26 daqiqada öqiladi

137 marta körilgan

Yettinçi palata

Abdujalol Rahimov

(Hikoya)

Bir közimda ketma-ket ikkinçi jarrohlik! Yana öşa yettinçi palataga yotdim. Tasodifmikan? Yoki oydin qizlarim tanib, qadrdon xonamga yöllaşdimi? Ğalati palata, jud-dayam ğalati. Qöş tavaqali oq eşikdagi lavhga “Tibbiy turizm bemorxonasi” deb yozilgan. Bu nimasi ekan? Ommalaşib ketgan “turizm” sözining şabadasi Respublika köz mikrojarrohligi şifoxonasigayam yetibdi-da? Balki, çet elliklarga möljallangandir bu oppoq, yumşoq örinlar?

Xonada törtta karavot bor, çekkadagisida, koreys qariya yotibdi. Men deraza oldidan, avvalgi örnimni tanladim. Şu joyni yoqtirib qolganman. Zeriksam, oyna ortidagi Toşkentning keça-kunduz gavjum  köçalarini tomoşa qilaman. Bu yerda boşqa ermak ham yöq-da.

Koreys  hamxonam bir oğiz salomlaşdi-yu, darrov ikki qöli bilan peçakdek çirmaşib olgan smartfoniga tikildi. Xonada örus qiziqçi­ning jiddiy ohangda aytayotgan latifasi yangrardi.

Buyumlarimni karavotim yonboşidagi javonçaga joylaştir­dim. Xonaki kiyimlarimni kiydim-da, baland, momiq öringa çözildim. Ertaga böladigan jarrohlikni öylayman. Közingga “mil tortişadi-yu”, öylanmaysanmi. Tağin bu ikkinçisi! Bundan avvalgisida bel oğriğim tutib, it azobini körganman. Yana deng, men taqvo qilib tanlagan köz jarrohi şafqat nimaligini bilmaydi. Işiyam, gapiyam öqday! Şunisi maʼqul, deyman özimni ovutib, silliq gapirsa-yu, işini eplolmasa nima qilardim? Çidayman-da, endi.

Xonada hamon öşa qiziqçining şanğillagan ovozi taraladi. Yu­ragim siqilib ketdi. Narigi burçakdagi örinda yotgan koreys birodarimga qarayman: ozğin, jikkak, yuzi oqarinqiragan, çamasi, men bilan tengdoş. Har-har zamonda quv-quv yötaladi.

– Jöra, isming nima? – deyman.

– Albert.

– Albert, közingga nima bölgan?

Bu yerdagilarning bir-birla­riga beradigan birinçi savollari şu. Albert aqlli telefonining ovozini öçirdi.

– Ay-yy! – dedi qölini sil­tab. – Nima bölganini özim ham bilmayman. Operatsiya qilişadi, vassalom! – u emranib örnidan turib ketdi. – Bi-ir sigareta çe­kib kelay.

Albert yötala-yötala pa­latadan çiqdi. “Tavba, – deyman, – yötalini bosolmayapti-yu, yana çekadi-ya, davomikan şu”.

Dömboqqina farroş ayol, uning ismi Darixa edi, xonamizga böydor, yoş yigitni boşlab kirdi.

– Sen mana şu joyda yotasan! – Darixa örtadagi böş karavotga işora qildi. – Buyumlaringni tumboçka içiga qöy! Oyoğingga şippak kiyib ol. Bizda tartib qattiq, rioya qil!

Yigit, körinişidan, yigirmagayam kirmagan. Lekin puxtagina ekan, darrov kiyimlarini almaştirib, öringa yotib oldi. Albertga öxşab bu bolayam indamas çiqdi: şiftga tikilib öy suradi.

– Isming nima? – uniyam özim gapga soldim.

– Ilhom.

– Qişloqdanmisan?

– Ha.

– Közingni davolaşadimi?

– Jarrohlik deyişdi, nuqsoni bor.

Şu payt Albertning aqlli telefoniga jon kirdi. Kimdir uzo-oq, çözi-ib-çözi-ib qönğiroq qila boşladi. Buni sezgandek, şoşib Albert kirdi-da, telefoniga yopişdi:

– Alo?

– Yaxşimisan, joylaşdingmi? – tovuşi ba­land smartfondan ayol ovozi keldi.

– Joylaşdim, dam olyapman.

– Him-m.

– Bezovta bölaverma.

– Ertaga operatsiya qilişadimi?

– Ha, doktor şunday dedi.

– Him-m… Ovqat qilib boraymi?

– Kerakmas, issiq ovqat berişyapti.

– Him-m.

“Him-m-him-m” bilan gap tugadi. Albert yana qiziqçisini eşitişga kirişdi. Ilhom şiftga qarab közini yumib yotibdi. Bunday yotiş yuragimni siqib yuboradi. Uyda kompyuterim, kitoblarim, qölyozmalarim bilan ovora bölib, kun ötganini sezmas ekanman. Bu “turizm şifoxonasi”da vaqt şamoli biram sekin esadi-yey.

– Ilhom, öqiysanmi? – yigitçamizni gapga tutaman.

– Öqiyman ham işlayman.

– Universitetmi?

– Ha, sirtqida öqiyman-da, brusçatka kor­xonasida işlayman. Biz yölkaga yotqiziladigan çorqirra toşlar çiqaramiz, – istamaygina tu­şuntirdi u. Şu bilan gap tugadi.

Bizning yettinçi palatamizda yana bitta örin böş. Men öşa tomonga qarab qöydim. “Tibbiy turizm” degan yozuv köz oldimga keldi. Birorta çet ellik kelarmikin? Yaxşi bölardi, har holda, çet ellik bilan zerikmasam kerak…

Tilagim ijobat bölib, oçiq eşik ostonasida örta böy, baquvvat qariya paydo böldi. Uniyam har qadamda bizni tergab, tozalik talab qila­veradigan, bu borada sirayam murosaga kelmaydigan farroşimiz Darixa boşlab kirdi. Qariya, heç kimga eʼtibor bermasdan, ayol körsatgan karavoti tomon yurdi. Yöq, u çet ellik emas. Yettinçi palatamiz eşigiga qora siyoh bilan bi­tilgan “turizm” yorliği bekor ekan. Bu odam kök döppi kiygan, özimizning “toşkanli”. Darixa örinni töğirlab, yostiqni qoqib şişirda-da, xonamizni mufassal közdan keçirib, atrofga alanglay-­alanglay çiqib ketdi. Otaxon biram indamas ekan-ey, smartfoniga yopişib olgan Albert ham undan tuzuk. U sunʼiy oq çarm qoplangan örindiqqa sömkasini qöydi. Bir-bir yeçinib, xonabop yengil-boşlarini kiya boşladi. Buni juda batartib bajardi. Körinişidan yoşi yetmişlarda. Ammo novvosning sonidek baquvvat bilaklariga közim tuşganda hayratlandim. Polvon bölgan bu odam!

