Badiiy tarjima – chinakam ijoddir

0
120
marta ko‘rilgan.

Saidjalol Saidmurodovga maktub

 

Aslida hozir aytmoqchi bo‘lgan fikrlarimni maqola shaklida yozib, keyin o‘qib ko‘rish uchun sizga bersam ham bo‘lardi. Lekin, bu erda – “YoshlikningMaktubotruknidan foydalanib, siz bahona ko‘nglimdagilarni tengdoshlarga aytib olsam degan bir istak bor. Keling, o‘zimiz, yonatrofimiz haqida gaplashaylik. Ko‘ngildan, samimiyMulohazalarimizning to‘g‘rinoto‘g‘riligini baholash o‘quvchiga havola

Yaqinda Bobur (Bobur Elmurod) bir gapni aytib qoldi: “Talabalik paytimizda Saidjalol bir asarning tarjimasi ustida ishlayotgan ekan. O‘shanda mendan asardagi she’riy parchalarni tarjima qilib berishimni so‘radi”. Ana shu gapdan keyin siz tarjima qilgan asarlarni azbaroyi qiziqqanimdan qayta xatm qildim. Chunki asarlardagi she’riy parchalarni o‘zingiz o‘girmasdan, yaxshi shoirga murojaat qilganingiz sizning ishga professional yondoshuvingizdan darakdir, deb o‘yladim.

Saidjalol, tan olishim kerak, sizning faqatgina tarjimalaringizni o‘qiganman. Garchi o‘z asarlaringizni o‘qimagan bo‘lsamda, tarjimalaringizga qarab, sizni yaxshi ijodkor sifatida taniyman.

Bundan besh yo olti yil avvalYoshlikda Jek LondonningOqsoqollar ittifoqihikoyasini o‘qib qolgandim. Bu yozuvchining ijodiga bo‘lgan mehrim sabablimi, shunchaki varaqlab o‘tib ketolmaganman. Keyin, tarjimonni ham ancha yoshi ulug‘ inson deb tasavvur qilganman. Stulning suyanchig‘iga tirsaklarini tiragancha o‘ychan nigoh bilan qarab turgan Jek London va uni o‘zbek tilidagapirtirgantarjimon bitta odamdek tuyulgan menga negadir. Keyinchalik esa, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Kitob dunyosi”, “Oila davrasidakabi gazetalar, “Yoshlik”, “Jahon adabiyotikabi jurnallar, internet saytlarida tarjimalaringizni o‘qidim. Tanidim, tanishdim. Tanishdik

Remark, O‘Genri, Alfons Dode, Vladimir Nabokov, Pavel Basinskiy, Elfrida Yelinik, Yuriy Kazakov, O‘rxon Kamol kabi etuk adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga o‘girishga etgan jur’atingizni hurmat qilib tarjimlaringizni, iloji boricha, o‘qib borishga harakat qildim. E’tiroflarim aniq, ammo ayrim e’tirozlar tug‘ilganda bir chekkaga yozib qo‘ymaganimni qarang. Shu xat bahona ularni ham aytib ketardim.

Men, ayniqsa, Yevgeniy Yevtushenko va Mario Vargas Losa bilan bo‘lgan suhbatlarning tarjimasini o‘qib, bir nusxadan o‘zimga olib ham qo‘yganman. Qaytaqayta o‘qib turish uchun. Vargas bilan suhbatni o‘qiy boshlaganimda, yozuvchining ijodiy uslubiga doir magicheskiy realizmatamasini negafusunkor realizmdeb tarjima qildi ekan, deb o‘ylaganim yodimda. Keyin ham bir muddat xayolimdan ketmadi shu savol. “Sehrli realizmyokiMo‘jizaviy realizmdesa bo‘lmasmikan, derdim. Shu xayollar Vargas ijodi bilan ham tanishishga turtki berdi. Katta bir olamga tushgandek bo‘ldim. Siz ishlatganfusunkorso‘zi esao‘z joyida ekan

 

* * *

Tarjimonlikning mashaqqatini o‘zimcha bilaman

Bilasizmi, ko‘pchilik adabiy tarjimani oson ish deb o‘ylaydi. Go‘yoki, bir asarni olasan-da, tanish so‘zlarni o‘z tilingga o‘girasan-qo‘yasan, tamom…

Yo‘q! Yozuvchi o‘zi istagan mavzuda, emin-erkin, asarning voqelariyu ruhiyatini o‘z qarashlari asosida yozishi mumkin. Lekin tarjimon bunday qilolmaydi. U baribir muallif bilan hisoblashishga majbur. Asarning g‘oyasi, mazmuni, maqsadidan chiqib ketmagan holda, iste’dod va bilim darajasi doirasida o‘z tilida qaytadan asar yaratadi, desak bo‘larmikan… Unga ikki tilni bilishning o‘zi kamlik qiladi. Adabiy bilim, badiiy did va Xudo bergan iste’dod bo‘lmasa, tarjima qilingan asarning so‘zma-so‘z o‘girilgan oddiy matndan farqi qolmaydi. Oddiy matn tarjimasini esa, o‘zingiz bilasiz – ozgina harakat qilsa, hamma ham eplay oladi.

