17 daqiqada öqiladi

395 marta körilgan

Aravakaş

Şodmon Otabek

(Hikoya)

Toşkentga boradigan bölib kirakaş maşinalarga yaqinlaşdim. Qölida kalit öynab, mijoz poylab turgan haydovçilar bir zumda atrofimni qurşab olişdi. Lom–mim demasimdan biri qöyib–biri savol beradi:

– Özingizmisiz?

– Toşkentning qayeriga borasiz?

– Qança bermoqçisiz?

Men ham anoyi emasman. Tajribam yetarli, yöl yuraverib pişib ketganman. Haydovçi bilan qanday kelişişni, qanaqa maşinaga ötirişni yaxşi bilaman. Avvalo, yölkirani  uzoq savdolaşaman, söng maşinaning holatini közdan keçiraman, iloji bölsa yangiroğiga çiqaman, yölda biror işkal çiqmasin deyman-da. Keyin, oldingi örindiqqa ötiriş, uzoq yölda zerikmaslik uçun albatta, menga qöşiqlari maʼqul hofizni eşitiş şartini qöyaman. Orqa örindiq boşqa mijozlar bilan tölişini uzoq kutolmasligimni ham aytaman.

Tirikçilik vajidan boyoqiş haydovçi hamma şartimga könadi, injiqliklarimga ham çidaydi. Ammo negadir bu gal taʼbimga mos maşina ha deganda topilavermadi. Qora nimça kiygan, naynov, turqi–turişi sovuqroq haydovçi bilan uzoq tortişdim. U deyarli hamma şartlarimga  köndi, faqat narxini kelişolmadik. Şunda bir çetda tortişuvimizga jimgina  quloq solib turgan, yoşi qirqlardan oşgan, xuşröy haydovçiga közim tuşdi. Unga yaqinlaşib, endi gapirmoqçi edim, haligi naynov darhol örtaga tuşib, hamkasbiga iddao qildi:

– Sen bizdan keyin kelgansan, haqqing yöq olib ketişga!

– Xöp–xöp, – dedi xuşröy haydovçi qölini köksiga qöygança kulimsirab.

– Sendan ortsa olib ketaman, faqat… muomalani şirin qilgin.

– Iye, bu yoği qiziq böldi-ku, – dedim naynovga tik qarab. – Siz nega tazyiq  qilyapsiz? Siz bilan kelişolmadik, nima, endi boşqa haydovçi bilan ketolmaymanmi?

Naynov bunday temir mantiq oldida bir lahza talmovsiragandek böldi, ammo baribir otdan tuşsa ham egardan tuşmadi.

– Keyin kelgan keyin ketadi,  baribir kutib turişi kerak.

– Ey inson, – dedim jahl bilan. – Heç kim noningizni yarimta qilayotgani yöq, nega tuşunmaysiz? Odamlarni norozi qilmang, yölda yurasiz, qarğiş emas, duo oling.

– E, menga örgatmang! – dedi naynov tönğillab.

– Uka, muomalani şirin qilgin, şunda… hammasi yaxşi böladi, – dedi xuşröy haydovçi yana murosaga undab.

“Muomalani şirin qilgin”. Ibratli gap ekan, öziyam ikki marta aytdi. Şu yigit bilan keta qolay. Yaxşi yigitga öxşaydi.

Men uni çetga tortdim. Yölkirani osongina kelişdik. Boşqa  mijozlarni kutib  ötirmasdanoq yölga çiqişimiz mumkinligini aytganda hayron böldim.

– Bunaqada tirikçilik nima böladi? Topganingiz benzin puliga ham yetmaydi–ku!

– Qanoat qilganga xudo özi yetkazadi, aka, – dedi u kulib. Işonqiramaganimni sezib, qöşimça qildi. – Keçki samolyotga ulgurişim kerak. Hamqişloqlarni kutib olaman. Meni xizmatimga yaraşa rozi  qilişadi.

– E şundaymi? Unda ketdik, – dedim omadim  çopganidan xursand bölib. 

