Men, bobom va bo‘ri

0
86
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Bu voqeaga ancha bo‘lgan. U paytlar bir ovuldan ikkinchisigacha uzoq yo‘l bosishga to‘g‘ri kelardi. O‘shanda qish edi, tizza bo‘yi qor kechib borardim. “G‘arch-g‘urch” etgan tovushlar o‘zgacha huzur bag‘ishlar, baʼzan ortimga o‘girilib, qor ustida qolayotgan palapartish izlarimga qarab-qarab qo‘yardim. Yetti yashar, g‘o‘r bola emasmanmi, qalbimda zarra qo‘rquv yo‘q, hech narsani o‘y­lamasdim. Boshimda quloqlarimgacha berkitib turadigan bog‘ichli qalpoq, egnimda qalin po‘stin, ichi jun shim… Oyog‘imdagi etikning qo‘njidan kirib, yopishib qolayotgan qorga-da parvo qilmay borardim.

Oldimda past-baland tepaliklar uzoqdan ko‘rinib turardi. “Shu qirdan o‘tib olsam bo‘ldi, u yog‘i ovul boshlanadi”, derdim o‘zimga dalda berib.  

O‘shanda bobom bilan buvim meni olib qolib onamni qo‘shni ovullik bir kishiga turmushga berganiga endigina uch hafta bo‘lgandi. U uyni bilmasdim, biroq ovulga yetib borgach, so‘rab-so‘rab onamni topib olishimga ishonardim. Uning qoshlari ingichka, ko‘zlari qisiq, mayda o‘rilgan sochlari belini o‘pardi, onam menga kulib qaraganida yuzidagi kulgichlari ko‘rinib, yana ham chiroyli bo‘lib ketardi. Onam dunyodagi eng go‘zal ayol deya necha bor o‘ylaganim rost.

Onam ketadigan kun men bir chekkada “to‘ptosh” o‘ynab o‘tirardim. U meni oldiga cha­qirib tizzasiga o‘tirg‘izgan, so‘ng quchog‘iga olib yuz-ko‘zimga uzoq termulib qolgandi. Men esa onamning boshidagi popukli telpagiga hayron boqib, chetlari jiyakli choponi ustidan bezak berib turgan rang-barang toshlarni tortib o‘ynamoqchi bo‘lganimda, buvim “tegma, uzib qo‘yasan, xunuk bo‘lib qoladi”, deb urishgandi.

Onam bo‘lsa menga kulib, nimanidir aytmoqchi bo‘lgan, gapirolmay yutinib-yutinib qo‘ygandi. Nihoyat buvim “kuyov kutib qoladi, bo‘laqol endi” deganida, bir buvimga bir menga qarab olgan onam lablarini tishlagan, so‘ng yuzlarimdan o‘pib uzoq bag‘riga bosib turgandi. Onamning quchog‘idan chiqqim kelib, tipirchilaganimda u yanada qattiqroq quchib olgan, biroq hech narsa demagan, o‘tovdan chiqib ketayotganida ko‘zla­ridagi yosh donalari yerga dumalab-duma­lab tushgani yodimda. Nega o‘shanda onamni quchoqlab olmaganman, nega “ketmang” deb yalinib-yolvormaganman, balki ikki-uch kun o‘tib, onam meni sog‘ingach, qaytib keladi, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak-da.

Keyin onamni boshqa ko‘rmadim. U qaytib kelmadi. Sog‘ingan paytlarim buvimga yalinar, “onamga olib boring”, deb xarxasha qilardim, buvim esa “onang juda uzoqda, sen endi katta yigit bo‘lib qolding, endi ko‘nikishing kerak”, derdi urishib. Bobom esa boshqacha edi, meni sira xafa qilmasdi. Onam haqida so‘raganimda, “huv anavi qir ortida, ovul bor, onang o‘sha yerda! Juda uzoq emas, yaxshi bola bo‘lsang, bir kuni olib boraman”, degandi. Biroq bobom va’dasini tezda unutdi.

– Bobo-bobo, onamga qachon olib borasiz? Men yaxshi bola bo‘ldim-ku! – dedim bir kuni toqatim tugab.

Bir chekkada po‘stinimga yamoq solib o‘tirgan buvim gaplarimni eshitib, bobomga o‘qrayib qaradi, so‘ng:

– Uyat bo‘ladi-ya, hali bir oy ham bo‘lmadi, – dedi.

Bobom indamadi. Men bobomning yuziga uzoq termulib javob kutdim. Bobom bir so‘z dermikin, dedim, u mum tishlab olgandi. Alamim keldi. O‘sha damda, agar imkon tug‘ilsa, onam ketgan ovulga o‘zim borishga qaror qildim. “Axir, men endi buvim aytganidek, katta yigit bo‘lib qoldim-ku”, deya o‘yladim.