So‘nggi paytlarda “Yoshlik”da berilayotgan xatlarni o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Men ham bir-ikkita tarjimalaringiz haqida gapirib, sizning ijodingiz bilan cheklanib, xatni yakunlamoqchi edim, aslida. Lekin, bir tengdoshga, bir do‘stga aytmasam kimga aytaman, deya o‘ylab yurgan boshqa mulohazalarim ham bor. Tarjimon bo‘lganingiz uchun ham sizga aytaman…

Viloyat va tumanlardagi gazeta-jurnallar qoshida, oliygohlarda tarjima to‘garaklari bor. Ana shu to‘garaklarda ishtirok etayotgan yoshlarning ko‘pchiligini oliy ta’lim muassalalarining chet tili fakultetlari talabalari, til o‘rganishga qiziqadigan yoshlar tashkil qiladi. Ularning bir-biri bilan turli chet tillarda gaplashishlarini ko‘rib havas qilasiz. Lekin chet tilini bilish – bu adabiy tarjima qila olish, degani emas. Men ana shu to‘garaklarga faqatgina chet tilini biladigan yoshlar emas, chet tilini bilmasa ham ko‘proq iste’dodli ijodkor yoshlar jalb qilinsa yaxshi bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Ijodkorga tarjima nazariyasini o‘rgatish ikki tomondan foydali, menimcha: birinchidan, yaxshi shoir yoki nosir biror asarni o‘zbek tiliga o‘girsa, o‘zbek adabiyoti yaxshi asar bilan boyiydi. Ikkinchidan, o‘sha yosh tarjimon chet tilidan asarni tarjima qilar ekan, o‘zga mentalitet, o‘zga qarashlar bilan bilimi, ruhiyati ochilib, iste’dodi charxlanib boraveradi. Natijada, kelajakda hozirgidan ham yaxshiroq asarlar yozishga ruhiy va ma’naviy quvvat oladi.

Axir, biz “Jahon adabiyoti durdonalari” deya sevib o‘qiydigan she’rlarni o‘zbekning eng yaxshi shoirlari tarjima qilgan-ku. Eng yaxshi nasrni bizning qo‘limizga o‘zbekcha qilib “tutqazgan”lar ham shunchaki chet tilini bilgan havaskor qalamkashlar emas, katta-katta yozuvchi, yo bo‘lmasa adabiy bilimi va didi juda yuqori bo‘lgan ijodkorlardir.

Menga tarjimonlarning aynan ana shu jihati – ijodkorligi juda yoqadi. Misol uchun, o‘zim taniganim va bilganim uchun, Shahnoza Rahmonova hamda Hilola Ro‘ziyevalar haqida gapirsam. Shahnoza opa ham, Hilola ham adabiyotni yaxshi tushunadi, o‘zlari ham ijod qilishadi. Shahnoza opaning rus, ingliz tillaridan qilgan nasriy tarjimalarida bir umumiylik, Hilolaning ispan tilidan o‘girgan she’rlarida alohida bir o‘ziga xoslik bor – ushbu asarlarda shunchaki chet tili bilimdoni emas, yuragi uyg‘oq ijodkor nafasi sezilib turadi. Tarjima qilingan asarlari o‘zbek tilida yozilgandek go‘yo… Bundan tashqari, Qandilat Yusupova, Muslim Musallam, Rafiq Saydullo va boshqa, bizdan bir necha yosh katta va kichik, tengdosh ijodkorlar ham aynan o‘zlari ijod bilan shug‘ullanganlari uchun tarjimalari ham yaxshi chiqyapti deb o‘ylayman.

So‘nik, ruhsiz, quruq tarjimalar qalbni o‘ziga rom etolmaydi. Tarjimalardan ijodiy ruh, quvvat talab qilganimiz bois bugun har qanday xorijlik yozuvchining asarini ham o‘qiyvermaymiz. Noqobil tarjimon hatto eng zo‘r yozuvchining asarini ham nobop holga keltirishi mumkin.