Yölga çiqdik. Viloyat markazidan ötib, dovonga boradigan katta yölga burildik. Oq “Neksiya”  paxtalari terib olingan qoramtir–qönğir dalalar, barglari sarğayib tökila boşlagan dov-daraxtlarni ortda qoldirib  yelib ketdi.

– Aka, yölimiz uzoq, agar xöp desangiz, gurunglaşib boramiz-da endi, – dedi haydovçi.

– Men gaplaşişni yaxşi  köraman.

– Yaxşi bölardi, – dedim-u, andak öylanib qoldim: işqilib, tinimsiz ezmalanib boşimni qotirvormasmikin?

– Avvalo, tanişib qöysak, mening ismim Maʼmurjon.

Men ismimni aytdim.

– Rahmat, aka. Şoir aytmoqçi, endi “Örtada begona yöq”.

Maşhur şoirning maşhur şeʼriniyam bilarkan. Öqimişli yigitga öxşaydi. Bunaqalar aravani quruq opqoçmaydi.

Oraga sukunat çökdi. Maşina bir maromda, yengil silkinib borardi.

– Darvoqe, mana şu yurişim böladimi, aka? – deb  söradi Maʼmurjon qölini rul çambaragiga urib qöyib. – Men bundan tez yurolmayman.

– Şunisi  yaxşi, bexavotirroq.

– Agar  işingiz şoşilinç bölsa…

– Şoşayotganim yöq, xijolat bölmang.

– Esimni taniganimdan buyon maşina haydayman, aka, – dedi Maʼmurjon yengil tortib. – Tajribam yetarli. Taygada ikki yil işlab kelganman. Agar istasam, tezroq yurişim  ham mumkin. Ammo yetmiş, saksondan oşirmayman, şuni özimga qoida qilib olganman. Aytgani­ngizdek, şunisi bexavotir. Öşa boriladigan joyga yarim soat keyin borilsa nima böpti? Insonning hayoti hamma narsadan aziz-ku. Men maşinamga ötirgan odamning hayotiga ham javobgarman. Uni eson-omon manziliga yetkazib qöyişim kerak. Afsuski, buni hamma tuşunmaydi. Axir, hamma balo-falokatlar şu tez yuriş oqibati emasmi? Hozir ayrim kişilarning öpkasi yöq. Bir narsadan quruq qolayotgandek tez yurişadi. “Prava”niyam  öqimay olişadimi, nima balo?! Yaqinda yöl harakati qoidalari qayta körib çiqildi. Ozgina qoidani buzdingmi, tamom – otning kallasidek jarima tölaysan. Menimça, töğri iş böldi. Şöpirlar ham ança hovridan tuşib qoldi. Hamma narsada tartib-intizom bölişi kerak-da, şahar bedarvoza emas-ku! Töğrimi, aka?

Maşinaning bir maromdagi tebranişidan közim ilinib, andak mizğibman, Maʼmurjonning luqmasidan közim oçilib ketdi.

– Töğri, töğri, – dedim közlarimni işqalab.

– Agar uyqungiz kelsa, uxlayvering.

