Sening dargohingda umidsizlik yo‘q…

0
81
marta ko‘rilgan.

* * *

Shiddat-la kurtaklar bir o‘rik,

Misli o‘q-yaralar ko‘ksingni.

Axir kechagina yo‘qotding

Bahorga munosib do‘stingni.

 

Kurtaklar sanchilar olovdek,

G‘ururni qamchilar xotira.

Nish urgan har shirin nigohdan

Yuvilar har qancha kudurat.

 

Och tusli, qizg‘ish-u nim sarg‘ish, –

Hidlayman hikmatlar gulshanin.

Jasorat qilmoqqa cho‘zilgan

Qutlayman shu mitti qo‘lchani –

G‘unchani!

 

* * *

Bizning dargohimizda bechoraliq yo‘qdir.

“Qissasi Rabg‘uziy”dan

 

Jon hofiz, jon hofiz hofizligingdan,

Bir loy iqroridan bag‘ri figorim.

Jon mahfuz, jon mahfuz, mahfuzligingdan, –

Meni xush yaratding, Parvardigorim!

 

Yig‘layman, behishtlar g‘ishti to‘kilar,

Yig‘layman – Arshda ham yo‘q bunday xislat.

Yig‘layman, tog‘ erir, g‘uncha so‘kilar,

Qolmas diydoringdan o‘zga nafosat.

 

Sening dargohingda umidsizlik yo‘q,

Urmas do‘zaxda ham bandangni balo.

Sening dargohingga yetishmoq uchun

Yurak – Karbalodir, yurak – Karbalo.

 

Bir ajib, bir ajib kishvarligingdan

Namozgoh – menga o‘z bag‘rifigorim.

Dil-farfor, dil-farfor, farforligingdan

Meni xush yaratding, Parvardigorim!

 

“Hay” gulxani ichra Xalilullohday,

“Yohu” sharobidan to‘yib ichgani,

“La” halinchagida suyib uchgani,

Keldi tan jubbasin tashlab nigoring, –

Meni xush yaratding, Parvardigorim!..

 

Muhabbat

 

Ostonamga urildi ilk bor,

Xazon-daraxt yozgan dil so‘zi.

Rahmat yog‘dir unga falakdan,

O‘ttiz yetti yoshimning kuzi.

 

Unga mendan salom ayt, Rabbim,

Daraxtlarning bargi sonicha.

Chumolilar asrlar buyon

Uyasiga eltgan donicha.

 

Ming yillarkim, oqsoch qirg‘oqlar

Ko‘rgan sonsiz to‘lqinlar qadar,

Va undagi notinch so‘roqlar –

Qum zarrasi qadar jilvagar.

 

Dunyo paydo bo‘lgandan beri

Yoqqan yomg‘ir sanog‘icha ayt.

Yasalgandir ming-minglab ko‘za –

Ishq ahlin bosh chanog‘icha ayt.

 

Toki qutb yulduzi so‘ng bor

Jilva sochar kungacha salom.

Bir-birini quvib yetishgan

Kunduz topgan tungacha salom.

 

Aytsam salom, omon qolaman,

Salomat qil, ey, meni, Rabbim!

Unga salom aytmas kunimni,

Malomat qil, ey, meni, Rabbim!

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

* * *

Ostonangda gul-u rayhon ekilgan –

Balkim, osmonlardan yulduz to‘kilgan,

Qo‘shiq aytib ko‘nglim bo‘shatay desam,

Tomog‘imga achchiq yig‘i tiqilgan.

 

Bu yerda daryo ham oqadi sokin,

G‘amni ham faryodni yutadi tunlar.

Men-chi armonimning so‘kaman chokin,

Endi singan torim kimlar butunlar?!

 

Dildagi singan soz kuylaydi hamon,

Imkonda imkonsiz qolsak ham yomon,

Asil muhabbatin izlab xiromon,

Qush ham aylar ko‘ksin toshga urib qon.

 

Biz nechun cho‘qqida qush emasmiz, yor,

Tosh parin to‘zg‘itgan to‘sh emasmiz, yor,

Uchrashar hatto ko‘z-qosh ham payt poylab,

Nega biz o‘shal ko‘z-qosh emasmiz, yor?!

