Yo‘ldagi odam

0
51
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

Ubosh suqmagan do‘kon qolmadi, biroq barchasidan quruq qo‘l bilan qaytdi. Hamma joyda bir-biriga o‘xshash javoblar:

– Elning norday yigitlari ketgan, undan gapirmaydi, topgan gapini qarang, “bu qanday shahar ekan-ki, bittagina baliq topilmasa…”

– Shunday deng… – ilojsiz boshini irg‘adi, ammo u yerdan chiqqani bilan boshqa do‘konga kirishdan ham o‘zini tutib tu­rolmadi, o‘ylardi, kattakon shahar ekan, mingta ilma-teshigi bor, ehtimol, bu yerda topolmagan narsangni shunga devor qo‘shni bo‘lgan anov do‘kondan topishing mumkin. Har tugul bir haftaga hamma joyni ship-shiydam qiladigan ocharchilik boshlangani yo‘q-ku…

Garchi hamma narsa undan darak berardi: muzlatgichlar huvillab qolgan edi, rastalarda dudlangan tillarang pulli baliqdan, rang-barang, konservalardan boshqa biror narsa ko‘zga ko‘rinmasdi. Ular ham qachondan qolganini Xudo biladi…

– Kelib qolgan joyimizni qarang, – oxirda qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa artgancha bozordan chiqib, chetroqda qoldirgan mashinasining oldiga qaytganda beixtiyor xo‘rsindi. – Baliq degani anqoning urug‘iga aylangan.

– Nahotki? – haliyam xarid qilganlarini joylashtirish bilan andarmon xotini ishonchsizroq gap qotdi: – Muncha tanqis bo‘lmasa?.. Boshqa paytda ko‘cha-ko‘y to‘lib toshadi.

– Shamolga ko‘ra shunday. Bir hafta oldin uch baliqchi cho‘kkan, jasadini topgani yo‘q… Butun shahar motamda. Hamma ulardan gapiradi.

– E… sho‘rlik onasi o‘lgurlar… bir ham emas, uchta deng, – ayol tanimagan kishilarining taqdiriga qayg‘urgancha birpasdan so‘ng gapning indallosiga ko‘chdi, – endi nima deymiz onamizga?

– O‘zim ham hayronman.

Mashinani ishga solayotgan o‘qituv­chining uni qizitayotganini yoki bir to‘xtamga kelishi uchun xayolida nimanidir o‘ylayotganini bilish qiyin edi. Ancha o‘ylanishdan so‘ng mashinani chorrahaga tomon emas, temir yo‘l stansiyasiga qarab burib yubordi. Avvaliga xayo­lida butun ishlarni keyinga qoldirib, onasining iltimosidan boshlash kerakli­gini o‘ylab, o‘z-o‘zini koyishga tushsa ham, keyinroq ayon bo‘ldiki, shuning ham foydasi yo‘q ekan. Bo‘lsa ham faqat shunda bo‘lar ediki, shuncha ovora bo‘lib kech qolishmasdi. Boshida bozorga kirishdan, u yerdan chiqib sanoat mollari magaziniga jo‘nashgan, xotini mayda-chuyda xarid qilgunga qadar u vaqt yo‘qotmaslik uchun sartaroshxonada soch-soqoliga oro­yish berdirgan edi. Biroq shularni biroz keyinga qoldirishsa, bo‘lmasmidi? Yoki bolalarga daftar-kitob, qalam-o‘chirg‘ich, onasiga dori-darmon, qo‘shni Sayfulla qariyaga yoritg‘ich toshi olishni-chi? Endi boshlarini ko‘tarib, qosh qorayganini ko‘rganlarida u shularni o‘ylardi. Xudo bergan kuz kunining umri qancha axir? Soqoldan olganingni mo‘ylovga qo‘yguncha kun o‘tib, oqshom tushadi. Buning ustiga ular shaharga maktabda bir qancha darslar tugagandan keyin, qariyb soat ikkida jo‘nagandilar. Vaqtni tejash uchun bir luqma tushlikni ham yo‘l bo‘ylab, bir qo‘li rulda bo‘layotib qilgan edi. Qirq kilometrlik yo‘l, axir. Vaqtlarining ko‘p qismi ham shunga ketdi.

