17 daqiqada öqiladi

182 marta körilgan

Ota

Nabi Jaloliddin

(Hikoya)

Hov naridagi köprik ustida qiy-çuv qilib öynayotgan bolalarning ovozi xayolini böldi. Daryo uzra yöl solgan bu köprik uning bolalik paytlarida hali qurilmagandi, odamlar-u ot-ulovlar keçuvdan ötişardi. Yillarning şitobini qarangki, qirq yilning nari-berisida qurilgan mana şu köprik ham göyo azaldan bor bölganday tuyuladi. Tinmay qiyqirayotgan tirmizaklar bu haqda öylab ham ötirişmaydi, ularga öyin topilib tursa bas. Nima, sen bola bölmaganmisan, deya ğudrandi öziga özi, öynamaganmisan? Öynagandayam barçani besaranjom qilib öynarding – şöx eding-da. U bilinar-bilinmas jilmaydi. Mana şu tezoqar daryoning bu betidan narigi betiga hatto ön-ön ikki yaşarligidayam bemalol suzib öta olardi. Endi esa goho suvga qöl solgani ham öylanib qoladi. Tavba, hozirgi anhor-u daryolarning suvlari biram sovuqki… Avvallari soatlab suvdan çiqmasdi. Yo odam qariganda eti yupqalaşib ketganidan şunday tuyularmikan-a?… Daryoning narigi sohiliga intiq tikildi. Hozir ham suzib öta olsa kerak. U yana jilmaydi: hah, köngil qursin-a, qarilikni heç tan olgisi kelmaskan-da. Öng oyoğining paylari bir tortişsa bukilmay qoladi-yu, daryoda suzarmiş. U yoğini sörasangiz, hatto keçasiyam junpaypoq kiyib yotadi. Şu payt öng oyoği xuddi meni esingdan çiqarma, deganday xiyol zirqirab qöydi. Oyoğini uzatib, tizzasining atrofini kafti bilan birpas uqaladi. Söng çap qölidagi tasbehini bilagiga ötkazib, “yo Alloh”, deya biroz kuçanib örnidan turdi. Hali belini töla tiklamayoq öng qöli bilan qaymoqrang çakmonining etagini qoqdi va tasbehini öng qöliga olib, ortiga qayrildi-da, piça enkaygan köyi qiyalikdan kötarila boşladi. Kötarilarkan, döppisini göyo yeçmoqçiday bir qözğatib, töğrilab qöydi.

Haligina uzoq ötirganidan oyoqlari uvişib, yurişi oğirlaşgan çol darvozadan dadil kirib keldi. Hovli ança katta, uylari juda unaqa haşamatli bölmasa-da, serxona edi. Hamma narsa öz örnida – saranjom-sarişta, közga xunuk köringuvçi biron narsa yöq.

U söritok ostidagi keng sörining bir çetiga kelib ötirdi. U yoq-bu yoqqa qarab, kalta oqiş-kulrang soqolini siladi.

– Şunday katta dargohda heç kim qolmadimi, nima balo?..

Zum ötmay, çetroqdagi uydan kampiri çiqib keldi.

– Nimça (namunça) hammayoq hu­villab ketibdi? Çurvaqalaring qani? – dedi u kampiri yoniga yetib kelmasidan, göyo hozir bolalarning şovqin-suroni bölmasa nafasi qisib qoladiganday betoqatlanib.

Kampiri kelib, söriga ötirdi.

– Ikkita tirmizagingiz köçada öyna­yapti. Kelin jijisiminan uyda, iş tikyapti, – derkan yuziga yaraşiqli jilmaydi, – özi uyimizda şugina odam bor, xolos. Ja huvillab ketayotgan bölsayiz, nevara keliniyzi obkevolaylik.

Kampirining erkalik bilan aytgan bu gapi çolga maʼqul körindi.

– Töğri aytasan.., – keyin nimadir esiga tuşganday söradi: – Öğling qani?