Bugun hammamiz ko‘rib, ko‘nikib turgan borayotgan bir jihat ham bor. Ko‘plab gazeta jurnallarimizda yosh yigit-qizlarning ingliz, nemis, koreys, yapon va boshqa tillardan o‘girgan tarjimalari chop etilyapti. Yoshlarning til bilgani yaxshi, lekin tarjimalardagi uslubiy xatolar, g‘alizliklardan seziladiki, ayrim nav­qiron mutarjimlarimiz chet tilini bilgani holda o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan yetarli foydalana olmayapti. Biroq, ajablanarlisi shuki, ularning hech biri o‘zining tarjimasini yomon demaydi. Xuddi hech bir ijodkor o‘zini yomon shoir, yomon rassom yoki yomon rejissyorman, demagani kabi… Chet tilini bilgan yosh ijodkorlarga tarjima nazariyasini o‘rgatish kerak, adabiy tarjimani ijodiy ruhi, kayfiyati bor kishi qilishi kerak, deganimning sababi ham shunda.

Bugun ustoz tarjimonlarimiz, aytaylik, Ibrohim G‘afurovning Ernest Xeminguey, Gabriel Garsia Markesdan qilgan tarjimalarini maroq bilan o‘qiymiz. Holbuki, bu asarlar ingliz yoki ispan tilidan emas, rus tili orqali tarjima qilingan. Ya’ni, tarjimonga bog‘liq bo‘lmagan holda, asliyatdan rus tiliga va rus tilidan o‘zbek tiliga o‘tayotgan chog‘ida qaysidir ifodalar beixtiyor o‘zgarib ketgan bo‘lishi mumkin. Ammo, ishonamanki, ularda eng muhim narsa, ya’ni muallifning ruhiy quvvati, tasavvur va tafakkur kuchi saqlanib qolgan. Bugun “Men originaldan tarjima qilyapman, shu bois ifodalarim asliyatga to‘g‘ri”, deb da’vo qilayotgan ba’zi tarjimonlarimiz ana shu muhim vazifani bajarishda – matnning botinidagi ruhiyatni bor ko‘lami va salmog‘i bilan yetkazishda no‘noqlik qilmoqda, faqat so‘zlarning zohiriy qismini o‘girish bilan cheklanmoqda, xolos.

Saidjalol, modomiki, tarjimonlik haqida gaplashayotgan ekanmiz, yana bir jihatni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. Oxirgi paytlarda o‘zbek tilidagi asarlar, xususan, she’rlarni chet tiliga tarjima qilish hajmi sezilarli ko‘paydi. Bu yaxshi, albatta. Chunki sportchilarimiz kabi shoiru-yozuvchilarimizning ham jahon sahnasiga ko‘proq chiqadigan payti keldi. Ammo shu o‘rinda savol tug‘iladi: tarjimonlarimizning hammasi ham o‘zlari o‘rgangan chet tillarning ma’no nozikliklarini, ifoda imkoniyatlarini to‘la o‘zlashtirganmi? O‘zbek tilidagi asarni boshqa tilga o‘girish chog‘ida faqat o‘zlari bilgan, tor doiradagi ifodalar bilan cheklanib qolmayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari haqida boshqa millat vakillarida xato tasavvur uyg‘onib qolmaydimi? Ehtimol, o‘zbekcha asarlarni chet tiliga o‘girish uchun xorijlik usta tarjimonlarni jalb qilsak to‘g‘riroq bo‘lar! Axir, har bir tilning nozik jihatlari, rang-barang imkoniyatlarini o‘sha tilni ona tili deb biluvchi ijodkordan yaxshiroq his qiladigan tarjimon bormikan?!

“Ular bu asarlarni qachon topib o‘qiydi-yu, qachon tarjima qiladi?” degan e’tiroz tug‘ilishi mumkin. Buning uchun biz, birinchi galda chet tilini biladigan ijodkorlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yo‘llar bilan tanishgan xorijlik ijodkor do‘stlarimizga eng yaxshi asarlarimizni tavsiya qilishimiz darkor. Mayli, birgalikda, o‘zaro hamkorlikda tarjima qilaylik. Toki tarjimaga o‘sha tilga mansub ijodkorning ham ko‘zi tushsin, qalami tegsin.

Gaplarim ham poyintar-soyintar bo‘lib, biroz cho‘zilib ketmadimikan, Saidjalol? Xat so‘ngida bir xulosa va tilak (aslida istak) aytay.

Yuqorida o‘zingizning ijod namunalaringizni o‘qimaganimni aytdim. Bu mening kamchiligim, albatta. Nima bo‘lganda ham, sizda yaxshi asarlar yaratish uchun boy ijodiy zaxira yig‘ilib borayotgani shubhasiz. Ma’naviy va ruhiy quvvatingiz ana shu yo‘sinda, ya’ni bugungiday o‘qishli tarjimalaringiz bilan boyib borar ekan, kelajakda sizdan, o‘z qalamingizdan ham pishiq-puxta asarlar kutsak bo‘ladi. Ajab emas, bir kuni xorijlik tarjimonlar ham sizning, Saidjalol Saidmurodovning asarlarini o‘z tillariga tarjima qilsalar! Orzuga ayb yo‘q, deydilar, axir.

 

Dadaxon MUHAMMADIYEV

 

1989 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.