24 daqiqada öqiladi

181 marta körilgan

Tilloli boy

Sobir Önar

(“Otamzamon hangomalari” turkumidan)

Bir xil gap turib-turib eskiradi. Garçi u öz vaqtida juda muhim mavzu, hatto boylikka taalluqli bölsa ham. Ehtimol, biz bilgan odamlar, xususan, boylar hali-hanuz, deylik, şu körimsiz, toğ biqinidagi ğaribgina qişloqda emas, umuman, yer yuzida yaşab yurganlarida, ha, falonçi boy falon şaharda, falon mamlakatda istiqomat qilayotgan ekan, piston bolasiga bunday imorat quribdi, unisining töyini bundoq ötkazibdi, özi bölsa, haramiga yangi olgan ovröpalik jononi bilan Maldiv orolidagi şaxsiy villasiga köçib ötibdi. Yöğ-e, özi yaqinda Balidan yoşgina juvon bilan qaytuvdi, qarang-a, pul nimalar qilmaydi odamni. Haligi qoraqoş kiçik qizi Amriqoning Pensilvaniya degan joyida bir qoratan negrvoy domla bilan qovuşganmişmi? Ha, olasan-da öziyam. Maoşi, e, yöq, haftada topganini qöliga olib otsa, Xayrulladay oriq kişi çalqança yiqiladi, ha. Uni­sini aytasan, Xolboy meşga tegsayam burni qonab, tentirab borib ötirib, çökkalab qolar edi. Eh-he, hazilmi bu pul! Endi özimizning sömga qayirib aytganda-da! Qança bölib ketadi, özing öyla! Toşkondan imorat solgan tilla koningning direktoriyam öynab ötobersin, ha. Nima deb öylayabsan hozirgi boylarni! Sen ular suvda suzgiç kemalarni ayt! Içi bir şahar, xuddi bu qişloq bir çekkasiga kiçkina yuk bölib siğib ketadi: anov hammadan qizğanib tikon sim bilan örab olgan nöxotpoyang, yaylov-barrikor, angor bölgan ğalla yerla­ring, Keldi guppi tonna mayiz oladigan tok-u boği, bollar pudbol tepayotgan ploşatkang – hammasi, ha, hammasi, bularni qöy, Samarqandday katta şahring köp qavatli imorat-u minorasi bormi – bir çekkasiga joy böp ketadi. E-e, yuribsan-da öynab – biz ham boy, ikki bolamning ikki “Neksi”si bor deb! Buyam mayli şaxsiy samolyotini ayt! Voy-bö, qöyib bersang har kuni har xil xonimçalari bilan Makkaga borib bir kunda hojiligini yangilab qaytaymiş! Bu yoğini köring-da siz. Menminam siz jurippiz-da otamdan qoğon jovur eşakdi çuqala-ab!..

Özi gap kim haqida ketayotir?

Yuz yil yo undan nari yurt söragan boylar: Isoqulboymi, Şeronqulmi yo Eşonqulboymi? Ular yurt söragani rost. Amirlikning ğaznasi deb soliq-ölponiga yuzlab mol haydatib yuborib kiprik qoqmagani ham töğri gap. Oş töla tol tovoqning bir çetidan birov qöqqis bir oşam palov olganday söz edi-da. Önta çöponi, bo­ring ana, önta çorakori ham bölsin. Lekin minbaʼd çöri saqlab, xotinni köpaytirgan emas! Öng quloğing va çap quloğing bilan eşitib qöy! Ha, endi şariat böyiça ikki-uç uylangani bor, biroq zinhor qonibuzuqilik qilmagiç edi, şuni bil!

Mana, biz bilamiz!

Mansur toğa şunday degiç edi.

Deganmidi, demoqçimidi, har qalay, biz­dan yuz yil naridagi boy bolalar arvohlariga til tekizdik. Yer yomonlab bormasin, yovqur, mard, tanti bolalar edi ular. Devorlarning quloği ding paytda biz nelarni öşaklaşib yotibmiz?..

Eşonqulboy yoxud Isoqulboyning Atlantika ummoni qirğoqlarida kayf-u safo qilib yurişlarini siz tasavvur qilmasangiz… men – avlod otim bilan, yö-öq deyman, ne bu şarmandagarçilik deyman: Isoqulboyni Xudoyi taolo özining kiçik ovuli Olloberdiga mixlab yaratgan edi. Haftada bir bölguvçi Jumabozordan ham etagini tortguvçi edi, göyo har kim işora qilib boy bozor oralabdi, yarim molni kötarib jönasa, ne ajab, deya hayratlanayotgan, kuzatayotganday bölardi. Xotin-u erlarga keyinçalik matoni kampiri bilan tönğiç qiziga işonib topşirib qöygan, juvoz moy, tegirmoni un, göşt-et özida bor, mahsi, pöstin, möki, çiydomni ustaga tiktiradi. Sallani töqsaboning otasi Dobiloxun eplaydi. Undan köra Örtaçöldagi ğallaning çöğidan, Parandoz çöqqi tagiga haydatgan uşoq mollaridan boxabar bölsin.

Örtança öğli otga qiziqdi. Na bölğay, bir yomon odat bolaligidan qoldi: yigirma törtga qadam qöygan polvon hanuz enasining kökragini emadi. Lolahovuzning oşuvi, Nakurtning baland qismida köpkari çopilsa bir kelib ketadi. Ena şörlik hökizni emdirganday emdiradi, gödak tasavvur qilsa kerak-da.

