Yolg‘on yozmaslik yo‘lida…

0
168
marta ko‘rilgan.

To‘rt-besh kitob o‘qib, ustozlar suhbatlarida bo‘lib anglaganimiz-haqiqiy adabiyotda nima bo‘lgani emas, qanday bo‘lgani tasvirlanadi. To‘g‘ri, bu ham nisbiy gap. Lekin baribir voqea tafsilotla­rini oddiygina bayon qilish ham yaramaydi, sababi, uning ko‘cha-ko‘ydagi gapdan farqi qolmaydi.

Bugungi adabiy jarayonga nazar solsak, no­sirlarning bir avlodi  shakllanib, tengma-teng ijod qilib kelishmoqda. Ular, yuqorida aytganimiz: adabiyotda nima bo‘lganini emas, qanday bo‘lganini tasvirlash haqiqiy yozuvchilik ekanini anglagan va shu yo‘lda ijod qilayotgan Xoliyor Safarovning “Nomus va hayot” hamda Fozil Jabborovning “Ko‘klam kuyi” hikoyalar to‘plarimini o‘qib chiqdim. Yozuvchilarning yozganlari, tabiiyki, bir-biridan ayricha, lekin  o‘zaro hamohang bo‘lgan jihatlari ham yo‘q emas. Keling, umumiy gaplardan chekinib, hikoyalar tahliliga o‘tsak…

Xoliyor Safarov Qashqadaryo vohasida dunyoga kelgan. U shu yerda adabiyot dunyosini va dunyo adabiyotini tanigan. Yozmishlarida voha shamollari shivirini eshitganday bo‘lasiz. Tili ham o‘sha yurt ohangida. Muallifning “Oriyat” hikoyasi o‘zining ifoda usuli bilan boshqa hikoyalaridan balandroq turadi. Hikoya uloq haqida. Chavandozlarning tortishuvi rosa avjiga chiqadi, ularning ichida el orasida halolligi nom qozongan Jamolxo‘ja polvon zotni abjirlik bilan taqimiga bosib, otini yeldiradi. Lekin birdan o‘rtadagi Turdi bakovul unga zoting halol emas, tashla zotni, deb pisanda qiladi. Oriyati kuchli bo‘lgan tanti Jamolxo‘ja zotni bakavulga qarab otib yuboradi. Hikoya davomida anglashiladiki, Turdi bakovul  yurtdoshlarining zotga ega chiqishini istagani uchun qo‘shni qishloqdan kelgan Jamolxo‘ja­ning ishini halol emaslikda ayblab, uni to‘xtatib qoladi.  Uloqdagilar esa bakovulning bu ishidan ranjib, tarqab ketadi. Keyinroq ko‘pkarini bergan to‘y egasi va bir necha chavandozlar kelib, uni qistovga olishgach,  bor gapni aytib beradi. Haqiqat ayon bo‘lgach, to‘yboshi uloqda qo‘yilgan zotni Jamolxonga eltib berasan, deb bakovulga g‘azab bilan tayinlaydi. Shu yerdan boshlab Turdi chavandozning vijdoni bilan bahsi tasvirlanadi. U qilgan ishidan,  el-u yurt oldida izza bo‘lganidan afsuslanadi. Yuzi chidamay, zotlikka qo‘yilgan tuyani kech tushganda Jamolxo‘janing uyi ostonasiga qo‘yib ketadi. Ertalab tursa, tuya uyida. Bo‘ynida  ipga osilgan  qog‘oz turibdi. Borib qarasa, shunday yozilgan: “Tuya o‘zingga buyursin. Endi u betingdan oladi. Ko‘zing oldida yuraversin. Senga yorug‘ yuz so‘rayman”. Bu ori boridan aziz bo‘lgan Jamol­xo‘janing so‘zlari edi…

Yozuvchi g‘olib chavandoz misolida hamiyat, birso‘zlilik, halollik kabi haqiqiy erga xos xislatlarni ko‘rsatishga uringan. Ikki qahramon: Turdi bakovul va Jamolxo‘ja chavondozlar misolida orsizlik va orlilikni qarama-qarshi qo‘yadi, aynan shu nomus-or insonning ziynati bo‘lishi kerakligini uqtiradi.

