Muhabbat haqidagi mahzun qo‘shiq

0
82
marta ko‘rilgan.

Jamila ERGASHYeVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi:

 

– “Yurtkezar” – elning dardiga malham bo‘lib yurt kezib yurguvchi oqko‘ngil tabibning navbatdagi bemorini izlab qilgan safari haqidagi mo‘jazgina bir hikoya. U tabib amakisiga safarda yo‘ldosh bo‘lgan jiyan tilidan hikoya qilinadi. Jahongashta tabib olamni ham, odamni ham chuqur idrok qiladi, bemorga olib boruvchi Katta Machay qishlog‘i yo‘lidagi tabiat manzaralarining o‘ziga xos ifodalari, tabibni ilondan qutqargan qushlar haqidagi lavha, bemor ayoli uchun yalinib-yolvorib, tabibni boshlab ketayotgan keksa kishini Boysunning ulkan  xazina ekanligi haqidagi fikrlarini eshitiboq, “Bu odam olim odamga o‘xshaydi”, deya kecha uyida durustroq mehmon qilmaganidan xijolat bo‘lganligi ana shu nozik idrokni izohlashga xizmat qiladi.

Tabib amakiga hamrohlik qilib borayotgan roviy o‘sprinning tevarak-atrof haqidagi mufassal tasviri o‘quvchini har qancha mahliyo qilmasin, hikoyani o‘qish jarayonida ko‘ngilda bir mungli, lekin yorug‘ muhabbat qo‘shig‘i uning qalbiga sizib kiradi. Tabib ko‘p yillar avval shu o‘rtadagi bir amaldorning xonadoniga kelib, qizini ko‘rganini, qizning qalbida yashash istagi yo‘qligiga guvoh bo‘lganini hikoya qilib beradi. Manzilga yetgach, suyagi chiqib, payi cho‘zilgan bemor kampirni davolash jarayonida uning ziyolinamo gap-so‘zlari, cholu kampirning yolg‘iz turmushlari sinchi tabib bilan birga o‘quvchini ham beixtiyor hushyor torttiradi.

Muolajadan keyingi ziyofat, izzat-ikromdan so‘ng kuzatgani chiqqan mezbon hikoyaning va o‘quvchining ko‘nglidagi tugunni yechib yuboradi: kampir ishq yo‘lida ota yurtdan shu yerlarga kelib qolgan chechen qizi edi. Ular institutda birga o‘qishgan, ne-ne tavallolar bilan ota-onasining roziligini olib, qishlog‘iga olib kelgan. Qiz bir umr institutning geolog olimasi sifatida shu tog‘li qishloqda tadqiqot olib borgan. Yor ishqi bilan begona yurtlarda umrini o‘tkazgan poshikasta eriga “O‘lsam, yurtimga, otamning poyiga eltib ko‘masiz”, der ekan. “Siz kasaliga davo topolmagan o‘sha qiz mening yagona qizim edi. Toshkentda o‘qidi. Asli chechen bo‘lgan samarqandlik kursdoshidan ko‘p sovchi keldi. Qaytardim. O‘zimning Boysunimga beraman, dedim. Ikkisigayam buyurmadi. O‘ldi-yu, ketdi. Qaynotam aytgich edi, qiz bolani birinchi va qo‘ymay so‘raganga ber, shunisi chinbaxt, qolgani badbaxt”.

Roberto Arltning bir gapi bor: “Roman ochkolar bilan yutsa, hikoya nokautlar bilan g‘olib keladi”. “Yurtkezar” hikoyasi mana shunday mahzun nokaut bilan xotimalanadi.

Hikoyada muallif e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan kichik kamchiliklar ham yo‘q emas. Ba’zi o‘rinlarda qaytariqlar mavjud. Ammo bular hammasi tuzatsa bo‘ladigan kamchiliklardir. Muhimi, muallifning dardi va o‘z aytar so‘zi bor.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.