Sanalgan bobolarimiz, ehtimol, qattiq odamlar bölişgan. Suv ham qattiq joyda turadi deyişadi-ku. Yumşoq tuproqqa singib yöq bölib ketişini bilamiz. Qöy körmasak-da, qiy körganmiz, deganlari singari, töqsaboni, u zamonni biz körmadik, körganlarni kördik. Biroq u zamon neçukdir odamga jonli hayotni emas, rivoyatni eslatadi.

Odam – ğofil-da.

Misol, Muhammad töqsaboning yuz pudlik savlatini tasavvur qilaman. Yuz ellik-yuz oltmiş kilo toş bosuvçi odamning semiz­lik miqdori, misol, ot yoliça qorni töşalib turgani, yuzi katta, çötir ekaniniyam tasavvurimda jonlantira olaman. Ana şu odamning serğayratligi, gapga çeçanligi, öta ustamonligi – qiziq, xom sut emgan bandamiz…

Azim Suyunday katta el şoiri bir zamon menga mening bobom Nurmurod zör bölgan, sening bobong Muhammad töqsaboga ustozlik qilgan: Buxoro amiri bilan taniştirib qöygan, keyin bobong borib Arkka bemalol kirib-çiqib yuravergan. E, bu Nurmurod zör çatoq bölgan-da!..

Nurmurod zör, şubhasiz, juda tetik, ötkir odam bölgan. Azim akaning otadoş qarindoşlaridan ekani ham töğri. Biroq men bolalikdan beri könglimda örnaşgan, zaif emas, mustahkam xayolotga, tasavvurga köra bizning bobomiz şoirning bobosidan köp jihatlariga köra peşlik qilgan-ov.

Amir zamoni deganda biz Olimxonnigina tuşunmaymiz, ikki yuz yetmiş yildan zi­yod suyak surgan manğitlar sulolasini ang­lamoğimiz kerak. Ayni şu jihatdan olib, katta oğiz bilan aytamanki, Muhammad töqsabo Amir Muzaffar, Amir Abdulahad va uning öğli Amir Olimxon bilan ham qadrdon bölgan.

Qanday qilib?

Özi tuğilgan makoni muzofotning eng çekka, savdo yölidan olis, gadoytopmas biqinida joylaşgan, bu ovullardan hali birov ömganini kötarib yo amirga sarboz, heç bölmaganda oti – dunyosi keng, badavlat bölib, amir xazinasiga yolçitib uluş taşlamaganki, hukmdorlardan biri, ey ulus, Nurota viloyatining falon degan joyida pismodon degan faqirimiz bor, qani, bir ser solib köring-çi, bizga sadoqati neçuk yoxud aqçasining miqdori qança, tekşiring, biling desa.

Yöq, bunday bölmagan!

Bobomiz boşqa jihatdan nazarga tuşgan. Ustakorligidan va azbaroyi gap bilgiçligidan.

Çunki…

Yöq, bu gapni hadeganda oçiq-oşkor qilib qöysak, söng hangomaning qiziqligi qolmaydi…

Azim akaning bobosi, sözsiz, şu oftob­röning peşvosi bölgan. Lekin… töqsabo bilan döst emas, rostmana raqib bölgan.

Buning sabablari bor.

Avvalo, Quvkalla (bizning qişloq) bilan Nakurt (Azim Suyunning qişloği) örtasida kelişilgan çegara bölib, naryoği Çor Rossiyaniki, beryoği, yaʼni bizning ovul amirlik tasarrufida bölgan. Ne tongkim, ikki xil jamiyatga tobe qişloq xöjayinlari bir-biri ila inoq bölişlari mantiqqa zid edi.

Işonarli-işonarsiz hangomalarga qaraganda, Nurmurod zör bosmaçilik tödalariga ham qöşilgan degan hangomalar yuradi. Endi bu gaplarni Azim akaday alp şoir maʼqullar edimi, yöqmi – yolğiz Xudoga ayon. Özi ham çin dunyosiga rixlat qildi. Baloyi bu sir u odam bilan birga ketdi…

Azim aka yana baʼzi sirlarni bilsa ham, biz­dan pinhon saqlar edi.

Xususan, zimdan ğanim bölganlarni oçiqlamas yoki buni xohlamas edi.

Sababi bor-da.

Nurmurod bobo töqsaboga duşmanlik qilib, söng bundan pand yegan paytlari bölgan.

Töqsabolik – harbiy lavozim.

Muhammad töqsabo, aytişlariça, juda katta hudud – Nakurt sarhadidan tortib to Ziyodingaça bölgan katta yerning bojxona boşliği bölgan. Hozir şu lavozimda bölganida polkovnikka töğri keladi, deyişadi.

Ölpon-yiğin ham şunga yaraşa katta bölganmi?

Örtaçölning xirmonjoyida töplangan ğallani qöriqlaşga bir oqşom töqsaboning özi borarkan. Bundan xabardor “zör” öşa keça uni gumdon qiliş payiga tuşadi. Ehtiyotkor töqsabo xirmon boşiga “qorovultayoq”­qa kiyim kiydirib, boşqa joyda pusib yotadi. “Zör”ning kelgan odamimi, özimi “ğanim”ga qiliç solib “gumdon” qiladi. Pand yeganini sezadi-yu, lekin qoçadi.

Sukut bilan, aytmay yançadigan xilidan edi töqsabo.

Oftobröda töqsaboni belida ebin-erkin kötarib yuradigan ot yöq edi. Özi oti çiqqan çavondoz ham bölgan. Xidir bobom öziga töq odam, u kişining bir qora baytali bölib, köpkariga şuni qöşar, sovrin-jalovlarni terib olar ekan. Töqsabo şu baytalga xaridor tuşib, oxiri qölga kiritadi.

