelişi juda kam uçraydigan hodisa. Ijodiy va biografik “men” orasida çegara bormi, bölsa qay mezon asosida örganmoq lozim?
I.H.: Yozuvçi yo şoirning hayoti va ijodi örganilganda uning başariy “meni”ni aslo çetlab bölmaydi. Köpdan-köp hissiyot, taassurot, hol va holatlar yozuvçi biografiyasi “çaşma”sidan oqib keladi. Biroq did, saviya va bilim pastligi bularni yöqqa çiqarişi ham tayin, albatta. Çinakam ijodiy “men” tasavvur etib bölmas zaylda özgarişi, yuksalib Mansur Xallojga öxşab “Anal Haq” – “Men Xudoman” deyişi ham heç gapmas. Ulkan sanʼatkorda söfiylarnikiga monand bir jazba böladi. Buni men maʼrifat va mohiyat jazbasi degim keladi. Hayotga içkaridan qarab, uning yaxşi va yomon, nurli va qoronğu tomonlarini teran muşohada etgani sayin ijodkor şaxsini dard va iztirob balandga kötaradi. Ana şunda heç kim körmaganni köriş, özgalar bilmaganni biliş “eşik”lari unga keng oçiladi. Şunday qilib, tuğma şoir yoki yozuvçi yangi tuyğu va tuşunçalarni zohirdan emas, balki ruh orqali botindan, siyratidagi fikriy siljiş va tuğyonlardan topadi. Bunday holatda başariy “men” ijodiy “men” keçinma va maqsadlarini tuşunolmagani sababli taşqaridan kuçliroq bir taʼsir ötkazilsa, uning turmuşning umumiy oqimiga qarşi borişini ham, isyonini ham quvvatlolmaydi. Bizning bu fikr-mulohazalarimiz faqat va faqat nafsi tozalangan, gözallik hissiyoti yuqori isteʼdod egalariga tegişli. Qolganlariniki esa mustaqil ijodiy şaxsiyat sifatida na örganiş, na ibrat olişga arziydi. Ijodiy şaxsiyat ilmda asosiy mezon mavqeyiga kötarilganda nainki adabiyot, adabiyotşunoslikdagi yolğon va safsatalarning yöli keskin tösiladi.
S.T.: XX asrda yangi özbek adabiyoti böy körsatdi. Yangi adabiyot özi bilan birga yangi qiyofalarni olib keldi. Ayni davrda Yaratgan millatni ulkan şaxsiyatlar bilan siyladi. Fitrat, Abdulla Qodiriy, Çölpon ularning har biri – uluğ şaxsiyat. Qodiriy şaxsiyatining özi alohida fenomenal hodisa. Adib şaxsiyatining öziga xosligi va siri nimada?
I.H.: Azim daryo va mahobatli toğ qaʼrida yaşiringan xazina va boyliklarni tört jumlada tasvirlab bölmaganidek, aytaylik, Abdulla Qodiriy adabiy şaxsiyatining öziga xosligini ham söz bilan ifodalaş bağoyat duşvordir. Bir qarasangiz, Qodiriy köpçilik qatori oddiy, xoksor, faol odam. Biroq butun odam, millatga, yurtga, adabiyotga özini bağişlangan benazir şaxs. Uning jasorati, samimiyatida, samimiyati fidoyiligida, fidoyiligi eʼtiqod va diyonatida. Uning izidan borib, adabiyotda ham, hayotda ham Qodiriyning din-u diyonati va maslagidan çekinilmaganda (Sovet davlati qaramoğidagi köp el va millatlar qatori) bizda dahriy, yaʼni ruhoniyat va ilohiy şuurdan mahrum ğarib, sayoz, noçor bir adabiyot gurkirab rivoj topmasdi.
Ahmad Yassaviy hazratlari bir hikmatlarida “Haqni bilgan beg-u xon-u xalqni bilmas”, deganlar. Bu – Haq işqi odamni moddiy hamma tösiqlardan xalos qiladi va fikr-u saviya ham şunga muvofiq samoviy böladi, deganidir. Mustabid şöro davlati siyosati va “madaniyat” inʼomini xalqqa, dinga, diyonat va istiqbolga xiyonat deb bilgan Qodiriy kabi Fitrat, Çölpon qalbini ham ilohiy sodiqlik va tarixiy sobitlik işğol etgan. Mumtoz şoirlarimiz odamlarni ehtiyotga çorlagan eng yomon ofat – tama. Xolis va ibratli adabiy şaxsiyat mana şuning uçun til, tarix, din, falsafa, siyosat, sanʼat nuqtayi nazaridan qaraganda ham özini va özligini bemalol namoyon eta oladi.
