O‘qiganimiz sari ishonchimiz ortdi

0
92
marta ko‘rilgan.

Ijodingzni anchadan beri kuzatib kelaman. Esimda, VII Respub­lika yosh ijodkorlar seminarida qatnashib, ustozlar e’tiborini tortgan edingiz. Keyinchalik “Birinchi kitobim” loyihasida “Ko‘hna belbog‘” to‘plamingiz nashr etildi. Bot-bot hikoyalaringizni gazeta va jurnallardan o‘qiydigan bo‘ldik. O‘qiganim sari sizga, bardam o‘sib borayotgan yozuvchiga ishonchim orta boshladi.

“Yoshlik” jurnalining 1-sonida e’lon qilingan “Ovchining so‘nggi ovi” hikoyangiz ishonchlarimni yanada tasdiqladi.

Asaringizni o‘qib, sizga matbuot orqali maktub yozish fikriga keldim. Taqriz o‘z yo‘liga, tahlil o‘z yo‘liga, lekin bir yaxshi asar o‘qiganingda muallifdan minnatdorlik ma’nosida xatlashuvning o‘ziga xos zavqi bor.

Hay, “Ovchining so‘nggi ovi”ga qaytamiz. Hikoyaga Ibn Sinoning: “Yo yetarman maqsadimning cho‘qqisiga oxiri…” so‘zlarini epigraf qilib olganingiz asar ruhiga juda mos kelgan. Hikoya shunday boshlanadi: “Men hayotda hali shunday odamlar borligini birovdan eshitganimda, ishonmas edim.

O‘zim ko‘rib, gaplarini qulog‘im bilan eshitgach, bandasi fe’li, a’moli, qat’iyatiyu, birso‘zligiga, umr bo‘yi sobit tura olishiga ishonch hosil qildim.

Undagi yovvoyi viqor, mag‘rurlik nishonalari oddiy odam qavmidan emasligini bildirib turar edi…”. Mana shu ixchamgina kirish bo‘lmaganda ovchi Muqim tog‘aning tiynati, uning boshidan kechirganlari ancha bo‘rttirilgandek tasavvur berardi. Boshqacha aytganda, kirish hikoyaning ruhiga o‘quvchini tayyorlay olgan.

Hikoyada atrof-muhit sinchkovlik bilan tasvirlanadi. Gapga qo‘shilolmay turgan ovchi tog‘aning tog‘liklar haqida so‘z ketganda tili yechilib ketishi ham o‘rinli.

Menga yoqqan tomoni, hikoyada o‘rnini topib, o‘z mushohadalaringizni, kishini o‘ylovga tortadigan fikringizni aytib ketishdir. Masalan, toqqa ketayotganda Muqim tog‘a ariqning o‘ng tomonidan yuramiz deganiga qaramasdan, ikki kishi ariqning narigi tomoniga o‘tib yurganingiz, biroz yurgach, gap nimadaligini tushunib, ikkingiz ham ariqqa yiqilganingiz va muzdek suvda shalabbo bo‘lib, tishlar takillab, badaningiz ko‘karib ketganida xayolingizda kechgan fikr­lar: “Nega ortingizdan ergashmadik biz? O‘zimizga yangi yo‘l solmoqchimidik? Ota-bobolar yo‘lidan yurmaganlar shuytib muqarrar adashar ekan-da…”. Men bu so‘zlardan faqat ota-bobolar yo‘lidan yurish kerak, yoki bo‘lmasam inson yangi yo‘l solishdan hadiklansin, degan chorlov bor deyishdan yiroqman. Asarda ham shu sezilib turadi. Bu joyda ota-bobolar yo‘lidan yurmaganlikni tajribaga, kattalarning o‘gitiga, qolaversa, qadriyatlarga quloq osmagan odam oxir-oqibat afsus chekadi, ma’nosini uqdim.