Töqsabo köpkariga “ha, çuv, jonivor!” deb ot solganida Nurmurod zör tuşmas ekan. Ikkovidan biri tuşar, tuşgani jalovning barini olib ketar ekan.

Ikkisi ham avom oldida kuç sinaşib körişuvni or sanagan.

Ittifoqo Nakurtning bermon oşuvidagi boynikida mehmondorçilik uyuştiriladi. Töqsabo çorlab çaqiriladi. Kezi kelganda aytib qöyaveray, bobomiz bir ötirganda bir qöçqorning göştini uskunasi-yu şörvasi bilan yeb-içib, çorsisi bilan lab-lunjini artib, fotiha öqib turib ketabergan!

“Zör”ning ziyofatida quçoqdan katta sopol laganda kalla göşt beşbarmoği bilan keladi. Beşbarmoqning ustidagi yoği bir boşqaça – sarğimtil!.. Seskanadi-yu, bildirmaydi. Aqalli köz qiri bilan mezbon “zör”ga qarab ham qöymaydi. Öz odatiça ovqatni oxirigaça yeb, yarim çoynak çoy bilan tagidagi “savobi”niyam simiradi. Simi­rişga simirgaç, gezotiş qilib örnidan turadi. Bir sabab aytgandir-da. Baytalni qistalang haydab döng oşadi.

Ha, men bilaman, közim bilan körganman, hozirgi Muxtasam akaning bolalari yaşaydigan uy orqasidagi jarda köklam payti qaynab çiqib yotadigan, yozda qurib qoladigan tiniq suvli buloq bor. Töqsabo buloqqa kelib, darhol mahsi-paytavasini yeçib, paytavani suvga çayib, suvini mahsiga tökib, kötarib içaveribdi, içaveribdi. Söng öqçib-öqçib qayt qilibdi. Bir çekkada bir uyum beşbarmoqdan iborat qusuq qoldirib… baytaliga çaq­qon ötirib jönab ketibdi.

Orqasidan angnişga tuşgan maxfiylar “zör”ga bölgan voqeani aytib berişibdi.

“Ö, baççağar, ö, baççağar, baribir qutilipti-da!” deb boş çayqabdi “zör”.

Albatta, buni döstlik alomati deb bölmaydi-da.

Azim şoir buni bilmagan, deysizmi?

Bilgandir…

Lekin… bizni bola bilgan.

Töğriroği, boşi buzilmasin, degan andi­şaga borgan.

Şunday bölib çiqadi-da endi…

* * *

Juqmo degan ovqat bor bizda. Juda tansiq, töyimli taom. Toşkentda yupqa, navoiyliklar sudratma deyişadi. Ammo köp joydagi ommabop nomi – ğilmindi. Loçiraday kattalikda, yupqa xamirda, hozirgi oşxonalarimizdagi lavaş yohud blinçikday qilib pişirib olinadi-da, söng unga atala qöşadi.

Ha, darvoqe, atala deganimiz ham sizga notanişday tuyulyapti.

Aytay: suzgida suzib, quyib, bir qozon sutning tagidan olov yoqasiz. Tegirmon undan elakda kepagini ajratib, sut köp yo kamligiga qarab ikki yo uç piyola un solasiz. Badxör bölmasin desangiz yarim kilo, bölmasa bir kiloga yovuq şakar yo qand solib yuborasiz. Atala qaynab çiqqanidan boşlab tagiga ola boşlaydi – şu bois kaftgirda betöxtov qozon tagini qirib qözğab turiş kerak. Yöqsa, tagiga olib atala kuyadi. Bola-baqraga goho şu kuygani ham zör neʼmat – ovqat suzilgandan söng bir-ikki zumraşa şu qirmoçdan, ha, kaftgir ila qirib olingan atala yuqidan ham qorin qovzantirib oladi. Atala bir meʼyorda bilqillab qaynab, sumalak kabi quyuqlik hosil qilib pişadi. Keyin uni katta yoğoç qoşiqda yupqaning har biriga ikki qoşiqdan solib, yupqa ikki buklanib alohida tovoqqa taxlanaberadi. Bu uyda ikki taboq juqmaga qanoat qilinarmidi deysiz. Qayoqda, kam deganda yuz dona qilinadi-da.

Ikki buklangan atalali yupqa primusda yo peçdagi sirli çuqur toboq yohud tovadagi qizib turgan saryoqqa yana ikki buklab bir botiriladi. Ana keyin köring-da mazali taomni.

Önar çolning xörandan xöran har tört öğli juqmoni yigirmadan kam yemagan. Katta otam – Önar çol öttizini tuşirgan, söng uyalib, qöl artişga moy soçiq söragan, lekin kekirmagan, qolgan joyiga tört-beş çoynak kök çoy bostirgan.

E-e, siz bularni xöran deb ötiribsiz, töqsabo, bir ötirişda, ha, ayniqsa, amirning qabuliga boraman deb xezlanib taşlansa, sanab-sanab yuztasini urar ekan.

Albatta, kekirgan.

Kekirgandayam, Qodiriy yozganidek, Solih maxdumga öxşab “gulduros” kekirgan.

Söng yölning tanobini tortgan.

Öşa baquvvat baytalda Arkka dovur uç kun tuşmay, biror joyda gidirmay, uxlamay yöl bosgan.

Hazilmi?