Masalaning eng yaşirin qirralarigaça eʼtiborga olib aytilsa, dunyodagi heç bir narsa yozuvçi – sanʼatkor şaxsiyatiga siğmaydi, biroq olamdagi hamma borliq uning siyratiga siğadi. Şu maʼnoda buyuk Nasimiyning:
Menga siğar ikki jahon,
Men bu jahona siğmasman,
degan sözlari lof ham, mubolağa ham emas. Şaxsiyat zamini va osmoni çeksiz orif şoir, Haqqa oşiq darveşlar buni çuqur muşohada etişgan. Mustabit siyosat qöli bilan sindirilib, asta-sekin parçalanganiga qaramay Abdulla Oripov, sarkaş va isyonkor Rauf Parfi, Şavkat Rahmon şaxsiyatlarida şu jihatlar mavjud edi.
S.T.: Ötgan asrning boşida zamona zayli ijodkorni qayta-qayta elakdan ötkazdi. Şaxs tuşunçasi zavol topdi. Ijodkor şaxsi sindirildi, şaxssizlik epidemiyaga aylanişi oqibatida “men”idan ayrilgan adabiyot paydo böldi. Obrazli aytganda, adabiyot “qibla”sini yöqotib qöydi. Bu hodisaning izlari bugungi adabiyotda hali-hamon sezilmoqda. Buni qanday izohlaş mumkin?
I.H.: Bu savolga qisman javob berdim, şekilli. Mustabid siyosat va mafkura badiiy ijodda ham maddoh, tarğibotçi malaylarini oldinga olib çiqdi va şoir aytmoqçi, “bulbul”ning taqdiri “boyquş”ga topşirildi. Boyquşning feʼl-atvorini bilasiz: baribir buzğunlik va vayronadan orom topadi. Adabiyot jallodlari, deya taʼriflaganlar köngli hur, maslagi toza, talantlarni nişonga olib, ularning umrini ermakka xazon qilişgan. Bundan tuğilgan qörquv va maşʼum tahlika şaxsiyatsizlikni kuçaytirib yuborgan.
Özlikni qatağon etiş, şundoq ham kuçsizlanib qolgan millat hislarini yemirib, diniy-irfoniy eʼtiqodning ildiziga bolta urişini birinçilardan bölib Fitrat domla anglab yetgan. Çölpon va Qodiriyning dunyoqaraşi şu nuqtada birlaşib, xalqni “erk ertaklari”ga aldanmaslikka çorlovçi Ovoz vazifasini ötagan. Fitrat, Çölpon, Qodiriyni jisman mahv etiş aslida ana şu muazzam Ovozni öçiriş va adabiyotdagi intiqom yönalişini butunlay boşqa tomonga burib yuboriş edi.
S.T.: Ijodkor özligini ifoda etiş uçun badiiy şakldan foydalanadi. “Men”lik hissini qondiriş niyatida yozuvçi ijod tomon yuzlanadi. Badiiy ijod nafs bilan boğliq hodisami? Uluğlarimiz Rumiy, Ğazzoliy, Navoiy, Bobur asarlarida nafs daʼvosi taʼnami yoxud tavba? Navoiy “özlik imorati”, “özlik hijobi” deganda nimani nazarda tutgan ekan?
I.H.: Agar “jilov”ni qölga olib qarşilik körsatilmasa, haqiqatda nafs ğorat qiluvçi quvvatdir. Tasavvufşunos Izaziddin Koşoniy nafsning kibr, nifoq, riyo kabi xususiyatlari haqida söz yuritib bunday deydi: “Nafsning yana bir sifati uluhiyat daʼvosi va Haq subhonahu va taolo bilan ziddiyatga kirişuvidir”. Mana şuning uçun Allohdan madad yetmasa, nafsni yengib bölmaydi. Podşoh va katta amaldorlar taqdiri bilan qiziqilsa, ulardan köpçiligi nafsiga avval mağlub, keyin qurbon bölganligi ayonlaşadi. Navoiyning “özlik imorati”, özlik hijobi”dan nazarda tutgani ham nafs. Buyuk şoir nafs va nafsoniy hayotni şunçalik keng örganganki, uning quyidagi ruboiysi mağzini çaqib muşohada qila bilgan kişi öz-özidan nafsşunos bölgisi keladi:
Nafs amrida har neçaki talpinğaysen,
Köp garçi butunluq tilasang, sinğaysen.
Kom ista-yu, neça elğa yolinğaysen,
Nafsingğa xilof aylakim, tinğaysen.