– Yöq, böldi endi…

– Aka, men bir aravakaşman, – dedi Maʼmurjon yöldan köz uzmay. – Tirikçiligim mana şu maşinaning orqasidan. Törtta  ğildirak aylanib tursa böldi, qora  qozon  qaynab turadi. Institutda  öqiş nasib qilmadi. Maktabda yomon öqimagandim. Mendan pastroq öqiganlar ham yölini qilib  diplomli böp ketişdi. Men unaqa… yölini qilgim kelmadi. Hayotimdan nolimayman. Öqimagan bölsam ham, oq-qorani  taniyman, payti kelsa  haqimni talab qilişniyam bilaman. Umrim asosan yölda ötadi. Har xil odamlarni köraman. Yaxşi ham, yomon ham uçraydi. Menimça, yaxşi odamlar köproq. Aks holda, bu hayot kun-payakun bölib ketardi. Boya aytdim, şekilli, Taygada ikki yil işlab kelib, şu maşinani oldim. Hamqişloğim öşa yerda işboşqaruvçi edi. Uni qora tortib boruvdim. Oldiniga işim tuppa-tuzuk yurişib turdi. Keyinçalik men işongan odam ğirromlik qila boşladi, haqimdan urib  qoladigan böldi. Oxirida yarim yillik maoşimni bermadi. Menga rosa alam qildi. Unga tavallo qilib, “Yaxşi iş qilmayapsan, men bu sovuq yerlarga sening bir oğiz gapingga işonib, bola-çaqa boqaman deb kelganman. Bozori va mozori bir odamlarmiz, haqimni beraqol” dedim. “Haqing menda qolib ketmaydi, olarsan biror kun”, dedi mujmal qilib. Nimayam derdim, begona yurtda hammaga kulgi bölib hamqişloğim bilan yoqa yirtişmayman-ku. Xudoga soldim. Insofsiz ekan, baribir haqimni bermadi. Yurtga  qaytgaç, duç kelib qolganimizda meni körmagandek teskari ögirilib ketadigan böldi. Kişining köng­lini oğritib bölmas ekan. Köp ötmay xudo uni jazoladi. Köknori bilan qölga tuşib,  qamalib ketdi. Baribir unga açindim. Bola-çaqasi çirqillab qoldi-da. Issiq-sovuğidan xabar olib turdim. Nima bölgandayam, öşa eski gap – mozorimiz bir.  Bilsa – baliq, bilmasa xoliq biladi, deganday…

Bir maromda yelib borayotgan maşinamiz dovonga yaqinlaşib qolgan edi. Yarim oçiq oynadan urayotgan salqin şamoldan junjikdim. Farosatli haydovçi buni darrov payqadi.

– Oynani sal kötarib qöyaymi?

– Mayli, – dedim.

Maʼmurjon qölini uzatib, tugmaçani bosdi. Şamolning ğuvillaşi pasayib qoldi.

Bir aravakaşning suhbatlaridan zavqlanardim. Odamga malol kelmaydigan, köngilga yaqin tuyuladigan bunday gurungni  yana qayerda eşitiş mumkin?

Suhbat piligini kötariş uçun sözamol aravakaşni yana gapga solgim keldi.

– Maʼmurjon, bola-çaqadan qalay?

Aravakaş beixtiyor jonlandi, yuzida mamnunlik ifodasi paydo böldi.

– Xudoga şukr, beş farzandim bor, – dedi Maʼmurjon çehrasiga qizillik yugurib, ğurur bilan. – Bir qiz, tört öğil. Mana sekin-sekin uyli-joyli ham qilyapman. Hammasidan könglim töq, faqat şu… qiz bolaning işi qiyin bölarkan. Farzand önta bölsa  örni boşqa, ammo şu qizimga bölakça mehr qöyganman. U ham meni yeru kökka işonmaydi. Qiz bola otaga mehribon böladi, deyişadi. Haq gap ekan. Uni yolğiz qiz deb ortiqça erkalatmaganmiz, uy-rözğor işlariga pişiq-puxta. Mundoq  qaraganda bir oilani gullatadi. Endi qarangki, şu qiz ham goho qaynonasiga yoqmay qolarkan, bir oyda, ikki oyda közida yoş bilan uyga yiğlab kelganda dunyo közimga qoronği körinib ketadi. Oraga tuşiş noqulay bölsa-da, farzand taqdiriga befarq  qaray olmas ekansiz. Avvalo, betimni şartta sidirib, kuyovbola bilan oçiqçasiga gaplaşib oldim. Balki xotindan köngli soviganmikin deb öyladim-da. Yöq, unaqa emas ekan. Dadil turib, xotinim bilan yaşayman, menga boşqasi kerak emas, dedi. Xayriyat, dedim özimça. Keyin injiq qaynona bilan jiddiy gaplaşdim. Qani ayting-çi, kelin qaysi işingizni qilmayapti? Garçi özim qöydi-çiqdini yomon körsam ham, şunday deyişga majbur böldim. Xayriyat, öşandan buyon qizim oilasi bilan tinç-totuv yaşayapti. Payti kelganda kerakli gapni kerakli joyda aytib ham turiş lozim ekan. Men şunday xulosaga keldim.

