– Darsdan söng qolaveraman-u, lekin uning örniga xiviç bilan savalab, uyga ertaroq ketişimga ijozat bersangiz yaxşiroq bölardi. Uyga ikki soat keç borsam ham, baribir otamdan kaltak yeyman, – dedim professor Gerbertga.
– Savalaşga endi kattalik qilasan, biroq baribir öşa olçaga tirmaşib çiqqaning uçun mendan jazo olasan. Bu yaxşi iş emasligini bilib turib qilgansizlar. Qolgan beşalovi bir dollardan berib qutuldi. Faqat sen qolding daraxtga pul tölamagan. Birovdan qarz olib tursang bölmaydimi?
– Yöq, ololmayman. Jazo olişdan boşqa ilojim yöq. Nima bölsa ham, işqilib tezroq tugaydigan jazo bölsin-da.
Professor Gerbert örnidan turdi va menga tik qaradi. U oq oralagan soçiga monand kulrang kostyum kiyib olgan basavlat kişi edi.
– Siz otamni bilmaysiz. Biroz eskiçaroq odam, u bizga to yigirma bir yoşimizgaça tarbiya bermoqçi, özi aytdi. Uning taʼkidlaşiça, agar qamçi böş qolsa, bola taltayib ketar ekan. Otamga olça voqeasini heç qaçon tuşuntirib berolmayman. Oilamizda örta maktabga qatnayotgan birinçi farzandman.
– Sen jazo olişing şart, – dedi professor Gerbert. – Bugun va ertaga darsdan keyin ikki soat qolasan va har bir soat uçun yigirma beş sentdan keçaman. Bu örta maktab öquvçisi uçun ança yaxşi pul. Maktabning polini yuvib, sinf xonalarini, derazalarini çinniday tozalaysan. Qarzingni özim tölab yuboraman.
Professor Gerbertdan heç qaçon qarz söray olmasdim, u ham şu paytgaça biron marotaba qarz berib turişni taklif etmagandi. Noiloj maktabda qolib farroşga yordamlaşiş orqali soatiga yigirma beş sentdan işlab jarima pulini tölaşga majbur böldim.
Polni yuvayotib miyamda savollar ğujğon öynaydi: “Otam indamasmikan? Uyga qaytganimda qanaqa yolğon töqiyman? Negayam öşa laʼnati olça daraxtiga tirmaşib çiqib, sindirib qöydig-a? Nimaga toğda guruhimizdan ajralib jinnilik qildig-a? Nega bunday böldi? Bittagina mitti kaltakesak ortidan daraxtga olti bola bölib çiqdig-a! Nima uçun daraxt sinib, biz bilan yerga quladi? Axir, baquvvat daraxt edi-ku! Daraxtning egasi If Krabtri kelib-kelib öşa payti yer çopadimi? Bitta daraxtga naq olti dollar tölatadigan qanaqa odam u özi?”
Maktabdan çiqqanimda allaqaçon soat olti bölgan edi. Uygaça hali olti milya bor. Soat yettidan ötganda uyga yetsam kerak. Uyda otam ikkimizga ança-munça iş qalaşib yotibdi: yettita sigirni soğiş, ön töqqiz boş qoramol, törtta xaçir, yigirma beş çöçqaga yem beriş, öçoqqa ötin çopib, quduqdan suv taşiş kerak. Uyga kirib borganimda kelavermaganimdan jahli çiqqan otam bu işlarni özi qilayotgan böladi.
Tund, şir-yalanğoç daraxtlar ostidan jadal uyga çopdim, tepaliklardan yugurib tuşdim. Yer ham muz qotgan, lekin şoşilişim şart. Piçanzorimizga eltuvçi qirdan ham çopib ötib ketdim. Şamol taʼsirida ter bosgan yuzim quruqşagan. Piçanzorni kesib ötib uyga kirdim, kitoblarimni irğitib, qoramollarga yem beriş uçun töğri somonxonaga çopdim. Toza ust-boşimni eski uy kiyimimga almaştirişga ham vaqtimni qizğondim. Ombordan çiqib qarasam, otam allaqaçon çorvaga yem berayotgan ekan. Bu iş şu kungaça mening zimmamda edi. Panjaradan oşib tuşib: “Ota, menga bering, özim qilaman. Sal keçikib qoldim, keçiring”, dedim. Otam ögirilib menga qaradi va: “Körib turibman”, dedi. Uning közlarida ğazab olovlangandi.
