11 daqiqada öqiladi

196 marta körilgan

Kitob nurdir!

Dunyo donişmandlari dastlab Kalom bölgani, Olloh barça Olam­lar-u odamlarni ana şu Kalom vositasida vujudga keltirganini taʼkidlaşadi. Şu bois “Xamsa” mualliflari öz dostonlarida Kalom – Söz taʼrifiga alohida bob ajratişadi. Ular Sözning har bir tovuşi, harfini
zavq-u şavqqa tölib taʼriflaşadi. Haqiqatan ham, Kalom – Söz insoniyat taraqqiyotiga asos bölib keladi.

Söz – Kalom kitobga köçganidan keyin uning qudrati yanada yuksaldi. Şuning uçun kitob insoniyat yaratgan “birinçi möjiza” deyiladi. Bu uluğvor möjiza makon va zamonlar örtasida “köprik”ka aylandi. Ellarni ellarga boğladi. Ajdodlar anglagan sir-sinoatlarni avlodlarga yetkazib, ularning muşkullarini oson qildi. Çeksiz koinot va uning bağridagi hisobsiz olamlarning yaralişiga asos bölgan sözni sahifala­riga joylagan kitob insoniyat bilimi va xotirasini mustahkam qörğon bölib asrab keladi. Insoniyat öz orzu-umidlarini, xayol-tasavvurini, anglab-bilganlarini kitoblarga joylaydi. Çunki u kitoblarga barça narsalardan köra köproq işonadi. Bu dunyoda faqat kitoblargina sadoqatli ekanligi, oltin, kumuş singari qimmatbaho aşyolar döstdan köra duşmanni köpaytirişini içki bir tuyğu kişilarga anglatib turadi. Oltin, kumuş kabi boyliklar kişilarni doim xavotirga qöyadi. Kitoblar esa heç qaçon ozor yetkazmaydi. Aksinça, ularning borligi köngilga şirin bir halovat olib kiradi. Öqigan kitobi tasodifan xayoliga kelganida ham odam beixtiyor mamnun böladi. Ammo uzoq yurtda yurganida uyi­dagi tilla-yu boşqa boyliklari esiga tuşsa-çi? Xotirjam böla oladimi?

Insoniyat ötmişini, xalqlar tarixini, muayyan bir kişining tarjimayi holi, hayotda qanday iz qoldirganini heç bir narsa kitob­çalik aniq aks ettirolmaydi. Agar kitoblar bölmasa, qadimiy tangalar, turli taqinçoqlar, xilma-xil narsa-buyumlar ham heç narsani anglatmaydi. Qumlar tagida qolib ketgan qadi­miy manzillar, ibodatxona-yu saroylar devor va darvozalarida sözlar bitilgan bölsagina, özi töğrisida muayyan maʼlumot beradi.

Kitoblar odamlar uçun hamişa tuganmas xazina bölib xizmat qiladi. Bu beminnat “xizmatkor”dan har bir kişi öz aqli, maqsadi, qizi­qişi darajasida foydalanadi. Ammo bu ulkan ummonning suvi heç qaçon tugab bitmaydi. Kitob mutolaa qiladigan kişining hayot haqidagi tuşunça-tasavvuri muttasil kengayib boradi. U inson sifatida ulğayib, turmuş taşvişlari çang-ğuboridan qora­yadigan qalbi, ongini poklaydi. Kitob öqiş kişining odamlar töğrisidagi, hayot sinovlari xususidagi bilimini boyitib, uning dunyo töğrisidagi tasavvurini teranlaştiradi. Çunki kitob sahifalariga soçilgan sözlar qatida har doim ham namoyon bölavermaydigan ğaroyib sir-sinoatlar yaşiringan böladi. Kitob öqimay qöygan har qanday kişi asta-sekinlik bilan johilga aylanadi. Çunki uning fikri torayadi, kitob öqiş esa fikrlaş – hayot hodisalarini taqqos­lab, xulosa çiqarişda zarur ozuqa sanaladi. Har qanday kişining miyasi ana şu muhim “ozuqa”ni yetarliça ololmasa, u suvsizlikdan çanqagan ösimlik holiga tuşib qoladi.