– Hojaka, yordam kerak bölsa, aytavering, yoş yigitimiz bor, – deb, közini yumib, karavotida çözilib yotgan Ilhomga işora qildim.

– Özim eplayman, – pönğilladi aka.

Obbo, deyman, bu yettinçi palataga dimoğdorlar yiğilganmi?

– Ismingiz nima, aka?

– Möminjon.

– Polvon bölganmisiz? – akaning köylak ustidan ham börtib turgan  zabardast bilaklariga qarab şunday deb yuboribman.

– Yö-öğa, – akaning söz ohangi samimiylaşdi, – sirkda işlamaganman, – u menga qarab kulimsiradi. – Yigirma tört kiloli toş kötarardim, bir yil böldi, yetmişga tölganimda töxtatdim.

Yo tavba! Yetmiş yoşigaça yigirma tört kiloli toşni kötargan odamni endi uçratdim. Yana qayerda deng, köz jarrohligi şifoxonasida-ya! Aslini olganda, bu xonada yotgan tört bemor – hammamizning tanimiz soğ. Aks holda, biror jiddiy kasalligimiz bölsa, közimizda jarrohlik ötkazişmasdi. Ammo bu odam oramizda yoşi eng uluği, şuning barobarida, soxt-sumbati pahlavoni!

Birpas közim ilinibdi. Tuş köribman. Tuşimda Möminjon aka farğonalik maşhur Tursunali polvonga aylanib qolganmiş. Oq şohidan yaktak kiyib, beliga kök atlas qiyiq boğla­gan. Boşida quyoş nuri akslanib tovla­nayotgan yap-yangi marğiloni döppi. Baland dor tagida karnay-surnay sadolari ostida yigirma tört kiloli toşlarni irğitib öynarmiş. Uni çaqirib, navbatingiz keldi, ikkinçi qavatga, jarrohlik bölimiga tuşing, demoqçi bölarmişman-u, ovozim çiqmasmiş…

Şu pallada uyğonib ketdim. Palatamizning oçiq eşigida ikki qölini beliga qöyib, supertozalik talab qiluvçi farroşimiz Darixa turardi.

– Hamşira xonasiga borilsin! – harbiy qism navbatçi askaridek buyruq berdi u.

– Nega-a?! – xavotirlanib, nolon ovozda söradi Ilhom.

– Közingizga dori quyib, operatsiyaga tayyorlaşadi. Senga esa ukol qilişadi!

Hazillaşibmi, ataylabmi, Darixa yigitçani qörqitib yubordi.

– Közimga igna sançişadimi-i?! – Ilhom­ning közlari ola-kula bölib ketdi.

– Yöq, – Darixaning dömboq gavdasi oldinga intilib, Ilhomning karavotiga yaqinlaşdi, – boşqa joyingga!

Ğira-şira tong ota boşlagandi. Darixa çi­roqni yoqib, çiqib ketdi. Biz, yettinçi palataning turğunlari birin-sirin ğimirlab qoldik. Ilhom töşagida ötirgan köyi töğridagi devorga tikilib öyga çömdi. Albert yötala-yötala sigareta çekib öpkasini “davolagani”  şaylandi. Ançadan buyon uyğoq yotgan Möminjon aka ikki qölini juftlab, ensasiga qöyganiça şiftga tikilib, çuqur öyga tolgan.

Beadoğ hadiklar oğuşida kutilayotgan daqiqalar boşlandi. Bizni navbat bilan jarrohlik bölimiga çorlaşdi. Avval Albertga “sovçi” keldi. U adam daştiga ketayotgandek şippa­gini sudrab qadrdon göşasini tark etdi. Biroz serhadik soniyalar ötib, Ilhom bilan Möminjon aka ham maşhur şifoxonaning ikkinçi oşyonidagi hadik va oğriqlar sasi kezayotgan bölimga yöllanma olişdi. Men ism-şarifimni eşitmoq­ni zor-zor bölib uzoq kutdim. Yettinçi palata, yaʼni turizm bemorxonamiz kapalak qanot qoqsa eşitilgudek sokin. Oppoq bulutlar tusidagi şiftda yurakka ğulğula soladigan hislar ğujğon öynaydi. Qançalar tikilsang-da, közga körinmaydi-yu, ammo sen tomon şönğiyotgan çorasizlik yukini sezib turasan. Yöq, bu qörqoq­lik emas, – qadrdon şeriklarimning böşab qolgan örinlariga nigoh taşlayman, – şunçaki, insonlarga xos jon şirinligi. Bilaman, Albertda, Ilhomda, Möminjon akada ham şu öy. Xayolimda ana şunday giryon-u halak öylar bilan meniyam xonamdan olib çiqişdi. Biram mehribon bu yetaklovçi ayollar. Ohista yu­rişni iltimos qilişadi, qadamingda hol sörab, istasang, qöltiqlab ham olişadi. Ammo bularga eʼtibor beradigan ahvolda emassan, tatimaydi bu azza-bazza takalluflar. Bilasanki, tiğ ostiga yotiş uçun olib ketişyapti. Şirin joning oğriydi-da…

Oq soçli döxtir qattiq-qattiq, kesib-kesib gapiradi. Avvalgi ayol sabrli ekani, jim yotganini aytib dakki beradi. Jarrohlikka öz oyoğing bilan kelganingga afsuslanasan şu paytda. Lekin, endi keç. Ğişt qolipdan köçgan. Sen döxtirlarning ixtiyoridasan. Çidaşga töğri keladi. Yaşaşni, yoruğ dunyoni körib yaşaşni istaysan-ku, axir… Bularning bari uzoq, juda uzoq davom etdi, çamamda. Va nihoyat tugadi.