Kelganda ulfat-tengqurlari, otasi mulla Dobilga:

– Ikki pudlik qöçqorning eti, uskunasi, şörvasi-yu bir tandir saryoğli patir, Buxoro­ning sof oşi, qazi-yu qartasi, dimlangan pöstdumbasi yuz juqmoning oldida ötabersin ekan. Buxoroga yetgunimça yuragim ozganini sezmadim. Nurotaning Çaşmasida bir oyoq ilib çelaklab çanqov bostirdim-u, töxtamay ke­taberdim. Boşqa taom bunçalik emas – yölda içaklarim ovqat sörab garang qiladi. Buni öylab topganning otasiga rahmat-e! – deydi.

Töqsabo avval zamonda Isoqulboyning xazinasiga qiziqqanmidi? Buni birov bilmaydi.

Qiziqsa, ming qöyli qavmini aldab-suldab Amir uni dedi, bu ölponga bunça mol dedi, pul dedi, deb gartak xarajatning nişabidan gap qistirib yo ovurtmoğini önglab özi gap oçmasmidi?

Yö-öq!

Şuni, negadir öziga ep körmagan. Ey, Isoqul, molingni Amir söradi, duşman qurol töplayotir, endi meni mulozim-u, xizmatimdagilar qöllamasa kim qöllaydi, deb aytdi, qa­rab turmassiz endi, Isoqulboy!

Qizilbelning tepasidan molni bir aylantirib, yölda sotib, tangasini sanab kampiriga topşirsa yoxud undan nari – Jöşning bozoriga borib Nurotaning jalloblariga oşirib yuborsa-çi?

Kim bilib ötiribdi?

Şunga kökay, ğurur qöymagan ekan, deyman-da.

Isoqulboyning bir qizi, sakkiz yoşligida betimsol gözal bölib yetişadi, ayni şu damda u böy yetib bölgan, oqi oq, qizili qizilga ajragan, lekin hali bola köngli qömsabmi, yoğoç qöğirçoqni kiyintirib, alla aytib yurar, norasidaning işini qilardi. Ayb kimda edi, özidami, tarbiyadami, keçikkan bolalikdami – haytovur sakkiz yoşida hurliqo-malak bölgan qiz yomonlardan közikib öldi. Birpasda, voy, deb şoşib, qöğirçoqlariniyam saranjomlaşga ulgurmay, alahsib, isitmalab, söng… onasi, boy, keyin yurt özanlab qolaberdi…

Öttizida enani emgan jigarni aytib edik, sönggi qismati, afsus, bizga noaniq.

Biz Davirboy toğani bilamiz – Isoquldan tirnoq, öğli.

Oyim xolani bilamiz.

Isoqulboydan qolgan qiz tirnoq.

Davirboy toğa guldirab, gavdirab, biroq tortinib yaşab ötdi. Juda qiziq odam edi. Kulsa, beixtiyor dovuşi guldirab çiqib ketar, çamamda, şu tovuş u kişini malomatga qöymasayam, har holda negadir oğzini kafti ila berkitar, öşa berkitib kulgani ham baʼzida özini xijolat qilganidandir, oğzini uşlab indamay qolar, şu holatda ne gaplarni yaşirgan köyi tek qolardi.

Isoqulboydan Davirboy degan öğilga me­ros qolmagan. Ikki-uç tom tiklasa bölgulik joy-iskana qolgan-u, ammo öğillari yetarli bölganidan va köpi öqib uyli-joyli bölmaga­nidan, ma senga, ma senga, deb közi tirikligida tarqatib, özi tirnoğining kirini tomoşa qilib qolib ketgan edi.

Umr davom etdi.

Ortiqça kuymanişsiz dov-doska kötartirmay, boy-quloqning bolasi demay, hay, zamonning deguligimi yo töqsaboning mahkam­ligidanmi, yurt tinç, birov yoqangga yopişa­digan, badnom qiladigan bölmadi.

Çin, bu ölkaga bosmaçi ham, bolşevik ham oralagan emas. Bu töqsabo siyosatining şarofatidan. Bir yurtga bir oqsoqol egalik qilsa, şunday böladi. Azim aka aytganiday, töqsa­boga Nurmurod polvon ustozlik qilmagan. Yöqsa, u kamina yuqorida aytgani nayrang-hiy­lalar qilmagan, qasdlaşmagan bölardi. Töqsabo öziga yetarli darajada şum bölgan.

Maʼlumki, öris bosqini Abdulahadxonning otasi Muzaffarxon davrida boşlangan. Muzaffarning işratparastligi haqida köp gaplar yuradi. U öris bosqinini eşitib qöşin töplab Xovosgaça keladi, Toşkentdan çiqib Çinoz orqali bostirib kelayotgani daragini eşitib, şarob içib ötirgan joyida otiga minib qoçadi. Yuragi şu darajada mört ekanki, şoşganidan tahorat uşatişga ham ulgurolmaydi, çopgança yölda siyib iştonini şalabbo qiladi. Şu böyi Jizzaxga yetgunça töxtamaydi. Sangzor daryosi böyida tin oladi. Şahar begi unga ziyofat uyuştiradi. Şunda amir­ning işratbozligini bilgan xoslar şu atrofda bir hurliqo yaşayotganidan xabardor qilişadi. Amirning oğzi tanobi qoçib “keltiring” deb buyruq qiladi. Keltirişsa, böy yetmagan ön yaşar qizaloq, ammo husn-u malohatda tengsiz ekan. Amir qizni zörlaydi va kayfi oş­ganidan beçoraning ustida uxlab qoladi. Qiz böğilib öladi. Tongda maʼlum böladiki, öğirlangan qiz bekning norasidasi ekan…

Uyi kuygan bek nafratlanib, öziga tegişli askarlarni töplab, tamoman boş olib çiqib ketadi. Oqibatda çor askarlari Jizzaxdan deyarli qarşiliksiz ötib borib, Samarqandni işğol qilişga kirişib ketişadi. Şahar ahli duşmanga qattiq qarşilik körsatadi. Çor hukumati orada Muzaffarga tahdidni kuçaytirgaç, uning özi şaharni taslim bölişga undaydi va qamal şahar darvozalarini oçiş uçun özi­ning laşkarlarini jönatadi.