– U bekorçipolvon yo uxlaydi, yo dilbuzar köratta. Uyda erkatoyiz, qayda bölardi, – Birdan kampirning yuzi jiddiy tus oldi.

Çol ham buni payqadi.

– Hmm, tinçlikmi?

– Darrov siqilib qolmang-u, otasi, Hamidilloyiz iş körsatib qöyibdi, – dedi kampir uning köziga xavotirli tikilarkan.

U sergak tortdi.

– Nima qipti?

– Keça xotinini urganakan, onasinikiga ketib qopti.

– Nimaga uripti?

– Çalaroq eşitişimça, arzimagan gap ekan. Qöşnining tovuğini deb…

Çol biron tadbir öyladimi, birpas jim qoldi, söng:

– Öğlingni çaqir, moşinani yurgizsin, – dedi buyruq ohangida. – Borib keliningni uyiga olib kelib qöy-da, moşinani menga jönat. Özim borib, aşi xotin uradigan bilan bi-ir gaplaşib qöyay.

Kampiri itoatkorona boş egib, örnidan turdi.

Uning yetti öğil, bir qizi bor. Eng kenjasi qiz. Hamidullo degani oltinçi öğli. Özi haydovçi, kirakaşlik qiladi. Yemoq-içmoği joyida, juda unaqa er-xotin urişadigan ahvolda emas. Umuman, uning xonadonida-yu farzandlarining örtasida bir-ikki yengil-yelpi qöydi-çiqdilarni hisobga olmaganda, heç qaçon janjal bölmagan. U şunday tarbiya bergan, çunki azali baqir-çaqir qilib yetti mahallani boşiga kötaradigan oilalarni yoqtirmaydi. Baraka va xotirjamlik – ahillikda, deydi…

Tönğiç öğli mana şu xöjalikda rais, ota kasbini qilib, yer bilan oşno tutindi. Ikkinçi öğli katta odam – vazir, Toşkentda yaşaydi. Keyingi ikki öğli – muallim. (Ularning biri maktab direktori.) Undan keyingisi gazetada işlaydi – jurnalist. Kenjasi bölsa, ğirt bekorçi, otasi olib bergan maşinada köça kezgani-kezgan. Şu bahona çol-kampirning xizmatini ham qiladi. Otasi uni juda unaqa tergayvermaydi – kenjatoy-da, mayli, esi kirgunça yayravolsin, deydi. Aslida, eng erkasi bitta-yu bitta qizi – Guliraʼno, yaʼni çolning “Çaman qizi”. Uni turmuşga berişgan, özidan tinçib ötiribdi…

Kampiri bilan öğli çiqib ketişgaç, hayhotdek hovlida bir özi qolib, quloği battar huvilladi. Nevaralarni obkeltirmasam bölmaydi, şekilli, deya öylab qöydi. Bu noxuş sukunatdan qutuliş uçun örnidan turib, çakmonini yeçdi-da, ketmonni olib, tomorqaga tuşdi. Keng tomorqaning yarmi anorzor edi. Qolganiga turli meva-çevalar, ularning ostiga esa kunlik zaruriy yeguliklar ekilgandi.

U köylagining yengini şimarib, eski odatiça kaftiga tufladi-da, “yo bismillo”, deya xiyol avj olib qolgan pomidor köçatlarining ostini çopişga tuşdi…

Kenjasi onasi bilan qaytib kelganida u endigina asr namozini tugallagandi.

– Keliningizni uyiga taşlab keldim, – dedi kampiri nafas rostlaş uçun söri çetiga ötirarkan.

Bu orada çaqaloğini kötarib uydan çiqqan kenja kelin bazör eşitilguvçi muloyim ovoz ila qaynonasidan söradi:

– Nima ovqat qilamiz, aya?

Kampir eriga qaradi.

– Nima ovqat qilaylik?