Törtta karavot qöyilgan xonamizga ikki ğildirakli aravaçada olib kirişdi. Bir közimga boğlov qöyilgan. Harir parda ortidan bölsayam atrofni ilğay boşladim. Ilkis Möminjon akaga közim tuşdi. Uning ham çap köziga muhofaza dokasi tutilgan. Şu ahvolda karavotida çalqança yotib, yuvoşgina yoş boladek orom olmoqda. Albertning qölida vaysaqi telefoni yöq. Ilhom bolakayimiz uxlagan-ov, yonboşimdagi örnida qimirlamay yotibdi.

Xonamizda tuşlikkaça jimjitlik hokimi mutlaq böldi. Har birimizning jarrohlikdan keyingi ahvolimiz özimizga ayon. Vaqt tuşga yaqinlaşganda oğriqni sezdirmaydigan turfa dorilar taʼsiri biroz tarqadi. Erta köklamda boş kötarayotgan boyçeçaklardek birin-sirin jonlana boşladik. Tuşlik olib kelişdi. Suyuq-quyuq taomlardan söng qursoqlarimiz hazmga kirişib, orom oldik. Nimagadir Ilhomning şaşti past, bir oğiz gapirmasdan örniga çözilib oldi. Albert öpkasini sigareta tutuni bilan töldiriş iştiyoqida zipillaga­niça çiqib ketdi. U hozir Darixaning köziga körinmaslik uçun uzun yölakning birorta ovloq puçmoğiga şönğigan bölsa ajabmas. Möminjon akaga uyidan yeguliklar olib kelişdi. U yelim xaltadan patir, olma-uzumlarni olib, stolga qöydi.

– Kelinglar, manovilardan tatib köraylik, quvvat böladi, – taklif qildi u.

Ilhom yana uxlayaptimi, undan sado bölmadi. Demak, mulozamat menga tegişli.

– Rahmat, aka, – örnimda ötirib minnatdorçilik bildirdim. – Hozir qornimiz töq. Biz ke­yinroq, siz olavering.

– Meniyam iştaham yöq.

– Öğlingiz keldimi?

– Yöq, nevaram olib kelgan bularni, qizim­ning qizi. Qizim men bilan turadi.

Öğli yöqdir bu odamning degan öyga borib, xijolat böldim. Aka buni payqadi çoği, karavotiga omonat ötirib, menga yuzlandi:

– Öğlim bor, uni takasaltang qilib östirganmiz. Hammasiga özimiz aybdor…

Möminjon akaning ovozi titrab, jimib qoldi. Boşini sarak-sarak qildi-da, yumşoq öringa yotib oldi. Söngra öz-öziga gapirayotgandek sokin ovozda ötgan umrini eslab ketdi.

* * *

– Rahmatli ayolim bölganida şu köyga tuşmasdim. Uf-f!.. Bilakda kuç bor-u, köngil çökib qolgan-da… Şu paytgaça yigirma tört kiloli ikkita toşni baralla kötarardim… Ahvol doim şunday bölgan deb öylaysizmi? Undaymas,  ammo ötdi hammasi, yoşlik daryo suvidek oqib ketdi.

Harbiy xizmatdan qaytganimda yelkador, belim qamişdek, çayir barno yigit edim. Bilagimdan kuç yoğilib turardi, toş kötarişning rosa-a hadigini olgandim-da. Uyga borsam, töyib-töyib uxlayman, derdim. Qayda, közga uyqu kelarmidi, uç-tört kun jöralar bilan ulfatçilik qildik. Hamsoya örtoğim dökondor bölib olgan ekan. Bizni idoraga şofyor kerak, deb qoldi. Şuning gapi bilan matlubot jamiyatiga haydovçi bölib işga kirdim.

Öşanda yoz faslining boşlari edi. Bizni uzoq Gulobod qişloğiga yuborişdi. Ğalati qişloq ekan, etagi daryo böyidagi ovloq töqaylarga taqaladi. Biri-biriga tutaşgan çang köçalardan ötdik. Nihoyat, Abdurauf amakining işorasi bilan, tölib suv oqayotgan ariq böyidagi katta tolning soyasida maşinani töxtatdim. Abdurauf amaki avtodökonning orqa eşigini oçib, savdoni boşlab yubordi. Katta-kiçik yoşli ayollar, yakkam-dukkam erkaklar tört ğildirakli köçma dökonga kela boşlaşdi. Abdurauf amaki meni savdo işlariga aralaştirmasdi. Tiniq suv oqayotgan ariq böyidagi yana bir tolning soyasiga borib turdim. Avtodökonni birpasda xotin-xalaj örab oldi. Arining  uyasidek ğuvillayotgan izdihomni xotirjam kuzatib turaverdim. Şu payt odamlar orasidan bir qiz ajralib çiqdi. U közlari katta-katta, qişloq quyoşida qoraygan beş-olti yoşlardagi bolakayni yetaklab olgandi. Qiz atrofga alanglab turdi-da, men tomonga yurdi. U, çamasi, ön sakkiz yoşda edi. Soçini mayda örgan, boşida zar iplar ötkazilgan xitoyi qizil durra. Olça gulli töq kök köylagi sarv qomatini yaşirgan. Közimga çöğdek körindi. Uzoq-uzoq­lardan uçib kelib endigina zaminga qöngan quşçaga öxşatdim. “Quşça” tortinmasdan oldimga keldi. Aytdim-ku, suyagi yöğon, juda baquvvat yigit edim. Harbiy desant qismlarida xizmat qilganman. Toş kötarişga, kuraş tu­şişga işqivoz edim. Qop-qora, qalin möylovim özimga yaraşardi. Men qizlarga emas, qizlar menga gap taşlaşardi. Ammo birortasiga yuragim jiz etmagan. Toş kötarib, kuraş tuşib, kuçimga işongan mağrur yigit edimda. Ajabo, gulobodlik qiz bir körişda öziga mahliyo qildi. Tayançidan ayrilib qulayotgan simyoğoçdek his qildim özimni. Keksa tolning ğadir-budir tanasiga ixtiyorsiz suyandim.

– Aka, siz haydovçimisiz? – qiz avtodökonga işora qildi.

– Ha, – deyoldim bazör.