Bu yoği endi siz tarixda öqigan şarmandagarçiliklar boşlanib ketadi…

U asli otasi Nasrullodan kam qonxör bölmagan. Xotinbozligi undan oşib tuşgan.

Muhammad töqsabo uning ham xizmatini qilgan. Işonçiga kirgan. Biroq amirning öğli Abdulahadxon davriga kelib töqsabolar orasida uning dovruği tamom oşadi. Bu vaqtga kelib töqsabo idora qilişi lozim bölgan aniq çegaralar belgilab beriladi.

Bu farmoyişni navbatdagi amir Abdul­ahadxon çiqargan edi. Otasi işonçini oqla­gan töqsaboni u saroy mulozimligiga çaqiradi. Töqsabo Arkka doim ğoz yurib kirar edi. Amir ham, otasi Muzaffar ham, keyin esa Amir Olimxon ham aslida rus hukumati bilan allaqaçon til topişgan, Abdulahad va söng Olim­xon çor Rossiyasining generallari hisoblanardi.

Abdulahadxon Muhammadga yer çegaralarini belgilib berib, hudud kengligiga işora qilib, sizning unvoningiz özgalarnikidan ba­land, zero, siz köproq xizmat qilişingiz kerak, demoqçi böladi.

Iddaoni tuşungan töqsabo darhol boşidagi tulki terisidan qilingan telpakka işora qiladi.

Amir jim böladi.

Voqea esiga tuşadi.

Olimxon gödakligida onasi Malika poşşoyim bilan ikkovi örisning qurşovida qoladi. Abdulahadxonning çor hukumatiga iltimosi bekor ketadi. Şunda amirning boşi qotadi. Şu oftöbröning zörlari Nazar dodxo, garaşalik Muhammad va bu – quvkallalik. Muhammad töqsabolarning zimmasiga vazifa tuşadi.

Ona-bola Jizzaxning Qörğonida tutqunda edilar. Jangçilarga Xudo madad berib, gödak amirzoda va onasini tutqundan amallab olib qoçişadi. Paxsaqörğon devoridan yuriş öta xatarli edi. Gödak töqsaboda edi. Öris askar ortdan ot qöyib kelmoqda. Töqsaboning daʼvati bilan otlar yugani tez öng tarafga qayrilib, qörğon taşqarisidagi kultepaga sakraşadi. Yov tobora taʼqib qilib kelardi. Oti tez edi. Yov qiliçi yetib töqsaboning kulohini böynidan kesib yuboradi. Şu paytgaça ortiga qaramay gödakning ehtiyotini qilib kelayotgan töqsabo keskin gavdasini ortga burar mahali, ayni çoğda öris askarning böynini iroqi qiliçi bilan söyib yuboradi. Şundan keyingina uç otliq Nurota toğlari tomon töxtamay ot surib ketişadi.

Töqsaboning kulohga işorasi şundan edi.

Amir darrov gap özanini burib:

– Şunga aytaman, amirlikka sadoqatingiz çeksiz. Saroyga sizga öxşab maydonda ham, omi orasida ham köp tajribaga ega mulozimlar bölsa deymiz. Töqsabolardan sizni munosib körib saroyga taklif etiş niyatida­miz. Aʼyonlardan siz haqingizda ijobiy xulosa­lar bor. Ne deysiz şunga?

Töqsabo gapning öroli bunçalik buralib, öziga taqalişini kutmagan edi. Şu bois jim qoldi. Qari otasi, onasini öyladi. Manzilning olisligini çamaladi. Amir esa undan javob kutib tikilib turardi. Boz ustiga Arkdagi voqea-hodisotlardan boxabar ediki, xosiya­tidan bexosiyatligi köp. Otasi Dobil oxunning nasihatlarini esladi. Mulozimlik – martaba. Kimsan falon töqsabo Ark mulozimiga loyiq körildi, degan balandparvoz nom-u nişonni ham öyladi. Baribir oyoği tortmayotgan edi.

Tilidan esa:

– Amir hazrat, el çetda, duşman betda, – dedi.

Amir öylanib qoldi. Darvoqe, toqqa yaqin qişloqlar-u Dayrobotga tutaş daştlar ulusi uçun kim javobgar böladi? Duşman amirlikning bir çetidan yulib tortayotgan bir zamonda tavakkal şartmikin? Nihoyat:

– Oqsoqol bilan kengaşib köring, – deya gapni qisqa qildi. Oqsoqol deb mulla Dobilni nazarda tutgan edi.

Şundan söng bu muammo yana kötarilmadi. Mavridi bölmadi yo amir tağin öylab körib xulosa qilgan çiqar.

Zamon evrildi.

Abdulahadxonning kuni bitib, taxtga Olimxon ötirdi. Olimxon ham töqsaboga qattiq işondi. Obrösini joyiga qöydi. Baʼzi masalalarda quşbegining iğvosiga uçib qiyin-qistovga olmadi. Gödakligida yov qölidan şu inson tufayli ozod bölganini bilardi. Amir aytmasa ham Malika begim quloğiga quygan.