Çol darvoza tomon öyçan yurarkan, ohista qöl siltab, dedi:

– Bilganlariyni qilinglar…

U öğli Hamidulloning darvozasi oldida töxtagan maşinasidan hali tuşib ulgurmasidan ikki kiçkintoy nabirasi yugurib kelib, unga yopişdilar.

– Hah, toyçoğlarim, bormisilar? – Çol nabiralarining peşonasidan öpib, yöldagi dökondan olgan bir juft konfetni ularga tutdi: – Manovi sizlarga, şirinlarim, – ikkovini ikki yonida yetaklab, darvoza tomon yurdi.

Kenjasi allaqaçon maşinadan tuşib, darvozaxonada otasini kutib turgan akasiga hazilomuz qilib, xabar berdi:

– Prizdent kelyapti, aka, bardam böling!

Aka-ukalar otalarini orqavarotdan hazillaşib Prezident, deya ataşardi. Buni çol ham biladi, goho bu gap quloğiga tuşib qolsa, indamay miyiğida kulib qöyadi, xolos. Ha, nima, otasini Prezident deyişsa yomonmi?

Çol nevaralarining yetovida mayda qadamlab darvozaxonadan kirib borarkan, peşvoz çiqqan Hamidullo bilan körişdi.

– Bormisan-e, bolam? Nima, bu bizzikida körinmay ketding?

Öğil yuz-köz-u boşi bilan qandaydir işoralar qildi-yu, ammo biron söz aytolmadi. U otasiga ham hadik bilan, ham xijolatli möltirab qöyardi.

Söriga ötirdilar. Uydan sölğin qiyofadagi kelini çiqib kelib, körişdi. Yuzlariga fotiha tortdilar.

– Tinçlikmi, öğlim? – deya söz boşladi çol birpas jim turgaç, muloyim ovozda.

Hamidullo ham, tik turgan kelini ham yerga qaradilar. Kenjasi ohista örnidan turib, köçaga çiqib ketdi. Janjal tovuqdan çiqibdi. Qöşnining tovuqlari ularnikiga ötib, yangi ekilgan ekinlarni çöqib taşlaganiga çidolmagan kelini qöşni ayolga qattiqroq gap qilibdi. U yoğiga xotinlarça dahanaki jang boşlanibdi. Işdan kelib, voqeadan xabar topgan Hamidullo xotiniga tuşuntirmoqçi bölibdi.

– Qöni-qöşni bilan bunaqa qattiq urişib bölmaydi, xotin, – debdi.

Haliyam hovuridan tuşmagan xotini erining gapidan battar tutoqib, bidillab beribdi:

– Siz doim meni sökovrasiz. Aşin-çun qöşnilar ham hovliqib, bizi tepalab öynayapti. Bölmasa, uning tovuği menikiga kirdi. Şundayam past kelay demaydi-ya!..

Xullas, xotin u debdi, er bu debdi. Axiyri Hamidullo özini tutolmay, şapaloq tortib yuboribdi.

Çol bu gaplardan xabardor edi. Hali kampiri aytib berdimi yoki bu yoqqa kelişayotganda kenjasi yetkazdimi, hozir eslolmaydi.

– Qöşniminan urişma, deganing maʼqul, bolam. Ommalekin buning uçun xotiniyni urganing, çakki. – Çol bir töxtalib oldi. – Ayol kişiga qöl kötariş eng nomaʼqul iş. Ayniqsa, manovilarning oldida, – u ikki yonboşida yuz-qöllarini şilta qilib, konfet sörayotgan nevaralariga işora qildi.

Kelin öz qilmişidan xijolat bölarmidi yoki doimo adolatli hukm çiqarguvçi qaynotasining gaplari va ehtimol, uning qilmişi uçun biron söz aytolmay munğayib ötirgan erining ahvoli taʼsir qildimi, battar egilib borardi.

– Tirikçiligiynar yaxşimi işqilib? – söradi çol öğliga qattiqroq tikilib.

– Yaxşi, – dedi Hamidullo sekingina, – kamçiligimiz yöq.