– Nimaga bunça qolib ketding? Vaqtida kelib yordamlaşsang bölmaydimi? Özi bittang maktabga qatnaysan, u ham bölsa bu ahvol!
Indamay turaverdim, keç qolişim sababini aytgim kelmadi. Otam yem berişdan töxtab nigohini menga tikdi:
– Nega şu paytgaça qolib ketding deyapman! Aytasanmi yoki şu yerning özida qamçimning mazasini totib körasanmi?
Axiyri “Darsdan keyin olib qolişdi”, dedim, otamga yolğon gapirolmadim, çunki maktabga borib haqiqatni baribir bilib oladi. Aldaganimni bilsa, özimga juda yomon böladi.
– Xöş, nega olib qolişdi maktabingda? – söradi otam.
– Bugun biologiya darsida tabiat bağriga ekskursiya uyuştirgandik. Men va yana beşta bola olça daraxtiga tirmaşib çiqib uni sindirib qöydik. Daraxt uçun har birimiz bir dollardan tovon berişimiz kerak ekan. Yonimda pulim yöqligi uçun professor Gerbert uni işlab topişimni taklif qildi. Tuşdan keyin qolsam soatiga yigirma beş sentdan berişini aytdi, şuning uçun qoldim. Ertaga ham qolişim zarur.
– Sen rost gapiryapsanmi? – söradi otam.
– Gaplarimning hammasi rost. Işonmasangiz borib uning özidan sörang.
– Ertaga tongda boraman ham! Kimning daraxtini sindirib qöydinglar?
– If Krabtirinikini.
– Iya, uning boğida balo bormidi senlarga? Axir u maktablaringdan tört milya narida yaşaydi-ku. Öqituvçilaring taşqariga olib çiqib, toğda izğitgunça sinfda tinçgina kitob öqitsa bölmaydimi senlarga? Agar öqiş şunaqa ahvolda bölsa, endi maktabga bormaysan, Deyv. Özim senga iş topib beraman.
– Otajon, hademay bahor keladi. Hozir maktabda haşarotlar, ilonlar, gullar, kaltakesaklar, qurbaqa va ösimliklarni örganuvçi biologiya degan fan ötyapmiz. Bugun havo yaxşi bölganligi uçun ularni özimiz topib, tuzilişini, yaşaş muhitini örganmoqçi böldik. Tasodifan olça daraxtida kaltakesakni körib qolib, barçamiz uni tutiş uçun daraxtga çiqqandik. Olti kişini kötarolmay sinib ketdi. Janob If pastda yer haydayotgan ekan, yugurib kelib kimligimizni sörab bilib oldi. Boşqa bolalar çekiga tuşgan pulni berişdi, menikini esa professor Gerbert tölaydigan böldi. Maktabda işlab şu pulni qaytarişim kerak-ku endi.
– Kambağalning bolasi deb öylab öziça mehribonlik körsatmoqçi bölgan-da… Tongda borib özim unga körsatib qöyaman. U bu yerlik emasga öxşaydi. Kitob öqitmay toğma-toğ izğitib yuradigan qanday maktab böldi u? Men öqigan payt unaqa emasdi-da, öğlim!
– Ota, bormay qöya qoling, menga ellik sent bering, jarimamning qolganini tölayman. U yerga borib professor bilan bir baloni boşlaşingizni istamayman!
– Keksa otangdan uyalyapsanmi, Deyv? Seni katta qiliş uçun tinmay işladim, mendan yaxşiroq yaşasin deb maktabga berdim. Bi işni özim töğrilayman hali. Öşa öqituvçingning boşqalarni uylariga jönatib, seni puling yöqligi uçun olib qolişga umuman haqqi yöq! Men boy emasman va bundan uyalmayman. Miltiğimdagi öq bilan boy va kambağalni ajratiş qanday bölişini körsatib qöyaman öşa Gerbertga. Qani, böl, nasibangni berib qolmasimdan burun qimirla tez-tez!
