Ota uy – vatandir

0
56
marta ko‘rilgan.

Aniq esimda: maktab paytlarim edi. Adabiyot fani o‘qituvchimiz sinfdoshim Nuriddindan “dadang aka-­ukalar ichida eng kichigi, bobong kim bilan yashayapti?” deb so‘rab qoldi. Nuriddin:

– Bobom bizning uyda yashayapti, – dedi bobosi bilan yashayotganidan emas, xuddi unga yolg‘iz o‘zi g‘amxo‘rlik qilayotgandek mag‘rurlanib.

O‘qituvchimiz unga tikilib turdi-da:

– Yo‘g‘-ye, balki sizlar bobongizning uyida yashayotgandirsiz? – dedi.

“Gur” etgan kulgu xonani bosdi. Nuriddin sariqdan kelgan bola emasmi, bir zumda qip-qizil bo‘ldi-qoldi.

* * *

Ota hovli boshqa uy-joy qilib ketgan farzandlar uchun ham doimo aziz va qadrli. Oilaviy yig‘in va tadbirlar bo‘lsa, u, albatta, ota uyda o‘tadi. Ota uyda qoladigan farzand yelkasida katta mas’uliyat bor. Garchi otaning boshqa bolalari bo‘lsa-da, uy chirog‘ini yoqib o‘tiradigan o‘sha. El ko‘proq shu farzand iqboliga qarab, sulola taqdiridan so‘z ochadi.   

“Yoshlik” jurnalining 2017 yil 11-sonida Olim Jumaboyevning “Uy” qissasini o‘qidimu, maktab davrlardan xotira bo‘lib qolgan o‘sha voqea xayolimda qayta jonlandi. Qissada asar voqealari birgina qarovsiz va egasi “yo‘q” uy atrofida kechadi. Aslida-ku uyning egasi bor. Ammo ovuldagilar uyni “beega” deb hisoblaydi. Aniqrog‘i, shunaqa bo‘lishini istaydi. Aynan mana shu uyning beega bo‘lib qolishi, ovul ahlining uydan qandaydir ulush olish istagi asar qahramonlari xarakterini ochib beradi. Aslida ham biror kutilmagan voqea-hodisa ro‘y bermasa, yon-atrofidagilar u inson xarakterini hatto yuz yil o‘tsa-da bilolmasligi mumkin.

O‘ylashimcha, yozuvchi qissaga nom berishda rosa boshi qotgan, “nima deb nomlasam ekan?”, deb qattiq o‘ylagan yoki umuman o‘ylamagan. Bunday fikr yuritishimizga sabab shulki, butun boshli voqealar bir eski uy atrofida kechayotgani bois shunchaki “Uy” deb qo‘ya qolgan. Garchi asar mavzusini oldindan “sotib” qo‘ysa-da, qissaga “Ota meros” deb nom berish ham mumkin edi. Yo bo‘lmasa, ramziy ma’noda “O‘chmagan chiroq” nomi ham ma’quldek, nazarimizda. Chunki uzoq tortishuv va muzokaralardan so‘ng otaning uyi baribir bir avloddan tarqagan sulola vakili Murodjonga tegadi-ku. Bu esa ota uy chirog‘i o‘chmaganini bildiradi.

Ota uyning ulug‘ligi, azizligi haqida o‘y surar ekansiz, uning ona Vatanga ishora qilinayotganini sezasiz. Vatan ostonadan boshlanadi, degan gap ildizi ham shunga borib taqalsa, ajab emas. Chindan ham Vatan mana shunday seviladi, ardoqlanadi. Yo‘qsa, u o‘zgalar tomonidan talon-taroj qilinadi. Xuddi ovuldoshlar jam bo‘lib, Shodmon otaning uyini buzib, bor-budini orqalab, yelkalab, qo‘ltiqlab ketgani kabi.

Qissada uy so‘zining yigirmadan ortiq sinonim ko‘rinishlarini uchratasiz. Birgina shu so‘z o‘zida qanchadan-qancha ma’nolarni jam qilganini ko‘rib, his etib, bu sezimni bergan muallifga tahsin o‘qiysiz. “Uyni buzganning o‘zi buzilsin”, “Momo boshqa uy qurmagan”, “bir mushtga uy buzilib ketaversa…”, “momoni so‘nggi yo‘lga kuzatib, tuynugi yo‘q uyga qo‘yib keldik” kabi xalqona iboralarni har bir bobda uchratish mumkin. Bu ham muallifning xalqqa juda yaqinligi, xalq bilan mahorat ila tillasha va dillasha olishini ko‘rsatib turibdi.

Asar tili haqida ikki og‘iz gap. O‘zbek adabiyotida o‘z so‘zi va uslubini yarata olgan yozuvchi Tog‘ay Murod asarlarini sevib mutolaa qilmaydigan kitobxon topilmasa kerak. Yozuvchining tili xalqimiz ruhiyatiga shu qadar yaqin ediki, unga nafaqat kitobxon, balki yosh-yosh yozuvchilar ham mahliyo bo‘lib qolgan edi va afsus­ki, adabiyotimiz vakillaridagi bu mahliyolik hamon davom etayotganini ham ko‘rib turibmiz. Natijada Tog‘ay Murodga o‘xshatib yozaman, degan qanchadan qancha qalamkashlar o‘z yo‘lini topolmay, ikki qo‘lini qo‘tarib, hali kirmagan eshik ostonasidan ortlariga qaytib ketdi. Bu xuddiki Muhammad Yusufning sodda va samimiy she’rlariga taqlid qilib qalam tebratgan, xalqimiz va adabiyotimiz esa ikkinchi, uchinchi, va hokazonchi Muhammad Yusufini tan olmagani kabidir. Olim Jumaboyev ana shunday ijodkorlar ichida o‘z yo‘li va uslubini, tilini topib borayotgani bilan ham adabiyotimiz uchun qadrlidir. To‘g‘ri, qissani o‘qish jarayonida gap qurilish­larida uchraydigan ba’zi juz’iy kamchiliklarga ham ko‘zingiz tushadi. Qissa bayonchisining(muallifning) bir xil ko‘rinishga ega bo‘lgan gap qurilishlaridan ko‘p foydalangani o‘quvchini biroz zeriktiradi. Ammo bularning bari muallifning asardan asarga o‘tish jarayonida sayqallanib, yo‘qolib ketadigan kamchiliklaridan.