– Unda urişmaynar, Xudoga şukur qilib yaşaylar. Bölmasa, uyinardan baraka qoçadi. Yana tağin bizi uruğimizda bunaqa janjalkaşlar yöq… – Çol bir muddat jim qoldi, söng: – Öğlim, yana bir marta xotiningga qöl kötarsang, men sendan qattiq ranjiyman, böptimi? – dedi.

Öğil yerga qaragança boşi bilan tasdiq işorasini qildi. Kelin esa qaynotasining faqat öğligagina tanbeh berganidan adoyi tamom bölgandi – buning örniga yana bir şapaloq yesam mayliydi, deya qaqşab turardi.

– Böpti, bölmasa, men qaytdim, – deya yuziga fotiha tortgan çol örnidan turdi. – Meni şirin bollarimi biznikigayam olib ötib turiynar, – dedi nevaralarining boşini silab.

– Oş yeb keting, ota, – deya oldi kelin arang, juda past ovozda közini yerdan uzmay.

– Rahmat, qizim, boşqa safar.

Çol maşinaga ötirganda quloğiga yana haligi huvillaş urilganday bölib, yuragi malollandi.

– Bozor kuni ön birga hamma akalariyni biznikiga maylisga töpla, – dedi u kenjasiga hazilomuz, ammo bolalarini, ularning birga ötirişlarini soğinganligini bilintirmadi. – Hammasini çaqir.

– Xöp böladi, şef, – deya erkalangan kenjatoy ulovini yurgizdi…

Yakşanba kuni ertalabdanoq katta hovli gavjum böla boşladi. Çolning öğillari, kelinlari bolalarini yetaklaşib, birin-ketin kirib kelişdi. Uning kutgani şu edi – quloqlari bolalarining şovqiniga tölsa, uyiga fayz kirib, bağri ham tölardi.

Kelinlari uy içida qaynonalarini qurşadilar. Kiçkintoylar hovlining u yer-bu yerida öyin bilan band bölsalar, goh köçaga yugurib qoladilar. Öğillari esa uning yonida – katta sörida davra qurdilar. Dasturxon tuzayotgan kenjasi birdan ğoz turib, öng qölini kulgili holatda çakkasiga olib bordi-da, çolga qarab harbiyça ovoz bilan qattiq-qattiq gapira ketdi:

– Janob prizdent, ministriyizdan taşqari barça öğillariyiz jam böldilar. Ministr çet eldaykan. Çamaningiz qiz bola bölgani uçun aytkizmadim. Hisobot beruvçi – kenjatoy.

Hammalari kuldilar. Çol ham öğlining qiliğidan zavqlanarkan, qöşib qöydi:

– Çamanni aytkizmadim, deb hovliqma, – ota bu hazili bilan kenjatoy öğli va yolğiz qizining tegişişib kenjalikni talaşişlariga işora qilayotgan edi. – Çinakam kenjani buviyni özi çaqirtirgan. Halizamon kelsin, adabiyni beradi.

– Siz borsiz-u, ota. Biz axir sizi laşkariyizmiz, – kenjasi çoyni qaytararkan, tağin erkalandi.

Şu asno ota-bolalar hazil-huzul ila bir-birini çindan ham soğinganliklarini sezdirib ötirardilar.

– Ministr çet elga ketibdimi? – Çol pastga qarab mayin jilmaydi, bağrini esa soğinç xiyol tirnab ötdi.

– Davlatçilik-da, ota, – deb qöydi tönğiç öğli taskin berganday.

– Gaping töğri – davlatçilik, – dedi ota.Keyin xotiraga berildi va juda köp bor aytgan gapini, balki, yuzinçi bor yana öşanday ehtiros ila takrorladi: – Qara-ya, hamma gapga farişta omin derkan-da. Kiçkinaligida nuqul ministr bölaman, deb kuldirardi. Mana, rostdanam ministr böp ketdi…

– U paytda bollar bilgan eng katta amal şu edi-da, – deya kulib gapga qöşildi jurnalist öğil, – bollar boş sekretar, birinçi sekretar deganlarini bilişmasdi. Öşa paytda prezidentlik böganda, akam ham prezident bölaman, deb yurib, rostdanam prezident böp ketarmidi.

