G‘amxo‘rlik, e’tibor chegara bilmas

0
21
marta ko‘rilgan.

Ushbu 2017 yilning 30 iyun kuni mamlakatimiz yoshlari hayotida o‘chmas iz qoldirgani aniq. Negaki, aynan shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yoshlar vakillari bilan uchrashib, yangi, mutlaqo zamonaviy mexanizm asosida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tuzish taklifini berdi.

Yurtimiz yoshlarining manfaatlarini himoya qilish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan kelajak egalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu maqsadlarni o‘z vazifasi etib belgilab olgan Yoshlar ittifoqi nainki vatanimizda yashayotgan yoshlarni, balki chet elda o‘qish va ishlash uchun vaqtincha istiqomat qilayotgan yoshlarimizni ham e’tibordan chetda qoldirayotgani yo‘q.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi, bir qator vazirlik va idoralar, Din ishlari qo‘mitasi mas’ul xodimlari, san’at sohasi vakillaridan iborat bo‘lgan, Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev rahbarligidagi 21 kishilik delegatsiya 30 oktyabrdan 9 noyabrgacha Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, minglab o‘zbek yoshlari bilan yuzma-yuz uchrashdi.

Ushbu rasmiy tashrifga bir oy tayyorgarlik ko‘rildi. Dastavval Rossiya Federatsiyasida rasmiy va norasmiy mehnat qilayotgan migrantlar va tahsil olayotgan talabalar haqida ma’lumot to‘plandi. Bu ma’lumotlar hududlar kesimida tahlil qilindi, umumlashtirildi.

Ochig‘ini aytish kerak, ko‘pchilik yoshlarimiz ishsizlik sabab aynan ushbu davlatga ketishgan. Ammo oralarida tayinli ishga ega bo‘lmasdan, faqat kun ko‘rish uchun musofirlik azoblarini chekib yurgan vatandoshlarimiz ham yo‘q emas. Holbuki, ular o‘zimizda ishlab, bundan ko‘proq mablag‘ topishlari, eng muhimi, oila a’zolari yonida bo‘lishlari mumkin edi.  Shu bois ularga tavsiya qilish uchun Yoshlar ittifoqi tomonidan respublikamizda mavjud 65 mingga yaqin manzili va oylik maoshi aniq ko‘rsatilgan bo‘sh ish o‘rinlarining ro‘yxati tayyorlandi.

Delegatsiya o‘n kun davomida Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Astraxan va Moskva shaharlarida bo‘lib, o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi. Uchrashuvlarga kela olmaydigan yoshlar uchun Telegram ijtimoiy tarmog‘ida https://t.me/xorijdagiyoshlar kanali tashkil etildi, bu harakat ko‘p sonli yoshlarning muammolarini o‘rganishda yanada qulaylik yaratdi.

Ilk manzil –  Novosibirsk

Musofirlikda qiyinchilik bilan rizq terib yurgan odamni o‘z yurtidan kimdir yo‘qlab borsa, boshi osmonga yetishi, Vatani uning manfaatlarini himoya qilayotganini eshitsa, ko‘nglida yorug‘lik, minnatdorlik hislari uyg‘onishi aniq…

Novosibirsk Rossiyaning eng sovuq hududlaridan biri bo‘lib, turli davlatlardan keladigan fuqarolar mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanishadi. Ular orasida o‘zbekistonlik fuqarolar ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda rasmiy va norasmiy mehnat qiladigan o‘zbek yoshlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu sababli ilk rasmiy uchrashuv Novosibirsk mehnat migratsiyasi tashkiloti vakillari bilan bo‘ldi. Unda o‘zbek migrantlari ham ishtirok etdilar. Muloqotlar davomida bu yerda mehnat qilayotgan hamyurtlarimizning fikr-mulohazalari, yechimini kutayotgan muammolari ting­landi. Ushbu muammolarning hal etilishi borasida Novosibirsk mehnat migratsiyasi tashkiloti bilan kelishuvlarga erishildi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari mehnat migrantlari yashaydigan turarjoylarga kirib bordi. Yuk tashish uchun mo‘ljallangan vagonlarda yashayotgan hamyurtlarimizni ko‘rib, ochig‘i, ham achindik, ham og‘rindik. Hatto ovqatlanish, yuvinish ham shu joyning o‘zida ekan.  Ayrim migrantlar  qo‘shnilari, do‘stlarining qistovi bilan shoshilinch yo‘lga chiqqanligi, yonlarida puli bo‘lmaganligi va oxir-oqibat ish beruvchidan qarzdor bo‘lib, fuqarolik pasportlarini oldirib qo‘yganlarini ma’lum qilishdi. Delegatsiyaning migratsiya bo‘yicha maxsus vakili tomonidan 10 nafar yurtdoshimizning vatanga qaytishi bo‘yicha kerakli choralar ko‘rildi. O‘nlab yoshlarning bir necha oy davomida olinmagan ish haqlari masalasi ham ijobiy hal qilib berildi.

