Bolalikning dasht qo‘shig‘i

0
173
marta ko‘rilgan.

Hikoya qanday bo‘lishi kerak, degan savolga na men javob bera olaman, na adabiyotshunos ustozlarimiz. To‘g‘ri-da, na Kortasar, na Kavabata, na Tolstoy, o‘zimizga kelsak, na Qahhor va na Xolmirzayev javob topa olmagan savolga, ustozla­rimiz ham “ikki karra ikki to‘rt bo‘ladi” qabilida hukm ayta olishmaydi. Shu sababdan men ham chaynalgan savolni chaynamay, muddaoga o‘ta qolaman.

Nurilla Chorining “Tashvishi yo‘q odamlar” kitobi va Bobo Ravshan G‘oziddinovning “Tong va shom orasida” kitoblarini o‘qib, xayolimdan turli fikrlar o‘tdi.

Men hikoya haqida o‘z qarashlarimga egaman. Hikoya qissadan kichik bo‘lishi, unda hayotning bir lavhasi aks etishi kerak, degan qoidalar ikki pulga qimmat ekan deb xulosaga kelganman. Lekin janr talablari ham borki, biz romanga qissa, she’rga doston ko‘lamini kiygiza olmaymiz.

Nurilla Chorining “Tashvishi yo‘q odamlar”, “Lo‘litopmaslik chol” kabi hikoyalarda chollar ruhiyati tasvirlanadi. Chollar fonida yozuvchi o‘zi ko‘rgan voqelikning fojiaviy manzarasini chizadi. “Tashvishi yo‘q odamlar” hikoyasidagi Bozirgon chavandoz umrining oxirida farzandining oqibatsizligidan dog‘da qolsa, “Lo‘litopmaslik chol”da Qulmat cholning zurriyodsiz hayotining achchiq alamlarini ko‘ramiz. Ularning xarakterini yaratishda yozuvchi xalqona iboralar va xalq og‘zaki ijodiga esh tasvirlardan foydalanadi. “Podaning ortidan tayog‘ini sudrab chiqqanida oylab ketadigan qizg‘aldoqlik Qulmat podachi peshonasi tirishib, burishib, burni oqib mo‘yloviga tushib, soqolini ko‘zyoshlari yuvib, eshonlarning poyqadamiga shirboz-bo‘rdoqi qo‘ylarni so‘yib, mullalarning etagini ko‘ziga surtib yurdi”, deya Qulmat podachini ta’riflaydi yozuvchi. Bozirgon chavandoz esa o‘g‘lining zuvalasi bo‘shligi va kelinining uquvsizligidan kuyib, qush cho‘qimaydigan, jonliqqa et bitmaydigan achchiq piyozni bahona qilib shu piyozning boshidan ketmay yuradi.

Yozuvchi bolaligida ko‘rgan, bilgan oddiy qishloq odamlarini yozadi. Qahramonlar xarakterida ham chapanilik va oriyatlilik bo‘rtib turadi. Nurilla Chori adabiy qahramonlari Bozirgon chavandoz, Qulmat chol, Norbo‘ta Sharof bir-birini to‘ldiradigan, bir-biriga o‘xshaydigan qahramonlar bo‘lsa, Turdixol, To‘lg‘onoy kabi qahramonlarda mutlaqo boshqacha xarakterni ko‘ramiz.

“Qizg‘aldoq” hikoyasi boshqa hikoyalardan farqli ruhiyatga ega: ertak-u doston kabi ravon o‘qiladi, odam kayfiyatiga ta’sir qiladi. Hikoyaning shirali tili o‘quvchini o‘ziga tortadi. Hikoyada xoqon va kambag‘alning qizi haqidagi ko‘hna ertak kiritilgan va shu motivning o‘zi hikoyada zamonaviy talqinda, kengroq yoyiladi. Zamonlar o‘zgaradi, ammo qismatlar qaytalanadi. “Qizg‘aldoq” hikoyasida shu achchiq haqiqat ko‘zga tashlanadi.

Yozuvchi adabiy qahramonlarini bitta adabiy makon – Qizg‘aldoqda jamlaydi. Qizg‘aldoq Murod Muhammad Do‘stning Galatepasi, Nazar Eshonqul­ning Tersota kabi muvaffaqiyatli va yodda qolarli adabiy makon. Shu to‘rt hikoyada ham Qizg‘aldoqdan chiqib shaharga kelgan va shahar hayotini o‘zida his etgan qahramonni ko‘rmaymiz. Men istardimki, shu adabiy makon kengayib, uning yangidan yangi fuqarolari chiqib kelaversa, biz ularni taniyversak.

Yozuvchi insonlar orasidagi oqibat, diyonat, halollik va mardlik tushunchalarini ulug‘laydi. “Tashvishi yo‘q odamlar” kitobidan shu fazilat ko‘rinib turadi. Nurilla Chori hikoyalarining tili juda pishiq, xalqona va ravon. Yozuvchi uslubida folklor motivlariga tez-tez murojaat qilib turishi ko‘rinadi. Har bir hikoyaning poetikasi mutolaa hazmini yengillashtiradi. Hikoyalar tilida poeziya bor. “Har mardumning dili bilan tili bir edi…”, “kesakdan olov chiqqaniday mo‘ndi cho‘g‘ga aylandi”, “bo‘g‘izni kuydirar choylar puflanmay ho‘plandi”, “Boysariday boy ham, Boybo‘riday shoy ham emas, yonida maslahat berguvchi Yortiboyi ham yo‘q”. Bu kabi misollarni sanasak, juda uzoq sanaymiz.

