Tuyg‘ularga hamnafas ko‘ngil

0
52
marta ko‘rilgan.

Yozuvchi bo‘lish oson emas, agar bu korning etagidan tutdingmi, demak, belingni til tegmagan so‘zlardan yasalgan belbog‘ bilan bog‘lab, boshingga aql va tafakkurdan chodir yasab olmasang, bu maydonning zahmati og‘ir. Ijodkor – u shoir bo‘ladimi, yo nosir bo‘ladimi – qalb amri bilan ish ko‘radi, tuyg‘uga tayanadi, orzulari va armonlaridan hisob so‘raydi, ko‘ngligi og‘ir botsa, cho‘kadi, shodlansa, tog‘day yuksaladi.
Go‘zaloy Solih qi­zining “G‘oliba” hamda Bibi Robia Saidovaning “Kak­ku ovozi” nomli kitoblarini o‘qib, ularda ayni ko‘ngil adabiyotining darvozasini chertayotgan qalb tovushlarini eshitishimiz mumkin.
Go‘zaloy Solih qizining “G‘oliba” kitobini varaqlar ekanman, avval, mundarijani ko‘zdan kechirdim: “O‘rindiq”, “Chorrahadagi uy”, “G‘oliba”, “Baxt”, “Shaharlik qiz”, “Eldor”, “Mehr rishtasi” nomli hikoyalar bilan birga “Sog‘inish” qissasi e’tiborimni tortdi. Zamon bilan hamnafas qiyofa kasb etgan bu qissada voyaga yetgan qiz qalbida nafis tuyg‘ular­ning kurtak yoyishi, kezi kelganda ko‘ngil amriga itoat, kezi kelganda sinovlarga isyon, sabr, umid, ishonch, bir qadar shumlik va ayyorlik, ammo sadoqat aks etgan.
Qissani o‘qir ekansiz, bugungi kunda hammaning hayotida ham sodir bo‘layotgan voqeaday tuyilishi, hatto hikoya yakuni oldindan bilinib, sezilib turishi ham mumkin, lekin kishining o‘qigisi keladi. “Keyin nima bo‘libdi? Endi nima bo‘ladi?” degan ichdan sizib kelayotgan savollarga javob topgingiz kelaveradi. Bir nafasda o‘qishli, hayotiylik kasb etgan qissada asosiy voqealar faqat ikki kishining suhbati asosiga qurilgan bo‘lib, qiz tuyg‘ulari tasvirlanadi. “G‘oliba” hikoyasini chindan ham ijodkorning yutug‘i deb bildim. Hikoya qahramoni kurash maydonida ketma-ket g‘oliblikka erishib, raqibalarini, Tog‘ay Murod ta’rifi bilan aytganda, “yulduz sanashga” majbur qilayotgan bo‘lsa ham, o‘z taqdiri oldida mag‘lub.
Oyni hikoya qahramonining ko‘z yoshlarida o‘z aksini qidirish bilan ovora qilgan yosh ijodkor Bibi Robia Saidovaning ijodida inson va insonlarning o‘zaro munosabatidan ko‘ra tabiat tasviriga ko‘proq urg‘u berilishini, jonlantirish kuchliligini ko‘rish mumkin. “Kuz yomg‘iri”, “Hizr tashlagan qanot”, “Ey, Ins…” kabi hikoyalarda, ayniqsa, bu tasvir ko‘zga yaqqol tashlanadi. Quyoshning o‘ziga tegishli bo‘lgan hududni birrov ko‘zdan kechi­rishi, o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan hikoya qahramonining ahvoliga achingan shamol uni ayla­nib-o‘rgilib, tug‘izishga urinishi kabi o‘xshatmalar, menimcha, Bibi Robianing yutug‘iday, uning xayolot dunyosi kengligini ko‘rsatganday.
“Kakku ovozi” nomli hikoyasi ham bugungi kunda ommalashgan durovoz orqali tanishuv va undan keyin sodir bo‘ladigan bizga tanish bo‘lgan voqealar asosiga qurilgan bo‘lsa ham, muallif uni o‘z so‘zlari, o‘z tuyg‘ulari bilan berishga harakat qilgan. Hikoya bosh qahramoni – Xanifa Dilqulova. Ism qahramonning xarakteriga moslab tanlangan. Xanifa – arabcha g‘amxo‘r, mehribon qiz degani. Dilqulova – ma’no­sidan ham anglanganidek, qalb amriga suyanadigan, itoat qiladigan qahramon. Mana shu yumshoq tabiatli qiz, uning tuyg‘ulari, o‘zi va o‘zi haqdagi o‘ylari, atrofdagi dugonalari, dugonalarining Xanifaga qilgan hazillari va uning rostga aylanishi, har kuni telefoniga qizlarning hazili bilan keladigan kakku ovozli SMS-xabarlarning chinga aylangunicha bosh qahramon ham ko‘p narsalardan voz kechishi kabi voqealar hikoyaning asosini tashkil etadi. Hikoyaga uncha katta yuk yuklanmagan bo‘lsa-da, nosiraning o‘quvchini o‘ziga qaratib, diqqatini ushlab turadigan nimasidir borday. Mana shu nom berilmagan “nimadir” de­ganimiz balki ijodkorning o‘ziga xos bo‘lgan yutug‘i bo‘lishi mumkin.
Adabiy asar tarkibini tasnif etishda shakl va mazmun alohidalik kasb etadi: g‘oya, mavzu-mazmun unsurlari hisoblansa, kompozitsiya, syujet, obraz, asar tili kabilar shakl unsurlardir. Mana shular asarni umrboqiylikka yetaklovchi birinchi darajadagi vositalar hisoblanadi. Yozuvchi tomonidan insho qilingan badiiy asar ayni hayotdan ko‘chirilmasdan, ijod labarotoriyasida qayta ishlanib, to‘yintirilar ekan, uning ya­shovchanlik xususiyati shuncha ortadi. Yosh ijodkorlar Go‘zaloy Solih qizi hamda Bibi Robia Saidovaning ijod namunalarini katta adabiyotga kirib kelayotgan kichik qadamlar desak arzirli. Ularning qadamlari shaxdam bo‘lishini tilab qolamiz.
Yuqoridagi tahlilga tortilgan qissa va hiko­yalarni ham adabiyotimiz namunasi sifatida qabul qilsak bo‘ladi. Ijod namunalarini bahorda ilk ko‘z ochgan kurtaklar kabidir. Yosh mualliflar SO‘Z bo‘hronlariga qanchalik sabr bilan chidam berar ekan, ularning dunyoga keltirgan farzandi – ASARi vaqt tegirmonidan oson chiqqay, inshaalloh!

Zebo SOBIROVA

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.