– Ukam siz bilan tursin, tez uyga borib kelaman? Atlas olmoqçiydim, pulim yetmadi. Ukamni oyoğiga qarab yursam, ketib qolasizlar. Judayam olgim kelyapti-da şu atlasni. Qizil atlas ekan, mayda yölli!

U hayajonlanib, ammo dona-dona qilib, sira tortinmasdan gapirardi.

– Mayli, – deyoldim daraxtdan gavdamni kötarib. – Kel, ukaça, isming nima?

– Şerzod. Sizniki-çi?

– Möminjon meni ismim, – qiz tomonga nigoh taşlab şunday dedim.

– Şerzodjon, akang bilan tura tur, men yugurib uyga borib kelaman, xöpmi?

Şerzod dadilgina bola ekan, bir opasiga, bir menga qaradi-da:

– Şkalat oberasmi? – dedi.

– Uyat! – qiz körsatkiç barmoğini labiga bosdi.

– Şerzod, qolaver, men oberaman, – deb yubordim beixtiyor.

Nima bilandir şu qizga xuş yoqişni, tanişib olişni öylardim.  Şerzod opasining qölini qöyib yubordi-da, çopqillab oldimga keldi.

– Qani şkalat, bering, – u beğubor qora közlarini katta-katta oçib, şoşira boşladi.

Şerzodning qölidan uşlab kabina tomonga yetakladim. Ukasini qöyib yubormasam, bas, qiz heç qayoqqa ketolmaydi deb öyla­dim. Maşina kabinasida ukalarimga deb olgan birozgina “Qoraqum” şokoladi bor edi. Qoğoz xaltasi bilan Şerzodning qöliga tutqazdim. U bitta şokolad qoğozini oçdi-da, şoşib oğziga soldi. Şokoladli qoğoz xaltani mahkam bağriga bosgança tolning soyasiga borib oldi. Avtodökon oldida hali odam kamaymagandi. Yölga qarayman, odamlar töpiga tikilaman, ammo qişloq gözali körinmaydi. Közlarim alang-jalang bölib bolaning oldiga keldim. U navbatdagi şokoladni yaltiroq qoğozidan ajratib, yutoqib oğziga solayotgandi.

– Şirin ekanmi? – uni gapga sola boşla­dim.

– Maz-za-a!

– Opangni ismi nima?

– Dilbar.

– Qayerda turasizlar?

Şerzod bir qavatli katta maktab yonidagi uyni körsatdi. Şu payt öşa uyning darvozasidan qizil durrali qiz çiqdi. Men uni uzoqdan  tanidim. Oppoq yuzi, uzun kipriklar avaylagan şahlo közlari xayolimda jonlandi. U mening nigohim oğuşida tez yurib, deyarli yugurgilab avtodökon tomonga kela boşladi. Olça gulli köylagi yengil şabadada tortilib, sarv qomati biz tomonga talpindi. Sehr-jodu qilingandek bu sarviravonga tikilib qolgandim. Dilbar! Ismidek yoqimtoy, gözal, juda-juda gözal edi u!

– Xudoga şukur-ey, dökon ketib qolmabdi, – dedi halloslab yetib kelganda.

Men Dilbarning mayin, yurakni öynatib yuboradigan yoqimli ovozini eşitib özimni baxt­li his qila boşladim. Şunaqayam bölarkan-da yoşlikda. Bu, bir umrga unutilmas, hayajonli, dil orom olgan damlar edi! Ğalati hissiyotdan tilim kalimaga kelmay qoldi. Jilmaygança unga tikilib turardim. Şu payt Dilbarning nigohi hamon oğzini töldirib qoğoz xaltadagi şokoladni paqqos tuşirayotgan ukasiga tuşdi-yu, kapalagi uçib ketdi.

– Voy, qaydan olding şunça şokoladni?! – zuğum qila boşladi u.

Şerzod şokoladlarini tortib olişlaridan qörqib, qölimdan uşladi. Dilbar nima gapligini darrov tuşundi.

– Şerzod, uyat! – dedi ukasiga.

U köziga çöğdek köringan, öy-fikrini band qilgan mayda yölli qizil atlasdan quruq qolişni istamasdi. Menga xijolatomuz qarab oldi-da, şoşib avtodökon oldidagi ayollar orasiga özini urdi. Men ortidan tikilganimça qolaverdim. Hozir közga körinmas şarpa yoki şamolga aylansam-u, peşonasiga tuşgan soçlarini töğirlab qöysam, oppoq sölim yuzlarini siypalasam, közlariga termilsam, derdim özimça. Könglim kengliklarida qözğalgan böronni – tizginsiz istaklarimni bosolmay tipirçilardim. Eh, işqqa taşna qalbga buyruq berib bölarkanmi! Yuragim bezovta uradi, közlarim yonadi, tanim tölğanadi. Yigitlik qonim köpirib, ixtiyorsiz harakat bilan Dilbar tomonga talpindim. Şundagina malakkinamning ukasi qölimdan uşlab turganini sezib,  özimni töxtatdim. Şerzod çap qöli bilan menga yopişib olgan, öng qölida qoğoz xaltadagi “Qoraqum”ni bağriga bosganiça oğzini töldirib şokoladni şimardi. Unga qarab qöydim-u, xayolim yana Dilbarga köçdi.

Avtodökonning ikki tomonga oçilgan eşiklari oldida olomon daryodagi qayiqdek çayqaladi. Abdurauf amakining qöli qöliga tegmasdan xaridorlar könglini oladi. Ular­ning orasida Dilbar ham bor. Ammo men uni körmayotgandim. Közlarim qizil durrali qizni izlardi. Körmayotgan bölsam ham sölim çehrasi çaşm xotiramga örnaşib qolgan. “O, Dilbar, şaxlo közlaringga bir qaray!” – derdi botinimdan şarşaradek otilayotgan ovoz. Şu payt Şerzod qölimdan tortdi. Egilib unga tikildim.

– Suv içaman, – dedi şokolad şirasiga böyalgan lablarini yalab.

Kun issiq, doim özim bilan suv olib yurardim. Şerzodni yetaklab kabina oldiga keldim. Mineral suv şişasini oçib, Şerzodga tutdim. U töyganiça suv içdi-da, menga qaradi.

– Opang işlaydimi, öqiydimi? – vaziyatdan foydalanib gapga soldim.