– Suvi shuncha kamaygan shu tegirmonning Mashina zambarak burniday ko‘kka ko‘tarilgan katak-katak uzun shlagbaumning tagi bilan sakrab-sakrab mazutli shpallar to‘shalgan temir yo‘l o‘tgandan so‘ng xotini notanish joylarga nigoh tashlagancha so‘rar edi. Bu savol uning xayolini qay yoq­larga olib ketmadi?.. Bir payt­lar Bakuga, Eronga, Iravonga bu stansiyadan qatnayotganlarga, askar jo‘natib kutib olayotganlarga, xursand bo‘lib, kelin tushirayotganlarga havas bilan qarashning o‘zi bir tomosha edi. Negadir o‘sha paytda odamlar ham o‘zgacha edilar. Hamma narsada ajo­yib bir munislik bor edi. Shu yerlarning faqat o‘ttiz yillik tarixga ega esdaliklarigina emas, paravoz ovozidan tortib radio karnayi orqali beriladigan e’lonlarigacha hamma narsasi: yuk tashuvchilarning qiy-chuvi, tekshiruvchilar bilan pattasiz yo‘lovchilarning janjali, sarxush yo‘lovchilarning o‘rinsiz bahs qilishi, hatto har xil yo‘l-yo‘lakay tovushlar va ranglar bolalik yillarining oq-qora rasmlariday esida qolgandi…

– Shaharga baliqni asosan ushbu tarmoq tarqatadi, – kech bo‘lsa ham, nihoyat, o‘qituvchi o‘ziga kelib gapirdi, – modomiki, kelgan ekanmiz, to‘xtang, men shu yerdan ham bir surishtiray, tokay ko‘nglimda g‘ashlik qolmasin. Keyin bema’ni savollar bilan o‘zim-o‘zimga azob beraman, bilmaysizmi meni?

Chegara mintaqasi bo‘lganidan ko‘p yillar qo‘llanilmasdan qolgan jumboqli cho‘l-biyobon, undan ham narida odatdagiday, kunduzlar tillarang, kechasi kumushrang tusda tovlanib turadigan tiniq ko‘l suvlari qo‘l cho‘zsang, yetadi deb ko‘zni aldaydigan beso‘naqay ufq chizig‘i hozir bir o‘zgacha ko‘rinishda edi: tirik jon yo‘q biyobonda, kech­gi xiralikning mungi singigan, bir-birini quvayotgan bo‘zroq to‘lqinlarning vahimali tovushi barcha unlarni yutgan, yakka-yolg‘iz baliqchi chaylala­rining yaqin-uzoq chiroqlari ham nim tumanda elas-elas ko‘zga ilinardi. Endigina yog‘a boshlagan qorni aytmaysizmi… Izg‘irin kucha­yib, qora qishning bor-budini go‘yo atrofga ko‘z-ko‘z qilayotganday edi.

Shamol xonavayron qilgan sohilda baliq ovlagich, tilov qarmoq, zang bosgan chelak, uzun sopli belkurak, bir poy etik, sertugun va ayqash-uyqash bo‘lib ketgan baliqchi to‘ri, teskari to‘nkarilgan katta qayiq va eshkaklar pala-partish holda qala­shib yotardi. Ularning egnida uzun shinel, boshida eski, quloqli askar telpagi bo‘lgan, yirik savlatli baliqchi kutib oldi. Uning tuk bosgan aft-angoridan zahar yog‘ilardi.