Hamma gap nafs amriga teskari tura bilişda: şunda butunlikka ham yetişiş mumkin. Lekin bu juda qiyin. Hatto ilm va ijod ham uşbu natijani qölga kiritişga yordam berolmaydi. Ayrim adib va olimlarning goh qahr otiga minib, baʼzan oğizdan köpik soçib adabiyot va adabiyotşunoslik töğrisidagi gaplarini tinglab “Nahotki şular ham Yassaviy, Navoiy, Fuzuliyni öqigan bölişsa?”, deya öylanib qolaman. Kimdaki baxillik, qitmirlik, xusumat, riyo, kibr, içiqoralik, laqqilik şarpasi sezilib tebranib tursa, bilingki, u nafs tutquni. Jamiyat yetarli darajada nafs ilmini egallamagunça, axloq, qalb, ruh, nafosat, maʼrifatga doir fikr-mulohazalar taxminiy yoxud xayoliy bölib qolaveradi. Adabiyotning umumiy holati hozirgidan-da, oğirlaşadi. Axir, janobi Payğambarimiz bekorga “Nafsini bilgan, Rabbini bilur”, demaganlar…
S.T.: Domla, adabiyot maydoniga Siz bilan birga kirib kelgan avlod bugun kayvoniylarga aylanişdi. Ular hamon adabiyot maydonida öz aytar söziga ega bölsa-da, nima uçundir adabiy jarayonda bu “ega”lik sezilmayapti. Umuman, adabiy şaxsiyatlar qayerda va sukutning maʼnosi nimada deb öylaysiz?
I.H.: Siz nazarda tutgan ijodkorlarning körinmay qolişi-yu sukutining maʼnosini keçagi zamondan izlaş kerak. Bilasizmi, saltanat va siyosat adabiyotdan hamişa qurbonlik, öz manfaatiga muvofiq badal talab qiladi. Keyingi badal oldingilariga nisbatan oğir va oğriqli bölgani bois özni önglab qatʼiyat-la söz aytiş baʼzilarda qiyin keçayotir. Çunki turlanib-tuslanişni qoyillatadiganlari mening safdoşlarim orasida yöq hisobi…
S.T.: Internet saytlaridan birida mustaqillik davri adabiyoti haqidagi fikrlaringiz bugungi ijodkorlarni öksitganday böldi. Çunki adabiy jarayon tinimsiz yangilanişda, özgarişda. Bu davr adabiyotidan köz yumib bölmaydi-ku! Bunday munosabat ularning ijodini tan olmaslikmi yoki boşqaça izohi bormi?
I.H.: Oçiğini tan oladigan bölsak, qariyb yigirma beş yildan ortiq davrda biz bir-birovimizning közimizga qarab yolğon sözlaş, oldingiga qaraganda ham aldovga asoslangan sözamollikka mahorat kasb etgandik. Riyo va maddohlikda, ayniqsa, yoş ijodkorlar şu qadar oldinlab ketişdiki, baʼzilari nomus, uyat, maʼnaviy masʼuliyatni ham unutişdi. Bular öziga özi keç bölsa-da, hisob bera bilsa-ku, na xöb, malomat neligin fahmlamay yaşayversa, avvalgi yöl va usulni sal-pal özgartirib oldinga talpinaveradi. Şuning uçun kimgadir yoqadimi yoki yoqmaydimi – töğrisini sözlaş kerak. Quvğin etilgan töğrilik va jurʼatni jamiyatga qaytariş oson keçmaydi. “Turon24.uz” saytidagi suhbatga kelsak, mening nomimdan unga ayrim gaplar qöşilib, tanqid ohangi bir qadar kuçaytirilgan. Aytilgan söz – otilgan öq – bu haq gap. Masʼuliyatni men özimdan soqit qilmoqçi emasman. Demoqçimanki, “ijodkorlarni öksitgan” tanqidiy fikr va xulosalarni yana-da çuqurlaştirib, dalillar bilan keng va puxtaroq asoslab berilsa, eʼtiroz, balki kamayardi. Yana kim biladi deysiz? Ijodkor özini agar haq seza olsa, asarlariga vijdon közi bilan qarab, ularni har neçuk töğri baholay bilsa, heç payt tanqiddan ranjimaydi.
Adabiy jarayonning sifatli-sifatsiz, yaroqli yo yaroqsiz kitoblar bilan tölib-toşişi bu – tub maʼnodagi özgariş bölmagani singari, yangilaniş ham emas. Adabiy jarayondagi öz örni va ahvolini bilmagan “daho”larning ijodini kimdir tan oldi nima-yu, tan olmadi nima – axir, bundan heç nima özgarmaydi-ku! Ustoz adiblardan birining köriniş uçun yozilgan narsa yozuvçini körsatmaydi, aksinça – kömadi, mazmunidagi fikri menga maqbul. Ming afsuslar bölğaykim, qançadan-qança şoir-u adiblar ijod orqali ham inson özini-özi kömişini xayolga keltirolmaydi. Bu ham bir foje qismat.
S.T.: Ibrohim aka, mazmunli suhbatingiz uçun taşakkur. Bu yil qutluğ yetmiş yoşni qarşiladingiz. Şu munosabat bilan sizni özim va butun jurnalxonlar nomidan çin dildan muborakbod etaman. Salkam ellik yillik ilmiy-ijodiy yutuqlaringiz özbek adabiyotşunosligini boyitgani rost. Bundan keyin ham ilm-u ijod yölida tolmang, deb qolamiz.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