Töqsabo köp yil davr-u davron surdi. Ikki kampiri bor edi. Yetmiş yoşida kampirsiz qoldi. Buxoroga bir safarida Olimxon bu haqda oğiz soldi. Saroy ayollaridan birini tortiq qilaylik dedi. Toğ ortidagi Öxim qişloğilik Buviş degan qizga uylandi.

Öximning bozori yöq edi. Kelib qöşni Saroy qişloğidagi Jumabozordan bozorlik qilib ketişardi. Bozor bahona tojik qişloqlik odamlar töqsabodan yaqinlik sörab yurişardi. Bahonayam topildi. Avvallari odamlari aldamçi keladi, deb yaqinlaştirmas edi. Şu bahona töqsaboning ortidan oxirgi vaqt yurt söraydigan bölişdi.

Avvalgi Mehoyom uruğidan uylangan kampiri köp yomon çiqdi. Ayolning yomoni çinakam yomon bölarkan. Kim bilsin, birovning fitnasi bilanmikin, şu ayol keça-kunduz töqsaboning hayotiga çang soliş bilan maşğul böldi. Kunlarning birida töqsabo xuş köruvçi kulçatoyni katta toğoraga suzib keltirarkan, erining ovqatiga kaltakesak pişirib qöşdi. Ovqatdan söng kördiki, qöy göştini ajratib olib kulçatoyni yebdiyu, bir oz xamiri va şörvasi bilan ayni kasratki­ning mayda-çuyda titilgan göştlarini ajratib qöyibdi. Darhol ayolning badaniga muz kirdi. Biroq er juda bemalol ötirar edi.

– Kel, ötir, – dedi. Ötirar-ötirmas: – Çoydan quy, – deb zörladi. Buxorodan keltirgan baxmal soçiq yopilgan çoynakni olayotib birdan qalqib ketdi. Boşi sandiqqa tegib, “voh”, dedi. Özini önglagunça eri toğorasimon toltovoqning içiga yoğoçni botirib:

– Şundan iç, mazang bölmayapti çoği, – deb qattiq tikildi.

Xotinning manglayidan sovuq ter çiqdi.

– Yaxlabdi, biroz isitib kelay, – deb qözğaldi.

Töqsabo uning qölidan tutib qattiq siqdi. Yoniga yovuqroq ötqizib:

– Iç, – dedi.

Xotin uni yomon körardi. Betidagi çötirlarga tikilib, battar yomon kördi. Ammo ovqatni hozir yemasa ham bölmasdi. Birinçi qoşiqni eri içirdi. Qolganini özi içdi. Öqçimoqçi bölgan kişiday afti tirişib örnidan turmoqçi edi, töqsabo boyagidan battar siltov bilan tor­tib yiqitayozdi. Ölganining kunidan ömganini kötarib kulçatoyning şörvasini şörillatib içaberdi. Eri to u oxirgi qoşiqni simirgunça kutib turdi. Söng tağin közlariga qarab:

– Berdibek ne vaʼda qilgan? – deb söradi.

Xotin bu kişim boşdan-oxir barini biladi şekilli, deb dağ-dağ titrarkan, tili kalimaga kelmay qoldi. Öşa kunning özidayoq töqsabo xotinini taloq qöydi. Negadir otasinikiga emas, Tegirmonovulga qaratib haydadi. Bir odam qöşdi. Öşa mahallar Berdibek bir-ikki yurt körgan oqsoqol oldida oğzi polvonlik qilib:

– Hademay Quvkalladan taʼziya xabarini eşitamiz, – deb qöygan. Elda gap yotmaydi. Yurt xöjasi öşa kuniyoq eşitgan buni. Berdibek ne sababdan töqsaboga tiş qayragani nomaʼlum, buning sirini ikkovigina bilar, ammo şu gapdan keyin elda har xil gap oraladi. Birov Berdibek Buxoroga borib amir bilan gapni pişitib kelibdi, dedi, boşqasi bekorni aytibsan, amir töqsaboni kuyov qilarmiş, saroyga quşbegi noibi qilib olarmiş degan söz ham böldi. Biroq töqsaboning öz kampirini Berdibek polvonning eşigiga jönatgani-yu, xotinni polvon öziga ep bilmay çorakor jiyaniga taqdim qilgani ham maʼlum böldi.

Töqsabo ğanimidan qasos olişni ham boplardi. Ammo qiliç bilan emas, paxta bilan söyib qöyaqolardi.

Olimxon zamonida u bir daʼfa Arkka ça­qirildi. Amir uni bemaqsad çaqirmagandi. Odatiy ölpon-soliqlar miqdori va yurt tinçligi-yu osoyiştaligini sözlayotib, amir tuyqusdan:

– Töqsabo, sizga neça bor Xizr uçragan? – deb sörab qoldi.

Qişloq oralab yurgan miş-miş Arkkaça yetib kelganidan oqsoqol dafʼatan lol qoldi. Ammo maqsadni tuşungaç, darhol vaziyatni öngladi:

– Uç bora, taqsir!

– Xöş-ş?

– Birinçi bora bobongiz Muzaffarşoh, ikkinçi bor padaribuzrukvoringiz hazrat sohibqiron Abdulahadxon, mana, sönggi bor sizday olampanoh bilan yuz körişib turibman. Dunyo saodati bundan ortiq bölmas, olampanoh!