Odamning miyasi eng yuksak darajada yaratilgan oliy materiya, deyiladi. “Materiya” deganda esa közga körinadigan narsalar nazarda tutiladi. Inson miyasi haqiqatan ham közga körinadigan barça narsalarning eng mukammali sanaladi. Çunki inson ğildirakdan tortib samo kemalarigaça – sodda-yu murakkab barça narsalarni miyasi tufayli ixtiro qildi. Inson öz vujudini ham, dunyoni ham miyasiga tayanib boşqaradi. Şuning uçun uning miyasi tanasining eng yuqorisida – osmon gumbazi şaklidagi kalla suyagi içida turadi. Bu suyak tananing eng mustahkam qismidir. Ana şu oliy materiya hamişa kitob mutolaasiga muhtoj bölib turadi. Köp va har xil ovqat yeyiş kişini tezda kasallikka çalintiradi. Ammo köp va har xil kitob öqiş, aksinça, natija beradi. Avvalo, kitob mutolaa qilgan kişi bilimdon sifatida hurmat-eʼtibor qozonadi. Söngra kitoblardan olgan “ozuqa”sidan köpçilik bahramand böladi. Albert Eynşteyn – olamşumul kaşfiyotlar qilgan maşhur fizik olim. U kaşfiyotlarini yaratişiga uluğ rus adibi Fyodor Dostoyevskiy asarlarini mutolaa qiliş bevosita taʼsir körsatganini taʼkidla­gan. Frans Kafka ham kişilar qalbida toş qotib yotgan muz ummonini faqat mutolaagina eritişini eʼtirof etadi. Çingiz Aytmatov ham insoniyatning abadiyligi uning fikrlaş layoqatida ekanligini taʼkidlarkan: “Kitob inson fikri va tuyğusini abadiylaştirişning eng mukammal şaklidir. Hayot taraqqiyoti hamişa kitobga muhtoj”, – deydi. Haqiqatan, insoniyat hayot taraqqiyoti kitobga tayanadi. Taraqqiyotning undan bölak mustahkam tayançi yöq. Albatta, ommaviy axborot vositalarining xilma-xil şakllari dunyoni tör kabi örab olgan hozirgi zamonda kitob hammani ham öziga jalb qilolmayapti. Kişilar özlari uçun zarur axborotni radio, televideniye yoki internetdan olişmoq­da. Yoki kundalik gazeta-jurnallar sahifasida ham dunyoning barça burçagidagi yangiliklar töğrisida maʼlumot beriladi. Ammo eng zamonaviy axborot vositalari ham, har tongda matbuot dökonlari peştaxtasiga çiqadigan gazeta-jurnallar ham kitoblardan “oziqlanadi”, turli kitoblardagi maʼlumotlarni bir-biriga “uriş­tirib”, yangilik çiqaradi.

Ammo zamonaviy ommaviy axborot vositalari qançalik şiddatkor bölmasin, kitobning örnini bosolmaydi. Masalan, “Layli va Majnun” işqi haqidagi maşhur dostonni teleradio reportajda aks ettirib bölmaydi. Yoki “Farhod va Şirin”ni Navoiy sözlaridagi harorat, jozibani töliq aks ettirgan holda, film qilib böladimi?! Agar bunga kirişilsa, neça yuz odam qança vaqt mehnat qilişiga töğri keladi?! F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy yoki A.Qodiriy romanlari asosida qator filmlar işlangan. Ularni yaratişda köplab isteʼdodli rejissyorlar, operatorlar, aktyorlar, yana köplab kişilar iştirok etişgan. Ammo bu filmlarda “Telba”, “Uruş va tinçlik”, “Ötgan kunlar”ning jozibasi, nafosati, dramasi töliq aks etmaganini barça yaxşi biladi. Filmlar kitoblarda ifodalangan hayotni öz usuli, öz yölida gavdalantiradi. Ammo uning texnik vositalari har qança mukammal bölmasin, sahifalardagi sözlar qatidagi olam manzarasini, tuyğular, his-hayajonlar jozibasini ayni holida ifodalaşga imkoniyati yetmaydi. Ammo bu boşqa sanʼat turlari­ning ijtimoiy-madaniy hayotdagi ahamiyatini inkor etmaydi. Sanʼatning barça turlari ham, fan-texnika ham hayot uçun benihoya zarur. Ularning har biri öz örniga ega.

Fan ham, sanʼat ham kitobga asoslanadi. Kitobda inson aql-tafakkurining barça jihatlari aks etadi. Köpçilik “kitob” deganda roman, qissa, hikoya, şeʼr, doston – badiiy adabiyot asarlarini tuşunadi. Ammo matematika, fizika, jöğrofiya, astronomiya, botanika, kimyo kabi fanlarga oid bilimlar jamlanmasi ham kitob sanaladi. Qölyozma holidagi sayohatnoma, solnoma, kundalik yoki taom tayyorlaşga doir tavsiyalar ham agar köp nusxada çiqarilsa, kitobga aylanadi. Şuning uçun “kitob” deganda faqat yozuvçi, şoirning asarlarini nazarda tutiş – “kitob” tuşunçasi maʼnosini toraytiradi. Salomatlik xususidagi maslahatlar, deh­qonçilik, çorvaçilikka oid kuzatişlardan iborat kitoblar qadim zamonlarda ham yaratilgan va ular uzoq asrlar davomida odamlarga naf yetkazgan.