Novosibirskda 12,5 ming nafar o‘zbek yoshlari istiqomat qiladi. Ularning aksariyati mehnat qilish uchun kelgan. Delegatsiya a’zolari safarning har daqiqasidan unumli foydalanib, kun bo‘yi yurtdoshlarimiz mehnat qilayotgan joylarda bo‘lishdi. Aytaylik, Novosibirsk bozorlaridagi savdogarlarning yarmidan ko‘pini O‘zbekiston fuqarolari tashkil qilar ekan. Ular orasida yoshlar ham bor. Namangan, Andijon, Farg‘ona yoshlaridan iborat savdogarlar guruhi bilan yoshlar yetakchisi ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi. Ularning ta’kidlashicha, internet orqali O‘zbekistonda bo‘layotgan voqealardan, xususan, Yoshlar ittifoqining Rossiyaga tashrif buyurganidan ham xabardor ekanlar. Ammo delegatsiyaning aynan o‘zlari savdo qilayotgan bozorga kelishini kutmagan yurtdoshlarimiz uchrashuvdan mamnun bo‘lishdi…

Shundan so‘ng Sibir boshqaruv institutida o‘zbekistonlik talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Novosibirskdagi oliy ta’lim muassasalarida  tahsil olayotgan  1500 ga yaqin yoshlarimizdan 457 nafari ushbu muloqotda ishtirok etdi. Uchrashuv davomida talabalar, garchi o‘zlari chetda bo‘lishsa-da, Vatan, Xalq va Prezident ularni qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun ekanliklarini aytib, minnatdorlik bildirishdi.

Uchrashuv davomida talabalar mavjud shart-sharoitlar, maqsad va rejalari hamda o‘zlarini qiynayotgan muammolar, aytaylik, konsullik bilan bog‘liq masalalar, turli rasmiy hujjatlar bo‘yicha muammolar haqida so‘zlashdi. Uchrashuvdan so‘ng talabalar istiqomat qilayotgan uylarda bo‘lib, yoshlarimizning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishdik.

 

Ikkinchi manzilSankt-Peterburg

Safarimiz Sankt-Peterburg shahrida davom etdi. Transport universitetida tashkil etilgan ochiq muloqotda Sankt-Peterburgdagi barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va o‘zbekistonlik talaba yoshlar ishtirok etdilar. Bu yerda ham yoshlarimiz manfaatlariga daxldor masalalar o‘rganib chiqildi. Muloqotlar davomida universitet rahbarlari, shuning­dek, professor-o‘qituvchilar ham so‘zga chiqib, o‘zbek yoshlarining bilimga chanqoqligini, eng ilg‘or va salohiyatli talabalar safida ekanligini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko Smolniyda O‘zbekis­ton yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Muloqot davomida Poltavchenko mehnat migratsiyasini muvofiqlashtirish, turizmni rivojlantirish, madaniy-tarixiy yo‘nalishda qo‘shma loyihalar tashkil etish, yoshlar tashkilotlari va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish har ikki tomon uchun juda muhim ekanligini ta’kidladi va O‘zbekiston hukumatining yoshlarga qaratayotgan e’tiborini yuksak baholadi. Qahramon Quronboyev O‘zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburgga yoshlar siyosati bo‘yicha hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish uchun tashrif buyurganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Georgiy Poltavchenko ham o‘qish yoki ishlash uchun bu yerga kelgan o‘zbek yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, gubernator millatlar va dinlararo tinchlik-totuvlikni, barqarorlikni mustahkamlashda Sankt-Peterburgdagi «O‘zbegim» markazining mavqeiga yuksak baho berdi.

– Ishonchim komilki, bugungi uchrashuvimiz va hamkorligimiz asnosida rejalashtirayotgan tadbirlarimiz kelgusida mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida muhim o‘rin tutadi, – dedi gubernator uchrashuv so‘ngida.

Safar kunlari ommaviy axborot vositalari tomonidan noxush xabar tarqaldi: «Narodniy» supermarketida ishlayotgan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari zaharlanib, shifoxonaga tushibdi. Delegatsiya bu xabarni eshitgach, o‘z dasturiga o‘zgartirish kiritib, 33 nafar bemorni borib ko‘rdi.  Ularning faqat 2 nafari O‘zbekiston fuqarosi ekan. Shohjahon Ibragimov o‘zini yaxshi his qilayotgani uchun shifoxonadan ruxsat berildi. Nargiza Qarshiyevaning hayotiga ham kasallik rahna solayotgani yo‘q – u ham tez kunlarda shifoxonadan chiqishi ma’lum bo‘ldi.