 

Sen tongsan, tong kabi shabnamlarga do‘st,

Men shomman, oftobdek botganim durust.

Nega gul bargida turgan chog‘ingda

Senga aytolmadim sevgidan bir so‘z?!

 

Qalbimni qoplaydi hijron va afsus,

Singan sozimga jo‘r bo‘ladi gullar.

Daryo ham bu yerda sokin oqar, lek,

Tubida gullaydi Ishq-atirgullar.

 

Ostonangda gul-u rayhon ekilgan –

Balkim, osmonlardan yulduz to‘kilgan,

Qo‘shiq aytib ko‘nglim bo‘shatay desam,

Tomog‘imga achchiq yig‘i tiqilgan. …

 

 

* * *

Ming yil yashaymiz, deya,

Garchi hozir ko‘ngil to‘q, –

Yo‘lovchimiz hayotda –

Vaqt turining farqi yo‘q.

 

Ba’zan o‘zni xush yoqib

Chinorlarga mengzaymiz.

Umrni havodagi

So‘zlar bilan bezaymiz.

 

Qismat shu: bir lahzaga

Bog‘lab qo‘ygan bizlarni.

Kun kelib ip uzilsa

Qaydan topay sizlarni.

 

O‘ylamagil, meni ham

“Erta topgayman takror”,

Yo‘q, ko‘zlar o‘rtasida

Bir kiprik qoqishi bor.

 

Shu sabab dil izhori

Yo‘lovchiga farz ekan.

Shirin so‘z – malham-dori,

Sevishmoq ham farz ekan.

 

Davlatidan kimdir mast,

Farzandidan kimdir mast, –

Bularni lek hech kimsa,

Yo‘lovchidan so‘ramas.

 

Haromning azobi bor,

Halolning-chi, so‘rog‘i.

Umr – bu Haq yuziga

Dunyo parda tortmog‘i.

 

Hasad, g‘iybat paytimas,

Fursat kam, bo‘lgil chaqin!

Asl hamroh aynimas,

Yo‘l uzoq, manzil yaqin!

 

Mayli, meni vaslingga

Gado etib ket, ey do‘st,

Lekin yo‘lning haqqini

Ado etib ket, ey do‘st!..

 

 

* * *

Dilxohim, dilxohim, dil shoda-shoda,

Silkishsa safolar to‘kilar do‘p-do‘p, –

Porlar no‘sh etar nozik shabboda

Sanduvoch silkiydi shoxlardan kuf-suf.

 

Dilxohim, dilxohim, dil shoda-shoda,

Dandonlar namida qoqi otar nish.

Novvotlar shimigan nozli havoda

Yurak, topiladi senga ham yumush…

 

Oyxohim, oyxohim, dil shoda-shoda,

Oy-yoqut kirkada tutqazilgan non.

Ul-savat-hovuzga, siyoh-aftoga

Patcho‘pin botirib xat bitar Kan’on.

 

Sabohim sovutdi, ispandlar tutdi,

Dilxohim, dilxohim, dil shoda-shoda,

Meni erkalaydi zanjirband qutti,

Dil esa Makkai ozoda-ozoda…

 

 

* * *

Sen ketsang ko‘zimda nam,

Bag‘rimda qayg‘u, erkam,

Ko‘ksimdagi qushchaning

Patlarini yular G‘am.

 

Uzoqlarga ko‘p ketma,

Ko‘zlarimni unutma.

Qalbingda qalbim izi,

Uni mendan berkitma.

 

Bu dunyoda yaxshiyam

Sen bor – dil yayraydigan.

Bag‘irda-chi, Bulbul bor –

Ko‘rinsang – sayraydigan.

 

Oy – uzoq, Quyosh – uzoq,

Yulduz uzoqdir, erkam.

Shukr, qalbning to‘rida

Yondirganing uchun Sham…

 

 

Gulandom Tog‘ayeva

 

1972-yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti  (ilgarigi ToshDU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

“Chaqmoq xo‘rsiniqlari”, “Muhabbat asri” kitoblari chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.