Siz hikoyada sheva so‘zlarini ham o‘rinli qo‘llaysiz. “Qor tushmagan iq joyda oyoq ildi”. “Avruk xasini qo‘liga olib, hademay buyuq tursa”, “Uchinchisining tusi oqishga tovun”, gajir kabi. Badiiy asarda sheva so‘zlarini me’yorida qo‘llab, matn rang-barangligini oshirish yozuvchining muvaffaqiyati deb bilaman. Yaxshi bilamizki, adabiy tilni boyitish vositalaridan biri sheva so‘zlarini keng iste’molga olib kirishdir. Shuningdek: “Mardligi bo‘yidan baland keladi”, “panjasi bilan pashsha tutganday”, “devning chala tug‘ilgan bolasiga kelbat beradigan zot”, “tik jarlikni yalab o‘tgan ilonizi yolg‘izoyoq yo‘l”, “tovuqet bo‘lib ketadi”, “elning elagini teshib yuribsan” yoki “mashinamiz chiranib-chiranib, toqqa o‘rmalamoqda”, “engil havodan simirib-simirib ichkisi keladi odamning”, “yuksakka o‘rlagani”, “hovlilariga dovur”, “borligini tusmolladi”, “o‘nggay turgan” kabi o‘xshatishlaringiz, voqeani tasvirlashda, holatni berishda qo‘llagan iboralaringiz hikoyaning til jozibasini oshirgan bo‘lsa, “Qarchig‘ay qarisa, chumchuqqa mayna bo‘larmish”, “Miltiq ko‘targan bilan ovchi bo‘lmas, dag‘dag‘a solgan bilan dovchi bo‘lmas”, “Ovni otsang bilib ot, dol nishonga ilib ot” singari xalq iboralarini o‘rinli qilib Muqim ovchining tilidan berishingiz qahramoningiz ma’naviy olamini ko‘rsatishda ham qo‘l kelgan.

Hikoyada aniq aytilmasa ham, o‘z-o‘zidan tabiatga munosabat masalasi kelib chiqadi. Yozasiz:

“Inson va bo‘ri bir-biriga ro‘baro‘ keldi!

Muqim ovchi miltig‘ini to‘g‘ri uning peshonasiga to‘g‘rilab, yana bir qadam bosdi!

Inson va tabiat orasidagi muqarrar falokat masofasi yana bir qadamga qisqardi.

Hozir ovchi tepkini bosadi-yu, yana bir yirtqichning hayotiga nuqta qo‘yiladi. Yoki aksincha…

U yog‘i ikki maxluqning epchilligiyu mahoratiga tan”. Ajoyib manzara. Hikoyadagi shu birgina kichik parchadan xulosa qilib, inson va tabiat orasidagi masofa kundan-kun yomon ma’noda qisqarayotgani, umuman ekologik muammoning tub mag‘zi haqida munozara qilish, mulohazalar bildirish mumkin. Bo‘rining-da, odamning-da maxluq-yaratiq deya bir maqomda berilishi ham o‘zini oqlagan. Shuning o‘zi asaringizda inson va tabiat muammosi ko‘tarilgan, odamiyatni shu muammoga e’tibor qilishiga ishora bor deyish huquqini beradi.

Jasurbek! Ayrim mulohazalarimni ko‘ngilga og‘ir olmagan holda tushunasiz, degan umiddaman. Balki hikoyangizni kitobga kiritishdan oldin qayta ishlasangiz qo‘l kelib qolar. Masalan, shunday yozasiz: “Muqim ovchi butalarni aylanib yurib, quruq o‘t to‘planib turganini ko‘rdi-yu, yuragini battar vahima bosdi. Ayni bahorda butazorlar ichida bundayin usti quruq o‘t bilan qoplangan yangi shabbalar paydo bo‘ldimi, bilingki, u joyda yaqin orada yovvoyi cho‘chqa bolalaydi”. Birinchidan, Muqim ovchidek dovyurakning yuragini battar vahim bosishi ishontirmaydi, garchan bu holat o‘ziga-da nash’a qilib, o‘ylagani biroz ovchini oqlagandek bo‘lsa-da, ammo quruq o‘t to‘planib turmaydi. Quruq o‘tni to‘plab qo‘yish, to‘plab qo‘yilgan o‘tni ko‘rish mumkin. Uslubiy g‘alizlik bordek. Yana bir joyda shunday tasvirni berasiz: “U qaddini g‘oz tutdi. Xuddi frontga kirayotgan mag‘rur askarday oldinga qarab intila boshladi”. Shu o‘rinda “frontga” so‘zi o‘rniga “jangga” so‘zini qo‘llasangiz ma’qul bo‘larmidi? Ayrim joylarda “o‘tirganini” yoki “turganini” anglab olish qiyin: “…Uch bo‘riga ko‘zi tushdi. Ular bir-biriga qarama-qarshi cho‘nqayib o‘tirar edi. Ikki kulrang bo‘rining jussasi katta, juni hurpaygan, biri yoldor, viqor bilan turardi” . Yana bir joyda yozasiz: “Miltiq stvolini yoldor kulrang bo‘riga to‘g‘rilab, jonivorning naq ko‘kragini nishonga oldi”. Shu o‘rinda “stvol” so‘zi ham joyiga tushmagandek. Xuddi shu so‘z guruchdan kurmak chiqqandek matnga tushmay qolgan. Shuning o‘rniga “miltiq og‘zini” yoki “qo‘shog‘izni” so‘zlarini qo‘llasa maqbulmidi? “So‘ng bo‘rining ko‘ziga so‘nggi bor tikildi va nishonini yanada rostlab, tepkini bosdi”. Mana shu joyda bo‘rining ko‘ziga tikilish, birinchidan, bir-biriga tikilib o‘tirgan va qaysi biri ko‘zini yumsa, g‘ajishga tayyor turgan bo‘ri bilan ovchining bir-biriga ko‘z tikishi, buning ustiga oradagi masofani ham uzoqroq – “ellik metrcha narida” deb berasiz. Miltig‘ini ikkinchi bor o‘qlab, bo‘ri tomon qadam tashlaganda “Orada yigirma qadamcha masofa qolganida bo‘ri oyoqqa turdi” – deb yozasiz. Yana bir fikr: ikkita bo‘rini o‘ldirgan ovchi uni kuzatayotgan uchinchi bo‘rini nega otmagani ishonchliroq tasvirlansa bo‘lar edi.