– Öqiydilar.

– Öqib kim böladi opang?

– Döxtir böladila, ukol qiladila ha-ammaga!

Demak, hamşiralikka öqir ekan. Tuman markazida tibbiyot bilim yurti bor, uni öşa yerda uçratişim mumkin!  Jöyali xulosamdan sevinib ketdim. Endi Dilbarni yöqotib qöymasligimni bilardim.

Biroz vaqt ötib, avtodökon xaridorlari sekin-asta tarqala boşlaşdi. Oralaridan bir kiyimlik qizil atlasni bağriga bosib Dilbar çiqdi. Parvozdan çarçab yerga qöngan turna misoli nozik qadam taşlaşlari yana yuragimga öt soldi. Şerzodni yetaklab istiqboliga yurdim.

– Sizni ovora qildim, – dedi qiz uyalinqirab.

– Undaymas, nima qilişimni bilmayotgandim, Şerzod ukam zeriktirmadi.

– Şokolad olib beribsiz… Uyat-t…

– Tomoği oğrib qoladi deb öylaysiz-da, a?

– Yöq-q…

– Hamşira ekansiz, davolab qöyasiz, Dilbarxon.

– Ismimniyam aytibdi…

– Bilim yurtida öqişingizniyam.

– Şerzod, akangni qiynabsan.

– Özimni akam, Möminjon akam! – Şerzod menga bolalarça beğuborlik bilan tikildi.

Şu tobda bu yoqimtoy bolakaydan juda-juda minnatdor bölib ketdim. Dilbar ukasi­ning qölidan uşlab, ketişga çoğlandi.

– Dilbarxon, biz bilim yurtlarigayam boramiz, balki, uçraşib qolarmiz?

– Balki, – Dilbar jilmaydi.

Şu uçraşuvdan keyin Dilbar xayolimdan ketmadi. Ötirsam ham, tursam ham uni öylardim-u, içimdagini taşimga çiqarmasdim. Oradan bir kun ötib u öqiydigan bilim yurtiga bordim. Maşğulotlar tugaşini kutib, darvoza oldida zor-zor bölib turdim. Bunday kutişning qançalar yoqimli ekanini boşidan ötgan yigitlar bilişadi. Dilbarni yuzlab oy qizlar töpidan ham adaşmasdan tanib olişimni bilardim. Bir payt sahardagi sayroqi quşçalardek çuvillaşib talaba qizlar paydo bölişdi. Orala­rida Dilbar ham bor. U dugonasi bilan gaplaşib, heç kimga eʼtibor bermasdan  darvozadan çiqib kelardi.

– Dilbar! – deb qiçqirib yuborganimni bilmay qolibman.

U çöçib men tomonga qaradi. Boşqa qizlar ham oyoqlarini kerib turgan möylovdor yigitga hurkak qaraş qilişdi. Kimlardir yurib ketayotgan joyida töxtadi. Men bularga zarraça eʼtibor bermasdim. Çanqoq nigohimni Dilbardan uzolmadim. U meni tanib, şirin jilmaydi. Yonidagi dugonasiga bir nimalar dedi-da, çopqillab men tomonga kela boşladi. Şu paytdagi ahvolimni körsangiz edi! Olamdagi eng gözal qiz, bir körişda yuragimga alanga solgan parivaş meni rad etmayotir! Istiqbolimga talpinişi moyillik alomati emasmi, axir! Dilbar fariştadek bölib qarşimda turardi. Nima deyarimni bilmasdan dovdiradim. Tuyqusdan toşqin daryo suvidek yopirilgan baxtdan gangib qolgandim. Nima uçundir qoğoz xaltaga öşa kungidek “Qoraqum” şokoladidan solib olgandim. Kelişimga bahona böladi, degandirman-da.  Unga qoğoz xaltaçani uzatdim.

– Şuni olib kelgandim, – dedim tutila-tutila. – Şerzodga vaʼda berganman.

– Ovora bölibsiz-da, – Dilbar közini yerga tikdi.

Surmarang kipriklari biram uzun ekanki, qarab turib barmoqlarim bilan silagim kelib ketdi. Men uning har bir harakatini yutoqib kuzatar, har bir aytgan sözini yodlab olardim. Şu kundan boşlab biz tez-tez uçraşa boşladik. Men Dilbarga doim “Qoraqum” şokoladidan olib boradigan böldim. Oradan bir yil ötib bilim yurtidagi saboğini yakunladi. Tez orada unga uylandim. Bunga uning uyidagilar ham, biznikilar ham monelik qilişmadi. Şokoladdan boşlangan uçraşuvimiz xayrli böldi, hayotimiz juda şirin öta boşladi.

Menimça, sevgan yori yonida bölganlar, sevgi lazzatidan zavqlanib yaşayotganlar dunyoning eng baxtli odamlari. Biz Dilbar bilan ana şunday baxtiyor insonlar edik. U avvaliga özi­ning hamşiralik kasbida işladi. Şu paytlarda savdo taşkilotimizga tez-tez kelib turardi. Meni qizğanarmidi yoki köproq yonimda bölişni istarmidi, bilmadim. Xullas, ayollar kiyimi sotiladigan dökonga işga kirdi. Endi işga har kuni birga borib, birga qaytardik. Oradan bir yil ötib, farzandli böldik. Qizimizni Dilbarimning ismiga uyqaş qilib Dilorom deb atadik.

Töğrisini aytişim kerak, yoşlik yilla­rimiz bearmon ötgan. Ikkinçi qizimiz Maftuna tuğilganda Dilbar ança payt uyda qoldi. Yana homilador bölib, işga çiqolmadi. Uçinçi farzandimiz öğil böldi. Menga öxşagan suyagi yöğon, böliq bola edi. Maʼruf deb ism qöydik.

