Umid shamlarida isinaman men…

4
153
marta ko‘rilgan.

* * *

Yomg‘ir shevasida she’r o‘qir osmon,

har bitta satridan ziyo tomadi.

Ko‘nglimdan uzilgan shamollar bilan

ketgan Ishq qaytishdan qattiq tonadi.

Men hali yo‘qdirman,

                                    topilmaganman,

sochilib yotibman yomg‘irlar aro.

So‘zlar shu’lasidan ko‘zim qamashib,

ketarman Yo‘qlikning dargohi tomon.

Tonglarni

ichadi chanqagan ruhim,

garchi men qaygadir yo‘qoldim axir.

Izimni izlagan Ochunga ayting –

meni olib ketdi shoirqalb Yomg‘ir…

 

* * *

Jimgina jon berar bog‘da daraxtlar,

jimgina kuzatmoq –

dunyoga doir.

Jimgina ichida turgan bo‘ronni

bostirib ko‘chadan o‘tadi Shoir.

Oddiy fojealar

                     hayrat bermaydi,

bunday hodisotga to‘la har qadam.

O, buncha befarqsiz! –

                                      demoq istaydi,

jimgina…

yashashdan charchagan ODAM…

 

 

* * *

Men til yutib turganim bilan

So‘zlar sukut saqlolarmidi?!

            Marsilius MARTINAYTIS

 

Bir so‘z izlayapman –

bir so‘zki,

dunyoni titratib, to‘zg‘itmasa ham

borligin sezdirib turolsin o‘zin.

Uni his qilolsin har lahza olam.

Vujudimda oqsin

                          rangsiz,

                                     ohangsiz,

(axir, ular bari faqat o‘tkinchi.)

U anglatsin

erk – olinmas jangsiz,

ildizida yonsin Inson o‘kinchi.

Quyoshdek qizitib qaynoq taftida,

tufrog‘dek bag‘rida Ishqni undirsin.

Bu so‘z poklik tig‘in olib kaftiga,

yovuzlik ko‘ksiga sanchsin – o‘ldirsin.

Men uni izlarman toki tanda jon,

mayli,

quvvatlarim bu yo‘lda tolsin.

Men hatto tilimni yutib turgan on,

u sukut qafasin parchalay olsin!

 

* * *

Olamlar rishtasi

tutashar bir kun,

asrlar zalvori bosar fazoni.

Nihoyat poklikka yuz tutar Ochun,

inson

           yuksaltirar

                         asl INSONni.

Ishongum,

 sinishdan to‘xtar haqiqat,

urushlar suroni tinadi boqiy.

Tinchlik-la o‘tadi lahza, daqiqa,

shamollar esadi ma’sum, ilohiy.

Vaqtning ranglarida

tovlanur shu’la,

ko‘zlarda Muhabbat uyg‘onur asta.

Bu borliq ezgulik,

                         oqlikka to‘lar,

mehr ufuradi har bir nafasda.

Umid shamlarida isinaman Men,

xayollar – osmonga uzangan daryo.

Ishoning,

 kun kelar,

allaqaysi kun,

mening yuragimdan boshlanur Dunyo!..

 

* * *

Go‘yo bu tog‘lardan daryolar emas,

viqor

           oqayotir

                        ko‘zlarim

                                        tomon.

Yuksak cho‘qqidaman –

ayni bu nafas

menga o‘zimdan ham yaqinsan, Osmon.

Hayrat undiradi o‘zdan diltufroq,

oydin o‘ylar

                      chulg‘ar cheksiz botinni.

Tobora  bu dunyo poklanar – oppoq,

ilohiy shavq yoqar zuhurotimni.

Nafosat gurkirab gullar qarshimda,

bu toshlar tosh emas –

erdagi sabot.

Meni qulatsang ham har gal arshimdan,

baribir,

men seni sevaman, hayot!

 

 

* * *

Yomg‘irlar yog‘adi…

ochilar Yurakning derazalari,

betil bog‘lar ichra jimlik jaranglar.

Ko‘rk sochar muhabbat manzaralari,

tomchi tovushida

                       tovlanur ranglar.

Ranglar…

Qorayadi samo siynasi,

bulutlar oqadi og‘irdan-og‘ir.

O‘qib samovotdan Sevgi surasin,

ruhimning ichiga ko‘chadi yomg‘ir…

O‘h,

ruhim yomg‘iri:

chaqmoq, guldurak,

akslanar mangulik manzaralari.

(Bunga  dunyo chiday olmasa kerak) –

asta yopgum Yurak derazalarin…

Yomg‘irlar yog‘adi  bedor  bog‘larga,

yomg‘irlar yog‘adi ruhga isyonkor.

Sokin shivirlayman

                               olti yoqlarga:

Kel,

senga atalgan yomg‘irlarim bor…

 

 

* * *

Tuproq isi kelar…

dengizday chayqalib,  guvranar dala.

Ko‘chadan o‘tadi yugurib,

shamolruh,

                   farishtasiyrat bir bola.

Qishloqqa tutashgan daryoda

cho‘milar har oqshom oltin Oy.

Bahor…

adirlarning ko‘ksi alvontus –

billur kosalarda chayqalar Chiroy.

Qirlarning ruhida chopar arg‘umoq,

Osmon – zamindagi manzarga vola.

Bir kuni..

                  bir kuni shularning barin

she’rga solar o‘sha soddadil bola… 

 

 

Mirzohid Muzaffar

 

1999 yili tug‘ilgan.

She’rlari matbuotda e’lon qilingan.

4 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.