– Bilaman, hazil taypa (hazillaşib demoqçi) qilib meniyam prizdent deyişasan, – çol jiddiylaşdi, – mayli-yu, akalaring katta odam, prizdentimizga yaqin yuradi. Şu odamdi uyida maşnaqa deb hazillaşişarkan, degan gap poşşomizni quloğiga tuşsa, akangga gap tegib qomasin tağin.

Endi hazilni unça xuşlamaydigan direktor öğli dedi:

– Gapiyiz töğri-yu, ota, ommalekin prizdentimizi ota, sizi bölsa, prizdent desak, buni nimasi yomon?

– Baribir qiymati özgarmaydi-yu, deng! – deya gap qöşdi öqituvçi öğil jilmayib.

Çol Hamidilloga qaradi – u tunov kungi voqea taʼsiridami, boşqaçaroq bölib ötirardi. Şuning uçun ota şu öğliga qarata dedi:

– Qani, dasturxonga qaraynar-çi. Ol, Hamidillo! Senam gapirib tur, bolam.

– Bilassu, ota, biz şopir odam, unça gap bilmaymiz, – Hamidillo otasining kayfiyatini buzib qöymaslik uçun sözini hazilga burdi: – Gapirişti, mana jurnalistlarga, domlalarga çiqargan.

– Olasan-a!..Ha, gap bilmaysan-a! Köchada abtamatsan-u, ja beyda sipolik qilasan, – deya aksilzarba berdi jurnalist.

Barça kuldi.

Çol yana ministr öğlini esladimi, gapining paynovi tağin öşa yoqqa burildi:

– Ministrimizi sinbdoş oşnasi bor-u – Jöravoy…

– Hm-m, – otasiga çöğ taşladi rais.

– Aşi bir kuni nima deydi, degin!

– Nima deydi? – kenjatoy yana otasiga erkalandi.

– Kenja öğlim nuqul prizdent bölaman deydi. Oşnam ministr bölaman dovrib, ministr böp ketdi. Meni bolam ham şunaqa deb yurib, prizdent böp ketsa-ya, deydi, qara, – çol öz gapi öziga nashʼa qilib, kuldi. – Yaxşi niyat yaxşi-da, dedim. Keçroq körgan yetti-sakkiz yaşar öğli bor ekan-da.

– Yaxşilarga intilsa, yaxşi bölatta, – dedi jurnalist tagdor qilib. – Ammo yaşaş ja oğir böp ketdi-da…

– Gazitada bölakça yozassu, aka, – qitmirona tirjaydi Hamidillo.

– Ha, endi u gazita-da, – deb qöydi jurnalist özini oqlaganday.

– Bu gaping xato, bolam. Kördiymi, sen öz işingga yurakdan, halol yondaşmaysan. Özingga özing işonmaysan. Manaşi bizi millatti eng katta qusuri, – çol endigina avj pardaga çiqayotganda darvoza tomonda gödagini kötargan qizi körindi.

– Ana-ana, Çaman qizim keldi! – deya şodon hayqirib, örnidan turdi.

Kenja öğil ham şaxdam örnidan qözğolib, şoşib singlisining qölidan bolasini oldi va uning otasi bilan bemalolroq körişvolişi uçun imkon yaratdi.

Ota quloçini yozib, qizini bağriga oldi.

– Keldiymi-yey, opoq qizim? – deya uning peşonasidan öpdi.

Çaman qizning közi yoşlandi:

– Soğinib ketdi-im, otajon!

– Iye-iye, ona qizim, keb ketganingga endi ikki hafta böldi-yu, – otasi uning yuz-közlarini siladi.