Inson hayotida evriliş yuz bersa, avvalgi hissiyotlar bahorda ungan barra maysadek yangilanadi. Uç farzandli bölganimizda Dilbarga muhabbatim ortsa ortdiki, özgarmadi. Avvalo, Xudoga tavbam, sadoqatim ila aytamanki, men unga doim sodiq böldim. Öttiz olti yil birga keçgan hayotimizda Dilbar meni qiynamadi. Yaxşi-yomon, birda bor, birda yöq kunlarimiz  bölgan. Dilbar mendan beş yoş kiçik. Tönğiç qizimiz Dilorom ön oltiga kirgan. Oldinma-keyin tuğilgan Maftuna bilan Maʼruf ham ulğayib qo­lişgandi. Ularni öqitiş, oyoqqa turğaziş kerak edi. Dilbar dökon oçib, tadbirkorlik qila boşladi. U tinib-tinçimaydigan, ğayratli ayol edi. Bolalarimizning baxtlari uçun qölidan kelganini, undan ortiğiniyam qildi. Bu paytda elimizga dunyo darvozalari oçilib qolgandi. U çet elga bözçining mokisidek qatnab, töp-töp gazmollar olib kelardi. Ulgurji savdo­ning daromadi yaxşi, hovlimizni aylantirib uy qurdik.

Birin-ketin qizlarni uzatdik. Maʼruf yolğiz öğil bölganidanmi erka bölib ösdi. Bolaligidan aytgani muhayyo edi. Balki, ana şu xatomiz uçundir, maktabni bitirdi-yu, öqimay qöya qoldi. Savdo-sotiqqa aralaşib, onasining topganini yeb-içib, işratga berildi. Beboşlik, töqçilikda insondan mehr qoçarkan.

Sizga yolğon, menga çin – Dilbar molga ketgan kunlarda tomoğimdan ovqat ötmasdi. Bir narsamni yöqotib qöyganday kalovlanaman, faqat iş bilan ovunaman. Yagona işqivozligim – toş kötariş. Yigirma tört kiloli ikkita toşni siltamasdan, dast kötarib xumordan çiqaman. Dilbar uyda bölsa, bağrim tölib qoladi.

Umr juda tez ötarkan. Özim bilan ovora bölib, Maʼrufning tarbiyasini közdan qoçiribman. U takasaltang bir yigit böldi. Biz buni sezmay qolibmiz. Özingiz öylab köring, hayot ğildiragi butunlay yangi izga tuşayotgan bölsa, bu aravada ketayotgan odamlarga osonmas, axir. Tirikçilik taşvişida yuraverib, öğlimizning feʼl-atvori qoronği jarlik nişabiga qarab ketayotganini nazardan qoçiribmiz. Dilbar tijoratga boşi bilan şönğib, özini ayamay işlardi. Maʼrufga maşina olib berdi, yangi qurilgan binolardan uç xonali uy sotib oldi. Ammo soğligini yöqotdi. U qand kasaliga çalinib qolgandi. Yotib qolişini bilgandek Maʼrufni uylantirişga şoşdi. Öğlimiz endi yigirmaga kirgan, yoş edi-da, bir işning boşini ham tutmagandi. Şunday bölsayam, Dilbarning istagiga qarşi çiqolma­dim. Katta töy qilib, elga oş berdik. Kelinimiz Zamiraning tili tez edi. Kelin qaynonagamas, qaynona kelinga boş egdi bizning uyda. Şunaqa xoksor ayol edi u.

Dilbarning xastaligi yil sayin oğirlaşdi. Maʼrufni köp öyladi. Kelinning jizzakiliklariyam qiynadi şörlikkinamni. Ellik olti yoşida olamdan ötdi Dilbarim… Bu paytda nafaqaga çiqib, unga suyanib qolgandim. Öksinib-öksinib, heç kimga bildirmasdan köz yoşlarimni tökdim. Parvardigorim yaratgan hayot doim ham ravon bölavermas ekan. Nima ham qilardik, turmuşning aççiğigayam, çuçugigayam könişimiz buyurilgan. Yaratganning sinovlari-da bu. Meniyam “Neksiya” maşinam bor, taksi­çilik qilib ovunib yurdim. Öz uyimga kelişdan yuragim bezillab qolgandi. Kelinning qovoğini uyib çimirilişlari, siltab gapirişi yuragimga toşdek tegardi. Dilbarim hayotligida Zamiraning xurmaça qiliqlarini könglimga olmasdim. Endi hammasi boşqaça. Ovqatim alohida, kiyimla­rimniyam özim yuvaman. Maʼruf bularni körib, körmaslikka oladi. U avtomaşinalar tijoratiga aralaşib qoldi. Maşina olib sotardi.

Odam bolasi bir yöldan adaşsa, töğri izga tuşişi qiyin. Öşa, yoşligimdagi avtodökon sotuvçisi Abdurauf amakining gaplari sira yo­dimdan çiqmaydi. “Hayot qisqa, lekin birdan katta pul topaman deb şoşma, – derdi u kişi. – Ortiqça kuçansang, beling çiqadi. Oz bölsayam, topganingni rasamadi bilan işlatsang – yetadi, ortib ham qoladi. Baraka quşga öxşaydi, uçirib yuborsang, keyin uşlolmaysan”.

Maʼruf katta pul topiş işqiga tuşdi. Gapirsam, ğaşi kelardi, jerkib taşlaydigan böldi. Maşina tijoratini Safar degan şerigi bilan qilardi. Voha tomonlardan edi u yigit. Biram gapga usta-yey, ğirt yolğon gapgayam işontirib, odamni avrab qöyardi. Ozğin, rangi sur, közlari öynab turadi. Bir körganimdayoq yoqtirmaganman. “Bu bolaning içida gijjasi bor, – dedim Maʼrufga. – Şerikçilikka yaramaydi, bir kuni pand beradi, öğlim”. Qayda, deysiz, gapimga kirarmidi. Avvalo, kelin oğzimga urdi. “Öğlingiz katta iş boşlasa, duo qilmaysizmi!” – deb çaqib oldi. Xotinining gapi bilan yuradigan böp qolgandi Maʼruf.

Oradan uç oy ötiboq şerikçilikning misi çiqdi. Kunlardan birida Safar dastmoya pullarni olib yöqolib qoldi. Maʼruf zir yugurib jörasini izlaşga tuşdi. Safar yaşab turgan ijara uyiga qaytib kelmadi. Öğlim u aytib yurgan qişloği­gayam bordi. Qişloqda, bunday odamni tanimaymiz, bizdan emas, deyişibdi. Tadbirkorlik hujjatlari Maʼrufning nomiga rasmiylaştirilgandi. Maşina egalari haqlarini talab qilib turib olişdi.