Bu kitoblar ham kişilarga hayotning muayyan haqiqatlari, sir-sinoatlarini maʼlum qiladi. Aniqroği, ularni anglaşga yaqindan kömaklaşadi. Biror-bir narsa tayyorlaş yoki quriş töğrisidagi tajriba, kuzatiş, xulosalar bayon etilgan kitoblar kişilar ehtiyojini be­vosita qondiriş uçun xizmat qiladi. Masalan, Ibn Sino, Ar-Roziy singari donişmandlarning tabobatga doir kitoblari şunday salmoqqa ega. Fizika, matematika, kimyo yoki kompyuter texnologiyasiga oid kitoblar ham muayyan narsani örganib, foydalanişda asqotadi. Ammo Arastuning “Poetika”, Maksvellining “Hukmdor” yoki “Ming bir keça” ertaklari bunday emas. Ularni öqib, hisob-kitob qiliş, dori tayyorlaş yoki ğildirak yasaşni örganib bölmaydi. Ammo Yassaviy hikmatlari, Rabğuziyning “Qisas ul-anbiyo”si, Navoiyning ğazal-u dostonlari, Hofiz şeʼrlari, Saʼdiyning “Guliston” va “Böston”ini ixlos bilan mutolaa qiliş har qanday naqd foydadan köra köproq lazzat bağişlaydi. Çunki badiiy asarlar, şeʼrlar köngilga heç bir boylik berolmaydigan halovat, lazzat olib kiradi. Doston-u roman, hikoya, rivoyatlar notaniş odamlar, olis zamon-u makonlar bilan taniştirib, hayot neçoğli murakkab, maşaqqatli ekanligini maʼlum qiladi. Kitobxon uning sahifalariga qaraganida asrlar oşadi, ajdodlari duç kelgan mojarolarni köradi. Rabindranat Tagor kitoblari Hindistonga eltsa, Qodiriy romanlari xonlar zamonidagi Marğilon-u Qöqon, Toşkent kişilarini namoyon etadi. Bir joyda turib, bir faslda şunça sayr-u sayohat inʼom etiş mislsiz möjiza emasmi?! Uning foyda-nafini hisoblab böladimi?! Afsuski, buni çuçmallik deb biladiganlar talaygina.

Insonning taqdiri, uning uqubat, iztiroblari, quvonç va umidlari haqidagi kiçkinagina hikoya, şeʼr ham insonning özini anglaşiga taʼsir körsatadi. Inson özini anglaş orqali hayotning qadri, mohiyatini idrok etadi. Bu jarayon juda uzoq va ğoyat qiyin keçadi. Har bir kişi umr böyi şu sirli jarayon içida yaşaydi. Kitob mutolaasidan töxtamagan odam bu jarayonda boşqalardan köra köproq samara topadi. Unga kitoblardan inson uçun eng zarur fazilat, xususiyatlar ötadi. Navoiy, Bobur ğazallarini, Qodiriyning “Ötkan kunlar”ini miriqib mutolaa qilgan odam bilan ulardan bebahra kişi keskin farqlanib turadi. Bu tafovut ularning yuz-közidan ham bilinadi. Kitob mutolaasidan lazzatlanadiganlar allaqan­day fayzli körinadi. Ularning yuz-közidan nur yoğilayotganday tuyiladi. Kitobdan yiroq kişilar esa tuganmas tahlika ostida qolganday turadi. Ular hamişa şoşadi. Ammo qayerga, nima uçun şoşişayotganini özlari ham tuşunişmaydi. Çunki ular maʼnaviy majruh ekanligi tufayli içki bezovtalik, qörquv bilan yaşaşadi. Johillik, qörslik, hasad kabi illatlar ana şu içki qörquvdan tuğiladi. Insonni badnom qiladigan hasad, adovat, takabburlik kabi illatlarni tanaga ukol, dori yuborib yoki tayoq bilan urib çiqarib bölmaydi. Suyaklarini sindirib, qöllarini kesib taşlaş bilan kişilarni özgartiriş mumkin bölganida edi, dunyoda öğrilar, poraxörlar bölmas edi. Inson kitob mutolaasidan, kitob körganlarning pand-nasihatlaridan taʼsirlansagina, öz feʼl-aʼmolini töğrilab oladi. Kitob mana şunday beqiyos qudratga ega bölgani bois muqaddas sanaladi, oftobga, nonga qiyoslanadi. Eng oğir, eng masʼuliyatli işlarni bajariş uçun kitob örtaga qöyilib, qasamyod qilinadi. Bu kitobning oltin, kumuş yoki jamiki qimmatbaho narsa­lardan ham ustun turişini bildiradi.