– Og‘ayni, hammasini tushunib turibman. Ammo siz ham meni kechiri­shi­n­­­­giz kerak. Anov olisdan ko‘ringan tog‘ bor-u, to‘g‘ri uning orqasidan kelayapman, bemor onam uchun baliq kerak edi…

O‘qituvchi mashina eshigining ochiq darchasidan unga haliyam g‘alati qarayotgan baliqchining go‘shtdor va xoldor yuzini pastdan tepaga qarab kuzatgancha undan qo‘l yetmas bir narsani iltimos qilayotganini daf’atan his qildi, shu bois faqat ovo­zinigina emas, aytgan gapini ham darrov yumshatdi:

– Bittagina, kichkinagina bo‘lsa ham mayli. Quruq qo‘l bilan qaytma­sam, bo‘lgani…

Baliqchi boshini chayqadi, chuqurroq xo‘rsindi, lunjlarini uqalagan sa­yin langar bilan chayqalib turgan ko‘lga ko‘z yugurtirdi va jimgina o‘girilib chaylaga tomon yurdi. Faqat u yerga yetgandagina orqasiga sekin qa­rab, haliyam undan javob kutayotgan o‘qituvchiga qo‘li bilan ishora qildiki, kutmasin, ketsin.

– Balki, cho‘kkan o‘g‘li bo‘lsa kerak? – xotini g‘amgin tovush bilan baliqchining harakatini oqlamoqchi bo‘ldi, – boyoqishning xayoli joyida emas…

– Bo‘lishi mumkin – desa ham, ichida agar cho‘kkan shuning o‘g‘li bo‘lsa, u holda bu yerda nima qilib yuribdi, hozir uyida azada, kelib-ketganlar bilan band bo‘lib o‘tirmasmidi, deb o‘yladi va go‘yo o‘zicha xayolida baloning shu odamdan yon o‘tganligiga quvonganday bo‘ldi:

– Bekorga vaqt yo‘qotayapmiz, – deb mashi­nani qor hali nam qilib ulgurmagan o‘tzorda oldinga-orqaga yurg‘izish qiyin bo‘lsa ham, bir amallab orqaga qaytara oldi, – shundan keyin kamida o‘n chayla bor. Yo‘q ekanki, boshqasi­ning oldiga jo‘natmaydi, bo‘lsa, jo‘natardi. Bu deganiki, demak, hech qayerda yo‘q.

Shunday deyish bilan faqat o‘zigagina taskin bermasdi, xotiniga ham uqdirmoq­chi bo‘lardi, keyinchalik uni koyimasdan tinch qo‘ysin, bo‘lmaganga bo‘lishma deydi, yo‘qchilikdan Xudo ham bezor…

Qaytishda naq o‘rtasi bilan yo‘l bosganlari qalin qamishzor mashina chirog‘i yorug‘ida o‘z vahimali ko‘rinishi bilan aynan o‘sha lahzalarda chinakam changalzorni eslatardi. Shamolda yo‘lga qarab ikki tomondan ham egilib qolgan butalar mashinaning oynalarini ayovsiz savalar, quyuq qo‘ng‘ir shoxchalari bilan, go‘yo ularga barmoq silkitayotganday bo‘lardi. Torgina tuproq yo‘l bilan asfaltga chiqqunga qadar qor tevarakni oppoq qilgan edi. Shundan narida temiryo‘l stansiyasi boshlanardi.

– Sabil qolgurning yog‘ishga vaqt tanlaga­nini qarang… Bizni yarim yo‘lda qoldirmasa, bo‘lgani, deb mashinani ehtiyotlik bilan, sekin-sekin asfaltga chiqargan o‘qituvchi qattiq shamolda oynaga zarb bilan urilayotgan suvli qor zarralaridan nolidi, – dilimning shu xira paytida qanday javlon urayotganini aytmay­sizmi bu qurg‘urning?!..

– E yog‘sa, yog‘ibdi-da, endi ko‘ribmizmi, shungayam tashvish qilib yurasizmi?! Siz mashinangizni haydayvering…

 

* * *

Ajal kampirning boshi ustiga turib olganiga ancha bo‘lgan edi, ana ketadi, mana ketadigandek bir ahvolda yotardi. Og‘riqlari endi dori-darmon bilan ham, “issiq-sovuq” bilan ham kamaymasdi. Nari borsa, bir-ikki soat, xolos, keyin yana qishloq doktorini olib kelishardi, u ham maslahatini berib, dori-pori yozib ketardi, zorla­nishlar ham ana o‘shandan keyin boshlanardi, ayniqsa, tunlarda… Shu tariqa kampir bir ora tuman kasalxonasida, tag‘in bir oydan ko‘proq viloyat markazida davolanadigan bo‘ldi. Hech nima o‘zgarmaganida esa, olib ke­tinglar meni bu yerdan, deb turib oldi, o‘zla­ringni ham, meni ham aldamanglar, yo‘li naryoq­qa bo‘lganning bu yerda nima ishi bor?!