Delegatsiya a’zolari Sankt-Peterburgda ham bu yerga ishlash uchun kelgan yurtdosh­larimiz bilan uchrashdi. Uchrashuvda qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, yo‘qolgan fuqarolik pasportlari mehnat muhojirlarining Vatanimizga qaytishiga to‘siq bo‘layotgani aytildi. Bu masala yuzasidan delegatsiya a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Badriddin Shorixsiyev ularga kerakli tavsiyalarni berdi. Suhbat davomida mehnat muhojirlariga amaliy yordam ko‘rsatish va ularni Vatanga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilishi ta’kidlandi.

Sankt-Peterburgdagi muhtasham teatr binosi. 500 kishilik zal turli oliy ta’lim muassasalarining o‘zbekistonlik talabalari va hududdagi mehnat migrantlari bilan liq to‘la. Delegatsiya a’zolari yig‘ilganlar bilan qariyb bir yarim soat ochiq muloqot o‘tkazdi. O‘zbekistonda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati, bugungi kunda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, yoshlar tadbirkorligini rivoj­lantirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni sodda, samimiy tilda tushuntirildi. O‘z navbatida, yig‘ilganlarning munosabatlari, fikr-mulohazalari o‘rganildi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida o‘ttiz nafarga yaqin yoshlar O‘zbekistonga qaytishga qaror qilganlarini aytishdi. Jumladan, bu yerda ishlayotgan uch nafar malakali shifokor ham endilikda bor iqtidorini O‘zbekistonda ko‘rsatib, yurtdoshlarimizning salomatligini yaxshilashga hissa qo‘shadigan bo‘ldi. 

Ochiq muloqotdan so‘ng elimiz ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi uyushtirildi. Millatdoshlarimiz Vatan, tinchlik, ota-ona va mehr-muhabbatni madh etuvchi o‘zbekona qo‘shiqlarni ting­lab, raqsga tushdilar. Ona tilimizda yangragan bu kuy-qo‘shiqlarni tinglarkanmiz, tomirlarimiz Vatan tuprog‘iga qanchalik chuqur botganini, qayerda bo‘lmaylik, Vatan tuyg‘usi bizni birlashtirib, mustahkam halqa hosil qilishini anglab yetdik.

 

Uchinchi manzil – Astraxan

Qayerda bo‘lmasin, o‘zbeklar mehnatsevarligi, halolligi va tantiligi bilan boshqa millat vakillarining ishonchini qozonishi ayon haqiqat. Safar davomida buni rasmiy ish beruvchi tashkilot vakillari ham, mahalliy aholi ham ko‘p ta’kidlashdi. Astraxanda ham xuddi shunday g‘ayratli, sofdil o‘zbek fuqarolari mehnat qilishadi…

Ushbu viloyatda mehnat migrantlari bilan ishlash jarayoni boshqa hududlarga nisbatan tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Delegatsiya dastlab Astraxandagi g‘isht zavodida ishlayotgan o‘zbek yoshlari bilan uchrashdi. Delegatsiya a’zolari vatandosh­larimiz mehnat qilayotgan sex, bo‘limlarda bo‘lishdi, ularga zavod tomonidan yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishdi. Yoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar, kelgusidagi rejalari haqida fikr almashildi. Yashash va ish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha zavod ma’muriyati bilan kelishib olindi.

Delagatsiya faqat ishlayotgan yoki o‘qiyotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashibgina qolmasdan, hujjatsiz yurgan, mamlakat ichki tartib-qoidalariga amal qilmagan, natijada tergov izolyatorida saqlanib kelayotgan, aksari Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Surxondaryodan kelgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuvlar uyushtirdi.  Muloqot davomida ularning bu yerga kelib qolish sabablari, mavjud qonun-qoidalarni chetlab o‘tish­lariga sabab bo‘lgan omillar batafsil o‘rganildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida hujjatlar o‘rganilib, shaxslari tasdiqlanganidan keyin uch kun ichida ular O‘zbekistonga jo‘natildi. Ayni damda izolyatordan ozod qilingan 9 nafar yurtdoshimiz O‘zbekistonda – ular o‘zlari yashaydigan hududda ish bilan ta’minlandi.