Demişlarki, sayyid Olimxon azbaroyi muruvvat kamarini boğlaganidan öşa on xazi­naçini çaqirib bir xum oltin va amirlik hadya qilgan tulpormonand uloviga oltin uzangi va oltin yugan tortiq qilgan.

Biroq amir voqeani boşqaça eşitib edi. Bobosi Muzaffarxon davrida bölib ötgan hodisa edi bu.

Muzaffarxon amirlik hisobidan har yili kuzgi hosildan söng katta ot poygasi va köpkari uyuştirişni xuş körardi.

Bunday yirik sovrinli musobaqada aksariyat turkman çavandozlar bayroqdorlik qilişardi. Töqqiz taboqni ham ular olib ke­lişgan. Şunda Axaltekin zotli otlarning yoliga ötirgan ne polvonlarni körgan va har safar turkman polvonlarini olqişlar ila Aşxobod-u Doşovuzga kuzatib qöyişgan. Bu gal amir boşqa yöl tanladi. Çopağon otlar körigidan söng köpkari maydonidagi somon belgiga beş yoşli beş pudli takaning içiga tuz töldirilgan gavdasini emas, bir yoşdan oşgan hökizmonand qoramol qöyildi. Tanani tepadan davraga otib beriş qançalik maşaqqatli bölsa, undan keyin uni yerga tuşirmay ilib
oliş yoki kötarib egarqoşga ildiriş öşanday azobli edi. Köpkari öyin bir maydon şunday zör tortişuvlarsiz davom etdi. Ne polvonman degani ham uloq örnidagi tanani önglab taqimga bosolmadi. Ammo uni sudrab olislatganlar böldi. Bir çol tananing qoşiga kelib töxtadi. Çavandozlar ajablanişdi. Çol esa çetda tomoşabin bölib turgan bir yalang­oyoq bolani çaqirdi. Tuşib otiga ötqazdi.

– Kötar buni, engaş! – dedi. Bola:

– Kötarolmayman, – dedi.

– Kötarasan! – dedi çol va kelib şipşidi: – Tanani kötarganingda polvonlar ortingdan quvişadi, ammo sen qörqma, otga qamçi bos va töğri Nurota tomonga, öz uyingga hayda, uqdingmi?

– Xöp, – dedi bola.

Söng engaşib tanani otning yoliga öngardi. Çavandozlar bölayotgan möjizadan lol edilar. Ular bolaning hademay tana bilan qöşilib tuşib qolişini kutişardi. Bola hadeganda otga qamçi bosib, “hayo-huyt!” deb qiçqirdi. Zavol bölayotgan ufq tomonga qarab ot çoptirdi. Bir zumda quyoş oynasining örtasidagi xolga aylandi. Atrofda yuzlab çavandozlarning hayqiriği eşitilardi. Ammo şuʼlada ular tarqalib ketişdi. Ufq qizarganda ular yana jam bölişdi. Lekin çortoqqa quruq qöl bilan qaytişdi.

Amir ham, mulozimlar ham tuyqus nima bölganini tuşunişmadi. Boyagi çol ham allaqaçon tomoşatalablar orasiga singib ğo­yib bölgan edi. Amirning buyruğiga köra ular odamlar orasidan çolni izlab ovora bölgani qoldi. Ammo ertasi tongda Nurota tomonga ot qöygan bir guruh otliqlar naqd sakkiz kunda, şunda ham şalvirab qaytişdi. Muzaffarxon kimga qanday jazo bergani noaniq, biroq bu sirning tagiga heç kim yetolmadi. Kunlar­ning birida hazrati Ayub masjidi xonaqosida öralaşib yuradigan devona kişi “uning kimligini men bilaman!” deb jar solibdi. Uni tutib söraşganida, şaxsan amirga sirni oçaman, debdi. Arkka sudrab olib borişganida esa, amirga almoyi-aljoyi sözlab bir kun ötib u saroyingizga keladi, sadoqatli mulozimingiz böladi, deb irşayib kulibdi. Mulozimlar ham, amir ham, amirzoda, ne bölğayki, darveş ham dunyodan ötdi. Lekin elda gap qoldi. Şundan beri Nurota viloyatidan taşrif buyuruvçi oddiy askar ham nazarda böldi. Baribir sir oçilmadi.

Amir Olimxonning xayolini şu band etgan edi: gapga çeçanligi, ustamonligi, siyosati borligi bor gap, biroq ne odam qolib Xizr şunday körksiz, çötiryuz va kal insonni tanlarmidi? Ğaroyib iş.

Xizrga uç bor uçraganman, deyişini qarang. Bizni Xizr körib aytişini köring.

Tuşuniksiz sir.

Öz navbatida, Muhammad töqsabo ham sirni bildirmaydigan, öta oğzi mahkam kişi edi. Ajabki, töqsaboga hadya etilgan oltin yugan hamda oltin uzangini xalq bildi-yu, ammo bir xum oltinning daragidan birov xabarsiz edi. Ötgan asrning etmişinçi yillarida ham hatto oltin yugan bilan uzangi bir afsona edi. Öşa yillarda ham töqsaboning öğli mullo Savron toğa otasidan qolgan unça körimli bölmagan imoratda uç öğli bilan yaşardi. Özi ham, kampiri Oytöra momo, katta öğli Ulaş, örtançasi Qurdoş, kiçigi Rahim ham el oğziga tuşgulik bir karomat körsatganlari yöq. Ikki katta öğil şofyor, kiçigi şahardagi texnikum talabasi, söngra şu joyda domlalik qilib ötdi. Aytadilarki, kiçigi Rahim akalariga qaraganda pişiq, oğziga har ne kelsa sözlaşdan tiyilguvçi edi. Bir-ikki marta körganman. Akalariga öxşab içib, ulfatçilik qilib obrö yöqotmagan. Mulla Savron şu öğliga köproq işongan.