Bir lahza yem saqlanadigan omborxona uzra yastangan örmonlar böylab çopib uyni ham, maktabni ham taşlab, otam tuta olmaydigan uzoq-uzoqlarga ketgim keldi. Qoçiş töğri yölmi? Otam bilan birga maktabga bora olmasdim, çunki uning miltiği bor, mabodo öqituvçimni otib qöysa-çi? Uning qölidan nimalar kelişini aytmay qöya qolay. Otamga toğdagi maktab uning yoşligidagi maktabdan tamomila özgarib ketganini, qurbaqalar, quşlar, ilonlar, kaltakesaklar, gullar va haşarotlarni örganişimiz zarurligini yotiği bilan tuşuntirsam ham, u baribir tuşunmasdi. U uydan qoçib ketsam-da parvo qilmay, ilojini qilib öqituvçimiz Gerbert bilan uçraşadi, mening qoçişimda maktabimni va öqituvçim Gerbertni ayblaydi. Şu bois ham bundan naf yöq, undan köra uyda qolib çorvaning qornini töydiraman va ertaga ertalab otam bilan maktabga boraman. Şu qarorga kelgaç, yemni hovuçlab mollarning oldiga taşladim…
Sovuq mart osmonida tölin oy nur soçardi. Oy yoruğida işimni tugatib qöydim. Professor Gerbert uyda bir dunyo işim borligini qaydan ham bilsin, agar bilganida pulni özi tölab yuborib, meni maktabda uşlab ötirmagan bölarmidi. U toğda yaşab körmagan, toğ bolalari maktabga boriş uçun işlaşlari kerakligini bilmaydi. Lekin hozir uning özi ham örta maktabda toğdagi fermalardan qatnaydigan bolalarga dars beryapti-ku.
Işlarimni tugatib, uyga kirib, soviy boşlagan ovqatimni yeb oldim. Otam va onam allaqaçon ovqatlanişgan ekan, ularning narigi xonada men haqimda gaplaşayotganlarini eşitib qoldim.
– Bugun hamma sutni özim soğdim, ötinni ham özim çopdim. Kuni böyi dalada işlab çarçab ketdim, axir. Ertaga işga bormay öşa maktabga ötaman. Balki, anavi öqituvçidek aqlli emasdirman, lekin unga yaxşilab saboq berib keliş qölimdan keladi.
– Qöysangiz-çi, Lyuster. Aralaşib yana bir muammo orttirib yurmang tağin. Sizni qamab qöysalar, nima qilasiz? Maktabda janjal qilib, Deyvni sinfdoşlari oldida uyatga qöymoqçimisiz?
– Uyatmi, boşqami, men unga bitta öquvçisini olib qolib, qolganlarini qöyib yuboriş nohaqlik ekanligini körsatib qöyaman. Axir, öğlimning ulardan kam joyi yöq-ku. Öşa öqituvçining peşonasidan darça oçaman, özini uyaltiraman. Ertaga borib hammasini töğrilayman. Haşarot-u ilonlar, kaltakesak va qurbaqalarni quvib, olça boğlarida izğiş, kaltakesak ketidan çiqib daraxtni sindiriş ham dars böldimi?
Ovqatimni yeb, sekin yuqoriga çiqib chiroqni yoqdim. Hammasini unutişga urindim, geometriya va biologiyadan uyga berilgan topşiriqlarni bajargan böldim. Lekin otamni öylab baribir yaxşi öqiy olmadim. U tongda men bilan boradi. Yonida töpponça böladi. Öqituvçimiz şundan keyin men haqimda nima deb öylarkan-a? Otam ketgaç, balki unga vaziyatni tuşuntirarman. Otam uni otib qöysa-çi? U bilan ketgim kelmayapti. Ehtimol, ertagaça hovuridan tuşib, qaroridan qaytar.
Otam tong bilan soat törtda uyğonib, öçoqqa öt qalab uyni isitdi, keyin onamni uyğotib, nonuşta tayyorlaşni buyurdi. Şundan söng ikkalamiz nonuştagaça çorvaga yem berib, sigirlarni soğib keldik. Nonuşta qilib bölgunimizça kun yoyilib, usti oppoq qirov bilan qoplangan emanlar yorişib körindi. Tepaliklar ham oppoq qirovga burkangan, salqin şamol esayotgandi. Saldan keyin musaffo osmon bağridan quyoş çiqib qirovni, yer ustidagi muzlarni bir zumda eritib taşlaydi, nuri bilan isitadi. Hamma yoq loy bilan qoplanib, tepalikdagi mitti jilğalardan loyqa suv oqa boşlaydi.
– Xöş, Deyv, endi maktabga otlan. Sen bilan borib hayvonlar va haşarotlarni örganişingiz-u daraxt sindirişlaringni özim bir körib kelay. Bunaqa tarzda öqiş ğirt jinnilikdan boşqa narsa emas.
