Bir avlodning ikki ovozi

0
249
marta ko‘rilgan.

Sanjar Tursunov hamda Olim Jumaboyev tengqur, ammo yurgan ijodiy yo‘li bir-biriga o‘xshamaydi. Sanjar ekspriment qilishga usta, Olim an’anaviy nasrimiz yutuqlarini puxta egallagan. Albatta, bu fikr ko‘proq shakliy izlanishlarga taalluqli. Ularni birlashtirib turgan mushtarak jihat esa milliylikdir. Chunonchi, chekayotgan dard va iztiroblari ham bir-biriga begona emas. Sanjarning bitiklarida Surxon ruhi bo‘y ko‘rsatsa, Olimning yozganlarida Jizzax muhiti ustuvor. Bu xususiyat asar qahramonlari tiynatida aks etadi. “Sunbulaning so‘nggi oqshomi” kitobida Sanjar hikoyama-hikoya ijodiy o‘sib borgani kuzatilsa, Olimning “Bir o‘zbek o‘yi” to‘plamiga kirgan dastlabki hikoyalar unda xalqimiz xarakteriga xos illatlarni beshafqat fosh etuvchi qarash shakllanganidan darak beradi.
Qizig‘i shundaki, har ikki yozuvchi qahramonlarini birlashtirib turgan umumiy jihat – ularning atrofdagi odamlar tomonidan adolatsiz ravishda jamiyat hayotidan chetlatilganidir. “Nuqtasiz gap” hikoyasidagi Botir va u ko‘ngil qo‘ygan qiz, “Tog‘lar orasida” hamda “Uy” qissalaridagi Olim va Alpi, Suyar va Suluvxol ana shunday qahramonlardir. “Uy” – “Bir o‘zbek o‘yi” kitobiga kirgan muvaffaqiyatli qissa. Asarni o‘qigan ziyrak o‘quvchi o‘ziga, “nahotki biz shunday xalqmiz”, degan achchiq savol beradi. Qissada ocharchilik yillarida ovuldoshlariga qo‘y so‘yib berib, bug‘doy ulashib, ularni halokatdan omon chiqishiga yordam bergan Shodmonboy ota­ning uyi, bog‘i va yeri, u vafot etgach, merosxo‘r farzandlari Suyar va Suluvxoldan nohaq tortib olinadi.
Ajablanarlisi, uyga ega chiqqan begona emas, Suyarning amakilari. Ular til biriktirib, bir muddat qarovsiz qoldirilgan uyni buzib tashlaydi. Oqibatda Suyar, uning kasalmand onasi hamda beva singlisi Suluvxol yetim bolasi bilan qishning qahraton chillasida ko‘chada qoladi. Buzilgan uydagi barcha narsani ovuldoshlar tashib bitiradi. Uyni tiklash uchun esa Suyarga hech kim yordam bermaydi. Faqat Shodmonboy otaning ukalaridan biri uyga ega chiqish tamasi bilangina Suyar va uning oilasiga biroz vaqtga uyidan joy beradi. Oqibatsizlikka dosh berolmagan kasalmand ona o‘g‘lining to‘yini ko‘rolmay olamdan o‘tadi. Suyar onasini tamagir amakisi uyidan so‘nggi yo‘lga kuzatadi. Buzilgan uyini bir o‘zi tiklay olmagan o‘g‘il onasining qirqini o‘tkazib, shaharga qaytishga majbur bo‘ladi. Egasiz qolgan uy va bog‘ni esa uning amakilari bo‘lib oladi. Natijada, bir oila parokandalikka uchraydi.
Bu, albatta, faqatgina bir oilaning fojiasi emas. Agar oilani vatan ichra kichik bir vatan ekanini hisobga olsak, uning butun bir millat fojiasi ekani oydinlashadi. Sanjar Tursunovning qahramonlari esa Olim Jumaboyev qahramonlaridan farqli o‘laroq jamiyat hayotidan chetlatilgach, tabiat bag‘ridan panoh topadi. Insondan qochib, bo‘riga do‘st bo‘ladi.
Sanjar “Sunbulaning so‘nggi oqshomi” kitobiga kirgan ayrim hikoyalari, ayniqsa, “Tog‘lar orasida” qissasida asarning tili bilan bog‘liq eks­perimentga qo‘l urgan. U dialoglarni berishda telegraf usulidan foyda­lanmay, ularni matn bag‘riga yoyib, singdirib yuboradi.