Adabiyotshunoslikda “so‘zga xasis” degan ibora mavjud. Bu voqea va holatni o‘quvchiga to‘laqonli ochib berish jarayonida qisqalikka, kamgaplikka amal qiladigan yozuvchilarga nisbatan qo‘llanadi. “Uy”ning ham ba’zi o‘rinlarida shunday holatni uchratamizki, buni yaxshilikka yo‘yamiz. Sababi – yozuvchi asar ustida tinimsiz mehnat qilgani, o‘ziga yoqmagan jumla va hatto butun boshli boblardan ham voz kechgani, umuman, asarga sangtaroshdek sayqal bergani sezilib turadi. Shu nuqtai nazardan ba’zi boblarning bir-biriga bog‘lanmay qolganiga ham qo‘zingiz tushadi.

   Qissada voqea-hodisa, qahramonlar holati shunchaki aytib o‘tilmaydi. Yozuvchi bu usulni juda jo‘n va sodda, deb biladi. Boyni boy, kambag‘alni kambag‘al, yaxshini yaxshi-yu, yomonni yomon deyish yo‘lini tanlamaydi. Masalan, Murodjonlar oilasi nochorlikda kun kechirishini birgina holat ochib bergan: “Tagi yedirilgan kovushda avaylab qadam bosardim”.

E’tibor beradigan bo‘lsak, asarda deyarli biror bir personajning portreti batafsil chizilmagan. Bu balki badiiy asar talablariga ziddir. Ammo muallif bu ishni o‘quvchining o‘ziga qoldiradi. Ya’ni, qissani o‘qigan kishi o‘z dunyosida va yon-atrofidagi insonlardan o‘z O‘ljaboyi, Suyari, usta Nizomi, Suluvxoli va Esonboyini qayta kashf etib boraveradi. Bu shunday qiziq jarayonki, o‘zingizni asar qahramonlari bilan birga his eta boshlaysiz. Bunda, albatta, hikoyachi siz bo‘lasiz va avval Otaning uyi buzilishiga qarshilik qilasiz, xayolingizda uyga qo‘shilib butun boshli sulola tarixi ham xuddi uy kabi nurab, yo‘q bo‘lib ketayogandek bo‘ladi, so‘ng “dadangiz”da uyga egalik istagi paydo bo‘lganida, qiynalasiz. O‘sha ikki enlik xat sabab o‘zingizni aybdor sanaysiz va oxir-oqibat uy sizga nasib qilganida bunga o‘zingiz ham ko‘nikasiz, ko‘nasiz. Kunlar o‘tib, Suyarning uy da’vosi bilan ovulga qaytishidan, u bilan yuzma-yuz kelishdan hadiksirab yurasiz va o‘z hayotingizga razm solib, birdan o‘ylab qolasiz: xo‘sh, men shunday qilarmidim, qalbimdagi tuyg‘ular mana shunday evrilishlarga uchrarmidi? “Men”ingizni shu kabi savollar bilan so‘roqlay boshladingizmi, demak, muallif o‘z maqsadiga erishgan. O‘zidagi tuyg‘u va sezim ta’mini o‘quvchiga ham tottira olgan. Hamma gap shunda!

Qissada personajlar portreti batafsil chizilmagani hisobiga qahramonlar xarakteri yaxshigina ochib berilgan. Voqea-hodisalar ta’sirida inson qalbida ro‘y beradigan o‘zgarishlar chiroyli va topilma tasvirlar orqali asarning badiiy qiymatini yanada oshirgan. Elga qo‘shilib, Ota uyidan o‘ziga ulush olgan Murodjon ovuldoshlariga qo‘shilib qaytar ekan, machit oldida uchratgani – Suyardan uyalgani, uyi buzilgani haqidagi xabarni eshitgan “otasining qirqidan buyon qorasini ko‘rsatmagan olifta”ning ahvolini his qilib, ich-­ichidan qiynalishi va unga rahmi kelishi birgina gap bilan ifoda etiladi. Shu gapning o‘zi ming gap o‘rnini bosadi: “Uyga qaytarkanman, daraxtlarning yalang‘och tanlari qattiq qaltirayotgandek tuyulardi”.

Qissa xalq tilidagi ibora va qochirmalar, so‘z o‘yinlari va holat tasvirlariga juda boy. Muallif o‘zi tanlagan qahramonlarni majburlab gapirtirmaydi, qiyin vaziyatlarda sabru bardoshini sinamaydi. Hammasini epizodlarning o‘ziga “qo‘yib beradi”. Shunchaki oddiy odamlarni kuzatadi, ko‘rgani va his qilganini xalq badiyati bilan o‘quvchiga tortiq etadi. Aynan mana shu jihat qissaning o‘qishli bo‘lishini ta’minlagan.

 

Islomjon QO‘ChQOROV

 

1993 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universtetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.