Yo‘lda ketayotganda kampir bir gap ham aytgan edi:

– Duo qilinglar, ajalim tezroq kelsin. Sizlarni qiynamayin, hech ham qarg‘ishga qolgim kelmayapti…

Shu nolishlar bilan kampir tag‘in bir necha yil umr ko‘rib, sakson yoshga to‘ldi. Unda ham bir boshqa dardga chalindi; sekin-sekin, uyqusini butunlay yo‘qotdi, yeyish-ichishni kanda qildi, ozib-to‘zib cho‘pga aylandi. Qisqasi, goho kunlab og‘zidan luqma o‘tmas, tomog‘idan bir qultum suv o‘tmas, nafasi zo‘rg‘a kelib-ketardi. Hayron qolishardiki, qiziq, u nimaning kuchi bilan chidab, jonini topshirmay turibdi. U bo‘lsa boshqa narsani aytardi. Aytardiki, qaniydi, kishi yerda qolmasdan tetikligida o‘lsa!.. Dalda berib, ko‘nglini ko‘tarib, shuni o‘zingizga dard qilmang, qo‘ying, hech kimga yuk bo‘lganingiz, birovni bezor qilayotganingiz yo‘q, deyishardi. U yoq-bu yoqqa borishganda biror narsa ke­rakmi deb so‘rashardi. Zora ko‘nglidan nimadir o‘tsa, yuragi bir nimani xohlasa… Shuni farzand ham qilmasa, kim qiladi, axir?! U esa boshini chayqab, chuqurga tushgan ko‘zlarini yumib, yuzini o‘girardi. Bu degani, nega o‘layotgan joyimda tinchgina jon topshirishga qo‘yishmayapti, menga shunday yashash kerakmi o‘zi, jonimdan to‘ydim, axir, degani bo‘lardi.

Bugun esa hammasi teskari bo‘ldi. Kelini tush paytida kiyimini o‘zgartirib, uydan chiqayotganda kampir boshini yostiqdan sal ko‘ta­rib, uni qo‘li bilan yaqinroqqa imladi, quduqdan chiqayotganday pastroq ovozi bilan:

– Bir dona baliq olakelinglar menga, – dedi.

Kelin eshitgan gapidan bir zumga o‘zini yo‘qotganday bo‘ldi. Qiziq, kun bugun qaydan chiqqan ekan?!.. Uning oxirgi marta nimanidir xohlab so‘rayotganini eslashga harakat qildi. Qachon bo‘lgan edi bu?!..

– Nega birini? – dedi xursand bo‘lib, – naq uchini olamiz. Bizlarni yetim qo‘ymasdan, ye­b-ichib, nabirangizning to‘yigacha yurib ketsangiz bo‘lgani…

 

* * *

Darasham* o‘rmoni ortda qoldi. O‘rtadalani* o‘tib ketishdi. Qoraqirning* balandligi boshlanganda o‘qituvchi shahardan chiqqandan beri, sekin-sekin bo‘lsa ham soat kapkiriday tinim bilmayotgan oyna tozalagichni ikkinchi tezlikka o‘tkazdi:

– Qarang, – deb qo‘ydi, – u yerni qor tutib turgan edi, bu yerni sel olib ketayapti. O‘rtadagi masofa bor-yo‘g‘i yigirma kilometr…

– Qordan ko‘ra yomg‘ir yaxshiroq, omon-eson yetib olsak, bas. Yo‘l ishini bilib bo‘lmaydi, keyin tog‘larga ham yog‘adi. Qish hali oldinda.

