***
Adabiyot, birinçi navbatda, insonşunoslik, xarakterşunoslik ekanini unutmaslik darkor. Har qanday ötkinçi ijtimoiy muammo, katta gap – falsafa asarda bevosita inson xarakteri, taqdiri tahlilidan tabiiy ravişda kelib çiqmas ekan, hayot haqiqati badiiy haqiqatga aylanmaydi. Uni çinakam badiiy asar deb ataş mahol.
***
Insoniyat hali ulkan isteʼdodlar xizmatini munosib qadrlaş darajasiga kötarilgani yöq. Biz hanuz çinakam isteʼdod sohiblari bilan bu sohaga daʼvogar tamagir, havaskor kosiblarning farqiga yeta olganimizça yöq.
***
Adabiy jarayon bir yerda depsinib turolmaydi, uzluksiz harakatda, özgarişda. Ayniqsa, şiddat bilan özgarib, yangilanib borayotgan jahon adabiyoti bilan hamqadam bölolmagan adib milliy adabiyotda ham öz örnini topolmaydi.
***
Tajriba şuni körsatayotirki, agar tanqidçi nuqul baholaş, faqat ijobiy gap aytiş yölidan boradigan bölsa, yaxşi asarning qadrini ham tuşirib yuborişi mumkin.
***
Şeʼriyat davrning aks-sadosi degan qaraş keng tarqalgan. Unda muayyan asos bor. Biroq çinakam şeʼriyat davrning aks-sadosi bölişi bilan barobar, uning özi ham, butun boşli öziga xos davr, badiiy olam yaratişga qodirdir. Bunday şeʼriyat odamlarning dilidagi, tili uçidagi gaplarni aytiş, köngil rozlarini ifodalaş bilan çeklanmay, köpçilikning xayoliga kelmagan öy-muşohadalar, fikr-tuyğular orqali qalblarni zabt etişi, şeʼrxonlarning özi yaşayotgan davr hodisalari va muhimi, özi, qalbi haqida bilgan-anglaganlarini, tasavvurlarini butunlay özgartirib yuborişi, binobarin, köngillarga ğalayon solişi, hayotiy jarayonlarga kuçli taʼsir körsatişi mumkin.
***
Absurd adabiyotining bir muhim xususiyati şundaki, unda aql-idrok, öz bisotini, hayotini şafqatsizlarça tanqidiy idrok etiş, taftiş qiliş ustuvor, şuning uçun ham unda fojiaviylik kuçli. Inson zoti özining haqiqiy ahvolini anglab yetmasa, uning uçun heç qanday fojia yöq; inson öz mehnatining maʼnisiz ekani, ahvol-holati va hayoti absurddan iborat ekanini anglab yetgan daqiqalardan uning uçun fojia boşlanadi.
***
Maʼlumki, realizm xalqning millat sifatida uyğoniş, özligini taniş jarayonida tölaroq şakllanadi, sanʼat, adabiyotdagi milliy ruh esa hammadan burun xalq kulgisida namoyon böladi. Buning ustiga, realizm öz tabiatiga köra, xolislikni, demokratizmni, mardona haqiqatni, hayotga, şaxsga xilma-xil tomondan yondaşişni taqozo etadi; xalq kulgisi esa badiiy ijod, ifoda tiplari içida eng demokratigi — kulgi oldida şoh-u gado barobar.
***
Hozir bizda şunday jarayon ketyapti: istiqlol bergan erkinlik tufayli milliy adabiyotimiz daryosi tölib-toshib oqyapti, bu oqimda xas-xaşaklar, köpig-u quyqalar behisob. Didli kitobxon hafsalasini pir qiladigan xaşaki “ijod namunalari” bilan barobar, gavharga arzigulik badiiy topilmalar ham yöq emas.
***
Adabiy jarayon bamisoli toşqin paytidagi şiddatli soy oqimi. Unda hamma narsa ayqaş-uyqaş holda keçadi. Çin munaqqid bamisoli mohir ğavvos kabi bu oqim – jarayon içida suzib, yaxşi-yomon, isteʼdodli-isteʼdodsiz, kerakli-keraksiz narsalarni bir-biridan ajratib beradi, yaʼni saralaydi.
***
Adabiyotning badiiyligi bu faqat şakl masalasi, professional bilim, mahorat, sözga sayqal berişdan iborat emas. Sanʼat asarining kuçli va ojizligi, Tolstoy sözlari bilan aytganda, ijodkorning nima haqida gapirişi, qanday gapirişi va qançalik yurakdan, samimiy gapirişiga ham boğliq.
***
Adabiyotdagi mafkurani nuqul taşqi ijtimoiy-maʼnaviy bosim, tazyiq samarasi va unga aks-sado deb qaramaslik darkor. Ulkan sanʼatkorlarda mafkura köpinça çuqur içki ehtiyoj, tabiiy zarurat tariqasida, original ijodiy tarzda namoyon böladi: ana şunda yozuvçining asarda ilgari surgan ğoyalari samimiy çiqadi, inson haqida “insoniy til bilan gapiriş va fikrlaş”ga erişiladi.
Umarali Normatov
2022/5
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