Oltin, kumuş, boşqa boyliklarga ruju qöyiş kişini vasvasaga soladi. Kitob mutolaasi esa uning turmuş taşvişlaridan toriqqan könglini kengaytiradi, xayolini tiniqlaştiradi, zöriqqan asablariga tin beradi. Çunki ular hayotning quvonç-u taşvişlarini, boy-u kambağalning oxir-oqibatdagi ahvolini bildirib, hamma narsa ötkinçiligi, dunyo bebaqoligini anglatadi. Yaltirab, közni qamaştiradigan noyob toş, metallarda esa bunday “til” yöq. Kişilar “boylik” deb bilgan bu narsalar yonida ulkan yovuzlik yaşirinib turadi. Bu yovuzlik odamlarni özaro raqib, duşman qilib, kimnidir qotil, kimnidir qurbonga aylantiradi. Kitob mutolaa qilmaslik oqibatidagi maʼnaviy qaşşoqlik tufayli aka-uka meros talaşib, bir-biriga muşt kötaradi, opa-singil bir-birining yuzini yuladi. Maʼnaviy majruhligidan “yuz dollar bersang, bozorni yap-yalanğoç aylanib çiqaman”, deydigan uyatsizlar uçraydi.

Ammo kitoblarning hammasi ham ezgulikka undayvermaydi. Xudbinlikka, manfaat­parast­likka undaydigan, xalqlarni, millatlarni bir-biriga qarşi qayraydigan ğoyalarni ilgari suradigan kitoblar ham böladi. Çunki hamma joyni egallaşga jon-jahdi bilan urinadigan yovuzlik kitoblar sahifasiga ham suqilib kiradi. Vatanparvarlikka daʼvat qiladigan asarlar qatorida bosqinçilikni yoqlaydigan kitoblar ham turadi. Ularda bosqinçilik demokratiya örnatiş, ezil­gan, xörlangan kişilar manfaatini himoya qiliş sifatida tuşuntiriladi. Odamlarni aldaş unçalik qiyin bölmagani bois bosqinçilikni ozodlik, hurlik deb işontiriş ham mumkin. Tarixdan bunga talaygina misollar topiladi. Barça mustamlakaçilar özlarini ozodlik, erkinlik inʼom qiluvçilar deb körsatişadi. Qaşşoqlik, noçorlik, adolatsizlik tufayli ezilgan, azoblangan kişilar esa ularga işonişadi. Mustamlakaçilar kitoblaridagi ğoyalar ularni osongina ergaştiradi. Bu kitoblarda mustamlakaçilar muruvvatpeşa, homiy, boşqalar esa zolim sifatida talqin qilinadi.

Garçi hayot intiliş, kuraşiş, ziddiyatdan iborat bölsa-da, itoatkorlik hammaga xos. Hayotning qarama-qarşiliklariga qarşi töxtovsiz kuraş olib borişga heç kimning jismoniy quvvati yetmaydi. Şuning uçun har bir odamning hayot tarzida kuraşçanlik, isyonkorlikdan köra itoatkorlik ustun turadi. Şu boisdan mavjud tartib, siyosatni özgartiriş maqsadida kitoblar yoqiladi yoki kitoblar taqdim qilinadi.

Tarix, paranjini hisobga olmaganda, libos, kiyimlar maydonlarda yoqilgani yoki uyma-uy axtarib, topib yöq qilinganini körmagan. Ammo Şarqda ham, Ğarbda ham kişilarni töplab, tantanali marosim tarzida markaziy maydonlarda kitoblardan gul­xan qilingan. Ötgan asrda uyidan arabça yozuv­dagi kitob topilgan kişilar “duşman” sifatida qamoqqa olingan. Ketmon, panşaxa, belkurak yoki arra, teşa, bolta singari qu­rollar esa heç bir zamonda maj­buran yiğib olinmagan. Kitoblar esa maj­buran tortib olinib, yöq qilingan. Çunki kitoblar har qanday quroldan xavfli köringan. Abdulla Qah­hor: “Adabiyot – atomdan kuçli”, – degani bejiz emas.