– Nimani bilib bo‘ladi, axir? – o‘qituvchi shuni aytgan ham ediki, eski avtobus bekatida ularga qo‘l ko‘targan odamni ko‘rib qoldi, biroq mashina shunday tezlik bilan ketayotgan ediki, uni to‘xtatishni yoki orqaga qaytishni xayoliga ham keltirmadi.

– Siz, chindan ham, u sho‘rlikni qoldirib ketyapsizmi? – xotinining shu gapi malomat yo jonkuyarlikdan ko‘ra ham, ko‘proq uni sinab ko‘rishga o‘xshar edi, – o‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring… Ivib ketishi u yoqda tursin, qurt-qumursqaga yem bo‘lib qolishi mumkin odam bu daralarda…

O‘qituvchi o‘z harakatini oqlaganday bo‘ldi:

– Topgan gapingizni qarang, shu payt yo‘lda odam nima qiladi?! Soat o‘n bo‘lyapti. Kim biladi, mastmi, narkomanmi, balo badtarmi?..

– Aksincha, yo‘lda turibdimi, demak, mast emas ekan. Ichgan yo chekkan bo‘lganida qaydadir cho‘zilib yotgan bo‘lardi. Qaytib oling uni, boyoqish, balki, bolalariga non oborayapti..

– Yo Rabbim! Boshiga ish orttirish shundan ortiq bo‘ladimi?! Xotin zotidan shunaqa gap-a?.. – o‘qituvchi xunob bo‘lgan kishiday shunchalik nolidiki, go‘yo uning eng nozik joyiga tegib o‘tgan edilar, biroq to‘ng‘illab turgancha nima­nidir o‘ylab, tezlikni pasaytirdi, mashinani sekingina to‘xtatib, avval uni orqaga yurg‘izmoq­chi bo‘ldi, lekin kuchli laysonda va qorong‘uda buning judayam qiyinligini ko‘rib, behuda vaqt yo‘qotmaslik uchun yarim kilometr orqaga qaytadigan bo‘ldi. Lekin xotinini “oborib-olib kelish”dan ham tap tortmadi. Ayniqsa, oxirida aytgani hammasidan o‘tib tushdi:

– Xotin zotining gapiga kirgan erkakning sho‘ri qurigan. Shundaylarga qanday qilib erkak deyish mumkin, axir?!

– Savobga qolasiz, – xotini uning ko‘p ham avj olishiga yo‘l qoldirmadi, – Xudoga ham xush keladi, ko‘p og‘rinmang! Balki, shunda bir xayr ham bor. Qayerdan bilasiz, ehtimol, shu ozgina vaqt bizni oldindagi qaysidir balo-qazodan qutqaryapti?..

– Professor bo‘lib ketganlarini qarang!..

Ular qo‘lida to‘rxalta ushlab temir ustunning oldida sovuqdan shumshayib turgan yo‘lovchining yoniga yetganlarida o‘qituvchi haliyam ming‘irlardi.

Yuzidan nur yog‘ilib turgan odam suvning ichida edi, a’zoyi badani qaltirab, tili kalimaga kelmasdi. Mashinadagilarning yarim yo‘ldan uni deb qaytishganini bilganda esa haydovchining qo‘llaridan o‘pishiga sal qoldi. Biroq o‘zini zo‘rg‘a tutib, “Ovora bo‘libsizlar, katta rahmat!” – deb qo‘ydi. Haydovchining:

– Ovorasi bormi? Axir, nimaga yaralgan hazrati inson?! Nuqul yeb-yotish bilan ish bitmaydi-ku, deyishi uni battar xijolat qildi. Dodiga yetganlarning oddiy odamlar emasli­gini o‘zicha uqqan sayin dabdurustdan gapni qaydan boshlashini bilmas edi. Birozdan so‘ng mashinadagilarga ayon bo‘ldiki, yo‘lovchi tuman markaziga yaqin suv omborida bekchi bo‘lib ishlar ekan, tungi xizmat paytida nogoh kelgan qo‘ng‘iroqning xabarini eshitib, zudlik bilan uyiga qaytadigan bo‘libdi, onasi juda og‘ir ahvolda ekan…

– Tashvish qilmang, dardimiz bir xil ekan. Unday kasaldan bizda ham bor, – deb haydovchi shu gapi bilan o‘zicha uning xayolini chalg‘itishga urindi. – Elning gapini eshitmaganmisiz, qirchillaydigan daraxt ko‘p yashaydi, deyishadi. Hali yuz yoshlarini ham o‘tkazishimiz mumkin.

