Kimning O‘zi o‘zida?

0
45
marta ko‘rilgan.

 

 

Do‘lana

Yosh do‘stim P.S.ga

 

Muzliklarga oshyon tog‘lar. Ular tabiat­ning uzoq, sovuq xilvatgohi. Bu oromsiz yuksakliklarda bo‘ron, jala, do‘llar qo‘nadi.

Bu qaltis joylarda do‘lanalar o‘sadi. Ularning ildiz, shoxlari egri-bugri, chayir, barglari ko‘m-ko‘k, mevalari yirik-yirik, shirin bo‘ladi.

Sulton shu yovvoyi tabiat bag‘ridan bir tup nihol kel­tirib hovlisiga qadadi.

U vaqti-vaqti bilan nihol tagini yumshatar, suv quyar, shoxlarini butardi. Shunga do‘lana tik, silliq o‘sdi.

Lekin, lekin bu do‘lananing ildiz-shoxchalari ingichka, barglari sarg‘ish, mevalari kichkina-kichkina, ta’msiz bo‘lib qoldi.

Balki…

Balki, u vahshiy yashinlar vahshati, falakni tilka-tilka etguday o‘kirgan momaqaldiroqlar dahshati, qutirgan bo‘ronlar bilan olishib o‘smaganligi uchun shu holga tushib qolgandir?..

 

 

 

Sahro

 

– Qoraqum sahromi?

– Sahro.

– Qizilqum sahromi?

– Sahro.

– Yo‘q, sahro mening boshim…

 

 

Ot

 

Chavandoz jilovni siltab, otga qamchi bosib boryapti. Ozg‘in Qorabayir dam o‘ngga, dam chapga uchadi.

Jonivor qora terga botgan, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a nafas olyapti.

Chavandoz unga zarracha shafqat qilmadi. Arg‘umoqning boshiga qamchi urdi, qorniga tepdi.

Otning ko‘zidan yosh, og‘zidan ko‘pik sachradi.

Sho‘rlik hali zamon yiqiladi.

Ammo chavandozga ozor berishni o‘ylama­yapti…

 

 

Urug‘

 

(Masal)

 

Cho‘qqi etagida bug‘doy boshoqla­moqda. Cho‘qqi unga ajablanib qarab, mi­yig‘ida kuldi. Bug‘doy buni sezmaganga olib, boshoqlayverdi. Faqat yulduzlar bilan so‘zlashguvchi cho‘qqi:

“Bir gal shu bilan gaplashsam, pa­sayib qolmasman” deb o‘ylab, uni savolga tutdi:

– Erta-indin o‘rilishingni bilasanmi o‘zi?

– Bilaman.

– Shundayam boshoqlayverasanmi?

– Boshoqlayveraman.

– Yo ajab!

– Ajablanadigan joyi yo‘q.

– Sen shunday deb o‘ylaysan-da.

– Sen-chi?

– Menmi?.. Men sening o‘rningda bo‘lganimda boshoqlamasdim.

– Nega?

– Baribir o‘rishadi-da.

– Bu sening falsafang.

– Xo‘sh… seniki-chi?

– Men boshoqlayveraman. Yashashim­ning mazmuni ham shunda.

– Yo ajab!

–Tag‘in nega ajablanayapsan?

– Senga rahmim kelyapti, go‘dak. O‘zingni o‘yla. Axir, umring ko‘z ochib yumguncha-ku.

– Har holda, senikidan uzoq.

– Men asrlarni kechib yashab kelyapman-ku, tentak!

– To‘g‘ri. Lekin nurasang, o‘rningdan boshqa cho‘qqi o‘sib chiqmaydi.

– …

– Mening urug‘larim yer turguncha yashayveradi.

– …

 

 

Mo‘jiza

 

U oddiy qirlardan farq qilmasdi: bahorda mitti ko‘kat va gullarga burkanardi. Yozda qo‘ng‘ir tusga kirardi. Kuzda xazon bo‘lgan o‘tlarni shamollar uchirib ketardi va yer bag‘irlagan toshlar ko‘rinib qolardi. Qishda yog‘in-sochinga belanardi.

Kishilar unga e’tibor berishmasdi. Ularning o‘z yumush-tashvishlari oshib-toshib yotardi.

Bir kuni qirda kon qidiruvchilar paydo bo‘lib qolishdi.

Kishilar e’tibor ham berishmadi. Faqat:

“Ulug‘ tog‘lar turganda!.”. deb to‘ng‘illab qo‘yishdi va o‘z yumush-tashvishlariga ko‘milib ketishdi.