Biz bola paytimiz töqsaboning hovlisi, töğriroği, ustiga böyra töşalgan yon tomon bir uyi oçib-yopilgan. Biz uçun ikki dunyo bir qadam. Savron toğaning tengqur nevaralari bilan qöşilib öynar, podşo-yu devonasi bir bölib köringan tirmizak bolalar uçun baribir edi. Lekin keyin bilişimizça, Savron toğa şu uyning devorini buzib, qaytadan tiklangunça tik turib nazorat qilgan.

Öxşatmasdan uçratmas. Savron toğa bolaligidan birga ösgan böyinsa jörasi, eski maktabda ham saboqdoş bölgan Sayitqul mulla bilan köngil soz edi. Jöraçiligi bora-bora qudaçilikka aylandi. Sayitqul toğaning qizini Savron toğa kiçik öğli Rahimga kelin qildi. Sirdoşligi şundan maʼlum. Hoynahoy, Savron toğaning oy oralab Samarqandga ravona bölişida bir gap bölgan. Saitqul toğa ham katta şaharga birga borişsa ham jörasining ne iş qilib yurganidan bexabarman, deb aytar ekan. Balki, çindan şundaydir. Misol uçun, Savron toğa tor köchaning boşida döstini xoli qoldirib, pastqam uylar oralab ketar, bir muddatdan keyin çiqib jörasini yetaklab avtobusda Afrosiyob tevaragidagi kiçik çoy­xonaga kirib tojik oşpazlarga pöstdumbali nöxotşörak buyurtirar ekan. Ikkovlon qorinni töyğazib, bostirib kök çoy içib, şahar çetidagi avtobekatga yoxud uçrab qolsa nariroqdagi aerodromga kirib Qöşrabotgaça qatnaydigan ön ikki kişilik aeroplanga ötirib uçib kelar, kela-kelgunça yöl-yölakay Savron toğa juhudlarning ötkirligi, ulamoligi, har işda pişiq ekanini sözlab kelarmiş. Bundan şu anglaşiladiki, demak, ikki mullo bejiz juhud mahallaga oralamagan. Töqsa­bodan qolgan tillo uzangining bir bölagini pullab kelişgan. Kunlar ötsa-da, na u mullo, na bu mullodan tim-tis bir gap çiqmasdi. Lekin narigi ovul, çet ovul, örta ovulga gap oralaydiki, mullalar şu safar tilla uzangining hoşiyasini, u safar nöxtaga uşlaşib turgan bir töğasini sotib kelişgan, keyingi safar esa nöxtaning çapidagi örtaça töğasini, keyingi safar uzangining tagidagi buxoroça işlangan guldor hoşiyasini sindirib sotişgan bölib çiqardi. Biroq Savron toğaning ham, Saitqul toğaning ham qörasi qöyga, oğili molga tölib ketmasdi. El qatori yaşayverardilar.

Birining öqigan bolasi mol döxtir, biriniki buğoltir böldi. Qolganlari öqimadiyam.

El aytdi: bolalarini öqitib nima qildi, yetti avlodga yetgulik tillosi bölsa, hali amir bergan uzangining bir taqasi ham ado bölgani yöq. Agar Rahim otasi mulla Savronday hisob-kitobli bölsa, şu uzangi tugamasdan saksonni uradi, qarabsizki, keyingi uzangi singunça neça zamon ötadi. Mullo bekordan-bekorga Rahimni Samarqanddagi juhudlar bilan ta­niştirib qöymagan. Bu juhud obdon içidan pişgan xalq keladi. Mullaniyam özi şular pişitib qöygan. Asli töqsabo sir tutgiç edi-da. Ha, şunaqa. Hamma joyda aytilgan gap bu, olmaning tagiga olma tuşadi, örik emas.

Odamzod paymonasi tölganda öladi. Ulaş, Qurdoş va Rahim toğa ham turli yösin yaşab ötdilar. Ular otasi Savron toğa haqida gap oçilsa, mulloligini tan olar, otameros tillo haqida söz oçilsa, mum tişlar edilar. Suv qattiq yerda turişi-ku, bor gap. Ammo sir ham şunday: oğzi mahkamning içida yaşayberadi.

Masalan, kamina, bir yoş jurnalist ölaroq heç vaqt mulla Savronni töqsabo töğrisida bir oğiz ham gapirtirolmaganman. Bilib turardim: na otasi, na bobosi haqidagi sirning joriya bölişini tamoman istamasdi.

Men aytganlarim xalqning aytimlari, odamlarning töqib-biçganlaridir.

Demak, tillo ham, sir ham loyda, suvda emas, temir qafasda saqlanadi…

Sözlaganlarimiz bir öşak, xolos. Gap esa boşqa yoqda…

Sobir Önar

 

1964-yili 25-fevralda Samarqand viloyatining Qöşrabot tumanidagi Quvkalla qişloğida tuğilgan. ToşDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Orzuga töla qişloq”, “Ovloq adirlar bağrida”, “Çaşma”, “Çambilbelning oydalasi”, “Öğrilar”, “Bibisora”, “Farişta”, “Oldinda yongan mayoq”, “Kunsuluvning sirli xatlari” kabi kitoblari çop etilgan.

2022-yil 18-dekabrda vafot etdi.

2022/11-12

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…