– Baribiramta! – Çaman qiz otasining quçoğidan erkalik bilan suğurilib, yiltiragan köz yoşlarini kaftida artdi va birin-ketin akalariga qöl uzatdi.

– Ha, rais buva, qalaysiz? Özimmi domla akalarim!.. Ha, yozuvçi, yozib yuribsizmi?..Bunisi endi taksist akam. Manovisi bölsa, samazvanes… – U bu gapi bilan kenja akasining kenjalikni talaşişiga işora qilayotgan edi.

– Bor-bor, uyga kir, bu yerda men kenjaman, – deya kenja öğil zöraki pöpisa qildi.

– Men obşiy kenjaman, bildiz!

Bu orada qaynonasiga ergaşgan kelinlar uy eşigi oldida Çaman qizni kutib turişardi…

Ayollar uyga kirib ketişgaç, şovqin ham tindi. Erkaklar davrasi esa gap bölinganligi uçun biroz sukutga toldi.

– Nima deyotuvdim? – söradi çol bolalari bilan rosayam gaplaşgisi kelayotganligini yaşirmay.

– Menga gapirayotuvdiyz? – dedi jurnalist otasiga yordam berib. – Nima bögandayam, bizda sözimiz işimizga töğri kemaydi-da, ota.

– Xöş, nega şunaqa? – endi ota yöqotgan gapini topib oldi. – Çunki, masalan, mana sen. Özing bir narsani öylaysan-da, boşqa narsani yozasan. Yozayotgan narsangga özing işonmaysan. Işonmasang, yozma. Hatto bironta amaldorga hamd-u sanoni ham özing işonmasang, yozmagin. Ana, unda gapimiz bilan işimiz töğri böladi.

Jurnalist öğil otasiga yana nimadir demoqçi edi, u kişining öylanib qolganini körib, özini tiydi.

Birozdan söng çol yana gapga tuşdi:

– Payğambar alayhissalomda bir hadis bor ekan: “Kim nimani niyat qilsa, albatta, aşi niyatiga yetadi”, deydilar ul zot. Demak, eng avvalo, niyatni yaxşilaş kerak ekan. Sizlarçasiga aytganda, oldin rejani, maqsadni töğri tuzvoliş lozim. Bizda köpçilik xuddi ertaga hayot boşqaçaroq böladigandek, aşi boşqaça hayotniyam birov qurib beradigandek, bugunga işonmay yaşaydilar. Yöq, bollarim! Masalan, silar mening atrofimda birlaşib, niyatiyizni mening yaxşi niyatimga töğrilab yaşasaynar, mehnat qilsaynar, ana unda uyimizda baraka, tinçlik böladi. Yaʼni, bu degani, qadamiyzi mening qadamlarimga töğrilasaynar soz böladi. Xudo niyatimizga qarab beraveradi.

Jurnalist öğil otasining faylasufona gaplariga qoyil qolib, çoy höplarkan, boşini silkib qöydi. Tönğiç öğil esa donişmand otasiga mehr-u faxr bilan jilmayib boqib turardi.

Farzandlarining oşkora mehri çolni yanada sözamol qildi.

– Bugun men silarga boşman. Ertaga har biriyiz öz bollariyizga boş bölasizlar va ular öz niyatlarini sizning niyatlariyizga töğrilaydilar. Bolajonlarim, özbekning birligi, kuçi oilada. Eng avvalo, oilaga suyaniş, işoniş mumkin. Bu millatimizi eng katta fazilati. Axir özlaring öylanglar, ministr akang katta rahbar, butun yurtni sörab turibdi. Ammo mening qoşimda boş egib ötiradi. Biron gapimni ikki qimaydi, töğrimi? Hatto öziga ziyon yetsa ham, mening aytganimni qilişga urinadi. Şuni biliynarki, otasiga itoat etguvçi millatni heç qaçon yengib bömaydi!..

Sönggi gap taʼsirida hamma jim qoldi. Bu jimlikni axiyri kenjatoy buzdi:

– Bu gaplardi qaysi kitobdan öqidiyz, ota?