Demak, otam keçagi qarorini unutmabdi. Endi maktabga birga otlanamiz. Lekin erta ketayotganimiz bir jihatdan yaxşi, çunki otam öqituvçimning peşonasiga töpponçasini tirab qolsa, heç qaysi sinfdoşim körmaydi. Otam egniga jemper, moviy rang köylak va qöy terisidan tikilgan paltosini, oyoğiga kattakon etik va boşiga qora şlyapasini qöndirdi. Töpponçasini beliga qistirdi. Tepalik oşa maktabga qarab ketdik.
Maktabga ança barvaqt kelibmiz. Öqituvçimiz Gerbert ham yaqinda kelgan ekan. Zinadan kötarilar ekanman, miyamda turfa öylar ğujğon öynardi: ehtimol, otam öqituvçimizning yaxşi odam ekanligini bilib qolar. Hali bir-birini tanimaydilar-ku. Men ham boşida özlari bilan körişib gaplaşmagunça anavi Lambertlarni umuman yoqtirmasdim. Ular bilan maktabga birga qatnab gaplaşib körgaç, döstlaşib qoldik. Özgalar bilan yaqindan tanişişda gap köp.
– Siz öğlimning öqituvçisi bölasizmi? – söradi otam öqituvçimizning xonasiga kirganimizdan söng.
– Ha. Siz Deyvning otasi bölsangiz kerak, – javob qaytardi öqituvçimiz.
– Şunday, – dedi sovuqqina qilib otam va töpponçasini çiqarib örindiqqa qöydi. Töpponçani körib, professor Gerbertning qora közoynagi ostidagi köz qoraçiqlari kengayib, zaxil yuziga qizillik yugurdi. Otam gapni aylantirmay maqsadga köçib qöya qoldi:
– Maktablaring haqida bir-ikkita narsani aniqlaştirib olmoqçi edim. Deyvni öqitib, olim qiliş niyatim bor edi. Ön bitta farzandim içidan faqat u maktabga qatnayapti. Keça uning uyga keç kelişi oqibatida hamma iş özimga qoldi. Öğlimning aytişiça, öquvçilarni haşarot va hayvon oviga olib boribsiz va bular bexosdan olça daraxtini sindirib qöyişibdi. Darsdan söng olib qolib, singan daraxtning pulini çiqarib olibsiz. Töğrimi?
– Hmm, şunaqa şekilli, – ğöldiradi öqituvçimiz. Uning ikki közi töpponçada edi.
– Unda bu yer umuman maktab degan nomga loyiq emas ekan! Bu yer qandala-yu kaltakesak va ilonlar maktabi, heç qanaqasiga maktab emas! – jazavasi tutdi otamning.
– Nima uçun bu yerga töpponça olib keldingiz? – dabdurustdan söradi professor.
– Mana bu kiçkina teşikni köryapsizmi? – otam moviy rangli qirq törtinçi kalibrli töpponçasini olib, uzunçoq quvur uçiga qölini nuqdi. – Öq şu yerdan çiqib, boy-kambağalga ajratmay, nişondagi odamni öldiradi, hatto u öqituvçi bölsa ham. Biroq bu yerga kelib sizni körgaç, töpponçaga hojat yöqligini tuşundim. Atigi bir neça soniya içida qölim bilan majaqlab taşlasam ham bölarkan.
Qoraçadan kelgan otam öqituvçining qarşisida ançagina gavdali va uluğvor körinardi. Otamning haybatini oldin sezmagan ekanman, uning oldida men uçun doim basavlat köringan öqituvçimiz mittigina bölib qoldi.
– Men davlat tomonidan belgilangan maşğulotlar doirasida öz vazifamni ado etdim, janob Sekston!
– Maşğulot?! Qanaqa maşğulot? Qandalalarni örganiş maşğulotmi? Dars vaqtida öquvçilarni örmonga olib borasiz, bu yoqda esa beçora keksa ota-onalar ularning öqişi uçun quldek işlaydi. Şunça öğil-qizni birga olib yuriş notöğri ekanligini yaxşi bilasiz-ku!
Maktabga öquvçilar kela boşlaşdi.