Maʼruf – mening öğlim, puşti kamarimdan bölgan farzandim. Uni bağrimga bosib, jon-dilimdan suyib katta qilganman. Ammo menga öxşamadi. Nega bunday böldi? Nimani közdan qoçirdim, payqamadim? Uyimizga maşina egalari pullarini qistab kelib şovqin kötarişganda şularni öyladim. Uyatdan yerga kirib ketay dedim. Qöşnilarning oldilarida boşim egildi. Doim bir gapni aytib yurardim: “Inson isqirtdan, badböydan hazar qiladi. Hatto adaşib fahş yöliga kirganlar ham öz-özlaridan jirkanadilar”. Men umr böyi pokiza yaşaşga, köngil ozodaligiga gard yuqtirmaslikka tirişdim. Şu boisdan soç-soqolim oqarganda boşimizga tuşgan bu savdo yuragimga kamon öqidek azobli oğriq bilan sançildi.

Dilim taşlab ketilgan, kimsasiz vayronaga öxşardi. Qiş böyi uydan çiqmadim. Qöni-qöşnilarning oldilaridayam yuzim şuvit bölib qolgandi-da. Mart oyida, bahor kelganda pajmurda könglim kengliklarni qömsadi. Şahar aylangani çiqdim. Yölkadan yurib borayotib, bir tup gullagan örik  oldida töxtadim. Şabnam ingan oppoq örik gullari huşimni oldi. Bir ajib ifor keldi. Örik gulining xuş böyi bölişini şunda bildim. Tavba, deyman, yoşlikda, kuç-quvvatga tölgan davrlaringda Xudoyim yaratgan olam tarovatiga eʼtibor qilmas ekansan. Xayolimda turfa gullar  çaman bölib oçilgan gulzor, guldan-gulga qönib uçayotgan, qanotlari sernaqş kapalaklar jonlandi. Neçun şu yoşgaça bularga beeʼtibor böldim, deyman. Endi esa, közla­rim körib turgan olam aziz-u qadrli bölib bora­yotir. Keksalik donoligi deb şuni aytadilarmi?

Biroz könglim yozilib, uyga qaytdim. Uyda Maftunam böy yetib qolgan qizlari bilan qarşi oldi. Nevaralarimning peşonalaridan öpib körişdim. Maftuna qizimning xayoli pari­şon edi. Buni sezdirmaslikka urinsa-da, ğamgin közlarida botinidagi iztirobni kördim. Bir yil avval kuyov avtohalokatda olamdan ötgandi.

– Nima böldi, qizim? – dedim sinovçan tikilib.

– Dada, uydan haydaldik! – Maftunaning közlaridan yoş quyildi.

Qölim bilan yonoğidagi şabnamdek tomçilarni artdim. Yoş bola misoli bağrimga bosdim. U yelkamga boşini qöyib yiğlab yubordi.

– Qaynonangmi? – dedim sekin.

– Qaynsinglimni hayoti bölmasdan qaytib keldi. Şuniyçun uyni böşatişimiz kerak, uniyam ikkita bolasi bor.

– Yiğlama, qizim, mana, uy köp, men bilan yaşayverasizlar, – bir çetda uyalib turgan nevaralarimga qaradim.

Şu kunning ertasiga Maftuna yuklarini olib keldi. Uni qizlari bilan opasi ikkisi yaşagan uyga joylaştirdim. Maftunam işlaydi, öqituvçi u, maktabda ona tili, adabiyotdan dars beradi. Oladigan maoşi qizlari bilan öziga bemalol yetadi, heç kimga oğirligi tuşmaydi. Insonning tiynatidan mehr-oqibat kötarilib, olçoqlik örnaşib olsa – şaytonga qöl bergani şu. Qizim köçib kelgan kundan  kelinimiz Zamiraning feʼli aynidi. Öşa kuniyoq rangi öçib xonamga kirdi.

– Nima gap? – hayron böldim.

– Qizingiz vaqtinça turadilarmi? – kelinning ovozi titrab söroqqa tutdi.

– Boşqa qayerga boradi? Tuğilib-ösgan uyi bu, axir!

– Ikkita bolasi bor, haqini talab qilsa böladi-ku!

– Bu gapingiz noörin, ayb böladi, qizim, – özimni bosib, kelinni murosaga çaqirdim.

– Uyimizga röyxatdan ötkazmaysiz, tamom! Meni ikkita öğlim bor, uy şularniki!

Kelin yuzini deraza tomonga burib oldi. Şu gaplarni aytayotganida ovozi özgarib, közini mendan olib qoçdi. U içiga tölib ketgan ğazabini yaşirişga urinardi…

Şunday kunlarning birida men kutmagan dahşatli voqea yuz berdi. Asr namozi avvalida uyga qaytgandim. Darvoza oldida maşinamdan tuşdim. Içkaridan şovqin eşitildi. Könglimda xavotir bilan hovliga kirdim. Avval, özi yaşayotgan uy ostonasidagi Maftunaga közim tuşdi. Qizimning rangi öçgan, közlari töla yoş. Hovli töridagi boloxonali uyning baland zinasida Maʼruf bilan Zamira turib olişgan.

– Ket, yöqol bolalaring bilan! – deya qiçqirardi Maʼruf opasini sensirab. – Kelganingdan buyon tinçlik yöq uyda, ke-et-t!

– Uy bizniki! – meni körib qolgan Zamira jazavaga tuşib çinqirdi. – Ana, dadajonimiz ham keb qoldilar! Endi bu işni bir yoqli qilib olamiz. Ketasiz, opaginam, uyimizda sizga joy yöq endi!

Buni eşitib oyoqlarim qaltirab ketdi. Işonasizmi, pökak oyoqda turgandek yiqilib tuşi­şimga bir bahya qoldi.

– Nima ga-ap-p?! – deya öşqirdim qölimni muşt qilib.

– Baqirmang! Hammasiga siz aybdor! – Maʼruf, öz öğlim menga ğazab bilan tikildi. – Bu uy-joy onamdan qolgan, sotaman!

– Sotama-an-n?!

– Gap bitta: sotib, dastmoya qilib, yangi iş boşlayman! Sizga bir xonali dom oberaman.

