Mitti yulduzlarning jimir-jimiri…

0
223
marta ko‘rilgan.

Qalamga talpinib…

“Menda she’r dastlab fikr tarzida, ba’zan majoz tarzida namoyon bo‘ladi. Keyin u she’r bo‘lib shakllanadi… Qattiq mehnat natijasida, albatta. Lekin mehnatda zavq bo‘lishi kerak. Ilohiy zavq. Zero, qattiq mehnatni yuk tashuvchi jonivor ham qiladi. Bu ilohiy zavq sizga uyqu bermasin. Bu ilohiy zavq bo‘g‘zingizga qadar kelsin, ichingizdan toshib tursin. Ko‘zingiz yumilib ketayotgan esa-da, qo‘lingiz qalamga talpinsin. Xullas, mehnat, yana mehnat… Cho‘ntagida ikkita she’r qoralamasi yurmagan shoirni men shoir sanamayman: kezi kelganda tuzatish kiritish uchun “ammo”ning o‘rniga “lekin”ni qo‘yish kerak bo‘lar, masalan. Yoshligimda men uxlamaslikdan qo‘rqmasdim, endilikda uxlamagan tunim ertasiga darhol o‘z ta’sirini bildiradi”.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning suhbatlardan birida aytgan so‘zlarini aynan keltirdik. She’riyatimizda yangi iqlim yaratgan, qiyin va murakkab ijod yo‘lini bosib o‘tgan Ustozning hayotiy xulosasi! Bu yo‘lning sharafiyu mashaqqatini yosh qalamkashlarga uqtirish asnosida ularni mehnatga chog‘lashning benazir xitobi, desak ham yanglish bo‘lmaydi. Chunki bugun she’r yozaman deganning ko‘pi qalam tutishga qo‘li kelmasdan avval “osh”ga “tosh”, “bahor”ga “nahor”ni qofiyalay boshlagandi. O‘zini she’rga “urayotgan” o‘g‘il-qizlar safi kun sayin kengayib borayotir. Xo‘sh, bu yaxshimi? Bola, so‘z qo‘llashga o‘rgansa, qachon qayerda qanday so‘zlamoqqa odatlansa… xullas, bolakay o‘zi uchun ijoddan adabga, adabdan adabiyotga yo‘l ochsa, yot g‘oyani yoniga yo‘latmasa, har she’r yozganda va ijodga har to‘kilganda ko‘ngilchasi KO‘NGILga aylana borsa… buning nimasi yomon? Kurtak yozayotgan ilhomni avaylash kerak, xolos. Yo‘l-yo‘riq darkor. Bolaning butun boshli she’rida atigi bitta so‘z yarq etib ko‘rinsa agar, uni cho‘g‘ deb qabul qilib “puf-puflash”, uchqunni olovlantirish – oliy saodat. Bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar qatoriga yaqinda yana bir tashabbus qo‘shildi. Olti viloyatda Ijod maktabi tashkil etildi. Namanganda Ibrat, Nukusda Ibroyim Yusupov, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Farg‘onada Erkin Vohidov, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Andijonda Muhammad Yusuf nomidagi Ijod maktablari ochildi. Mazkur ilm dargohlarida ona tili va adabiyot fanlari chuqurlashtirilgan tarzda olib boriladi.

Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi

  • Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 maydagi qarori asosida tashkil etilgan.
  • Qarshi shahrida joylashgan.
  • 142 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
  • 25 nafar o‘qituvchi ta’lim bermoqda.
  • Maktab eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar bilan ta’minlangan.
  • Kimyo, biologiya, fizika fanlari uchun o‘quv-laboratoriya xonalari mavjud.
  • Zamonaviy sport zali va suzish havzasiga ega.
  • Faollar zali 210 o‘ringa mo‘ljallangan.
  • 50 o‘rinli yotoqxona, 75 o‘rinli oshxona o‘quvchilar ixtiyorida.
  • “Ifodali o‘qish”, “Nutq madaniyati”, “Notiqlik san’ati” bo‘yicha qo‘shimcha darslar yo‘lga qo‘yilgan.

– Ismi tilga kelishi bilan chehrasi ko‘z o‘ngimizda charaqlab ketadigan siymolar bor, – deydi maktab-internati direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘­yicha o‘rinbosari Yoqutxon Jamolova. – Abdulla Oripov o‘zbekning ana shunday tanti, she’ri va shuuri toza ustoz ijodkorlaridan. Shoir ijodidan bahramand bo‘lib ulg‘ayganmiz, go‘zal tashbeh, topilma va benazir so‘z ifodalaridan to‘lqinlanib yurgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Bugun Abdulla Oripov nomi bilan atalayotgan ushbu mas­kanda dars berayotganimiz – baxtimiz. Shuning o‘ziyoq o‘quvchilar ruhiyatida ijodga mehr uyg‘otadi.

Endi ko‘ring, respublikamizda o‘n mingdan ortiq… o‘quv muassasasi bor. Ularda yuz minglab o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda: birlari musiqa va san’at yo‘nalishida, birlari sportda, hunarning etagidan tutgani qancha. Xullas, o‘qish bobida har kim o‘ziga ma’qulini tanlayotir. Ijod maktablarining o‘z oldiga belgilab qo‘ygan maqsad-muddaosi bor, albatta. Yo‘qsa, ularning umumta’lim maktablaridan farqi nimada deb o‘ylaysiz? Har ikkalasida ham barcha fanlardan dars o‘tilsa. O‘qituvchilar, o‘sha-o‘sha sinfxonalar, o‘sha-o‘sha doska, parta… Zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlanganlikni aytmaganda, aslida, bular oddiy maktab uchun ham yangilik bo‘lmay qoldi, hisobi. Hamma gap o‘qitish tizimida!