– Töğri aytasiz, – dedim Maʼmurjonning kuyinib aytgan gaplaridan taʼsirlanib.

Ajabo, uning bir qaraşda oddiygina tuyuladigan gaplarida ham bir hikmat bordek edi: “Kerakli gapni kerakli joyda aytib ham turiş lozim ekan”.

Maşina dovondan örlay boşladi. Oynaga mayda yomğir tomçilari urilar, atrofni  ğira-şira  qoronğilik va tuman  çulğay boşlagan, oldinda  ilonizi yöl zörğa qorayib körinar edi. Maʼmurjon tezlikni yanada pasaytirdi. Suhbat ham öz-özidan uzilib qoldi.

Maʼmurjon diskni magnitafonga joylagaç, hofizning ovozi yangray boşladi:

Karvon kördim, tuyalari bözlab kelar,

Nortuyada meni yorim izlab kelar.

Bir zum boşimni orqaga taşlab, közlarimni yumdim. Kuy sehri butun vujudimni allalab, sarhuş qildi. Huzurbaxş şu holatning  yana uzoq davom etişini istardim. Tezligi oşa boşlagan maşina asta silkita boşlagaç, ohista közlarimni oçdim. Tuman ham tarqab ketgan, oqşom quyuqlaşgan, maşina çiroğida yöl  ança ravon körinar edi.

– Istasangiz, biror joyda töxtab, çoy-poy içvolamiz, – Maʼmurjon yöldan köz uzmay taklif qildi.

– Mayli, – dedim rozi bölib. – Özingiz aeroportga keçikmaysizmi?

– Samolyot keç soat önda keladi, bemalol ulguraman, – Maʼmurjon soatiga  qarab qöygaç, tezlikni pasaytirib, yöl çetidagi çoyxona qarşisida töxtadi.

Çoyxona sölimgina, fayzli ekan. Şarqirab oqib turgan tip-tiniq buloq suvida yuz-qölimizni yuvgaç, yakondozlar töşalgan söriga çiqib ötirdik. Çiroqlar yoqilgan, atrof çaroğon. Ğir-ğir şabada esib turibdi.

Yoşgina ösmir yigit çopib keldi. Tavoze bilan salomlaşgaç, qanday ovqat yeyişimizni söradi. Maʼmurjon menga yuzlandi.

– Siz nima desangiz – şu, ovqat tanlamayman, – dedim.

– Men ham yölda ovqat tanlamayman, – Maʼmurjon zavqlanib gapirdi. – Bizga öxşagan aravakaşlarning rizqi-nasibasi yöllarga soçilgan. Şuning uçun boriga, yetkazganiga şukr qilamiz.

Oqşom çökib, mijozlar siyraklaşgan, çoyxonada şörva bilan kabob bor ekan, xolos. Boriga qanoat qilib, toğ yölida iştaha bilan ovqatlandik. Keyin kök çoyni maydalab, suhbatlaşib ötirdik. Buni odatdagi suhbat deb bölmasdi, çunki asosan Maʼmurjon gapirar, men tinglar edim. Qiziq, mundoq  qaraganda uning gap-sözlari, hikoyalari yangilik emasdek, har kuni özimiz körib-eşitib yurgan voqea-hodisalar… Ammo haydovçining tilida bölakça bir maʼno kasb etar, şunisi bilan  qiziq va maroqli tuyular edi. Nazarimda, hali Maʼmurjonning asosiy gap xaltasi oçilmagan, yölda bundan ham ğaroyib-ajabtovur tafsilotlarni eşitadigandek edim. Taxminim töğri  çiqdi.