Kitoblarda şunday qudrat mavjudligi bois qadimdan hukmdorlar öz saroylarida kutubxonalar taşkil qilgan. Unga turli mamlakatlardan kitoblar keltirilgan. Kutubxonalar şaharlar markazidagi eng körkam, salobatli binolardan biri bölgan. Teatr, muzey, konservatoriya va kutubxona binolarining markazda bölişi yuksak madaniyat belgisi sanalgan. Rivojlangan davlatlarda uşbu madaniyat maskanlari şaharlarning qoq markazida joylaşgan. Konservatoriya, teatr, muzey, körgazma zallarining mahobatli, körkam binolari Özbekiston poytaxtiga ham özgaça körk, husn bağişlagan. Şahar markazida milliy va zamonaviy uslubda milliy kutubxona barpo qilingani “nur ustiga nur bölibdi” taʼrifiga töğri keladi.

Kitobning qadr-qudratini “axborot böroni” xurujlari aslo pasaytirolmaydi. Çunki har qanday axborotning ahamiyati ötkinçi. Ular xuddi çaqmoqday bir zum diqqatni jalb etadi-yu, unutiladi. Radio, televideniye, internet tarmoği “mahsulot”lari ham kişi qalbi, ongiga kitob, töğriroği, adabiyot asarlariçalik taskin, tasalli berolmaydi. Heç qaçon teleekrandan kitob sahifalari­dagiçalik his-tuyğu olib bölmaydi. Ularning taʼsiri tezda sönadi. Çunki ular har qança manzaraga boy bölmasin, baribir sunʼiy sanʼat. Kino, telekörsatuvlar hayot hodisalarini, inson qalbi ziddiyatlarini, kişilararo munosabatlar murakkabliklarini adabiyot asarlariçalik teran va çuqur aks ettirolmaydi.

Kino va teleekrandagi manzaralarga aldanib, Navoiy, Şekspir, Dostoyevskiy, Tagor, Qodiriy asarlari qadrini anglamaslik öz ismi maʼnosini bilmaslik bilan barobardir.

Afsuski, şunday kişilar kam emas. Ular orasida masʼuliyatli lavozimlarni egallagan amaldorlar ham talaygina. Insonning iztirob­larini idrok etmaydigan bu xildagi mansabdorlar no­taniş kişi huzuriga kirsa, Abdulla Qahhorning “Öğri” hikoyasidagi ellikboşi, amin, pristav singari muomala qiladi. Amin hökizini öğri urgan Qobil boboning ustidan: “Yöqolmasdan ilgari bormidi?” – deya jimjiloğini ikkinçi böğinigaça burniga tiqib kuladi. Pristav: “Aminga bor”, – deb qöya qoladi. Ellikboşi esa: “Kim olganini men bilmasam, avliyo bölmasam”, – deb siltab taşlaydi. “Ellikboşi”, “amin”, “pristav” degan atama allaqaçon arxaik sözga aylangan bölsa-da, ammo ularning vazifasida turib, xuddi “Öğri”dagi amin singari: “Suyunçisi nima böladi? Suyunçisidan çaşna olib kelinmadimi?”, – deb kişilarni ovora-yu sarson qilayotganlar hozir ham davr-u davron surmoqda.

Noqonuniy işlar qilib, kişilarga ozor yet­kazadiganlar kitob nuridan bahramand bölsa, qalbi poklanib, çinakamiga tavba-tazarru qiladi. Boşqa biror-bir narsa bu yölda ularga kitobday yordam berolmaydi. Qölida kitob tutgan odam nurli körinadi. Zotan, şoir Ğafur Ğulom aytganidek: “Kitob degani nurdir”.

Abdulla Uluğov,

filologiya fanlari nomzodi, professor.

1960-yili tuğilgan.

Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)­ning Özbek filologiy­asi fakultetini tamomlagan.

“Hozirgi özbek qissaçiligi”, “Qissaçiligimiz qirralari”, “Adabiyotşunoslikka kiriş”, “Inson ibratga intiladi”, “Asl asarlar sehri”, “Vatan – jon va tan”, “Qalb qandili” kitob­lari, “Adabiyotşunoslik nazariyasi”, “Jahon ada­biyoti (Turkiy xalqlar adabiyoti)” darsliklari, “Durdona yoxud tagmaʼnoga töla “Dahşat”, “Vaqfiya” – buyuklik dalolatnomasi”, “Arastu anglatgan adabiyot” monografiyalari naşr etilgan.

 

2024/4

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Oldingi
Keyingi

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (195)