– Deyv, eşikni yop. Öquvçilar eşitib qolişmasin, – buyurdi öqituvçim. Borib eşikni yopib keldim. Ahvolim şamolda titrayotgan barg singari edi. Otam har daqiqada öqituvçimga taşlanib qoladigandek, çunki uning oftobda qoraygan yuzi jahldan qizara boşlagandi.
– Öquvçilarga heç qanaqa yomonlik qilganim yöq. Ularning har qadamini kuzatib yurdim. Ular bilan boşqa öqituvçi emas, şaxsan özim bordim. Xöş, öğil va qiz bolalarni birga olib yursam, nima böpti?
– Bu işingiz va bir töp yoşlarni butun tuman böylab olib yurişingiz, daraxtning singani-yu, öquvçini darsdan söng majburan olib qolişingiz menga yoqmadi.
– Janob Sekston, Deyvga boşqa qanday çora körişim mumkin edi? Bitta kaltakesak izidan hammasining daraxtga tirmaşişiga balo bormidi? Bittasi çiqib, olib tuşaversin edi. Fermerga naq olti dollar töladik. Töğri, sal qimmatroq, lekin baribir tölaşimiz kerak-ku. Nima, sizning öğlingizga indamay, qolgan beştasiga tölattirişim kerakmidi? Pulim yöq deganidan söng öşa pulni işlab topişga özi rozi böldi. U men uçun emas, maktab uçun işlayapti.
– Unga qanday çora körişingiz özingizga havola, masalan, xiviç bilan savalasangiz ham bölardi.
– Öğlingiz endi savalaş uçun kattalik qiladi, böy-bastiga bir qarang, – dedi öqituvçimiz menga qölini bigiz qilib.
– Men uçun Deyv heç ham katta yigit emas. Umuman, bolalar yigirma bir yoşigaça katta sanalmaydi. Bittasini maktabda işlatib, qolganiga ruxsat berib yuborganingiz adolatdan emas. Örta maktabda qandalani örganişning nima keragi bor?
Otamning töpponçani olib ğilofiga solib qöyişi öqituvçining yuzidagi qizillikni aritdi. U sal hovuridan tuşgan otamga yana tuşuntira ketdi. Otamning maktabimizga ilk marotaba kelişi bölganligi uçun uni bu yerda köriş kulgili edi.
– Biz faqat ilon, itbaliq, gul, kapalak va kaltakesak tutmadik, janob Sekston, balki inkubatorga solib, protoza oliş uçun quruq timot ötlaridan ham terib keldik.
– Uning qanaqa ötligini bilmayman-u, ammo inkubator – tovuqlarni aldab jöja oçtirişning yangiça usuli. Siz aytgan jöja turini esa birinçi eşitişim.
– Mikrob nimaligini bilasiz, töğrimi, janob Sekston?
– Menga Lyuster deb murojaat qilavering.
– Xöp, Lyuster, mikroblar haqida bilasizmi?
– Albatta, lekin ularning mavjudligiga işonmayman. Oltmiş beş yoşdaman va şu paytgaça birortasini közim bilan körib, qölim bilan tutmaganman.
– Ularni oddiy köz bilan körişning iloji yöq. Töpponçani ğilofiga yaxşilab joylab qöying va bugun maktabda men bilan ozroq qoling. Sizga körsatadigan bir neça narsalarim bor. Lyuster, tişingiz yuzasida mikroblar bölişi mumkinligini heç öylab körganmisiz?
– Nima, tişimda mikrob bormi? – hayratlandi otam.
– Ha, bor. Xuddi öşa mikrob tirik çipor ilonni yorib körsak, undan ham çiqadi.
– Gapingizni inkor qilmoqçi emasman, lekin tişimda mikrob borligiga işonmayman.
– Men bilan qolsangiz, sizga uning isbotini va maktabimizni körsataman. Siz öqigan davrlardan beri maktab ança özgardi. Menimça, u paytlar tumanda örta maktablar umuman bölmagan.
– Yöq edi, borlarida ham faqat öqiş, yoziş va şifrlaş örgatilardi. Biz heç qanaqa qandala, qurbaqalarni örganmaganmiz, tiş va çipor ilondan mikrob ham topmaganmiz. Dunyo özgarib, köp narsadan bexabar qolibmiz, şekilli.
– Ha, umid qilamanki, yaxşi tomonga özgarmoqda. Sizning öğlingiz singari bolalar şunday özgarişlarga hissa qöşişadi. Öğlingiz men sizga hozir aytib bermoqçi bölgan hamma maʼlumotlarni yaxşi biladi. Men bilan piça qoling.
