Mening qalbim tog‘larga ketdi…

0
355
marta ko‘rilgan.

Dog‘iston – tog‘liklar makoni, tog‘lar o‘lkasi. Uch millionga yetib-yetmaydigan aholisi qirqdan ziyod tilda gaplashadi. Avarcha, agulcha, gruzincha, lezgincha, no‘g‘oycha… Tillar har xil bo‘lsa-da, elatlar qalban mushtarak. Ularni ko‘kka tutash tog‘lari emas, tillari emas, Vatanga bo‘lgan muhabbat jipslashtirib turadi.

Rasul Hamzatov – Dog‘iston farzandi, avar xalqining erka o‘g‘loni. U Xunzaxning olis qishlog‘i Sadada, Sadasa oilasida dunyoga keldi. Ammo u tug‘ilganida Dog‘iston o‘z bag‘rida Vatanini jondan ortiq sevadigan, olovyurak shoir dunyoga kelganidan hali bexabar edi. Yillar o‘tib uning har bir asari, har bir she’ri Vatanga bo‘lgan muhabbatidan yaraldi. “Mening Vatanim”, “Mening qalbim tog‘larda”, “Tog‘ qizi” asarlari nomlarining o‘zidanoq bu haqiqatni anglash mumkin. Rasul Hamzatov hayotda ham, ijodda ham qaysi xalq vakili ekanini bir daqiqaga bo‘lsa-da unutmadi.

“Mening Dog‘istonim”… Bu asarni qo‘limga olarkanman, kirish qismidayoq “Agar mening kitobimda ma’qul fikrni ko‘rsang, tagiga chizib qo‘y”, – degan undovga ko‘zim tushdi. Tan olish kerakki, har sahifada tagiga chiziladigan fikrlar juda ko‘p. Badia kichik-kichik lavhalardan tashkil topgan. Muqaddimaning o‘zidayoq falsafiy qarashlarni uqa boshlaysan kishi. Agar bu asarni qayta nomlash imkoni bo‘lganida, men unga “Vatanga muhabbat” deb nom qo‘ygan bo‘lardim. Odam zoti kindik qoni tomgan, o‘sib-ulg‘aygan bir toshloq zaminni shunchalar sevishi mumkinmi?! Shuncha mehr mushdek yurakka qanday sig‘di ekan?! Mehrki, ayrimlar ko‘nikib qolgan balandparvozlig-u soxta vatanparvarlikdan million chaqirim yiroq. Mehrki, tog‘ chashmasining suvidek beg‘ubor. Mehrki, mutolaadan so‘ng beixtiyor tomir-tomiringizgacha, yurak-yuragingizgacha singib ketadigan.

Men bu asarni o‘qiganim yo‘q, uning o‘zi meni qo‘limdan tutib olis tog‘larga olib ketdi, avar, lezgin xalqlari odamlari bilan tog‘ ovullarida bamisoli birga yashadim. Hamzat Sadasaning hayotiy hikoyalaridan tingladim, Abutolibning ichakuzdi latifalaridan zavqlandim. Tog‘liklar bilan bir muddat yashab ular haqida ancha narsani bilib oldim.

Tog‘liklar ikki narsani asrashi kerak ekan: bo‘rkini va nomini. Bo‘rk tagida boshi borlar shubhasiz bo‘rkini, yuragida olovi borlar o‘z nomini pok saqlab qoladi.

Tog‘likda shunday ajoyib odat bor: uyiga kelgan mehmonga xonadondagi qaysi buyum yoqib qolib uni maqtagudek bo‘lsa, o‘sha narsani ketar chog‘ida mehmonga sovg‘a qilishi shart.

Tog‘liklarda ota-onaning gapi – farzand uchun qonun.

Tog‘lik ona hech qachon qoidasi buzilgan she’rni jigarbandiga o‘qimaydi.

Tog‘liklar uylarini ataylab qiyin yo‘llar eltuvchi tog‘ cho‘qqilarida qurishadi. Bilishadiki, bunday yo‘llardan o‘tib faqat chin do‘stlargina izlab kelishi mumkin.

Tog‘liklar odamning kimligini yetti narsada bilishadi: kulfatda, shodlikda, ayolga munosabatda, qilich tutishda, boylikda, ichkilik ichishda va o‘zligida.

To‘g‘ri, barcha dog‘istonliklarning Vatani bitta, lekin har bir tog‘likning yuragida o‘z Dog‘istoni bor. Ha, Rasul Hamzatov “Ona tilim” she’rida avar tilining bor kuch-qudratini ifodalagan bo‘lsa, “Mening Dog‘istonim” orqali o‘z vatani tarixi, urf-odatlari, tanti xalqi va eng asosiysi – ularga bo‘lgan cheksiz muhabbatini bor bo‘ybasti bilan ko‘rsata oldi. Asarning har sahifasidan yangi ma’no kashf etish, yangi bilim o‘rganish mumkin.

Dunyodagi hech bir shoir, hech bir yozuvchi hali o‘z vatanini bunchalik maromiga yetkazib misralariga sig‘dira olmagan bo‘lsa kerak. Dog‘istonda million kishi yashaydi, ammo qirqdan ziyod til, O‘zbekistonda esa 34 million kishidan ziyod odam, til – yagona… Bordi-yu xalqimiz ichida bor-yo‘g‘i 100 kishi O‘zbekistonni, Rasul Hamzatov Dog‘istonni sevganchalik sevsa, o‘z millatiga shu qadar hurmat bajo keltirsa, men ular oldida bosh egar edim…

Asarni o‘qishni har bir tengdoshimga tavsiya qilaman. Zora, tevarakdan faqat kamchilik va qusur izlovchi ko‘zlar, Vatan kelajagi o‘ziga ko‘z tikib turganini sezmay-his qilmay, “surish kerak!” deb bemalol ayta oladigan so‘zlar egalari fikrlarini o‘zgartirsa bu asar mutolaasidan so‘ng.

So‘zimni asardan olingan ushbu parcha bilan yakunlashni lozim topdim: “Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu sharafli vazifani o‘z zimmasiga olishi kerak”.

Shirinoy Azadova,
O‘zJOKU talabasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.