“Qir tagida kon bormish!” degan gap tarqaldi.

Kishilar ishonishmadi. Faqat:

“Joy quribdi-da!.”. deb to‘ng‘illashdi va yana o‘z yumush-tashvishlariga sho‘ng‘ib ketishdi.

“Qir tagidan oltin kon topishdi!” degan gap tarqaldi.

Kishilar: “Taqir qirdan-a!” deb ajablanishdi.

Keyin: “O‘zi g‘alati qir edi-ya!” deyishdi va mo‘jizaga qarashganday unga ajablanib qaray boshlashdi…

1983.

 

 

 

Asal hidi

 

– voqea –

 

Kuch birlikda

O‘zbek so‘zi

 

Tog‘ o‘rmoni chetidagi egri so‘qmoqdan borayotgan qo‘ng‘ir ayiq qor bosib yotgan cho‘qqilarga qarab bo‘kirdi: oq xolli ko‘kragi, dag‘al juni, yo‘g‘on bo‘yni, qapishgan qorni tit­rab-titrab ketdi.

Yana osmonni boshiga ko‘tarib bo‘kirdi: tik qoyada yo‘rg‘alab yurgan qizil qanot /jarqanot/ qush tosh kavagiga, jilg‘a bo‘ylab borayotgan quyon o‘t orasiga bekindi, buloqdan suv ichayotgan ohu o‘rmonga qochdi.

Ayiq tumshug‘ini lojuvard ko‘kka baland ko‘tardi: dimog‘iga qor, ravoch, asal bo‘ylari urildi. U kutilmaganda chap yog‘iga burildi va qizil, pushti jambul, bo‘tako‘zlarni ezib, yanchib ichi kavak o‘rik oldiga bordi.

Kavakda, asalga to‘la oq in tevaragida asalarilar g‘ujg‘on o‘ynashmoqda.

Ayiq asal hididan mast bo‘lib qoldi. Ketma-ket bo‘kirdi. Asalarilar qochmadi. Ayiq nafsini tiyolmadi. Tumshug‘ini kavakka suqib, inni buzdi. Tuman-tuman asalarilar unga yopishdi. Ayiq oldingi oyoqlari bilan ularni tepib, ketiga tislandi. Asalarilar uning yuz-ko‘zi-yu og‘iz-burnilariga nishlarini ayovsiz sanchishda davom etdilar.

Ayiq gandiraklab-gandiraklab yiqildi…

 

1983, Baxmal.

 

 

 

 

Fido

 

Tog‘ning tiniq suvi dalaga yetdi.

Bo‘lindi.

Loyqalandi.

Bug‘landi.

Singdi.

Dala moviy kuyga to‘ldi.

 

1983, Do‘rmon.

 

 

Bitik

 

Yozda Turkiston tog‘iga chiqqandik. Dam olishga bir buloq boshini tanladik. Lash-lushlarimizni o‘tlar orasiga qo‘ydik. Sheriklarim tepamizdagi qorli cho‘qqiga o‘rlab ketishdi. Men archazor o‘rmon oralab yurdim va ko‘m-ko‘k qoyaga duch keldim. Ko‘zim yog‘in-sochin, shamol-bo‘ron tegmaydigan qora tosh kamardagi tasvirlarga tushdi. Bu bitiklar qoyaga qancha chuqur o‘yilmasin, zanjirli asrlar zarbidan xira tortib qolgan edi.

Tasvirlarga sinchiklab tikildim.

Birinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining orqasidan boryapti.

Ikkinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining orqasidan boryapti.

Uchinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining oraqasidan boryapti.

To‘rtinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining orqasidan boryapti.

Beshinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining orqasidan boryapti.

Oltinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan bo‘rining orqasidan boryapti.

Yettinchi bitik:

Odam o‘q-yoy bilan odamning orqasidan boryapti.

Buloq boshiga yig‘ilganimizda, bu haqda hamrohlarimga aytdim. Ular yeb-ichib, o‘ynab-kulib o‘tirishgani uchunmi, eshi­tib-eshitishmadi. Faqat rassom yigit Isfandiyor hayratlandi:

– Agar gaping chin bo‘lsa, bu g‘aroyib hodisa! – dedi o‘rnidan turib, – qani, yur, o‘sha bitiklarni menga ko‘rsat.