– Albatta, qolaman, tişimdagi mikrobni körişni istayman.
Otam doim “Köriş bu – işoniş” deb aytardi, hozir ham şu şioriga sodiq qolmoqçi edi. Otam öqituvçimiz bilan xonadan çiqdi. Işqilib, öqituvçimiz otamning töpponça öqtalgani ustidan biron joyga arz qilmasaydi. Otam doim janjalli vaziyatlarda töpponçasini özi bilan olib yuradi.
Qönğiroq çalindi va darsimiz boşlanişiga oz qoldi. Sinfdoşlarim otamga ajabsinib qarab, bir-biriga imlab, köz uriştirib ötişardi. Otam esa ularni jimgina eşik oldida kuzatib turardi. Öquvçilar ikkita uzun saf hosil qilib, sinfga kirişdi. Qizlar ham, öğil bolalar ham orasta kiyingan edilar. Otam qip-yalanğoç eman ostida qöy terisidan tikilgan paltosi va katta oğir etiklarida turardi. Köylagi yoqasidan moviy rangli iş kiyimi körinar, qora şlyapasi ostidan oqargan soçi çiqib turar, yuz terisi dağal va pişgan piçan rangidek qorayib ketgan edi. Qöllari katta va yonidagi eman daraxti ildizidek yöğon edi.
Birinçi soatdagi darsga kirar çoğimda otam va öqituvçimizning maktabni aylanib yurganiga közim tuşdi. Ular sinfga kirib kelişganida geometriya fanidan sinf taxtasida öz yeçimlarimizni tuşuntirib berayotgandik. Ular jimgina kirib biroz ötirişdi. Fred Vutsning Glen Armstrongga şivirlab: “Bu qariya kim böldi? Ey Xudo, namunça qöpol körinmasa bu nuşa”, deganini va Glenning unga javoban: “Menimça, bu odam Deyvning otasi bölsa kerak”, deganini eşitib qoldim. Otamning maktabda nima işi borligiga qiziqqan öquvçilar ögirilib unga qaraşdi. Ular dars tugamasdanoq çiqib ketişdi, keyin öyin maydonçasida kördim – öqituvçim Gerbert unga nimanidir tuşuntirayotgandi. Otam yurganida paltosi tagidan töpponçasi xiyol közga taşlanib turardi.
Tuş payti esa maktab oşxonasidagi öqituvçimiz doim yolğiz özi ötirib ovqatlanadigan kiçik stolda birga tuşlik qilişdi. Otamning ovqatni sançqi örniga piçoqda yeyişini körgan bolalar baqrayib qolişdi. U mening otam ekanligini bilişgaç esa menga açiniş nazari bilan qaradilar, biroq aslo açinişlari şart emasdi. Otamning öqituvçimizni otiş niyati yöqligini bilganimdan söng undan sirayam uyalmadim, qaytanga ikkalasi döstlaşib qolganliklaridan sevindim. Otam xuddi men Lambertlarni yaxşi bilib olganimdek maktabni aylanib, öqiş tarzimini örgandi. Tuşdan söng biologiya darsiga kirsak, otam ham şu yerda, mikroskop yonidagi katta kursida ötirgan ekan. Uning borligini sezmagandek darsimizni boşlab yubordik. Otam piçoği bilan özining tiş emalidan ozgina qirib olib öqituvçimizga berdi. Öqituvçimiz uni mikroskop oynasiga qöyib, ştativni otamga töğrilab qöydi-da: “Mana, Lyuster, qarang! Bir közingizni yoruğlikka töğrilab, ikkinçisini biroz yuming”, dedi.
Otam boşini egib öqituvçimiz aytgandek qilib qaradi.
– Voy, rostdan ham uni köryapman! Kim öylabdi deysiz tişda ham mikrob borligini? Işqilib, bu matohingiz xato körsatmayaptimi?
– Yöq, aslo. Bu çindan ham mikrob. Ular hamma yerda, hamma narsada mavjud, lekin oddiy köz bilan ilğaşning iloji yöq. Faqat mikroskop orqali köriş mumkin. Tanamizda millionlab mikroblar mavjud bölib, şulardan baʼzilari zararli va baʼzilari bezarardir.