Xoliyor Safarovning “Sumalaklar pishmagan” yil u hikoyasi ham durustgina. Asosiy mavzu taqdir masalasi. Alijon ismli o‘quvchi bolaning onasi og‘rib  ancha vaqt yotib qoladi. U onasining tuzalishini juda istardi. Shu­ning uchun u doim duo qilardi, qo‘shnilar sumalak qilganda onasining tuzalishini so‘rab kapgir aylantiradi. Kelasi yil qo‘shnilar yana sumlak qilganda Alijonning onasi sal tetiklashganday bo‘lib, sumalak qilinayotgan joyga boradi, sumalak qozonini kavlayotib, o‘sha yerda yiqiladi. Shu bilan ko‘zi ochilmaydi. Yozuvchi kim qanchalik urinmasin peshonadagi yozilgan yoziq amalga oshadi, taqdir tadbiriga chora yo‘q, degan g‘oyani ilgari suradi. Qolaversa, yozuvchi dinimizga yot bo‘lgan bid’at amallar: sumalak orqali nimadir so‘rash, shunga o‘xshash amallarga ishonish kabi tushunchalarni qoralamoqchidir…

“Ayritomlik oshnalar” degan hikoya ham Xoliyor Safarovning ijodiy yutuqlaridan biri. Topilma yaxshi: bir necha yillardan beri farzandsiz, oxirgi farzandi ham nobud tug‘ilgan Abdug‘affor va  xotinining ko‘nglini shod qilish uchun  o‘rtog‘i Ozod va  uning ayoli  kelishib, o‘sha nobud holda tug‘ilgan bolani o‘zlarining bolasi deb, do‘stining xursandchiligiga sherik bo‘lishadi.

Xoliyor Safarovda mavzu-g‘oya topish iste’dodi bor, lekin ifoda uslubi, til masalasi biroz oqsaganday ko‘rinadi. Ayniqsa, “Sumalak pishmagan yil” va “Zulmatdagi nur” hikoyalarida bayonchilik bo‘y ko‘rsatgandek, hikoyalar tili biroz shirasiz. Voqealar bir maromda, tushkun kayfiyatda tasvirlanadi. Shular sababmi, hikoya odamni o‘ziga tortmaydi.

Fozil Farhod ijtimoiy tarmoq­lardagi chiqishlari bilan ancha tanish bo‘lib, u ko‘tarayotgan masalalar, kuyunib fikr bildirishidan ma’lumki, tabiatan mavjud voqelikka befarq emas, uni doim nimalardir bezovta qilib turadi. Shu xususiyati uning hikoyalariga ham ko‘chgan.

Men Fozil Farhodni “Jeton” hikoyasi bilan taniganman. “Jeton” boshqa hikoyalaridan ajralib turadi. Unda bosh qahramon – muxbir yigit nochorroq yashaydigan hamkasbini kechki ovqatga taklif qiladi. Hamkasbida esa  jetondan boshqa hech narsa bo‘lmaydi.  Muxbir yigit kechlik ovqat va pivo buyurtiradi. Ko‘p ichishganidan bir muddat ko‘zi ilingan muxbir yigit uyg‘onib qarasa,  sherigi yo‘q. Uni­ng indamasdan ketib qolganidan jig‘ibiyroni chiqadi, u haqda yomon xayollarga boradi, bor pulini to‘lab hech vaqosiz qoladi. Ammo ofitsiant qiz unga sherigi qoldirgan jetonni ko‘rsatgach hamma xayollari tarqab ketadi…

Voqea shunday, ortiqcha tasvirlar yo‘q. Oddiy bir detal – jeton bilan bir insonning xarakteri ko‘rsatib berilgan. Hamrohida bittagina jeton bor edi, kamiga uning uyi uzoq. Lekin hamkasbining himmati tufayli unga cho‘ntagidagi bor -budi – jetonni tashlab ketadi, sababi u borini kechki ovqatga to‘lab, pulsiz qolib ketishini bilardi. O‘zi esa uyigacha bo‘lgan yigirma besh chaqirimni piyoda bosib o‘tadi. Bu – ismi ham tilga olinmagan qahramonning tiynatidagi tozalikdan, odamlarning yaxshiligiga boridan kechib bo‘lsa-da javob qaytarish kabi insoniy fazilatidan darak beradi. Undagi insof tuyg‘usi yaxshilikka javob qaytarmasdan ketishga izn bermadi.

