Umr fununida hamon tolibmiz

0
82
marta ko‘rilgan.

* * *

Ikkimiz eng go‘zal qo‘shiqmiz,

Nazmimga navoday keraksiz.

Men sizga, siz menga oshiqmiz,

Siz menga ma’voday keraksiz.

 

Quvongan, qayg‘urgan onimda,

Suyangan tog‘imsiz yonimda,

Ishq bo‘lib oqasiz qonimda,

Harfimga imloday keraksiz.

 

Hamrozim, hamrohim, habibim,

O‘zimday devona, g‘aribim,

Holimga kulmagan tabibim,

Dardimga davoday keraksiz.

 

Siz uchun bor-yo‘g‘i tilakman,

O‘zga malaklarday malakman,

Men sizga Havvoday kerakman,

Siz menga havoday keraksiz.

 

Ikkimiz eng go‘zal qo‘shiqmiz…

 

Burgut falsafasi

 

Burgut aytar: meniki samo,

Yolg‘iz o‘zim chiqaman ovga.

Kimlargadir o‘ljaman, ammo

O‘ljamni hech bermam birovga.

 

Qanotimni yozaman katta,

So‘ng mardlarcha qilaman hujum.

Men yengishim kerak, albatta,

Burgut bo‘lib yashashim uchun.

 

Ojizlarga yoqmas parvozim,

Poylar meni qopqonu to‘rlar.

Jasadimni yemoqqa hozir,

Pisib yotar o‘laksaxo‘rlar.

 

Vaqt g‘animat, umr o‘tkinchi,

Balki bir kun o‘lja bo‘larman.

Gar o‘lsam ham zaminda emas,

Samolarda mag‘rur o‘larman.

 

* * *

Ko‘nglingizga sig‘mas tug‘ilgan kunim,

Dunyoning g‘amlari tursa qalashib.

Hayotim bahori, umrim mazmuni,

Biz qaysi manzildan ketdik adashib?

 

Bilmadim, yo‘l qo‘ydik qanday xatoga,

Sevgi deganlari nahot ayb bo‘lsa?

Nimamiz yoqmaydi, ayting, Xudoga,

Nahot umr shunday murakkab bo‘lsa?

 

Asli men shunchaki kirmadim, erkam,

Mehmonday, dil degan koshonangizga.

Dunyo yaralmasdan Yaratgan Egam

Ismimni bitibdi peshonangizga.

 

Bugun muhabbatning rangi siniqqan,

Bag‘ri o‘rtansa ham chiqmaydi uni.

Ne uchun dunyoning g‘amlari siqqan

Ko‘nglingizga sig‘mas tug‘ilgan kunim?

 

* * *

Ey do‘st, dardimizni pinhona aytib

O‘tdik, ezgulikdan afsona aytib,

Bir dam yashamadik shukrona aytib,

Xudoga arz qildik, arzdan chiqmadik.

 

Ey do‘st, mardum ichra ibratli bo‘ldik,

Hurmat bajo aylab, izzatli bo‘ldik,

Har lahza bir-birga minnatli bo‘ldik,

Mehrni qarz berdik, qarzdan chiqmadik.

 

Ey do‘st, siz-la qancha xush damlar kechdik,

Shodliklar simirdik, alamlar ichdik,

Do‘stlik abadiy deb qasamlar ichdik,

Ming afsus, lafz berib, lafzdan chiqmadik.

 

Ey do‘st, bir-birovdan mudom nolibmiz,

Bugun mag‘lub bo‘lsak, erta g‘olibmiz,

Umr fununida hamon tolibmiz,

Hayot degan qadim darsdan chiqmadik.

 

Cho‘lpon

 

Yo Rabbiy, zaminga sig‘magan menman,

Haq izlab, esini yig‘magan menman.

Bu chirkin dunyoning nayranglariga

“Kulgan boshqalaru, yig‘lagan menman”*

 

Yo Rabbiy, minbarda yolg‘on jo‘sharlar,

Ming bir yolg‘oniga yolg‘on qo‘sharlar,

O‘z makriga o‘zi o‘yin tusharlar,

Kulgan boshqalaru, yig‘lagan menman.

 

Yo Rabbiy, kuyganim xalqim uchunmi,

Xalqimning kuygani halqum uchunmi,

Xalq degan bir daydi to‘lqin uchunmi,

Kulgan boshqalaru, yig‘lagan menman.

 

Yo Rabbiy, adolat sarsoni bo‘lib,

Ne topdim, elimning vijdoni bo‘lib,

Nazm osmonining Cho‘lponi bo‘lib

Kulgan boshqalaru, yig‘lagan menman.

 

*Cho‘lpon satri

 

 

* * *

Birovning kulfati – birovning baxti,

Birovning ulfati birovga g‘anim.

Birovning zavoli – birovning taxti,

Ne uchun yaratding, Allohim mani?!

 

Mening yaralganim – kimning yo‘qligi,

Kimning g‘alabasi – mening xatoyim.

Kimning faqirligi – mening to‘qligim,

Ne uchun dunyoga keldim, Xudoyim?!

 

Mening muhabbatim kimning nafrati,

Mening quvonganim – kimning ozori.

Kimning ojizligi – mening qudratim,

Ne uchun yaraldim, Parvardigorim?!

 

Har kuni yashayman, o‘zimni yenga,

Kechir, qilgan bo‘lsam senga iddao.

O‘lsam, tug‘ilishdan ne foyda menga,

Tug‘ilsam – o‘lishdan nima muddao?!

 

BENAZIR

1981 yili tug‘ilgan. Namangan davlat universiteti filologiya fakultetini tamomlagan.

“Sen baribir go‘zalsan, hayot”, “Sadosiz tovushlar”, “O‘tmagan kunlar” she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.