– Hayot kitobidan, bolam, hayot kitobidan, – deb qöydi çol nigohidagi öy çuqurlaşib.

Dasturxonga oş tortildi. Aka-ukalar bolaliklarini eslab, oşni hazil-huzul bilan “talaşib-talaşib” yedilar. Ota esa quloğini batangga keltirgan haligi huvillaşlardan qutulib, bağri yayrab ötirardi…

Dasturxonga fotiha öqilgaç, ota yana öktam ovoz ila gap boşladi:

– Bollarim, onang ikkovimiz silarni juda-juda yaxşi köramiz. Silarga jonimizni berişgayam tayyormiz. Lekin jonimiz bitta, hammayizga yetmaydi. Niyatlari uluğ odam uçun bitta jonni qurbon qilişdan osoni yöq. Jon berişdan ham muhimroq, oğirroq işlar bor dunyoda. Qaniydi quçoğim hammaynardi quçişga yetsaydi, bariyni bir bağrimga bosib, maza qilardim! – Çol gaplari tobora soxtaga öxşab borayotganligini sezib, xijolat torta boşladi. – Mening gaplarimdan hayron bömaynar, bollarim. Sizlarminan bi-ir gaplaşgim keldi-da. Özi urişmaynar, bir-biriynardi ehtiyot qiliynar, bizikiga tez-tez keb turiynar, demoqçiydim. Umr oqar daryoday bir gap – şuv etib ötadi-ketadi.

– Omma bugun zör maylis böldi-da, – deb qöydi kenjatoy xiringlab.

Şu bilan hammalari ketişga şaylandilar. Oxirida qolgan Çaman qiz kelib, otasiga suykaldi.

– Bugun qosam maylimi, otajon?

– Uyingdagilarga aytganmisan?

– Hm-m, – dedi qizi erkalanib.

– Unda qolaqo, – çol uning peşonasini silab qöydi.

U xuşnud kayfiyatda asr namozini öqigaç, tasbehining donalarini sura-sura qadrdon oşiyoni – daryo böyiga yöl oldi. Salmoqli qadamlar ila sohilga yetib kelib, öt-ölan bosgan qiyalikdan biroz yonlab pastga tuşdi va suyri joydagi ajriq ustiga ötirdi. Bu suyrilik uni oyoqlari bukilganida hosil bölguvçi oğriqdan xiyla xalos qilardi, göyo biron örindiqda ötirganday bemalolroq his etardi özini… Qiziq, dala işlaridan böşab, pensiyaga çiqdi-yu, şu yerga qatnaşni odat qildi. Nega şundayligini özi ham bilmaydi, goho qariganda şunaqa böladi, şekilli-da, deya öylab qöyadi, xolos. Ayniqsa, biron narsadan diqqati oşib, yuragi siqilsa yoki nimadandir dili quvonçga tölsa, darrov şu yoqqa qarab yöl oladi. Sohilga keladi-yu şitob oqayotgan suvga termulib ötiraveradi va haligina boşidan keçirgan voqealarni xayolan boşqatdan yaşaydi. Diliga oğir botgan ozorli voqea bölsa, aybdorlarni keçiradi, özi yöl qöygan xatolarni ilğaydi va bundan ham battar bölişi mumkin edi-ku, deya öziga taskin beradi. Mabodo quvonçli voqea bölsa ham, bu şodlikni junbişga kelmasidan oldin bağrida sovutib olişga harakat qiladi. Har ikki holatda ham istiğfor aytib, tasbeh ögiradi. Nima bölganda ham oqar suvda qandaydir hikmat bor – xayolni öğirlaydi. Ehtimol, bu ham uni barça kabi inson umriga öxşatadimi?

