Ustoz, “Şunday bir asar yozişni orzu qilaman – uni körgan tomoşabin qah-qah urib kulmasa, biroz havas, bir qadar maʼyuslik bilan jilmaysa va jilmayib ötirganini özi ham sezmasa”, – degansiz. Şaxsan menda şunday hodisa röy berdi. “Yozuvçilik haqida” va “Uylanganim haqida” avtobiografik hajviyalaringiz judayam samimiy yozilgan. Bularni öqiganda Zahiriddin Muhammad Boburning Xondamirga aytgan betakalluf yoziş haqidagi gaplari yodimga tuşdi. Yaʼnikim, qanday bölsa şundayligiça, ortiqça köpirtirmay, borini yoziş. “Ğurur” hikoyangiz, ayniqsa, yoqdi. Haqiqiy jilmayiş böldi öqiganimda. “Kino”da barça rollar öynab bölingani, hamma narsa yozilganini tuşunib yetdim. “Buyuk qörqoqlik”, “Buyuk maqtançoqlik”ni öqigaç özimdan uyalib ketdim, rosti.
Institutda, ustoz Maʼmur Umarov darsida “Temir xotin”ni bir semestr tahlil qilganimiz va har safar pyesani özimiz uçun yangidan kaşf etganimiz ham esimda. Rostini aytsam, ijodingiz haqida uzoq sözlaşim mumkin, ammo özingizdan söraydiganlarim ham yiğilib qolgan…
– Har yili “Seni kuylaymiz, zamondoş” festivali spektakllaridan zamon qahramonini qidiramiz. Nima deb öylaysiz, “Temir xotin” bugun yozilganda zamon qahramoni deb tan olinarmidi?
– Keling, avval zamon qahramoni kim, degan savolga taʼrif beraylik. Menimça, “zamon qahramoni” deb tomoşabin (öquvçi)ni ijtimoiy faollikka undaydigan qahramonga aytiladi.
Ming farişta bölsa ham, qolgan fazilat-u sifatlari bir pul. Şu nuqtayi nazardan qaraganda Qöçqor talabga javob bermaydi, “turmuşimiz yaxşi, zör yaşayapmiz” deydi. Çindan ham qöyday yuvoş, qöyday beozor! Hatto “qöyning erkagi” bölsa ham, zamon qahramoni bölolmaydi! Qumri ham şunday – hayotidan rozi. Şu ğurbatxonaga yana qaytib keladi. Alomat boşqa gap. U Qöçqorga açinadi, kuyinadi. Unda adolatsizlikka içki bir qarşilik, norozilik bor. “Men odam emasman, içim töla temir-tersak, lekin sizning xor bölişingizga qarab turib, içimdagi murvatlarim qizib ketyapti!” deb isyon qiladi! Ana sizga zamon qahramoni.
– Ijodda siz duç kelgan haqiqatlar…
– Odam umr böyi öqib-örganadi. U ijodkor bölsa-ku, sönggi nafasigaça bilim olişi kerak. Eng muhimi, körgan-bilganingizdan xulosa yasay bilişdir. 1969-yil. Toşkent teatr va rassomlik sanʼati (hozirgi Özbekiston davlat sanʼat va madaniyat) institutining birinçi kurs talabasimiz. Xonaga yuzi dum-dumaloq, soçi silliq taralgan, yoqimtoygina bir yigit kirib keldi. Birinçi sözlari hozirgiday yodimda:
– Ismi-şarifim Şermat Yormatov. “Şermat aka” desalaring ham bölaveradi. Men sizlarga xor fanidan dars beraman. Xöş, xor özi qanday sanʼat? Ming ovozingiz zör bölsa ham, oldinga çiqib baqiraverganingiz bilan xor bölmaydi. Xor – aşula aytiş sanʼati emas, eşitiş sanʼati.
Şermat aka köp yillardan beri “Bulbulça” bolalar aşula va raqs dastasiga rahbarlik qilib keladilar. Umrlari uzoq bölsin. Keyinçalik Muqimiy nomidagi musiqali teatrining xor truppasida işlab yurgan paytlarimda ham ustozning bu ögitlari qöl keldi. Nainki sahnada, balki hayotda ham “eşitiş sanʼati”ni qöllayman, yaʼni suhbatdoşimning gapi – töğrimi-notöğrimi, menga yoqadimi-yoqmaydimi – oxirigaça eşitaman. Bundan faqat yutganman, sira yutqazmaganman.