Dovondan ötib, yarim soatlar yöl yurganimizdan söng. Maʼmurjon nogoh yöl çetida  turgan maşinani körib, darhol töxtadi. Kabinadan tuşarkan, “Men… hozir”, dedi-yu, öşa maşina tomon tez yurib ketdi. Haydovçi bilan bir oğizgina gaplaşdi-yu, tezda  qaytib keldi. Maşinasini qayta  öt oldirarkan, izoh berdi.

– Tinçlik ekan, men biror işkal çiqqan bölsa, yordam-pordam kerak emasmikin deb  töxtovdim.

– Hamma haydovçi ham bunday qilmasa  kerak? – xayolimga urilgan savoldan özimni tiyolmadim.

– Har kimning gunoh-savobi özining böynida, aka, – dedi Maʼmurjon jiddiy tortib. ­

– Haydovçi xalqi ham xom sut emgan banda: yaxşisi bor, yomoni bor. Haligi savolingiz bir voqeani esimga soldi.

– Qani-qani, eşitaylik, – dedim  qiziqsinib.

– Toşkentga tört yölovçi bilan kelayotgandim. Manzilga beş-olti çaqirim qolganda maşinam buzilib qoldi. Şu urinaman, qani endi, tuzala qolsa. Qoronği tuşib qolgan, yölovçilar bezovta-tajang. Özim ham…

Yöl çetiga çiqib, qöl kötaraman, qani endi, birortasi töxtasa. Axiyri bittasi töxtadi. Xayriyat deya yoniga çopib bordim. Yangi öttiz bir “Volga” ekan. Bunaqa maşina kuçli böladi. Maşinamni şatakka olib, manzilga oborib qöydi. Xursand bölib  şöpirning qöliga ön ming söm bersam, pulimni yuzimga otib yubordi. Qolmişiga “Bu pulingni falon joyingga tiqib qöy!” desa böladimi? Jonim xalqumimga keldi. Şartta böğib  qöyay dedim-u, ammo şaytonga hay berdim. Nima bölsa ham menga yaxşilik qiluvdi-da. Ukajon (körinişdan mendan ança kiçik edi), avvalo rahmat sizga, kam bölmang, şunçalik yaxşilik kördim sizdan, keçasi muşkulimni oson qildingiz, baraka toping, ammo… bunaqa emas-da, muomalani şirin qiling, agar bergan pulim  kamlik qilgan bölsa, kam deb ayting,  qança böladi, özi, bu xizmatingiz, desam, bezrayib, öttiz ming böladi, dedi. Vey, insofing bormi, özi, dedim tutoqib, men ham bola-çaqa boqaman deb yuribman, özi, Toşkentgaça bitta yölovçini ön beş mingga olib kelaman, sen…sen… odam emas ekansan-ku, mana, ol deya yana  oldingi pulga ön ming  qöşib, yigirma ming­­ni qöliga tutqazib jönavordim. Ançagaça özimga kelolmadim. Şunaqa insofsizlarni körsam çidolmayman-da. Odatim şunaqa. Sut bilan kirgan qon bilan çiqadi. Özimni özgartirolmayman. Ha aytgandek, boşqa taksi kutayotgan  yölovçilarim hali şu yerda, bu mojaroga guvoh bölib turişgandi, ular ham öşa şöpirning  qiliğidan darğazab bölişdi, hatto xezlanib, uni urmoqçi edilar, men hay-hay, qöyinglar, yomonning jazosini xudoning özi beradi, deya arang şaştidan tuşirdim. Bilasizmi, hayotda yaxşilik ham, yomonlik ham albatta qaytarkan. Ilgari  qirq yilda qayt­­sa, endi juda tez – qirq kun yoki qirq soatda qaytyapti.

– Nahotki öşa şöpir bilan yana uçraşgan bölsangiz? – deb söradim.

– Topdingiz! Xuddi şunday böldi. Bu keng dunyo baʼzan juda torayib ham qolarkan.