Fozil Farhod qahramonlari­ning ko‘pchiligi ijodkorlar: muxbir, muharrir, yozuvchi. Buning sababi ham ma’lum: muallifning o‘zi tahririyatlarda mehnat qilgan, hikoyalar yozib turadi. Demak, qahramonlar o‘zi ko‘rgan, bilgan kishilar, voqealar ham o‘zining atrofida sodir bo‘lgan. Mazkur qahramonlar ishtirok etgan hikoyalarni o‘qisangiz, ular asosan, ijod ortidan qadr topmagan, mehnati evaziga munosib umr kechirolmayotganini ko‘rasiz. Yozuvchi buni atay to‘qib chiqarmagan, buning ortida jamiyatimizda kechayotgan ma’naviy tanazzul, ijod va ma’rifiy sohalarga bo‘lgan e’tiborsizlikni ko‘rsatishga urin­gan, ijodkor ijod bilan emas, turmush tashvishlari bilan o‘ralashib qolayotgani bois na ijod olamida, na jamiyatda qadr topmayotganidan kuyinadi yozuvchi.

Fozil Farhod voha farzandi. Uning hikoyalaridagi “yelvagay”, “qo‘lyuqalik”, “ulton” “kursiquli” kabi so‘zlar, “sovliqni yo‘qotgan qo‘ziday”, “muchaldan qolgan tuyaday” singari iboralar uning xalq og‘zaki ijodidan xabardorli­gini ko‘rsatadi, xalq tilidan uzoq­lashmaganidan darak beradi.

Lekin muallifning Ba’zi hikoyalari tilini sayqallash kerak deb o‘ylayman. Yozuvchi ayrim joylarda publitsistik uslubga o‘tib ketadi, Ba’zi joylarda bayonchilikka beriladi. Ayrim so‘z va iboralarni noo‘rin va uslubiy xato qo‘llaydi. Masalan, tahririyatda ishlaydigan muxbir hamkasbini “gazetdoshim” deydi. To‘g‘ri, “-dosh” qo‘shimchasi shaxs ma’nosini yasaydi, lekin gazeta so‘ziga qo‘shilganda “gazetada birga ishlaydigan kishi” ma’nosini bermaydi. Yoki quyidagi gapga e’tibor be­ring: “Kutilmaganda kallamga notanish (! – ta’kid bizniki) fikr urildi”. Fikrning tanishi-notanishi bo‘la­dimi!? “Yumshatish belgisi” hikoyasida xiyobonda aylanib yurgan qahramon daraxtlar orasida yomg‘irda ivib, qotib qolgan bir qop sementni ko‘rib, o‘zini shu keraksiz qopday sezib qoladi. Bu qahramonning ruhiy holatini ochishda yaxshi detal bo‘lgan. Lekin yozuvchi o‘sha holatni shunday yakunlaydi: “Negadir u o‘zini mana shu dar­disarga qiyosladi-yu, achchiqlandi (bir qop sement – ta’kid bizniki)”. Dardisar – forscha bosh og‘rig‘i demakdir, uni ko‘chma ma’noda birovga yuk bo‘layotgan odamga nisbatan ishlatish mumkin. Lekin bir qop sementga qiyoslash juda noto‘g‘ri. Bundan tashqari, ushbu hikoyadagi qahramonni yozuvchi hikoyaning yarmigacha qahramonimiz, Vaysaqov deb keladi-da, birdan “tahrirchimiz” degan so‘zni qo‘llab, oxirigacha o‘n martacha tarkorlaydi. Bu, tabiiyki, o‘quv­chining tishiga tegadi…

Umuman olganda, ikkala kitobni hodisa sifatida baholash mumkin. Yozuvchilar tinmay izlanishda, ko‘ngil dardlarini yozishmoqda. Hayotni bor-bo‘yicha tasvirlash, yolg‘on yozmaslik yo‘lida ildamlash­yapti. Ularga tilagimiz shuki, izlanishdan, qalam tebratishdan to‘xtashmasin.

…Darvoqe, ijodkor akalari­mizning qalamga olayotgan mavzu ko‘lami kengayib, umumbashariy muam­molarga bo‘ylashsa, degan istagimiz ham yo‘q emas.

 

Husan MAQSUDOV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.