Bobom doimgidek ovga ketgan kun, suruvni ko‘zdan kechirish bahonasida tashqariladim-u qir bo‘ylab yugurib ketdim. “Bobom ovdan hali beri qaytmasligi aniq, buvim esa ortimdan kelolmaydi, oyog‘i og‘riydi, uzoq yo‘lga chidamaydi”, o‘zimcha pishiq reja tuzgandim. “Onam meni ko‘rib xursand bo‘ladi”, deb xayol qilardim.

“– Meni topib keldingmi, katta yigit bo‘lib qolibsan-ku”, – deydi so‘ng peshonamdan o‘pib qo‘yadi.

Qancha yurdim bilmayman, yo‘l sira ado bo‘lmas, ovul ko‘rinmasdi. Yastanib yotgan qir oppoq qorga belanib yotardi, tepalik esa hech yaqin kelmas, men u tomon yurganim sari ortga chekinar, xuddi mendan qochayotgandek tuyulardi. Oqlikdan ko‘zlarim toliqib ketdi. Oyoqlarim chalisha boshladi. O‘tirgim kelar, “ozgina qoldi, yana ozgina yuray, keyin dam olaman”, derdim hansirab.

Qancha yurdim bilmayman, biroq yo‘lim sira ozaymadi. Oppoq qordan ko‘rpa yopingan qir osha yolg‘iz ketib borarkanman, bir payt ko‘zim tinib yuztuban yiqildim. Qor ustiga yumshoq tushdim-u, biroq yuzim sovuqdan bo‘zarib ketdi. Burnimni yengim aralash har qancha artmay oqaverar, tinmay hansirardim. Turmadim, rosti, turolmadim. So‘ng osmonga qarab oldim. Oppoq bulutlar butun osmonni egallab olgan, quyosh mo‘ralaydigan bir tuynuk ko‘rinmasdi. Odatda bunaqa bulutlar qor olib keladi, biroq negadir qor yog‘mayotgandi. Osmon bugun-erta tug‘ishi aniq, homilador ayol kabi zo‘rg‘a ilinib turardi, go‘yo. Qancha yotdim bilmayman, sovuqqotdim, oyoqlarim uvishib qoldi. Qo‘llarimga tayanib asta qo‘zg‘aldim. Ust-boshimni qordan tozalagan bo‘ldim.

Bobom “Sovuq kunda muzlab qolmaslik uchun ham tinmay yurish kerak”, derdi. Ortimdagi izlarimga bir qarab oldim-u, so‘ng old tomonga o‘girilib ikki qadam bosganimni bilaman, qarshimda turgan oq-qora tuk aralash, kulrangtus bo‘riga ko‘zim tushdi. U qarab turardi, quloq­lari ding, tumshug‘iga qop-qora tugma qadab qo‘yilgandek, peshonasiga qor uvoqlari yopishib qolgan, sarg‘ish ko‘zlari menga sinovchan boqardi. U kuch-quvvatga to‘la edi, baquvvat ko‘rinardi. Uning qor kabi mo‘ynasi havasimni kelti­rar, mayin tuklarini barmoqlarim orasiga olib silagim, qornida yotib erkalangim, quchoq­lab olgim kelardi. Shu tobda hayvondan bo‘lsa-da, bir mehr istardim.

Bobomdan eshitganim bor:

“– Bo‘rilar yirtqich bo‘ladi, rahm-shafqat nima – bilmaydi, Mamarayimning o‘ttizta qo‘yini bo‘g‘izlab ketibdi-ya”, – degandi bir kecha. O‘shanda bo‘g‘izlash nimaligini tushunmaganman-u, o‘ldi­rish bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganim rost.

Yuragimga qo‘rquv oraladi, uning ko‘zlariga termuldim, bu o‘tkir nigoh ortida raqibini mavh etish va qorin to‘yg‘azishdan bo‘lak ma’no ko‘rmasdim. “Birdan tashlanib qolsa-ya nima qilaman”, degan o‘y meni sarosimaga soldi, “po‘stinimga o‘ralib olsam balki tishi o‘tmas” shu ilinj qalbimga umid bag‘ishlardi. Tanam sovuqdanmi yoki qo‘rquvdanmi, bilmayman, titray boshladi.

Shu on bo‘ri negadir hech bir harakat qilmasdi, boshidan tortib oyog‘igacha po‘stin kiyib olgan men bir kichkina bolachaga tajovuzkorona ni­goh tashlab turardi, xolos. “Balkim tayyorgarlik ko‘rayotgandir”, deya o‘yladim. Nahotki, onam­ning oldiga endi borolmayman, nahot bobomni, buvimni qaytib ko‘rolmayman…

Bu uchrashuv bir necha soniya davom etdi. 