– Uni tanib qoluvdingizmi yoki u sizni… özi tanidimi?

– Unaqa odamlarning başarasini heç qaçon esimdan çiqarolmayman. Dovondan qoq yarim tunda vodiyga qaytayotgandim, yöl çetida çelagini kötarib, ötgan-ketgan maşinalarga muztar tikilib turgan şöpirni körib qoldim. Benzini tugagani aniq edi. Qoq yarim tun. Bunaqa ovloq joyda ança-munça şöpir töxtaşga botinolmaydi. Boyoqişga rahmim kelib, sekingina maşinani bir çetga olib, töxtatdim. Töğri, uni avvaliga tanimadim, çelagini kötarib yonimga çopib kelgandagina tanib qoldim. Şunda ham töxtaganimga afsuslanmadim. Ammo u meni dabdurustdan tanimadi. Kapotni oçib, benzin töla kanistrni yerga qöydim. U çelagini kanistrga yaqinlaştirdi. Çelakka quyib beradi deb öyladi-da. Men kanistrni kötarib, qöliga tutqazdim.

– Qança kerak bölsa quyib olavering, – dedim sir boy bermay. Ovozim unga tanişdek tuyuldi, şekilli, yuzimga ajabsingandek qarab-qarab qöydi, kanistrni ikkilanibroq oldi, maşinasiga borib, benzinni quyarkan, mendan köz uzmas edi. Oradan köp ötmay kanistr­­ni yerga qöydi. Möljalimça, benzinning yarmini ham quymagan edi.

– Hammasini  bemalol quyavering, – dedim unga. – Bakimda benzin yetarli.

– Yöğ-e, hammasini deysizmi? – deb söradi. Söng çöntagini siypalab qöydi. Pulim yetarmikin deb öyladi, şekilli. Menga yana bir karra qarab qöygaç, qolgan benzinni ham quyib oldi. Yonimga kelib, çöntagidan pul çiqararkan, söradi:

– Qança böladi?

– Sizga tekin, – dedim köziga tik qarab.

– Tuşunmadim, nega endi menga… tekin? – dedi u hayron bölib.

– Çunki biz siz bilan eski tanişlarmiz. Tanişlardan pul olinmaydi. – Men kinoyasiz, samimiy gapirardim. U menga uzoq tikilib qoldi. Nihoyat, öşa tungi voqeani esladi, şekilli, közlarini ğalati pirpiratib, ğudrandi:

– E-e, uzr, endi tanidim, siz… öşa…

– Ha, men… öşa…

Endi u közimga tik qaray olmasdi. Yerga boqib, öziça minğirladi:

– Uzr, men öşanda… ahmoqlik qilib… yoşlik ekan… Meni keçiring.

– Men allaqaçon keçirganman. Keling, aka-uka bölib qolaylik.

 U bilan qöl olişib, göyo qaytadan tanişdik. Pulini yonimga qayta tiqiştirmoqçi böluvdi, keskin siltab taşladim.

– Uyat böladi! – dedim. – Agar ilgari şunçaki taniş bölsak, endi aka-uka böldik. Hozirgina dunyoda puldan ham aziz, puldan ham ziyoda turadigan narsalar borligiga guvoh böldik, şekilli. Boyaqişning közlarida yoş yiltilladi. U bilan samimiy xayrlaşdik.

Maʼmurjonning ğaroyib hikoyasi meni öylatib qöydi. Balki, uning örnida boşqa, çapaniroq, tezobroq odam bölganda, haligi şöpirning yuziga nordon-nordon gaplarni aytib, açitib-açitib öç olgan bölarmidi… Şunday qilişga haqlidek ham edi. Xöş, bundan kimga foyda-yu, kimga ziyon? Öç olgan tomonga şox-butoq çiqarmidi? Bir zambil loy bölgan odam şu bilan insofga kirib, bir yumalab yaxşi bölib qolarmidi? Menimça, Maʼmurjon birdan-bir töğri yölni tanlagan edi. Şunday mulohazalar xayolimdan ötarkan, unga ixlosim yanada ortdi. Hayotiy hikoyalarini tağin eşitgim  keldi.