Yana bir ishtiboh, Muqim ovchi uchta o‘tirgan bo‘rini ko‘radi. Keyinchalik otgandan keyin ma’lum bo‘ldiki, bo‘rilar to‘rtta ekan. Muqim ovchidek ko‘zchil, sezgir odam bir bo‘rining ikkinchi bo‘ri panasida qolib ketganini ko‘rmasligi va ayni paytda bir o‘q bilan ikki bo‘rini yer tishlatishi ham badiiy qahramoningizni juda yaxshi ko‘rib ketganingizdan bo‘lsa kerag-ov. Ammo Muqim ovchi otgan ikki bo‘ri “terisidan bir o‘tov tiksa bo‘lar ekan”- degan mubolag‘alaringiz yarashiqli.

Hikoyangizni o‘qib, xursand bo‘ladigan jihat, yozmoqchi bo‘lgan mavzungizni puxta o‘rganishga intilishingiz. Ozmi-ko‘pmi, hammamiz ovchilar bilan gaplashganmiz. Lekin bo‘rilarning och qolganda bir-birini yeyishi, ya’ni oralaridagi “ko‘zi yumilgani”ni yeyishini birinchi bor eshitishim.

Muqim tog‘aning uyiga mehmon chaqirib, ikki mehmonni – kassir bilan bug‘altirni o‘ldiraman deya qo‘rqitgani va ular qilgan qing‘ir ishlarini to‘g‘rilab, odamlarning haqini yeb yurganini tan olib, hamma narsani joy-joyiga qo‘ygani balki hayotda bo‘lgandir? Lekin buni ishonarliroq qilib, hayot haqiqatini badiiy haqiqatga yanada yaqinroq tarzda yozish kerakmidi?

Jasurbek, hikoyangiz ta’sirida tug‘ilgan fikr, taassurotlarimni yozishdan maqsad, sizni izlanuvchan, xolis munosabatni qadrlovchi yosh ijodkorlarimizdan deb bilganimdan. Asaringizni sinchiklab o‘qishdan maqsad ham iloji boricha sizga jo‘yali fikr aytish. Yozuvchiga o‘rgatib bo‘lmasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Mening fikrlarimni tanqid qilishdan osoni yo‘q, ma’nosida tushunmang. Bu tanqid emas, hikoya o‘qishdagi ko‘ngildan kechgan gaplar va muallif ijodini yuksalishiga istak natijasidir. Aytilgan fikrlarga qo‘shilish yo inkor qilish ixtiyoringiz, albatta. Mulohazalarimni sizga xayrixoh bo‘lgan kitobxonning qarashlari deb biling. Mashaqqatli ijod yo‘lida sizga muvaffaqiyatlar tilab, hurmat bilan Adhambek Alimbekov.

 

Adhambek Alimbekov,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.  

1954 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti(hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Yulduzning besh qirrasi”, “Latif she’riyat” monografiyalari, “Turk adabiyoti tarixi xrestomatiyasi”, “Turk adabiyoti tarixi” o‘quv qo‘llanmasi, “Ishq asiri bo‘lgan jon”, “So‘z aytsang bilib ayt” risolalari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.