Maktab-internatida til-adabiyot darslari alohida-alohida guruhga ajratilgan holda o‘tiladi. Bitta sinf o‘n-o‘n ikki o‘quvchidan iborat. Demak, darsda o‘quvchining har biri bilan individual shug‘ullanish imkoni oshadi. Dars saviyasi, savodxonlik ham shunga yarasha ko‘tariladi. Imlo qoidalarini ijod nuqtai nazaridan tushuntiriladigan o‘rinlar bor. Ba’zan bitta vergul yo nuqtaning tushirib qoldirilishi she’r, matn tizginini tamoman boshqa tomonga burib yuborishi mumkin. Ana shu jihatdan bolalar salohiyatli, savodxon kadrlar sifatida o‘z kelajagi sari muhim qadam tashlaydi.

Maktabda muzey faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda shoir hayoti va ijodi tilga kiradi. Bolaga soatlab dars o‘tish, mavzuni birma-bir o‘rgatish mumkin. Biroq uning qabul qilish imkoniyatini ham hisobga olish shart. Miyasi toliqqan bolaga o‘tilgan dars havoga gapirgan bilan teng. Shunday damda “Hech bir aytilgan so‘z aytilmay qolgan so‘zchalik foyda keltirgan emas” naqli qo‘l keladi. Muzey “gapiradi”. Uning bir burchida turgan beshik, sandal, dutor… ana ular bizdan ko‘ra ko‘proq dars o‘tadi. Bu beshik bir paytlar shunday ulug‘ shoirni tebratgani haqida o‘ylashi bilan o‘quvchilar ko‘ngliga ijod oralaydi. Bolani qalamga talpintiruvchi bundan ortiq maktab yo‘q, nazdimizda.

Rustam MUSURMON,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir:

– Abdulla Oripov nomidagi iqtidorli bolalar maktab-internati. Maktabga kiraverishda ustozning she’r xayoliga tolgan siymosi tasvirlangan muhtasham haykalga ro‘boro‘ kelishdan boshlanadi. Boshida do‘ppi, egnida to‘n, nigohlari o‘ychan. Zarhal harflar bilan ustozning shoh satrlari bitilgan. Maktab muzeyiga kirganimda u yerdagi suratlar, qo‘lyozmalar va buyumlarni tomosha qilarkanman, ustoz bilan birga ishlagan yillar, voqealar xayolimda qayta jonlandi. Yosh ijodkorlarning Zomin, Ellikqal’a tumanlarida o‘tgan respublika seminarlaridagi suhbatlar, ustoz­ning bebaho so‘zlari quloqlarim ostida jaranglaganday bo‘ldi. Ustozning barhayot ruhi kezib yurganini his etdim. Maktab o‘quvchilari bilan bo‘lgan uchrashuvda ustoz Abdulla Oripovning hayot va ijod saboqlari haqidagi ayrim xotiralarimni so‘zlab berdim. Beixtiyor bir voqea yodimga tushdi. 2013 yil 25 mart. O‘shanda “Ustoz Mirtemir saboqlari” sarlavhali yangi she’rining qo‘lyozmasini menga esdalikka bergan edi. Mana o‘sha she’r:

Ustoz Mirtemirni eslayman hanuz,

Rahmdil, bag‘rikeng, ayovli, tanti.

Yuz bor qalamida qayralardi so‘z,

Yuz bor o‘zgarardi she’rning har bandi.

 

Muloyim boqardi Ustoz doimo,

Tegrasida bizlar – uzoq-yaqinlar.

Qarshidan, Qo‘qondan, Sirdaryodan to

Xorazmdan kelgan o‘smir oqinlar.

 

Ishlang, – derdi ustoz, – she’r bo‘lsin ravon,

Mehnatdan qochmasin ijodkor xalqi.

Lekin kamsitmasdi bizni hech qachon,

Ustoz shuning uchun Ustozdir, balki.

Bugun mana shu she’rni o‘qib, hayratlanaman. Ustoz Abdulla Oripovning o‘zida ham “Ustoz Mirtemir saboqlari” she’rida ifodalangan fazilatlarning barchasi mujassam edi.

Abdulla Oripov ijod maktabi o‘quvchilariga Prezidentimizning mehri tushib turibdi. Bu maktabdan el-yurtimiz havas qiladigan ijodkorlar yetishib chiqishiga ishonaman.

 

Viloyat nashri – “Navqiron” gazetasida “Abdulla Oripov izdoshlari” rukni tashkil etilgan. Unda o‘quvchilarning ijodiy ishlari yoritib kelinmoqda. She’riy mashqlar orasidan saralanib, to‘plam chiqarildi. To‘plamni varaqlay turib, Ustozning bolalik damlaridan hikoya qiluvchi so‘zlari esga keldi: “…bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go‘zal bo‘lar edi. Tim qora osmonda qo‘l cho‘zsang yetgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turardi. Hayotimda bunday go‘zal manzaralarni keyin uchrata olmadim”.

Akmal Murod

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.