– Maʼmurjon!

– Labbay aka!

– Şu… şöpirlarga yölovçi qiyofasidagi be­zorilar hujum qilib turadi deyişadi. Bunaqa voqealar köproq tunda sodir bölsa kerak.

– Mening özimga kuppa-kunduzi ikkitasi duç kelgan.

– Yöğ-e, bu qanday sodir bölgan? – qiziq voqeani eşitiş umidida yana quloğimni ding qildim.

– Öşanda Toşkentda taksiçilik qilardim, – deya yangi hikoyasini boşladi Maʼmurjon. – Şaharning har bir köçasi, har bir gadoytopmas burçagi menga yaxşi taniş. Bir kuni Çilonzordan ikki yoş yigit maşinamga ötirdi. Möğulbaşara, baqaloqroği yonimga, qoraçadan kelgan, qotmaroq şerigi orqaga ötirdi. Qöyliqqa boramiz, deyişdi. Şaharning nariga çekkasiga surib ketdim. Taksopark­­da işlardim, otning kallasidek kunlik plan bor. Manzilga yetgaç, baqaloq  beş qavatli bir uyga kirib ketgança gum böldi. Tajanglanib, orqamda ötirgan şerigiga vaqt ötayotganini aytsam, xavotir olmang, kutganingiz uçun qöşimça haq tölaymiz, dedi. Xöp deya ötiraverdim. Bir mahal baqaloq çiqdi. Qölida qandaydir katta tugun. Endi Yunusobodga haydang, deyişdi. Bu yoği qandoq böladi, yigitlar, desam, hammasini biratöla olasiz, xavotirlanmang, deyişdi. Içimdan qirindi ötsa ham, noiloj maşinani öt oldirdim. Yunusobodda  köpqavatli uy oldida töxtatişdi. Baqaloq yana içkariga kirib ketdi. Bu gal bir soatça kutib qoldim. Sabr-toqatim tugadi. Çiqsa, bir tuzlayman deb yanib turibman. Quyoş botib,  atrof ğira-şira bölib qolgan edi. Nihoyat, baqaloq çiqdi. Yonimga ötirişi hamon endi zahrimni soçmoqçi edim, ulgurolmadim. Qay köz bilan körayki, tomoğimga va biqinimga ikkita piçoq qadalib turardi. Yuragim şuv etib ketdi. Hammasi tamom deb öyladim. Biz şöpirlar bunaqa voqealarni köp eşitganmiz, ammo mening boşimga tuşmaydi deb öylaymiz. Men ham şunday  öylardim-da. Xom sut emgan bandamiz-da.

Gapiray deyman, tomoğim  quruqşab, tilim  kalimaga kelmaydi. Arang özimni qölga olib, gap qotdim:

– Yigitlar, bunisi qandoq böldi?

– Jim! Gapirma!

– Axir, şunça vaqt xizmatinglarni qildim, evaziga…

– Jim! – tomoğimdagi  piçoq  qattiqroq tiraldi. Yana gapirsam, suyvorişdan ham toymaydigandek. Alam va nafrat omixta bölib, miyamga  qattiq urildi. Tomirlarimda qon emas, alam va nafrat oqardi. Junbuşga kelayotgan ğazabimni arang jilovlab, böynimni qimirlatmay gapirdim:

– E, qölingdan kelsa söyvora qol! Söyvor, tortib yubor piçoğingni! Qölingdan keladimi şu iş! Söyvor, agar qonsirab turgan bölsang! Bir boşga bir ölim! Ammo aytib qöyay, senlarni baribir topişadi. Jazodan qoçib qutulolmaysanlar. Beşta bolam bor, şularning uvoli senlarning böyningda!