Hozir ham tez oqayotgan bötana suvga tikilarkan, közlari tindi va öz-özidan yuragini ojizroq bir vahm çulğadi. Göyo mana şu loyqa suvning bağriga singib ketayotgandek his qildi özini va nafasi qisayotgandek tuyulib ketdi. Ha, suvning qudrati ham şunda-da, u odam bolasiga hayot baxş etgani kabi hamişa uning yuragini qörquvga ham solib kelgan. Suv şundayin bir möjizakor neʼmat. Ana, butun bir daryo köngilga vahm solgani bilan undagi suvning tez oqişidan paydo bölgan mayda tölqinçalar nigohni yoqimli siypalaydi, kişi vujudiga halovat soladi. Tölqinçalar… Birdan öşa tölqinçalar bağrida kiçkina qöl köringanday böldi. Çol öşa yoqqa diqqat bilan tikilarkan, öng tomonidagi köprik ustida turgan bolalarning çinqiriği tuyqus quloğiga urildi. “Yo Olloh..” deya örnidan turib ketdi va haligi qöl köringan yoqqa qattiqroq tikildi. Uning miyasiga yaşindek urilgan fikr töğri çiqdi – oqib borayotgan yoş bola edi. Çol beixtiyor qölidagi tasbehini yerga taşladi, qirğoq yoqalab oqin sari yugura boşlarkan, çakmonini yeçib uloqtirdi, qadamini yanada tezlatdi. U jon xalpida yugurarkan, bolaga yetib olişiga işongan joyda özini suvga otdi. Goh suv yuzida quloç otib, goh ostida suzib, bolaga yetib bordi. Yetti-sakkiz yoşli bolakay ança suv yutib ulgurgandi çoği, közlari qinidan çiqquday bölib tipirçilardi.

Çol bolakayning yoqasidan tutib, qirğoq sari suza boşladi. Şu asno oqim kuçli bölgani bois öz manzilidan ança olislab borardi. U keksaligini ham unutib, bor kuçi bilan suzardi. Nihoyat, sohilga yetib, bolani qirğoqqa çiqardi. Titrab-qaqşayotgan bolakay ingiçka barmoqlari bilan yonboşidagi ötlarni çangallab, “hiq-hiq” qilgança siltanardi. Şu payt hali suv içida bölgan çol oğir va iztirobli bir ingranib, suv ostiga çöka boşladi. Qirğoqqa talpingan öng qölining barmoqlari baralla yozilib, qotdi va suvga butunlay ğarq bölgan tanasi ortidan ğoyib bölmoqqa tuşdi. Hamon beöxşov qaltirayotgan bolakay bir qöli bilan ötlarni çangallagança çol tomonga enkayib, xuddi uni suvdan suğurib olişga uringanday harakat qildi. Ammo çol allaqaçon oqim bağriga tuşib, ança narida közdan yöqola boşlagandi. Uning oyoq paylari tortişib qolgandi…

Bolakay titrab-titrab yiğlar va sovuqdan takirlayotgan tişlari orasidan yiği aralaş “Oqib ketdi! Oqib ketdi!” deya çiyillardi. Köprik tomondan çopib kelayotgan bir töda bolalar unga xiyla yaqinlaşib qolişgan, ministr öğilning ularning ortidan “Öğlim-öğlim!” deya halloslab kelayotgan oşnasi – Jöravoy esa hali olisda edi.

Çol bölsa, mayda tölqinçalar bağriga singib ulgurgandi. Faqat hov narida – juda uzoqda, tikilib qaragan odamgina payqaşi mumkin bölgan masofada oqib borayotgan döppisi elas-elas yiltirab qöyardi.

Nabi Jaloliddin

1962-yili tuğilgan. Toşkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uning “Yalpizli keça”, “Hur nido”, “Sen bilan qolmayman”, “Köngil ozod”, “Endi kuz” kabi şeʼriy töplamlari; “Xayyom”, “Tegirmon”, “Oraliq” nomli romanlari va “Uruşning davomi”, “Ölimning rangi”, “Erkagi bor uy”, “Jallod ayol” nomli qissalari naşr etilgan.

2022/11-12

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…