Hayotda ibratomuz voqea-hodisalarga köp bora duç kelamiz-u, ammo har doim ham özimiz uçun xulosa yasay olmaymiz…
– Bir intervyuda “Köpçilik öz yöliga tuşgani yöq: etikdöz artist böp yuribdi, öqituvçilikni qoyillatadigan odam örtamiyona aktyor…” degansiz. Jamiyatda kasblar öz egasini topişi uçun qança kutiş kerak?
– Bu yerda gap hayotda har kim öz örnini topişi haqida boryapti. Bu nihoyatda muhim va dolzarb masala. Er-xotin, farzandlar, buva va buvidangina iborat kiçik oilada ham barçaning öz örni bölişi kerak, birov birovning işiga burnini tiqişi oiladan putur ketişiga olib keladi. Tartib-intizom yöqoladi. Ilgari paytlarda u yoki bu lavozimga ijtimoiy kelib çiqişiga qarab tayinlangan. Işçi-dehqon sinfidan bölsa kifoya – agronomlikni bitirgan odam teatrga badiiy rahbar, mexanizator gazetaga boş muharrir bölib ketavergan. Hozir ham şunday – jamiyatda hamma narsani pul, taniş-biliş hal qilsa, rivojlaniş bölmaydi. Şunga kuyinib aytganman-da.
– Ijtimoiy tarmoqlardan birida “Dunyoga çinqirib keldim-u, şivirlab yaşadim”, degansiz. Sizningça, “şivirlab yaşaş” qanday böladi?
– Maʼlumki, çaqaloq tuğilib kindigi kesilganda hayotida birinçi marta öpkasi havoga töladi. Öpka ilk marta işlagani tufayli, tabiiyki, kuçli oğriq böladi va çaqaloq xuddi birov urganday çinqirib yiğlaydi. Bu tuşunarli. Endi “şivirlab yaşadim” degan jumlaga kelsak, “hayotda heç nimaga erişa olmadim, heç qanday iz qoldirmadim, qörqib-qimtinib, öz kovagimdan boşimni çiqarmay yaşadim” degan fikr bor. Bu “Yuzsiz” nomli filmimdan, boş qahramon – Egamqulning gapi.
– “Yiğlab kelamiz, yiğlatib ketamiz – kulib yaşamoqdan özga çora yöq”. Bu Şarof Boşbekovning hayotdagi şiorimi yoki ijoddagi?
– Özbek xalqining boşidan köp sinovlar ötgan. Avval Iskandar Zulqarnayn bosqini böldi, keyin arablar, söngra möğullar va, nihoyat, örislar bosqini. Özbekning tinka-madori quridi, holdan toydi. Şuning uçun ham musiqalarimiz ğamgin va mungli. Şu sababdan ham hind filmlarini tomoşa qila turib höng-höng yiğlaymiz.
Yiğlab tuğilamiz, kimdir ölsa, yiğlaymiz, hayotning özi ğirt ğam-taşviş, xullas, hamma yoq qoronğilik. Öşa zulmatni yorib çiqadigan bir nur ham bölişi kerak-ku! Şu sabab yozganlarimning aksariyati komediya. Yuqorida keltirgan iborangiz ijoddagi şiorim bölsa kerak.
– Aktyorlikni tamomladingiz-u, lekin taqdir sizni yozuvçi-dramaturg qilib qöydi. Imkoniyat berilganda, tağin şu yölni tanlarmidingiz?
– Tepamizda “BUYUK DRAMATURG” bor. Biz yozgan asarimizda nari borsa, 20-30 ta personaj böladi. Uning asarida salkam 8 milliard qahramon qatnaşadi. Hammasining öz xarakteri, tarjimayi holi, ismi, kasbi bor. Bizning tomoşalarimiz 1,5-2 soatgina bölar. Odam Atodan to qiyomatgaça millionlab yillar davom etadigan tomoşani qanday Zot yozgan bölişi mumkin?! Biz dunyoga kelişimizdan oldin – qanday odam bölamiz, kasbimiz qanaqa, nima maqsadda dunyoga kelamiz, bizga qanday vazifa yuklatilgan – hamma-hammasi yozilgan böladi. Nimayam bölib, qayta tuğiliş imkoniyati paydo bölsa, tağin Yaratganning yozgani böladi-da!
– Siz uçun jurnalistlar beradigan eng yoqimsiz savol nima?
– Qalam haqi (gonorar) haqida beriladigan savol. Ilgari qalam haqi köpligidan odamlarning hasadini keltirmaslik uçun bu savoldan qoçar edim. Hozir qalam haqining kamligidan odamlarning rahmini keltirmaslik uçun bu savoldan qoçib yuribman…
Muhiba ISMATULLAYEVA
suhbatlaşdi
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