Otam boşini xiyol egib yana mikroskopga qaradi. Biz ham darsdan çalğib uni tomoşa qildik. U baland stulga ötirib olgan, oyoqlari uzunligidan tizzalari stol qirrasiga tegib turardi. Egilganida ustidagi paltosi surilib, töpponçasining dastasi köringaç, öqituvçimiz tezda uning paltosini töğirlab qöydi.
Otam nima bölganini sezib örnidan turdi va paltosini pastga tuşirdi. Uning yuzi sal-pal qizarinqiragan edi. Maktabga qurol olib keliş mumkin emasligini u yaxşi bilardi.
– Anavi burçakda keça biz tutib olgan katta çipor ilon yotibdi, – dedi professor Gerbert. – Istasangiz, uni xloroform bilan zararsizlantirib, zaharini ajratib olamiz va ilonning tanasida ham mikroblar borligini sizga körsatamiz.
– Unaqa qilişingiz şart emas, – dedi otam. – Sizga işonaman. Meni deb ilonni öldirmang. Men heç qaçon ilonlarni öldirmayman. Ular siçqonlarni tutib, fermada bizga katta yordam beradi. Men qora ilonlarni yaxşi köraman. Odamlarning ularni öldirişlariga çidab turolmayman. Mening hududimdagi ilonlarni öldirişlariga heç ham yöl qöymayman.
Öquvçilar otamga qarab qolişdi. Sönggi gapidan keyin otamning çöntagida qurol bölişiga qaramasdan ilonlar haqida qayğurişi öquvçilarga ijobiy taʼsir qilib, uni yoqtira boşlaşgandi. Otam uydagi xaçirni, qoramollarni heç qaçon qamçi bilan urmagan.
– Inson özini özi himoya qilişi mumkin. Ammo mollar va xaçirlar bunaqa qila olmaydi, – derdi otam. – Faqat yuraksiz odamgina mehnatkaş xaçirni kaltaklaydi.
Professor Gerbert otamni butun laboratoriya böylab aylantirib çiqdi, biz bajarayotgan turli tajribalar bilan taniştirdi, jihozlarni körsatdi. Bizning boşimizda turib biroz suhbatlaşişdi-da, keyin birgalikda xonadan çiqib ketişdi. Ular zalga çiqqandan keyin ovozlari balandroq kela boşladi. Biologiya fani tugagaç, sinfdan çiqdim. Bu sönggi darsimiz edi. Singan olça daraxtining pulini tölaş uçun supurgi bilan ikki soat maktabning atrofini supurişim kerak. Otam bu jazodan qutqarib qolmasmikan degan ilinjda uni qidira boşladim. U yölakda turgança öquvçilarning taşqariga çiqişini kuzatardi. Otam xuddi niş urib kelayotgan barglar bilan qoplangan daraxtdagi yagona sarğaygan bargga öxşardi.
Men supurgini olib işga kirişdim. Professor Gerbert oldimga kelib: “Boşqa safar qolib qila qol, mayli. Hozir otang bilan uyingga ketaver. Taşqarida seni kutib turibdi”, dedi. Şundan söng supurgini joyiga qöyib, kitoblarimni oldim va zinadan pastga tuşdim. Otam meni körib: “Sen hali ikki soat maktab tevaragini supurib çiqişing kerak emasmidi?” deb ajablandi. Men: “Professor Gerbert boşqa safar tozalaşim mumkinligini aytib, siz bilan uyga ketişimga ruxsat berdi”, deb javob qildim.
– Yöq. U nima iş buyurgan bölsa, bajar. Gerbert yaxşi odam ekan. Maktab ham biz öqigan davrdan beri ança özgarib ketibdi. Men ölik bargman, Deyv. Zamondan ança ortda qolib ketgan ekanman. Agar u ruxsat bersa, men ham qölimga supurgi olaman, ikkalamiz bir soat içida hammayoqni yoğ tuşsa yalagudek qilib supurib qöyamiz, şunday qilib, qarzingdan qutulamiz. Undan sörab köray-çi, senga yordamlaşişimga ruxsat berarmikan.
– Men qarzni bekor qilaman, – dedi professor Gerbert şu mahal bizga yaqinlaşib. – Şunçaki öğlingiz öz aybini tuşunişini xohlagandim, Lyuster.
– Buni yaxşi tuşunaman, – dedi otam. – Tuşunganim uçun ham u daraxtni sindirgani uçun tölov qilişi kerak. Men esa unga biroz kömaklaşmoqçiman.
