Shotutlar qon bo‘ldi, uzumlar mayiz…

0
76
marta ko‘rilgan.

Tahririyatimizga she’riy mashqlarini jo‘natadigan yoshlarimiz ko‘p. Bir juft bo‘lsa-da, she’rlari jurnal sahifalarida chop etilishini xohlaydilar. Ammo, nimayam derdik, hali “obi tobiga” yetmagan mashqlarni e’lon qilib, yosh niholga ziyon, o‘quvchiga malol yetkazgimiz kelmaydi.

Farg‘ona viloyatidan kelgan navbatdagi maktub esa birdan e’tiborimizni tortdi. Avvalo, o‘ta ixchamligi va noodatiyligi, qolaversa, she’rlardagi samimiyatu yangi ifodalari bilan. Maktubga ham, she’rlarga ham ortiqcha izoh, sharh bermasdan, e’tiboringizga havola qilishni ma’qul topdik.

Tahririyatdan

 

***

Bundan o‘n yil oldin

Suqilgan ko‘chat
Yerda ildiz otib,
Hosil bergandir.

Bundan o‘n yil oldin
Tug‘ilgan go‘dak
Suyak-eti qotib,
Botir bo‘lgandir.

Bundan o‘n yil oldin
Dorilfununda –
Kunlar uzunmidi,
Yilga nisbatan?!

Bundan o‘n yil oldin…
Yomg‘irli tunda
Behad suluv eding,
Agar… Eslasang…

So‘nggi daraxt

 

Bir daqiqa olmasang nafas
Va o‘pkangga bormasa havo.
Ko‘zing irg‘ib, ko‘karib, noxos
Tipirchilab qolarsan, ammo

Dahshatlisi, sog‘ aql bilan
Tanazzuling anglagan holda.
O‘y surarsan, ildizim silab
Bir qo‘lingda zanglagan bolta.

 

Idil

 Bunda
Osmon pastlab ketganday
Bulutlarga etguday qo‘ling.
Og‘ir toshlar tushar elkangdan,
Xayolingga kelmaydi o‘lim.

Go‘yo qadim zamondan beri
ovloq go‘sha yoqib qolganu
qaynoq qumga bag‘rini berib
uzun bo‘lib yotib olgan suv.

 

Sen

 Sen sira ham avtobusda yurmaysan.
Odam zich joylarda yo‘qliging aniq.
Issiq nonga navbat kutib turmaysan,
Bozorga tushmaysan savat ko‘tarib.

Chetlanib o‘tasan xiyobonlardan,
Hayvoniy ehtiros sen uchun emas.
Va tag‘in bachkana riyokorlardan
Nafratni yashirish qo‘lingdan kelmas.

Qoningda mag‘rurlik azaliy, tug‘ma.
Garchi yursang hamki yupun, ochiqqan,
Arzon kafelarda yutmaysan luqma
Ming bir kas og‘ziga tiqqan qoshiqdan.

Ko‘nglingni behuzur qiladi dayus,
Behayo ko‘zlarning ta’qibi zimdan.
Sevgingga munosib yigit yo‘q, afsus,
Senga noloyiqman hatto o‘zim ham.

 

Oniy manzara

 Ko‘ngilga qo‘shiq ham sig‘maydi gohi,
Kamiga yo‘l tirband, vaqt esa tig‘iz.
Bir oniy lahzada tortding nigohim,
Deraza oldida o‘yga tolgan qiz.

Saharlab shaharga oshiqqan qancha,
Begona taqdirlar kelar yuzma-yuz.
Sen esa qo‘lingni qovushtirgancha,
O‘tkinchi kaslarga boqarding ma’yus.

Nelarni o‘ylading subhi sodiqda?
O‘ychan ko‘zlaringda sinarkan ziyo.
Bu hissiz gavdalar qog‘oz qolipday,
Nochor ko‘rindimi pulga o‘ch dunyo?

Ehtimol, xonangga to‘lgan bemaza,
Noxush xayollarni quvmoq istading?
Shundan parda yig‘iq, ochiq deraza,
Yomg‘irda yuzingni yuvmoq istading?

Lekin nega sen-la xayolim bandi,
Bu g‘ussa qayerdan – o‘zim bilmayman.
Shaharda adashgan boladek gangib,
Yo‘lning o‘rtasida nega yig‘layman?!

Men ham bir o‘tkinchi. Senga yetti yot,

Lekin bu iztirob, bu yosh… g‘alati.
Endi xotiramdan o‘chmas umrbod,
Deraza oldida turgan holating.

 

Seni kutdim

 

Eng yaxshi kunlarni yashadim yolg‘iz,
Dalli tug‘yonlarni jilovda tutdim.
Shotutlar qon bo‘ldi, uzumlar mayiz
Seni kutdim.

Hushimdan ayirdi rayhon bo‘ylari,
Boshimdan gul elab bahorlar o‘tdi.
Keyinni o‘yladim, seni o‘yladim
Seni kutdim.

Qizlarga qo‘l berib ko‘rishsam bormi,
Haqqingga xiyonat qilganday xuddi.
Vijdonim qiynaldi, og‘ridi jonim,
Seni kutdim.

Tirik jon bormikin holim tushungan?
Ko‘rmagan insonni qizg‘ondim, kuydim!
Seni izlab bormoq imkonsiz, shunga,
Seni kutdim.

Bilaman, bir kuni kelarsan yo‘qlab,
Kelmay ilojing yo‘q! Bu azal hukmi!
O‘shanda eng so‘nggi kuchimni to‘plab,
Nihoyat aytarman,
Men seni kutdim.

 

* * *

 Qanday tez o‘tdi bolalik!
Quyosh to‘g‘ri ko‘zimga botar.
Yalpiz tergan qizlar bolali,
Shumtakalar bo‘libdi ota!

Bir mahallar bu mahallada,
Bolakaylar chopib yurardik.
Tashvish degan gap yo‘q kallada,
Ko‘chalarda yotib yurardik.

Bu yo‘llardan o‘tganda har gal,
Dimog‘imda rayhonlar isi.
Birga o‘ynab katta bo‘lganday,
Sen yodimga tushganing qiziq.

 

Jamoliddin Badalov

1989 yili tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetining filologiya fakulteti talabasi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.