Dadilligim taʼsir qildimi yoki boşqa sababdanmi, bezorilar andak sarosimaga tuşgandek böldi. Qattiq tiralgan piçoqlar sal çetga surildi. Eşik tutqiçiga sekin qöl uzatgandim, yana öşa tahdid eşitildi:

– Qimirlama!

– Xöş, mendan yana nima istaysizlar? – dedim xit bölib. – Mana, aytgan joyingizga qayta-qayta olib kelib qöydim, yana nima kerak?

– Puldan çiqar! – dedi baqaloq xirillab.

Öşa kuni tuşumning çöği pastroq edi, bardaçokdagi bor pulni çiqarib berdim. Jon şirin-da. Qaroqçilar pulni çöntaklariga urib, jönab qolişdi. Ularning orqasidan quviş yoki melisaga xabar beriş öşa lahza xayolimga kelmadi, nest-garang edim. Qanday katta xavf-xatardan qutulganimga hali-hamon işonqiramasdim. Hayotim yonimga qolgandek edi.

Öşa maşʼum voqeadan keyin bir neça kungaça özimga kelolmay yurdim. Bezorilarni qidirib topiş va jazosini beriş kerakmi yoki xudoga solib qöya qolgan maʼqulmi – bu haqda ikkilanardim. Agar hamma qöl siltab ketaversa, jinoyatçining ketidan tuşmasa, bezori ertaga boşqa odamni qaqşatadi. Bunaqada hayot borib-borib dözaxga aylanib ketmaydimi? Demak, jinoyat albatta jazolanişi kerak. Bunaqalarni endi yaxşi gap yoki pand-nasihat bilan tuzatib bölmaydi, ğişt qolipdan köçgan, endi ularning joyi  qamoq! Men bu  oddiy xulosaga öz aççiq tajribam misolida keldim. Melisaxonaga uçrab, bor gapni aytdim. Ularga quruq gapning özi kifoya qilmas ekan, yozib ham berdim. Katta daftar-kitobiga tikib qöyişdi bergan maʼlumotlarimni. Röyxatda turadigan jinoyatçilarning fotosuratlari ham “delo”ga tikilib  qöyilar ekan, bir haftagaça erinmay suratlarni körib çiqdim. Melisa bilan ixtiyoriy hamkorlik qilayotgan edim-da. Har kuni işdan keyin melisaxonaga borib,  “delo” titkilayman. Qani endi, öşa jirkanç başaralar topila qolsa. Nihoyat, hafsalam pir bölib, endi topolmasam kerak deganimda lop etib öşa baqaloq qaroqçining fotosurati çiqib qoldi. Xuddi lotereyasiga yutuq çiqqan odamdek hovliqib ketdim. “Delo”da baqaloqning turarjoyi ham yozilgan ekan, melisa bilan borib darrov topdik. Unga yuzma-yuz bölişim bilan başarasiga boplab bir muşt tuşirdim. Yerga  yiqilgança kuçala yegan itday bukçayib qoldi. Yaşirmayman, şu lahza bir maza qilib oldim. Muştim ham temirdek qattiq edi-da. Qorniga tepmoqçi edim, melisa hojati yöq degandek tutib qoldi. Baqaloq orqali şerigi ham osongina topildi. Ular sud qilindi, jazolandi. Hayotda bunaqa jinoyatçilarning urçib köpayişi yoki kamayişiga ham özimiz sababçimiz, aka. Men şunday oddiy xulosaga keldim. Özimiz qanday bölsak, hayotimiz ham şunday bölarkan.

Maşina tungi çiroqlardan çaroğon bölgan şaharga kirib borar, men oddiy aravakaşning  jaydari falsafasini xayolan takrorlab borardim: “Özimiz qanday bölsak, hayotimiz ham şunday bölarkan”.

Şodmon OTABEK,

Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan madaniyat xodimi.

1946-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning özbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Yaproqdagi nur”, “Eng baxtli kun”, “Şirmonbuloq oqşomlari”, “Odamiylik sinovlari”,  “Dörmon hangomalari” kabi kitob­lari çop etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…