Boşimda oğriq turib, köz oldim qoronğilaş­di. Zamira bilan Maʼruf köz oldimda qora şarpalardek çayqala boşlaşdi. Bular­ning bari tuşimmidi, öngimmi – yaxşiroq körib olay, dedimmi, zinadan ularning oldilariga çiqib bordim. Nimadir dedim, Zamira çinqirib dod soldi. Şu payt kutilmaganda Maʼruf meni ikki qöli bilan itarib yubordi. Harbiy desant bölganman, dedim-ku, çaqqonlik qilib temir panjarani uşlab qoldim. Yöqsa, ğöladek pastga yumalab ketişim aniq edi. Osmondan yulduz­lar tökilib ketgandek böldi. Yer yondi… Keyin hammayoqni tutun qoplab oldi. Maftunaning jon holatda “Dada-a!” – deb baqirgani eşitildi. O, Yaratgan egam, qizim bor mening, – degan öydan özimga keldim. Şiddat bilan Maʼruf tomonga talpindim. Uni urmoqçi böldimmi, pöpisa qilib aqlini kiritib qöymoqçi edimmi – bilmayman. Köz oldimdagi tutunlar ortida öğlim körindi. Baquvvat edim, öşa payt­dayam ikkita yigirma tört kiloli toşni kötarardim. Maʼruf bilan Zamira zumda yöq bölib qolişdi. Maftuna yugurgilab oldimga çiqdi.

– Dada, dadajonim! Meni keçiring, hammasiga men aybdorman, – u tinmay gapirar, gapira turib öksinib-öksinib yiğlardi. – Maktabdagilar yordam berişadi, ertaga, ertagayoq köçaman… Yuring, yuring men bilan, qon bosimingizni öl­çab qöyaman, yuring…

Aqlli qizimning gaplari şikasta yuragimni ezib yubordi. Birdan böşaşdim. Közlarimdan duvillab yoş quyildi.

– Heç yoqqa ketmaysan, qizim, – dedim holsiz şivirlab. – Onangdan, Dilbarimdan qolgan yodgorimsan, bolam. Sen şundoq qilsang, onangning ruhi çirqillaydi. Unday qilma, aslo! Hali men tirikman, özimni dono qizim…

* * *

Kunlarning eng yaxşisi gunoh qilinmagan kun ekan. Xudo öğlimni katta gunohdan asrab qoldi. Agar men zinadan yiqilganimda bolam bir umr iztirobda yaşardi… Hamma uy-uyiga kirib ketdi. Hovlimiz bir zumda tinçib qoldi. Ammo mening köz oldimdagi tutun tarqalmadi. Ustiga-ustak qovoğim oğrirdi.

– Qizim, hovlida bir narsa yoqişganmi? – dedim qovoğimni uqalay turib Maftunaga.

– Yöq, dada, hamma uyda gaz bor-ku, – Maftuna menga hayron bölib tikildi. – Közingizga şunday köringandir.

– Ha, qizim, közimga tutun körinyapti, qovoğim oğridi, şundandir.

– Dada, poliklinikaga çiqib kelamiz, – qizim birdan jiddiylaşdi.

Men, döxtirlar ketib qolişgandir, ertaga çiqarmiz, dedim. Maftuna könmadi. Qizimni qiynamay deb u bilan mahalladagi poliklinikaga bordim. Döxtir endi ketay deb turgan ekan. Baraka topgur darrov qayta oq xalatini kiydi-da, közimni tekşirdi. Közingizda bosim kötarilibdi, dedi-da, ança payt dori tomizib ötirdi. Qizim bilan nimalarnidir gaplaşdi. Tomizgiç dorilar yozib berib, yana kelasizlar, dedi. Köz oldimdagi tutun tarqab ketdi, qovoğimdagi oğriqlar ham bosildi. Döxtirga borişni unutib yubordim. Oradan bir yil ötib, yana şu ahvol takrorlandi. Yurib ketayotib boşim aylandi, gandiraklab ketdim. Öşandagiday yana köz oldimda tutun paydo böldi. Şunday qilib, bu yoqqa kelib qoldim. Qizim toğasining oldiga olib keldi. Közimdagi bosim öttiz yettiga kötarilib ketibdi. Darrov yotqizişdi…

* * *

Oqşom qöna boşladi. Kuzda Toşkent oqşomlari gözal böladi. Deraza oynasidan taşqariga qarayman. Sur bulutlar ufqqa singib bormoqda. Şaharning köp qavatli uylariga fa­lakdan soya qöna boşladi. Toşkent köçalarida yakkam-dukkam çiroqlar yongan. Çilonzor kunduzgidan ham gavjumlaşib ketgandek. Maşinalar, odamlar oqimi köçalarni töldiribdi.

Bu paytda közimizda jarrohlik ötkazgan döxtirlar bizdan xabar olişadi. Mana, ilk oq xalatli najotkor yettinçi palatamizga taşrif buyurdi. Örta yoş ayol töppa-töğri Ilhomni oldiga keldi.

– Oğrimadimi? – jilmayib, farzandidek erkalatib söradi u.

– Yulduz opa, iç balani sezmadim, – qipçoq şevasida gapira boşladi Ilhom.

Darixa tozalikni tekşirgani kirib, Albertni ham izlab qoldi. Uning örni böş edi. Darixa tartibsizlikdan norozi bölib boşini çayqadi. Albert aqlli telefonini qoldirib, çekişga çiqib ketganini biz unga aytmadik. Şu paytda buğdoyrang yuzli, qotma, soçlari oqara boşla­gan döxtir kirdi. Darixa darrov bir çetga ötib, yöl berdi. Döxtir Möminjon akaning karavoti oldiga keldi.

– Poçça, yaxşimisiz? – dedi dadil ovozda.

– Yaxşiman, Şerzodjon, yaxşiman. Endi bu yoği qarilik-da…

– Unday demang, hali menga juda köp “Qoraqum” şokoladidan olib berişingiz kerak.

Döxtir çiqib ketganda ajablanib Möminjon akaga qaradim.

– Ha-a, öylaganingiz töğri. Bu döxtir öşa,  şikalatni yaxşi köradigan qaynim Şerzodjon, – Möminjon aka jilmaydi.

Abdujalol RAHIM

 

1953-yili Toşkent viloyati Çinoz tumanida tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Lomakon”, “Mugat folbin”, “Yölda ketayotgan odam” nomli hikoya va qissalar töplami va “Ibn Sino” romani çop etilgan.

 

2022/8

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…