Ma’naviy qalqon

0
258
marta ko‘rilgan.

Tirik jon borki, o‘ziga xos qalqoni – immun tizimi mavjud. Bu qalqon organizmni xastaliklardan asraydi, bexosdan jarohat yetgan taqdirda ham, o‘zini tiklashga kuch beradi.

Millat ham bamisoli tirik jonday: doimiy harakatda, izchil rivojlanishda. Qaltis, tang vaziyat yuzaga kelganda birdaniga elning  azaliy qadriyatlari, mustahkam e’tiqodi, urf-­odatlari – ko‘hna immun tizimi bezovtalanib, milliy qiyofani, O‘ZLIKni saqlab qolishga tirishadi.

O‘zbek xalqi XX asrda boshidan kechirgan hodisalar: istibdod alangasining zo‘rayib, oxir-oqibat gugurtcho‘p yolqiniday so‘nishi, asr so‘ngida hurriyatga erishganimiz va keyingi tiklanish, yuksalish jarayoni – bularning barchasi milliy immunitetimizning baquvvatligidan darak.

Jurnalimizning ushbu sonidagi badiiy asar va maqolalarni ana shu noyob hodisa – xalqning immun tizimi, ya’ni o‘zligini asrash, yanada mustahkamlash masalasi birlashtirib turadi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyevning “Yoshlarimizni zamonaviy bilim, ko‘nikmalar bilan qurollantirsag-u, ma’naviy tarbiyasiga, milliy fazilatlar bilan to‘yinishiga beparvo qarasak, katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz”, degan so‘zlarida katta haqiqat aks etgan.

Dunyoda bir-biridan go‘zal, so‘lim yurtlar, maskanlar ko‘p. Lekin biz uchun ona Vatanimiz – O‘zbekistondan aziz ma’vo yo‘q. Shoira Guljamol Asqarovaning ayrim beqo‘nim, “Istasang, hamma yurt – vatan, \\ Makon aylash mumkin har ne chamanni”, deguvchi kimsalarga qarata: “Yo‘q! Men Xudoyimdan so‘rab olganman, \\ Bitta peshonamga bitta Vatanni”, degan gapi barchamizning ko‘nglimizda aks sado beradi. Zero, bizning ruhimiz bu muqaddas zaminga ilohiy rishtalar ila chambarchas bog‘langandir. “Qaqnus qanotidagi umr” qissasi mazmuniga ham ayni haqiqat singdirilgan.

Tog‘ay Murod o‘zbekning ma’naviy qudratini ko‘rsata olgan ulug‘ yozuvchilarimizdan edi. “Ustozlar albomidan” ruknda berilgan fotosuratlarni tomosha qilarkanmiz, yozuvchining “Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!” degan o‘ktam ovozi quloqlarimiz ostida jaranglaganday bo‘ladi.

Mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarning o‘zaro ahilligi, bir maqsad atrofida birlashgani milliy immunitetimizga quvvat berib turibdi. Qardosh qoraqalpoq yigit-qizlari ijodi bilan tanishib, bu fikrimiz yanada mus­tahkamlanadi. Yosh shoira Sarvinoz Musatdinova “Xalqim, mardligingga sira shubha yo‘q, \\ Boysan, qo‘li ochiq, saxiyliging rost”, deya yozsa, navqiron yozuvchi Bayram Aytmurod ana shu fazilatlarning bardavom bo‘lishini tilab, qo‘liga qalam oladi.

Fransuz yozuvchisi Alfons Dode qalamiga mansub “So‘nggi saboq” hikoyasida xalqning eng bebaho boyligi ona tili ekani, bu xazinaning qadri, ayniqsa, begonalar chang solganida yaqqolroq sezilishi tasvirlangan. Bu kechinmalar ona tili Istiqlol tufayli chinakamiga qadr topgan xalqimizga ham begona emas.

Alqissa, «Yoshlik» jurnalining ushbu soni orqali navqiron avlodga: “Ezgulik yo‘lida ilg‘or bo‘ling! Mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy o‘zlikni qalqon qiling!” degimiz keldi…

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.