– Qadamboy! Qadamboy! Hey, o‘sha buvingni… – bu tovush meni qo‘rqinchli tushdan uyg‘otib yuborgandek bo‘ldi. Bu ovozdan muzlab borayotgan tanamga qon yugurdi go‘yo. Ortimga o‘girildim.

– Bobo! – dedim yig‘lamoqdan beri bo‘lib, – Bobo! – dedim takror va takror.

Bobom meni epchil harakat bilan oti ustiga mindirib oldi, nimadir esimga tushib ilkis qara­dim. Bir necha qadam narida turgan sariq ko‘z bo‘ri g‘oyib bo‘lgandi.

– Nega bunday qilding? Nega ketib qolding? Bugun-erta o‘zim olib bormoqchi edim, sabr qilishing kerak edi, – bobom yo‘l-yo‘lakay tinmay tanbeh berib ketarkan, qulog‘imga bu gaplar kirib-kirmay borardim. – Agar yana qor yog‘ib, izing bosilib qolganida nima bo‘lardi, bilasanmi, seni ikki dunyo topolmasdim.

– Bobo, men bo‘ri ko‘rdim, – dedim sekingina.

– Xayriyat, baxtingga qor yog‘madi, – dedi bobom gapimga parvo ham qilmay, so‘ng: – Nima? – dedi otning jilovini tortib, – qayerda?

Men bobomni mahkam quchoqlagancha, qimir etmasdim, xayolimda hamon o‘sha bo‘ri jonlanar, uning sovuq nigohlari ko‘z o‘ngimda qotib qolgandek edi.

– O‘sha, siz meni topgan yerda.

– Men hech narsani ko‘rmadim-ku, – dedi bo­bom hayron bo‘lib. So‘ng otning biqiniga etigi bilan niqtab qo‘yarkan, ot yo‘rg‘alashda davom etdi. – Xudo mehribon – seni qaytib beribdi. Ko‘rdingmi, uydan beso‘roq chiqib ketish nima oqibatlarga olib kelishini? – bobom kuyinib gapirardi.

– Bobo, u ona bo‘ri edimi yoki ota bo‘ri?

– Bilmayman, ona bo‘ri bo‘lsa kerak, senga rahm qilibdi.

– Ona bo‘ri ham ov qiladimi?

– Ha, bolalari go‘shtga kirgunicha ota bo‘ri ham, ona bo‘ri ham ovga chiqadi. 

– Ona bo‘ri ham bolalarini yolg‘iz tashlab ketadimi?

– Ha, boshqa nima qiladi? Yemish topib kelishi kerak-ku!

– Agar qaytmasa-chi? Unda nima bo‘ladi? Bo‘richalarni bobosi bilan buvisi asrab oladimi?

– Bo‘rilarning bobosi, buvisi bo‘lmaydi.

Suhbatimiz bo‘ri mavzusida to manzilga yetkunimizcha davom etdi. Onam ketgan ovulga shom qorong‘usida kirib bordik. Onam ovozimni eshi­tiboq, o‘tov ichidan yugurgilab chiqdi. Otning ustidan ikki qo‘llab ko‘tarib olarkan, bag‘riga bosdi, yuz-ko‘zlarimdan o‘pdi.

– Qadamboy, Qadambo­yim meni, – dedi erkalab.

– Ona, men bo‘rini ko‘rdim, – dedim o‘tov ichiga kirganimizdan so‘ng. Onam­ning ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi.

– Qo‘rqmadingmi, – dedi onam bilan birga yashayotgan amaki suhbatimizga aralashib.

– Yo‘q, – dedim men boshimni sarak-sarak qilib. Aldayotgan bo‘lsam-da, meni qo‘rqoq deb o‘ylashlarini istamasdim.

– Voy tovba, o‘zimni botir bolam, – dedi onam meni qattiqroq bag‘riga bosarkan.

– Qoyil, zo‘r yigit bo‘psan, – dedi amaki ham.

Bobom nega ko‘rmadi ekan? Balki bobomning xira ko‘zlari oppoq qor orasida och kulrang bo‘rini ilg‘amagandir deya, o‘zimcha taxmin qilardim. Yoki mening ko‘zimga ko‘ringanmikin? Yo‘g‘-ey?!

Amakining aytishicha, shu yaqin orada bir kulrang bo‘ri izg‘ib yurganini u ham ko‘rgan.

– Biroq juda epchil ekan, ikki safar ham otishga ulgurmadim, – dedi amaki qo‘llarini bir-biriga urib, hafsalasi pir bo‘lgandek.

Men bo‘ri bolalariga achinardim, qachonlardir ovchilar ona bo‘rini otib qo‘yishsa, bolalari nima qilishadi, bobo­si, buvisi bo‘lmasa, qayerga borishadi, degan savollar qiynar, ich-ichimdan bo‘riga omonlik tilardim.

 

Raxshona AHMEDOVA

 

1987-yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Bahorim, kelaqol”, “Bahor qaldirg‘ochi” nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.