Uni qora tosh kamarga boshlab bordim. U qadimgi tasvirlarga uzoq tikilib qoldi va so‘ng o‘zgacha hayajon bilan dedi:

– Bu miloddan uzun yillar oldingi tasvirlar. Do‘stim, u kelajak avlodga bitilgan maktub…

 

30-12-1983, Zomin.

U…

 

U qirg‘oq yoqalab boryapti. Chap tomonida o‘rmonli tog‘ guvullamoqda. O‘ng yog‘ida Qoradengiz qaynab-toshmoqda. Oqqushlar oppoq to‘lqinlarga to‘sh urib uchyapti. Kiprikday tizilgan palmalar dengiz bilan hamohang bir tarzda shovullayotir.

U hayratlanmayapti.

U osmon bilan dardlashayotgan cho‘qqiga chiqdi. Tagida sutdek oq tuman suzyapti. Tuman aro tumanrang ohular ko‘rinib, o‘chmoq­da. Qo‘shni qoyada bir burgut qanotlarini qoqmay, keng yozib uchyapti. Tog‘ boshida qor to‘zg‘iyotir.

U hayratlanyapti.

U tog‘dan qaytyapti. Oyoqlari ostida gullar so‘lmoqda. Tiniq-tiniq buloqlar mungli-mungli qo‘shiq aytib, yot yerlarga oqyapti. Oldinda tubsiz jar ko‘rinayotir.

U hayratlanmayapti…

1985, Gagra.

 

 

 

 

Hayrat

 

Zanjirli tog‘lar bag‘rida yaralgan qoya osmonga qarab gerdayib turibdi.

Ilojini topsa quyoshga tenglashadi.

Ilojsiz.

Zanjirlangan.

Baribir bu atrofda undan baland qoya yo‘q.

Tegrasida oy, yulduzlar parvona bo‘lmoqda.

Olomon hayratlanmoqda.

Qoya parvo qilmayotir.

Quyosh bilan sirlashayotir.

Shoir unga madhiya yozmoqda.

Rassom uni chizmoqda.

Qoya parvo qilmayotir.

Quyosh bilan sirlashayotir.

Qoya ostida maysalar ko‘kartirib jilg‘a oqmoqda.

Hamma chanqog‘ini qondiryapti.

Biroq…

Biroq hamma qoyadan hayratlanmoqda.

 

Bog‘don. 1970-yil.

Ariq va Terak

(Masal)

Qadimdan Qutlug‘ qishlog‘ini oralab bir Ariq oqadi. U Tozalik, Boylik, Hayot ulashib oqadi.

Yaqinda shu Ariq labida, simday ingichka Terakcha paydo bo‘lib qoldi. U oy sayin to‘la­shib, bo‘y cho‘zib bordi.

– Ey Ariq, – dedi bir osuda tongda Terak ke­rilib, – men tiniq daryo bo‘yida o‘sardim, unda oppoq tanam ko‘rinib turardi!

– Buni mening qirg‘og‘imga kelgan kuning sezgandim.

Terak kesatiqni sezmadi. Gapida davom etdi:

– Bu yer bo‘lsa xunuk, zerikarli.

– Unday bo‘lsa, nega kelding?

Bu gap Terakka og‘ir botdi.

– Senga ko‘rkamlik baxsh etish uchun kel­dim, – dedi alam bilan.

– Hali o‘zing ko‘rkamlik nimaligini bilma-ya? – Ajablandi Ariq.

Terak tutoqdi:

– Sen yaxshilikni bilmaysan, iflos Ariq! Men sening bug‘lanmasliging uchun soya tashlab turibman-a!..

– Odatda ko‘rkamlik baxsh etuvchilar so‘kinmas edilar.

Bu piching terakning badanini teshib o‘tdi. Nima deb javob qaytarishni bilmay qoldi. Oxiri alamiga chidolmay dedi:

– Muncha loyqasan, sassiq suv! Xuddi to‘ng‘iz bulg‘agan ko‘lmakka o‘xshaysan!

– Bo‘lmasa nega qirg‘og‘imni tashlab ketmaysan? Kun bo‘yi tepamda qoqqan qoziqday qaqqayib turasan.

– Menga bunday gapni aytishga qanday botinding, loyqa?! Shoshma, hali seni jim oqishga majbur qilaman!

 

Ariq indamadi.

Lekin ko‘nglida boshqa yoqqa oqish istagi tug‘ildi…

1972, Toshkent.

 

Evril TURON

 

 

 

 

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.