O‘zbeklar azaldan bunyodkor va binokor xalq bo‘lib, buni butun dunyo  e’tirof etadi. Astraxan shahrida barpo etilayotgan yigirma qavatli binolarda ham o‘zbek quruvchilarining katta hissasi bor. Qurilishda ishlayotgan 15 nafar vatandoshimiz bilan uchrashdik. Samimiy muloqot davomida o‘zbek quruvchilarining yashash sharoitlari, oylik maoshi va hujjatlariga oid masalalar so‘raldi, ularni qiynayotgan ba’zi muammolar o‘rganildi. O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, jumladan, qurilish-bunyodkorlik sohasidagi yangilanishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Quruvchi yoshlar ham mamlakatimizdagi jarayonlarni internet orqali kuzatishayotgani, yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytish niyatida ekanliklarini aytishdi.  «Qaytganimizdan so‘ng albatta yurtimizdagi obodonchilik va bunyodkorlik ishlarida ishtirok etamiz», deb yo‘qlov uchun minnatdorlik bildirishdi.

 

To‘rtinchi manzil – Moskva

O‘zbekiston fuqarolari boshqa hududlarga nisbatan Moskva shahrida  ko‘pchilikni tashqil qiladi. Shu bois bu shaharda delegatsiya a’zolarini intiq bo‘lib kutgan yurtdoshlarimiz ko‘p edi. Buni ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan fikr-mulohazalardan ham sezish mumkin.

Moskva shahriga tashrif avvalida Rossiya Federatsiyasi yoshlar ittifoqi tashkiloti vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida o‘zbek va rus yoshlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash, hukumat o‘rtasida amalga oshirilayotgan ishlarni ikki tashkilot hamkorligi tizimida mustahkamlash xususida so‘z bordi. Shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev va Rossiya yoshlar ittifoqi raisi Pavel Krasnoruskiy o‘zaro anglashuv Memorandumini imzoladilar.

Qahramon Quronboyev muloqot davomida, jumladan, shunday dedi: “Biz mamlakatlarimizning yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Mana, bir necha kun davomida Rossiyaning turli shaharlarida bo‘lib, bu yerdagi vaziyat bilan yaqindan tanishdik. Bizni, yoshlarimizni hamma joyda juda iliq kutib olishganidan mamnunmiz. Bugungi uchrashuvimiz ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqadi”.

Ikki davlat yoshlar tashkilotlarining 2018 yilga mo‘ljallangan hamkorlikdagi ish rejasi ishlab chiqilib, o‘zbek-rus yoshlari biznes inkubatori ochilishi va   Rossiya – O‘zbekiston II yoshlar forumi O‘zbekistonda o‘tkazilishi ushbu muloqotning muhim natijalari sifatida qayd etildi.

Delegatsiya Moskvadagi Milliy tadqiqot texnologiya universitetida (MISiS) ham bo‘lib, bu yerda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan  ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonda MISiS universitetining filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

 

Safar so‘ngidagi o‘ylar

Hozirda Rossiyada 1,5 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi yashamoqda. Biroq, atigi 40 ming nafar yurtdoshimiz konsullik hisobida turishi alohida urg‘u bilan qayd etildi. Albatta, buning turli sabablari, omillari bor. Shu bois Rossiya Federatsiyasida qo‘shimcha konsullik markazlarini ochishga ehtiyoj borligi aytildi. Bu borada ikki tomonlama fikr-mulohazalar almashildi va bundan buyon Rossiyaning har bir federal okrugida O‘zbekistonning konsulliklari ochiladigan bo‘ldi. Xususan, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov, Yekaterinburg shaharlarida O‘zbekiston konsulliklarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi…

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu safar O‘zbekiston delegatsiyasining xorijda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarimiz faoliyatini yaqindan o‘rganishga qaratilgan ilk urinishi, dastlabki katta safari bo‘ldi.

Eng muhimi, uchrashuvlarda ishtirok etgan minglab yoshlarimiz O‘zbekistondagi islohotlar, yangilanishlardan benihoya ruhlanayotganlarini aytib, musofirlikda qiynalayotganlari uchun emas, balki Prezidentimiz, xalqimiz bilan yonma-yon turib yurtimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarda faol qatnashish istagida Vatanga qaytishga so‘z berdi. Safar taassurotlari qog‘ozga tushirilgan shu kunlarda esa yuzlab yoshlar O‘zbekistonga qaytib kelgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bundan keyin ham chetda o‘qiyotgan, ishlayotgan yoshlar bilan izchil muloqot o‘rnatadi. Xususan, yoshlar tashkiloti qoshida ish boshlaydigan Umumjahon yoshlar assositsiyasi vakillari chet eldagi har bir vatandoshimizning haq-huquq  va manfaatini himoya qilishda tizimli ishlarni amalga oshiradi.

Tashkilotning rasmiy sahifasiga kelgan yuzlab murojaatlarda bildirilgan minnatdorlik izhorlari ushbu tashrif qanchalik samarali o‘tganini, xorijdagi yoshlarimizning muammolarini o‘rganish va hal qilishdagi ahamiyatini ko‘rsatib turibdi.

Murodilla Alimboyev,

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri,

Gulchehra Ashurova,

Markaziy Kengash apparati Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.