Keyin tanishish boshlandi. O‘tgan-ketgandan gapirishdi, qimmatchilikdan ginaxonlik qi­lishdi, o‘g‘ildan-qizdan suhbat ochishdi, navbat ob-havoga, turmush tashvishlariga yetganda tuman markaziga yetishgan edi. Qizig‘i, yo‘l bo‘ylab xoh oldindan bo‘lsin, xoh orqadan bo‘lsin, birorta mashina qorasini ko‘rsatmadi. Faqat sharillab yog‘ayotgan yomg‘ir, sirpanchiq yo‘l va qorong‘i dala-dasht…

– Biroz kechga qoldingmi, ahvol mana shu, kun botgandan keyin har kim o‘z kulbasiga kirib ketadi, – deb yo‘lovchi mashinani bo­rish-kelish tingan yo‘l chetida to‘xtatib, undan tushgani bilan qo‘lini cho‘ntakka tiqdi. Biroq:

– Ana shu ishingiz o‘rtoqlikka to‘g‘ri keladi­mi endi?! – degan o‘qituvchining malomatli savoli unga shunday ta’sir qildiki, darrov qo‘llarini ko‘tardi:

– Men taslim! Nasib qilsa, vaqti-soati yetib, shu xijolatdan qutularman. Aksiga olib, uyda og‘ir kasalim bor, bo‘lmasa olis yo‘l oldidan sizlarni jonim bilan mehmon qilardim, – deya yo‘lovchi shoshilayotgani uchun uzr so‘rab, chaqqon qadamlar bilan shunday tez uzoq­lashdiki, o‘qituvchining orqadan eshitilgan ovozi uni qayrilishda arang to‘xtata oldi:

– Og‘ayni, ismingiz ham esimdan chiqdi. Xaltangiz qoldi, xaltangiz!..

Haliyam tinmagan yomg‘irda nimasi bilandir sharpani eslatadigan yo‘lovchi orqaga o‘girildi:

– U shu yergacha meniki edi, endi sizlarniki… – deb qorong‘uda g‘oyib bo‘ldi.

 

* * *

– Habib aka, bir bu yoqqa qarang! – o‘qituv­chi ust-boshini almashib, shu bugun olgan gazetalarni endigina tartib bilan oldiga taxlab qo‘ygan ediki, xotinining oshxonadan kelayotgan hayajonli ovozini eshitib, nimadir ro‘y berganligini o‘yladi, chunki u uncha-munchaga shunday to‘lqinlanadigan emasdi. Ayol gapirgancha oshxonadan kelayotgan, o‘qituvchi esa noligancha xonadan chiqib kelayotgan edi. Yo‘lakda yuzma-yuz kelishganda erkakni qiyqirishdan nima saqlab qolganini o‘zi ham bilmasdi: qarshisida tabassum sochib turgan xotinining har qo‘lida bir baliq bor edi…

 

ALABBOS Ozarboyjon nasrining atoqli vakillaridan biri Alabbos bir qator go‘zal hiko­yalari, “Burungi erkak” va “Ikkinchi o‘g‘il” nomli qissasi, shuningdek, “Qo‘zg‘olonchi” va “Qoratol cho‘llari” romani va asarlari bir qancha chet tillarda, jumladan, turkiy tillarda bosilib chiqqan. Yozuvchining “Yo‘ldagi Odam” hikoyasini Akif Azalr tarjimasida o‘zbek kitobxonlarining diqqat-e’tiboriga havola qilar ekanmiz, Alabbos “dunyo”si bilan ilk tanishuv o‘quvchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirishidan umidvormiz.

 

Ozarbayjon tilidan Akif AZALP tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.