Nurilla Chori katta potensialli yozuvchi, hikoyalardagi fikr ko‘lami qissa-yu romanga qarab olib borayotgandek kayfiyat uyg‘otadi. Ehtimol, qissa-yu romanni ham tez orada o‘qirmiz…

Bobo Ravshanning “Tong va shom orasida” kitobida 5 ta hikoya va bitta qissa o‘rin olgan. Men bu hikoyalar yozilgan vaqtda birinchi o‘quvchilardan bo‘lganman va fikrlarimni doim aytib kelganman. “Yoshlik” jurnalida “Suv” nomli hikoyasi bilan taniganman Bobo Ravshanni. Ushbu kitobga ham kiritilgan “Suv” hikoyasida inson har qancha mashaqqatga duch kelmasin o‘z vatanidan yiroqlashmasligi, odam uchun kindik qoni to‘kilgan tuproqdan bo‘lak tabarruk narsa yo‘qligi haqida so‘z boradi. “Lafz” hikoyasida o‘ziga xos tasvir, jonli obrazlarni ko‘ramiz, hikoya o‘zbek erkaklarida kamayib borayotgan LAFZ haqida. Erkakning erkakligi lafzida, lafzidan qaytgan kishi er emas, deyiladi xalqda. Bu tushuncha qonimizga singib qolgan ijobiy bir xislat.

Yozuvchi odamlarning beoqibatligi, bir-biriga do‘stdan ko‘ra dushmanga qaraganday yashashini tahlil qilishga urinadi. Lafzdan qaytish kichik bir element. Bu kabi elementlar yig‘indisi yaxlit bir tasavvur, butun bir fikr beradi. Bobo Ravshanning hikoyalari tili shirali, jumlalar qurilishi ravon, tishga botmaydi. “Mehribon” hikoyasidagi bir tasvirga e’tibor bering: “Hamma dardini ko‘z yoshiga qo‘shib ko‘chaga tashlab kelgan-u hech bir hasrati qolmaganday kulib-quvonib gurung berib o‘tiraveradi”. Shu tasvir bilan hikoyadagi ayol Mehri opaning xarakteri chizilgan. Bobo Ravshanda biron voqelikni “ertak”lar bilan chog‘ishtirish odati bor. “Mehribon” hikoyasida ham, “Farishta” hikoyasida ham ayrim ertaklardagi unsurlarga ko‘zimiz tushadi. Ertaklar bolalikning bir parchasiday gap, ijodkor o‘z bolaligini sog‘inib, ba’zan fikrlash azobidan og‘rinib, bolaligiga ketib qoladi. Nurilla Chorida ham shunday. Bozirgon cholning nabirasi, ehtimol, yozuvchining bolaligidir.

Markes aytgan ekan: “Hayotimdagi barcha voqealar 17 yoshimgacha Makondoda yuz berdi, undan keyin hech narsa sodir bo‘lmadi.” Va yana bir shoir aytmoqchi, “Endi men ertakka ishonmay qo‘ydim”. “Farishta” hikoyasida bolalikka qaytish bor. Hikoyada tish farishtasi ham bolaning ertaklardagi tasavvurini hayotga ko‘chirishga urinishi hosilasi. Bobo Ravshanning ko‘plab qahramonlari – polvonlar; g‘urur, mardlik tuyg‘ularini qadrlaydigan va sharaflaydigan odamlar. Kitobning nomi bo‘lmish “Tong va shom orasida” qissasida katta bir tarix darj qilingan. Mengziyo baxshi o‘tgan asrdagi jafokash o‘zbek xalqining timsoli. Qissa Bobo Ravshanning hali aytadigan katta gaplari borligiga ishora qiladi. Asarning tili ham yaxshi ishlangan. Lekin qissada hali muallifning bu janrdagi tajribasi biroz kam ekani seziladi. Voqea, makon va zamon tasvirlari ravon boshlanib, qissa yakunida bayon uslubi ko‘rina boradi.

Umuman olganda, har ikki yozuvchi asarlarida men qadrla­ganim – xususiy darddan umumiy dard ko‘proq ko‘zga tashlanishini e’tirof etgan bo‘lardim. Ular yosh yozuvchi degan dovonni bosib o‘tdi, endi ular professional yozuvchi desak, xato bo‘lmas.

Nurilla Chorining ham, Bobo Ravshanning yoziqlarida ham dostonlarga bo‘lgan cheksiz muhabbat sezilib turadi. Shevalardan unumli foydalanish, tilimizning boyligini va go‘zalligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, Nurilla Chorida o‘zbek tili jozibasini ko‘ramiz. Lekin yozuvchilarda zamon bilan hamqadamlik oqsaganday, asarlarda ijtimoiy yuk u qadar sezilmaydi. Adabiy makon ham, zamon ham qishloq va bolalik orasida qolib ketadi.

Umid qilamanki, ularning yaxshi va baquvvat asarlari hali ol­dinda. Men yozuvchi akalarimizga g‘ayrat, qalamiga baraka tilayman.

 

Xurshid ABDURASHID

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.