Shuningdek, mazkur qissada tabiat bilan qahramon ruhiyati uyg‘un tasvirlangan o‘ziga xos chizgilarga duch kelamiz. Jumladan, “Osmonga qarayman: go‘yo zarang o‘tin tutunidan yarmi oqish, yarmi ko‘kimtir bulutlar… Chopib Sanam momoning uyiga boraman… Momo sochini yoyib, yerni mushtlab yig‘layotgan bo‘ladi… Ishonasizmi, yana nima uchundir shoshib osmonga qarayman, keyin momoning boshiga: ikkisiyam bir xil bo‘ladi. Yarmi oqish, yarmi ko‘kimtir…”
Sanjar Tursunov tog‘lar bag‘rida ulg‘aygan yozuvchi. Uning tog‘dan topgan hikmatlari yozganlariga ko‘chib o‘tgan. Jumladan, u “Nuqtasiz gap” hikoyasida inson hayotini burgut qismati orqali shunday aks ettiradi: “Burgut o‘limini sezsa, o‘zini qoyaga urarmish… Bu uning uchun yagona yo‘l emish… Bo‘lmagan gap. Barcha yaratiqda – insondan tortib qu­mursqagacha ikkita yo‘l bor… Qirq yilda bir yigit voyaga yetadi. Burgut ham shu yoshida katta imtihon topshiradi. U qirqqa kirganida qariydi. Yetmish yashar odamday kuch-quvvatdan qoladi, ko‘zi xiralashadi, tirnog‘i bilan tumshug‘i o‘sib ketadi. Tumshug‘i buralib bo‘yniga tegadi… Shunda eng baland cho‘qqiga chiqib, tumshug‘i bilan tirnog‘ini besh oy toshga uradi. Uraveradi. Buni qayta tug‘ilish deydi. Burgut besh oy davomida asliga – kuch-quvvatga qaytadi. So‘ng yana osmonni to‘ldirib uchib yuraveradi. Birinchi yo‘lni tanlagan burgut esa parcha-parcha bo‘lib ketadi. Chunki ikkinchi yo‘lni tanlashga hamma burgutning ham yuragi dov bermas ekan”.
Albatta, ikkala kitobda ham hali maromiga yetmagan asarlar bor. Sanjar Tursunovning “Bolakay” hamda “Gulsevar” hikoyalari, Olim Jumaboyevning “Itoatnoma” qissasi ana shunday asarlar sirasiga kiradi.
Sanjar Tursunovning “Sunbulaning so‘nggi oqshomi” hikoyasida 153 kun yashab, olamdan o‘tgan qizaloq voqeasi sanoqsiz qarg‘alar hujumi tufayli halok bo‘lgan ulkan qush voqeasiga muqoyasa qilinadi. Bu yozuvchining o‘ziga xos topilmasi. Ammo muallif ikki voqea ham taqdir hukmi tufayli sodir bo‘ldi, degan xulosa chiqaradi. Aslida, qarg‘alar qizaloq nima uchun vafot etganini izohlashi, unga ishora qilishi, ehtimol, ular hikoyada aytilmagan qizaloq vafotiga sabab bo‘lgan gunohlar yoki qilmishlarni va ana shu qilmishlarni amalga oshirgan odamlarni ramzlantirishi kerak edi.
“Gulsevar” hikoyasida muhabbat mavzusi sodda, beg‘ubor, biroq ayni paytda biroz chapani va to‘pori bo‘yoq­larda aks etgan. Uni o‘qigan o‘quvchi o‘ziga, hikoya muhabbat haqidagi boshqa asarlardan nimasi bilan farq qiladi, degan savol berishi tabiiy? Afsuski, bu savolga ijobiy javob topish amrimahol. Chunki Sarvar va Gulsevar yuragida kechayotgan tuyg‘ular boshqa oshiq-ma’shuqlar qalbida ham xuddi shunday kechmog‘iga shubha yo‘q. Aytmoqchimizki, eski mavzu haqidagi hikoyada biror-bir “kashfiyot”ga duch kelmaymiz. Ushbu fikrlar “Itoatnoma” qissasiga ham birdek tegishli. Bu kabi kamchiliklar ularning kelgusi asarlarida tuzatilishiga ishonaman. Do‘stlarim mahalliy doirani yorib chiqib, umumbashariy asarlar bitishiga tilakdoshman.

Nasrullo ERGASh

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.