– Yöğ-e, buning heç ham hojati yöq. Hammasini özim joy-joyiga qöyaman.
– Yöq, yöq, bunaqasi ketmaydi. Biz adolatli va halol odamlarmiz. Bajarilmagan iş uçun mukofot ololmaymiz. Professor Gerbert, siz hozir yanglişyapsiz, men esa haqman. Şuning uçun menga quloq soling. Bugun sizdan köp narsani örgandim, öğlim esa örganişda davom etişi kerak. Men oilamni boqiş uçun toğlarda poda haydab yurganimda butun dunyo özgarib ketibdi. Men halol odamman, böynimda qarz bilan yurişni aslo istamayman. Maktabda yaxşi bilim olmagan bölsam ham, yaxşi va yomonni ajrata olaman.
Professor Gerbert xayrlaşib uyiga ketdi. Otam va men yana bir soat maktabda qolib binoni supurib çiqdik. Otamning supurgi uşlayotganini körib kulgim qistadi. U şu paytgaça biron marta ham qöliga supurgi olib körmagandi. Uyni onam supurar, otam esa dalada mehnat qilardi. Otam biroz işlaganidan keyin oxiri çidamay:
– Supura olmayapman. Şunça supursam ham izimda yana axlat qolyapti-ku! Bunaqa iş mendaylarga emas şekilli. Lekin qölimdan kelganiça harakat qilaman. Supurgi juda yengil narsa bölarkan. Mayli, Deyv, qiynalib bölsa ham supurib senga yordamlaşaman. Bilasanmi, men bu maktab haqida yangliş fikrlagan ekanman.
– Professor Gerbert maktabga qurol olib kelib, hammaning köz oldida namoyiş qilganingiz uçun şikoyat qilib, suddan order olişi, hatto sizni sudsiz aybdor deb topişlari mumkin! – dedim xavotir bilan.
– Men xato iş qilmadim, – beparvo gapirdi otam. – Aksinça, töğri iş qildim. Professor Gerbertning sudga murojaat qiliş niyati yöq. Unga yoqib qoldim, menga ham öqituvçing maʼqul böldi. Bu yoğini özimiz kelişib oldik. Sen bundan ziğirça taşvişlanma.
Bironta ham darsingni qoldirmay öqişga kelasan endi. Şunça yillardan beri oğir mehnat qilib kelsam-da, jismonan juda kuçli odam bölsam-da, toğlar orasida yuraverib dunyodan va rivojlanişdan ança ortda qolgan ekanman, Deyv. Men kiçkina odamman. Sen yaxşi öqib, ilm olsang, qöllaring menikidek qavarmaydi, qadoq bosmaydi. Egning ham bus-butun böladi, gard yuqmaydi. Qari va isqirt otangdan ming marta tozaroq yurasan. Faqat, Deyv, qarzlaringni vaqtida tölaş va halol yaşaş kerakligini doimo esingda tut. Hayvonlarga ozor berma, ilonlarni bezovta qilma. Men maktabda yaxşi öqimaganman, lekin senda hali imkoniyat bor.
Işimizni tugatib taşqariga çiqqanimizda endi qoronği tuşa boşlagan ekan, to uyga yetgunimizça osmonga oy va yulduzlar çiqib atrof zimziyo bölib qoldi. Yer ham yaxlab qolgandi. Otam yölda asta yurib kelganligi uçun uni taşlab keçagidek çopib keta olmadim. Fermadagi qolib ketgan işlarimizni tugatgunimizça soat önga yaqinlaşdi. Keçki ovqat uçun dasturxon atrofida yiğilganimizda otam onamga uni ham vaqt topib mikrobni körsatişga olib borişini aytib, maktabimiz va öqituvçimiz Gerbert haqida, özi öqigan davrdan beri maktabda yuz bergan özgarişlar töğrisida gapirib berdi. Onam ham umrida biron marta mikroblarni körmagan ekan.
Jessi STYUART
Özining hikoyalari, şeʼrlari va romanlari bilan şuhrat qozongan Jessi Styuart (1906 – 1984) – amerikalik yozuvçining şu paytgaça 460 dan ortiq hikoyasi naşr etilgan. Eng maşhur va köplab tillarga tarjima qilingan hikoyalari orasida “Singan olça daraxti” alohida ajralib turadi.
Tarjimon: Sojida Samandarova, ÖzDJTU magistranti
2021/6
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


